1.3. Iqtisodiyot nazariyasi fanining predmeti va vazifalari
Iqtisodiyot nazariyasi fanining predmetini aniqlashga oid masalaning echimi
juda murakkab bo‘lib, bu haqda o‘tmishda ham, hozir ham turli olimlar har xil
fikrlar bildirib kelmoqdalar.
Masalan, Aristotel bu fanga uy xo‘jaligini boshqarish qonunlari to‘g‘risidagi
fan deb qaragan bo‘lsa, merkantilistlar, fiziokratlar va ingliz klassik iqtisodiy
maktabi vakillari unga boylik to‘g‘risidagi, uning manbalari va ko‘paytirish
yo‘llari, boylikni ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste'mol qilish
to‘g‘risidagi fan deb qaradilar. Keyingi paytda mazkur fanni xalq xo‘jaligi, ijtimoiy
xo‘jalik to‘g‘risidagi fan deb ham hisoblamoqdalar. Ayrimlar iqtisodiyot nazariyasi
fanini moddiy hayotiy vositalarni ishlab chiqarish va ayirboshlashni boshqarish
qonunlari to‘g‘risidagi fan deb ko‘rsatadilar. A.Marshall esa iqtisodiyot nazariyasi
(siyosiy iqtisod) fanining predmeti insoniyat, jamiyatning me'yoridagi hayotiy
faoliyatini tadqiq qilishdan iborat, deb yozadi.
Iqtisodiyot nazariyasi fani siyosiy iqtisod nomi bilan yuritilgan davrda qator
darsliklarda va ayrim asarlarda uning predmeti moddiy ne'matlarni ishlab chiqarish
jarayonida kishilar o‘rtasida sodir bo‘ladigan munosabatlarni o‘rganishdan iborat,
deb ko‘rsatilgan edi.
AQSH va boshqa ba'zi bir mamlakatlardan kirib kelgan «Ekonomiks»
darsliklarida (iqtisodiyot nazariyasi «Ekonomiks» deb yuritilgan darsliklarda) bu
fanning predmeti kishilarning moddiy ehtiyojlarini to‘laroq qondirish maqsadida
Cheklangan resurslardan samarali foydalanish muammolarini tahlil qilish,
kishilarning iqtisodiy xatti-harakatlarini o‘rganishdan iborat, deb ko‘rsatilgan.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tilayotgan hozirgi davrda Rossiya Federatsiyasida
chop etilayotgan turli iqtisodiyot nazariyasi darsliklarida bu fanning predmeti
bo‘yicha bir-biriga yaqin bo‘lgan ta'riflar berilmoqda (1.1-jadval).
Do'stlaringiz bilan baham: |