I bob. Buxoroga sovet davlatining xujumi va uning oqibatlari
I bob. Buxoroga sovet davlatining xujumi va uning oqibatlari
Download 223.75 Kb.
|
Buxoroga sovet davlatining xujumi va uning oqibatlari
I bob. Buxoroga sovet davlatining xujumi va uning oqibatlari.
Buxoroni sovet qo’shinlari tomonidan bosib olinishi va amirlikning ag’darb tashlanishi. Buxoro amirligi XX asr boshlarida o’z taraqqiyotining so’nggi bosqichiga qadam qo’ydi. Bu paytda Buxoro amirligi Rossiya imperiyasining protektorati hisoblangan. Buxoro amiri huquqiy jihatdan mustaqil hukmdor sanalsa ham, amalda u Rossiya imperatoriga tobe hisoblangan. Amirlikdagi xalq qo’zg’olonlari podsho Rossiyasi qo’shinlari yordamida bostirilardi. Rus ma’murlari amirlikda katta imtiyozlarga ega bo’lgan. Rossiya imperatorligining Buxoro amirligidagi siyosiy agentligi (1885 yil 12 noyabrda tashkil topgan)ning rahbari – siyosiy agent Yangi Buxoro (hozirgi Kogon) shahridagi rezidentsiyasidan turib, Buxoro amirlari faoliyatini boshqargan. Rossiyadagi demokratik jarayonlar, 1905-1911 yillarda bo’lgan Eron inqilobi, 1908 yil Turkiyadagi Yosh turklar inqilobi, xususan, Petrograddagi 1917 yil Fevral inqilobidan keyin Buxoro amirligi hududida jadidchilik va undan o’sib chiqqan Yosh buxoroliklar harakati kuchaydi. Fevral inqilobidan so’ng Yangi Buxorodagi siyosiy agentlikning nomi o’zgartirilib, u Rossiya vakolatxonasiga aylantirildi. 1917 yil 2-7 dekabrda Yangi Buxoro shahrida bo’lib o’tgan Buxoro amirligidagi rus manzilgohlari sovetlarining II oblastь s’ezdida RSFSR hukumati va Turkiston o’lkasidagi sovet hukumatining Buxoro ishlari bo’yicha kollegiyasi saylandi. Kollegiya bolьsheviklar dohiylari V.I.Lenin va I.V.Stalin tomonidan deklarativ tarzda e’lon qilingan millatlarning o’z taqdirlarini o’zlari belgilash huquqini nazar-pisand qilmay, Buxoro amirligi hududiga inqilobiy hujum qilib, uni Yosh buxoroliklardan iborat hukumat qo’liga olib berishga intildi. Bolьsheviklar partiyasi bilantaktik maqsadlarni ko’zlagan holda amirlik hokimiyatini ag’darish uchun ittifoq tuzgan Yosh buxoroliklar partiyasi faollari o’z yetakchisi Fayzulla Xo’jaev boshchiligidagi delegatsiyani “keskin va qat’iy chora ko’rish uchun” Toshkentga jo’natdi. Delegatsiya a’zolari Turkiston o’lka Xalq Komissarlari Sovetini “Buxoroda ochiq qo’zg’olon ko’tarish uchun sharoit yetildi, unda kamida 30000 kishi ishtirok etadi” deb ishontirdilar5. Yosh buxorolik jadidlarning bir qismi Buxoroda demokratik tartiblarni o’rnatish uchun inqilobiy kurash yo’lini tanladi. Ular amirlik istibdodini ag’darish uchun Turkistondagi sovet hukumatidan yordam so’rashga majbur bo’lishgan. Biroq bu paytda Turkiston Muxtoriyati hukumatini tugatish yo’llarini izlayotgan Turkiston o’lkasi Xalq Komissarlari Soveti (XKS) raisi F.I.Kolesov Buxoro amirligiga hujum qilishga dastlab shoshilmadi. Faqat 1918 yil fevral oyida Turkiston Muxtoriyati hukumati qizil askarlar tomonidan tor-mor qilingach, Samarqand va Zakaspiyda bolsheviklarga qarshi g’alayonlar bostirilgach, F.Kolesov butun diqqatini amirlikni tugatishga qaratdi. 1918 yil 1 martda Yangi Buxoroga F.Kolesov boshchiligidagi 3500 kishilik qizil askarlar otryadi zambarak va pulemyotlar bilan qurollangan holatda yetib keldi. Fayzulla Xo’jaev raisligida Yosh buxoroliklarning 7 kishidan iborat inqilobiy qo’mitasi tuzilib, uning tarkibiga Fitrat, Otaulla Xo’jaev, Abdulvohid Burhonov, Ishoq Ag’darov, Qori Yo’ldosh Po’latov, Fazliddin Maxsum kiritildi. Harbiy harakatlarni boshqarishga Turkiston o’lkasidagi sovet hukumatining rahbari F.Kolesov mas’ul bo’ldi6. Yosh buxoroliklar partiyasi faollari va F.Kolesov o’zaro maslahatlashib, Buxoro amiri Said Olimxon (hukmronlik davri: 1910-1920 yy.) nomiga talabnoma matni (manifest) tayyorlashdi. F.Kolesov va Fayzulla Xo’jaev imzolari bilan Said Olimxonga jo’natilgan talabnomada quyidagi bandlar bor edi: 1) Buxoroda so’z, matbuot va boshqa demokratik erkinliklar joriy qilinadi; 2) amir huzuridagi hukumat tarqatib yuborilib, uning o’rniga Yosh buxoroliklarning Ijroiya Qo’mitasidan iborat yangi hukumat tuziladi; 3) amirning maslahatchilari bo’shatib yuborilib, Buxoro hukumatining barcha a’zolari Yosh buxoroliklar partiyasi tomonidan tavsiya etilgan yangi a’zolar bilan almashtirilishi lozim; 4) o’lim jazosi va tan jazosi bekor qilinishi darkor; 5) bir qator soliqlar bekor qilinishi zarur; 6) amirlikdagi qo’shin qurolsizlantirilishi kerak. Amir Olimxon 24 soat ichida ushbu talablarga rozi ekanligini ma’lum qilsa, u o’z o’rnida qoladigan bo’ldi. Mabodo, Said Olimxon rad javobini beradigan bo’lsa, qurol kuchi bilan amirlik tugatilishi po’pisa qilindi7. Amir Said Olimxon o’z navbatida vaqtdan yutish uchun muzokaralar boshladi. U o’z javob maktubida islohotlarni sekin-asta amalga oshirishi mumkinligini bayon qildi. Bu javobdan qanoatlanmagan F.Kolesov harbiy harakatlarni boshlashga buyruq berdi. 1918 yil 2 martda Buxoro shahriga hujum boshlandi. Ularga har biri 200 kishidan iborat Yosh buxoroliklar va Yangi Buxoro ishchilarining otryadlari ko’mak berib turdi. Buxoro yaqinidagi Fathobodda bo’lgan dastlabki to’qnashuvda amir Said Olimxon qo’shinlari mag’lubiyatga uchrab, shaharga chekindilar. Vaziyat bunday tus olishini kutmagan Said Olimxon qizil qo’shin boshlig’i F.Kolesovga o’zining maxsus farmoni oliysini yuborib, unda barcha talablarga rozi bo’lish bilan bir qatorda mamlakatda soliqlar kamaytirilishi, tan va o’lim jazosi bekor qilinishini aytdi. Natijada ikki o’rtada harbiy harakatlar to’xtatilib, muzokaralar qaytadan boshlandi. Buxoro davlatining mustaqilligi daxlsizligini saqlab qolish uchun intilgan Said Olimxon bu fursatdan unumli foydalanib, ayrim manbalarda keltirilishicha, 35000 kishilik lashkar to’pladi. Xullas, buxoroliklar o’z shaharlari himoyasi uchun qo’zg’alishdi. Karmanadan to Qorako’lgacha bo’lgan 170 km masofadagi temir yo’l izlari amir sarbozlari va mahalliy aholi tomonidan buzib tashlandi. Urush harakatlari boshlanib, F.Kolesov otryadi qurshovda qoldi. F.Kolesov boshchiligidagi qo’shinning o’q-dorisi tugadi va ahvoli og’irlashdi8. Turkistondagi sovet hukumatining rahbari telegraf orqali Toshkentdan shoshilinch harbiy yordam so’radi. Xalq Komissarlari Sovetining qarori bilan Toshkent., Samarqand, Yangi CHorjo’y, Ashxobod, Marv, Karki, Yangi Termiz garnizonlaridagi qizil askar otryadlari F.Kolesovga zudlik bilan yordamga jo’natildi1. Biroq Buxoro shahrini bosib olish rejasi amalga oshmasligiga ko’zi yetgan Kolesov 5 mart kuni kechqurun Toshkent tomon chekinishga buyruq beradi. Buning asosiy sababi, hozirgi paytda ham ayrim tarixchilar va jurnalistlar yozayotganidek, Yosh buxoroliklar keng xalq ommasining ishonchini qozona olmaganligi emas, balki qizil askarlar, garchi ular safida Yosh buxoroliklar bo’lsa ham, Buxoro aholisi tomonidan bosqinchi va istilochi sifatida qabul qilinganligi bo’ldi. CHunki 1918 yil mart oyida Amir Said Olimxonning qo’shini o’z Vatani mustaqilligini himoya qildi. Ular F.Kolesov boshchiligidagi bolsheviklar qo’shiniga qarshi ozodlik urushini olib bordi. Toshkentdan zudlik bilan Kolesovga yordamga yuborilgan qizil gvardiyachilar 11 martda Karmana shahrini egalladilar. Ular amirning Karmanadagi yozgi saroyiga joylashdilar hamda aysh-ishrat va maishat bilan shug’ullandilar. Arxiv hujjatlarida keltirilishicha, qizil gvardiyachilar Karmanada spirtli ichimliklarni rosa ichib, mast bo’lganlar va mahalliy aholini talaganlar9. SHundan so’ng bosqinchilarni buxoroliklar Karmanadan quvib chiqarishgan. Bolьsheviklarning Toshkentdagi siyosiy muxoliflari (eserlar, menьsheviklar va boshqa siyosiy kuchlar) ular tutgan bosqinchilik yo’lini ma’qullashmadi. SHuning uchun Turkiston o’lkasi Xalq Komissarlari Soveti Amir Said Olimxon bilan muzokara olib borishga majbur bo’ldi. Aslida Samarqanddan yuborilgan G.Koluzaev otryadi bu paytda Karmana va Yangi Buxoro o’rtasidagi Qiziltepada F.Kolesov qo’shini bilan birlashgan edi. F.Kolesov Qiziltepaga kelgach, sulh muzokaralari olib borish uchun Amir Said Olimxonga vakillar jo’natdi. Said Olimxon o’z navbatida F.Kolesov bilan sulh muzokaralari olib borishga tayyor ekanligini bildirdi. 17 martda F.Kolesov o’z otryadi bilan Samarqandga yetib keldi. Bu paytda qizil askarlar hozirgi Ziyovuddin, Mir, Karmana, Qiziltepa, Qorako’l va CHorjo’yni bosib olgan edilar. Qizil gvardiyachilar Eski CHorjo’y va Qorako’lni vayron qilib ularga o’t qo’yishgan. Amir Said Olimxon yozgan o’zining mashhur “Buxoro xalqining hasrati tarixi” nomli xotiralarida F.Kolesovning Buxoroga bosqini oqibatlarini quyidagicha tasvirlaydi: “Allohning inoyati, payg’ambar shariatining madadi bilan harbiy qurollarning kamligiga qaramay, Buxoro islom ahliga zafar kulib boqdi, bu banda g’alabaga erishdi. Bolьsheviklar o’z maqsadlariga erisholmay sulh tuzishga rozilik bildirishdi. Bu banda sulh tuzishni yaxshiroq deb bilib, ahvolni tuzatish maqsadida ahd tuzishga rozi bo’ldim”10. Ikki tomondan o’zaro sulh tuzish uchun vakillar ajratildi. Sovet Rossiyasi tomonidan: otryad komissari V.Ya.SHmidt, harbiy komandirlar: G.A.Koluzaev, A.G.Stepanov, V.M.Kopilov, Turkiston o’lkasi temir yo’llar komissari A.F.Solьkin, Yangi Buxoro shahri ma’muriyati boshlig’i A.Ya.Galьperin, Turkiston o’lkasi Xalq Komissarlari Sovetining maxsus vakillari P.P.Vvedenskiy va X.X.K. Mirbadalov; Buxoro amirligi tomonidan: bosh zakotchi Mirza Salim Parvonachi (Mirza Salimbek), Abduraufbiy Xo’ja Karvonboshi Azizov, Mir Bobo Miroxo’r kabi maxsus vakillar sulh muzokaralarida qatnashgan. Sovet Rossiyasi tomonidan vakillarga V.SHmidt, Buxoro hay’tiga Mirza Salimbek boshchilik qilishgan. Muzokaralar jarayoniga V.SHmidt raislik, A.Solkin kotiblik, P.Vvedenskiy esa tarjimonlik qilgan11. Xullas, Buxoroni majburan sovetlashtirish uchun qilingan dastlabki urinish fojiali ravishda yakunlandi. F.Kolesovning Buxoroga bosqini natijasida har ikki tomondan 10 000 kishi o’ldirildi, katta moddiy zarar ko’rildi. 1918 yil 22 martda Toshkent Soveti ijroiya qo’mitasining majlisida eshitilgan ma’ruzada keltirilishicha, Buxoro frontidan 11 000 qochoq Toshkentga yetib kelgan. F.Kolesov avantyurasi oqibatida O’rta Osiyo temir yo’lining amirlik hududidan o’tgan qismi va Samarqand – Termiz pochta yo’li, xususan, Buxoro temir yo’lining Kogon – Termiz va Kogon – Kitob yo’nalishlaridagi temir yo’l izlari (mos ravishda 750 va 350 versta) butunlay ishdan chiqdi. Ta’qibga uchragan va quvg’in qilingan Yosh buxoroliklar partiyasi a’zolari omma oldida qattiq obro’sizlandi. Amir hukumati inqilobiy g’oyalarni tashuvchi barcha kishilarga nisbatan jazoni kuchaytirdi. Amir Said Olimxon harbiy harakatlar boshlanishi arafasida qo’shbegi (Bosh vazir) vazifasini bajarib turgan Nizomiddin Urganjiy o’rniga Usmonbekbiy Inoq Kalonni qo’shbegi vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi qilib tayinladi. Usmonbek bo’lg’usi amirni Sankt- Peterburgdagi harbiy ta’lim olish jarayonida unga hamrohlik qilgan edi. 1918 yil 25 martda Qiziltepada Rossiya va Buxoro vakillari tomonidan shartnoma imzolandi. Bu shartnoma tarixda Qiziltepa bitimi sifatida mashhur bo’lib, u 9 banddan iborat. SHu o’rinda mavjud ikki manba: mazkur bitim matni va Buxoro hay’atiga boshchilik qilgan bosh zakotchi va tarixchi olim Mirza Salim Parvonachining “Tarixi Salimiy” asari asosida ushbu bitimni tahlil qilinadi. Bitimning birinchi bandiga ko’ra, “birgalikda ko’rilgan chora-tadbirlar asosida Buxoro fuqarolarini qurolsizlantirish kerak”. Ikkinchi band quyidagi qo’shimcha bilan qabul qilingan: “Buxoro armiyasi miqdori 12 harbiy qo’mondon boshchiligidagi 12 000 sarbozdan oshmasligi kerak. Barcha eski mis to’plar Buxoro hukumatida qoldiriladi. Barcha yangi to’plar va pulemyotlar, agar ular mavjud bo’lsa, Rossiyaga topshiriladi”. Uchinchi band quyidagi shaklda hech qanday o’zgarishsiz qabul qilingan: “Buxoro xonligida yurgan rus armiyasining barcha ofitserlari va rus aksilinqilobchilari topshirilishi kerak”. To’rtinchi band bitimning eng asosiy va katta bandi bo’lib, u quyidagi tahrirda qabul qilingan: “O’ldirilgan tinch aholi hamda halok bo’lgan va yarador qilinganlar oilasiga tovon to’lashni har ikki tomon ham o’z zimmasiga oladi. Buxoro hukumati Xalq Komissarlari Soveti ixtiyoriga turli paytlarda 100 vagon bug’doy jo’natishni ta’minlaydi va birinchi o’rinda Toshkentga 20 vagon g’alla yuboradi”. Shartnomaning keyingi bandlari Buxoro davlatiga bol’sheviklar tomonidan tazyiq o’tkazilib, ko’plab majburiyatlar yuklandi. Xususan, amirlik hududidan o’tuvchi Rossiyaning temir yo’llari dahlsizligini amir hukumati ta’minlashi kerak edi. SHunday qilib, 9 banddan iborat Qiziltepa bitimi shartiga ko’ra, yurt ozodligi va mustaqilligini himoya qilgan Buxoro amiri o’z hududidagi harbiy harakatlar uchun javobgar deb hisoblandi va tovon to’lashi lozimligi belgilandi. Amir o’z sarbozlari miqdorini 12 000 kishidan oshirmaslik majburiyatini oldi. Biroq bitimda amirlikning ichki hayotiga taalluqli hech qanday fikrlar yo’q edi. SHu bilan birga qizil askarlar ham amirlik hududidan chaqirib olindi12. Qiziltepa bitimi imzolangach, F.Kolesov o’z qo’shini bilan talon-toroj qilingan katta boylik (Karmana, Xatirchidagi xazina va boshqalar) bilan Toshkentga qaytadi. Bu holatni hatto o’lkadagi bolьshevik komissarlari ham e’tirof etishga majbur bo’lishgan edi. Xullas, F.Kolesovning Buxoroga bosqini Buxoro amirligida jiddiy o’zgarishlarni keltirib chiqardi. Qizil armiyaning hujumi avvalo Buxoroning yaqin qo’shnilari sovet Rossiyasi va Turkistonidagi yangi rejimning haqiqiy mohiyatini ochib tashladi. Said Olimxon o’z ichki siyosatida katta miqdordagi zamonaviy qurollangan muntazam armiyani tuzishga intildi. U Afg’oniston va boshqa xorijiy mamlakatlar bilan yaqinlashishga harakat qildi. Said Olimxon bilan Xiva xoni va Junaidxon o’rtasida sovet Rossiyasiga qarshi birgalikda kurash olib borish uchun harbiy bitim ham tuzildi. SHuningdek, amir Said Olimxonning buyrug’i bilan Buxoro mamlakati hududidagi minglab kishilar jadidchilikda ayblanib, nohaq qatl etildi va ularning mol-mulki musodara qilindi13. Xususan, Yosh buxoroliklar partiyasining a’zolari qonundan tashqari deb e’lon qilindi. Ularning tirik qolgan vakillari Buxoro mamlakatini tark etib, muhojirlikda yashashda davom etdilar. Bu holat 1920 yilning yozigacha davom etdi. RSFSRning Buxoro amirligidagi muxtor vakillari lavozimida 1919-1920 yillarda Z.I.Pechatnikov, Sa’dullaxo’ja Tursunxo’jaev, A.Ye.Akselьrod kabi xodimlar faoliyat ko’rsatishgan. Bu davrda Buxoroda amir hokimiyatini ag’darib tashlash uchun quyidagi ikkita inqilobiy markaz mavjud bo’lgan: Buxoro Kommunistik partiyasi (1918 yil sentyabrda Yosh buxorolik jadidlarning so’l guruhidan tuzilgan kommunistik partiya MK raisi 1919 yil noyabrdan Najib Husainov bo’lgan) va Yosh buxorolik inqilobchilar partiyasi Turkiston byurosi (uning raisi Fayzulla Xo’jaev) bo’lgan. RSFSR XKS va Butunrossiya MIK huzuridagi Turkiston ishlari bo’yicha komissiyasi (Turkkomissiya) 1920 yil 14 fevraldagi majlisida Yosh buxoroliklar partiyasining sovet Turkistonida faoliyat ko’rsatishiga ruxsat berdi. Bu holat buxorolik kommunistlarning radikal kayfiyatdagi o’ta so’l yo’lboshchilariga (MK a’zolariga) yoqmadi1. Yosh buxorolik inqilobchilar va buxorolik kommunistlar o’rtasidagi munosabat juda chigal va murakkab bo’lib, bu holat eng avvalo amirlik hokimiyati ag’darilgandan keyin Buxoroda vujudga keladigan yangi davlat qurilishiga bog’liq edi. 1920 yil may oyi boshlarida Moskvaga kelgan Turkkomissiya a’zolari Sh.Eliava va Ya.Rudzutak RSFSR Tashqi ishlar xalq komissari G.V.Chicheringa Turkkomissiyaning “ertagayoq Buxoroning mustaqilligini bekor qilish to’g’risida qaror chiqarish” haqidagi qat’iy bayonotini topshirdi. Biroq G.V.Chicherin sovet hukumatining rahbari – RSFSR Xalq Komissarlari Soveti raisi V.I. Leninga maxsus xat bilan murojaat qilib, shunday ta’kidlagan edi: “Bunday tadbir nihoyatda jiddiy bo’lib, bizning Sharqdagi butun siyosatimizga katta ziyon keltiradi... Buxoroning musulmon olamidagi mavqei juda katta. Bunday qo’pol usuldagi mustamlakachilik siyosati bizning SHarqdagi mavqeimizga jiddiy putur yetkazadi”. Biroq Buxoroga qilinadigan hujumning oqibatlari haqidagi ogohlantirishlarga hech kim quloq solmadi. 1920 yil 22 mayda RKP(b) MK Siyosiy byurosi Buxoroga hujum qilish haqidagi Turkkomissiya a’zolarining fikrini ma’qulladi. Turkkomissiya Buxoro amirligiga qarshi o’tkaziladigan harbiy operatsiyaning barcha tafsilotlarini sinchiklab o’rgandi va bolьsheviklarga quyidagicha ko’rsatma berdi: Buxoro va bolьsheviklar o’rtasidagi to’qnashuv amir va ingliz hamda rus aksilinqilobchilarining ayg’oqchilari aybi bilan ro’y bergan, degan soxta fikrni barcha tashviqot va targ’ibot vositalari orqali tarqatish va jamoatchilik ongiga singdirish kerak. Bolьshevistik mafkuraning bunday nozik siyosati va aldovlari o’n yillar davomida “Buxoro inqilobi” to’g’risidagi soxta qarashlarni qat’iy himoya qilish uchun xizmat qildi. 1920 yil 21 avgustda Turkiston fronti qo’mondoni M.V.Frunze va Turkiston fronti Harbiy inqilobiy kengashi (Turkfront Revvoensovet) a’zosi Yu.Ibrohimov RSFSR Harbiy ishlar xalq komissari L.D.Trotskiy nomiga telegramma yo’llab, Buxoroni bosib olishga hamma narsa tayyor ekanligini ma’lum qilishganida, bu telegramma bilan tanishib chiqqan I.V.Stalin unga “o’rtoq Frunze retseptiga ko’ra zudlik bilan harakat qiling”, deb rezolyutsiya qo’ygan. Bu jumlaning ostiga esa bolьsheviklarning dohiylaridan V.I.Lenin va N.I.Buxarin “roziman” deb yozishgan va imzo chekishgan14. Bolsheviklar tomonidan Buxoroda hokimiyatni egallashi ko’zda tutilgan kishilar zudlik bilan bir markazga uyushtirildi. Bolsheviklarning talabi bilan Buxoro Kommunistik partiyasining IV qurultoyida (1920 yil 18 avgust) buxorolik kommunistlarni Yosh buxorolik inqilobchilar bilan birlashtirishga qaror qilindi. 25 avgustda “Buxorodagi xalq inqilobiga rahbarlik qiluvchi partiya markazi” tuzilib, uning tarkibiga V.V.Kuybishev (rais), N.Husainov va F.Xo’jaev kiritildi. Xullas, Buxoroda amir hokimiyatini ag’darish va bolьsheviklar ta’siridagi yangi hukumatni tuzish uchun barcha shart-sharoit tayyorlandi. 25 avgust kuni soat 16 dan 40 minut o’tganda Turkiston fronti qo’mondoni M.V.Frunze sovet Rossiyasining barcha harbiy kuchlari qo’mondoni S.S.Kamenevga telegraf orqali quyidagi xabarni jo’natdi: “23 avgustda G.Sokolnikov, G.Safarov, N.Peters2 yetib keldi. 23 va 24 avgust mobaynida ular sharoit bilan tanishishdi, hech qanday yon berishlar Buxoro tomonidan bizga bo’lgan muayyan dushmanlik munosabatini o’zgartira olmasligiga ishonch hosil qilishdi... Biroq Markazdan boshqa ko’rsatma kutishga hojat yo’q edi. Ushbu xabarni jo’natishdan 3 soat oldin, 25 avgust soat 13 da M.V.Frunze Turkiston fronti qo’shinlariga aniq buyruqni berdi: “Buxoro xalqi o’z ezuvchilariga qarshi bosh ko’tardi... Buxoro xalqiga inqilobiy birodarlik yordamini ko’rsatish uchun... 29 avgust erta tongdan faol harakatlar boshlansin”15. Moskva va Toshkentda ishlab chiqilgan rejaga binoan 1920 yil 23 avgustda kommunist Beshim Sardor qo’mondonligidagi turkmanlar otliq otryadi Eski Chorjo’y yaqinidagi Saqar Saroy qishlog’ini egalladi. Saqar Saroy qishlog’ida o’ziga xos terror o’tkazilgach, Beshim Sardor va o’rinbosari Ochil Sardor o’z otryadlari bilan Eski Chorjo’yga hujum qiladi. M.Qulmuhamedov boshchiligidagi turkman otliq otryadi kuchlari bilan ular birlashib, 29 avgust erta tongda Eski Chorjo’yni egallashadi. Chorjo’y viloyatining hokimi Mirza Salimbek qizil askarlar tomonidan qamoqqa olinadi. Beshim Sardor boshchiligida inqilobiy qo’mita – revkom (revkom tarkibiga Abdurahim Yusufzoda3 va Hasan Aliev kirgan) tashkil etilib, ilgari kelishilganidek, revkom darhol Turkiston fronti qo’mondonligi va sovet hukumatidan harbiy yordam so’raydi. SHu tariqa 28 avgustdan 29 avgustga o’tar kechasi qizil armiya tomonidan Buxoroni bosib olish operatsiyasi boshlanadi. Buxoro amirligini ag’darib tashlash uchun sovet qo’mondonligining yirik miqdordagi harbiy kuchlari harakatga keltirildi. Turkiston fronti harbiy qismlari bilan birgalikda jangovar operatsiyalarda qariyb 5000 kishilik buxorolik “inqilobchilar” otryadlari ham qatnashdi. Ularga qarshi turgan Buxoro amirligi qo’shinlari 3725 miltiq va 7850 qilich, 158 ta eski pilta to’p, o’nlab zamonaviy to’plar va 20 ta pulemyot bilan qurollangan edi. Amirning yuqorida ko’rsatib o’tilgan 12 000 kishilik muntazam armiyasidan tashqari ov miltiqlari, nayza va xanjarlar, qilichlar bilan qurollangan 20 000 kishilik xalq lashkari ham bor edi16. Qizil armiyaning asosiy hujumi amirlik poytaxti Eski Buxoro shahriga qaratildi. Biroq bosqinchilar Buxoro shahri ostonalarida amir qo’shinlari va tinch aholining qattiq qarshiligiga duch kelishdi. Turkiston fronti qo’mondoni M.V.Frunzening buyrug’i bilan Eski Buxoro aeroplanlardan turib dahshatli tarzda bombardimon qilindi. Shahardagi jahon ahamiyatiga molik va butun insoniyatning madaniy merosi hisoblangan asriy me’moriy obidalar vayron qilindi. Amirlik poytaxti ostonasidagi qonli jang to’rt kecha-kunduz davom etib, 1920 yil 2 sentyabrda bosqinchilarning to’xtovsiz zarbalari ostida Buxoro himoyachilarining so’nggi tayanchi – Ark (Buxoro hukmdorlarining qarorgohi) dushman qo’liga o’tdi. Eski Buxoroni qizil askarlar tomonidan ishg’ol qilinish jarayonida shahar aholisi va yaqin qishloqlarda yashovchilar katta talafot ko’rishdi. Tinimsiz otishma va bombalar yog’ilayotgan uchinchi kun, qizil askarlar tomonidan asir olinganlardan birining guvohligicha, “o’ldirilganlar shunchalik ko’p yig’ilib qoldiki, ularni yig’ishtirib olishga ulgurishmas edi”. Buxoro shahrini bosib olgan qizil askarlar hukmdor qarorgohi – Arkdagi amir xazinasini, Buxoro qozi-kaloni, qushbegisi va boshqa saroy amaldorlarining butun boyliklarini talon-toroj qilganlar. Xususan, Turkiston fronti qo’mondoni M.V.Frunze, Buxoro gruppasining boshlig’i I.P.Belov, ko’plab qizil armiya komandirlari va oddiy jangchilar kata boylikni o’zlashtirganlar17. Xullas, 1920 yil sentyabr oyida Buxoro shahri qizil askarlar tomonidan ayovsiz talandi. Buxorodagi amirlik xazinasi Turkiston frontiqo’mondoni, Turkkomissiya a’zosi M.V.Frunze, RSFSRning Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumati huzuridagi muxtor vakili hamda RKP(b) MKva Kommunistik Internatsionalning Buxoro Kommunistik partiyasi Markaziy Komiteti huzuridagi maxsus vakili V.V.Kuybishevning alohidako’rsatmasi bilan shoshilinch ravishda Samarqand va Toshkent orqali Moskvaga jo’natildi. Biroq sovet hokimiyati yillarida amirlik xazinasi Moskvaga olib ketilganligi sir tutildi. Xulosa qilib aytganda, XX asr boshlarida Buxoro amirligi o’z taraqqiyotining so’nggi bosqichiga qadam qo’ydi. O’rta asr an’analari hukm surgan va monarxiya tartibida boshqariladigan amirlik tuzumi XX asr 20- yillariga kelganda o’zbek xalqining keyingi taraqqiyoti uchun to’siq bo’lib turgan edi. Amirlik Buxorosi o’rniga yangi demokratik Buxoro davlatini qurishga intilgan Yosh buxorolik jadidlarning niyatlari samimiy bo’lsa ham ular amir hokimiyatini o’z ichki imkoniyatlari va kuchlari bilan ag’dara olmay tashqi siyosiy va harbiy kuchlar – bolьsheviklar Rossiyasi va qizil armiyadan harbiy va iqtisodiy yordam so’rab, katta xatoga yo’l qo’ydilar. Buxorolik taraqqiyparvarlar amir hukumatiga qarshi kurashda qizil askarlarning yordami bilan g’alabaga erishsalar ham, mamlakatda tinchlik o’rnatilmadi. Sovet Rossiyasining harbiy va siyosiy kuchlari Buxoroda zo’ravonlik va bosqinchilikni avj oldirib, xalqni taladilar va o’ldirdilar. Qizil askarlar amir hokimiyati ag’darilgandan keyin ham Buxoro davlati hududini tark etmadilar. Bu holat Buxoroda qizil armiyaga qarshi milliy ozodlik harakati boshlanishiga asosiy sabab bo’lib xizmat qildi. Download 223.75 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling