I bob. Buxoroga sovet davlatining xujumi va uning oqibatlari
II bob. Buxoroda sovet rejimiga qarshi qurolli kurash
Download 223.75 Kb.
|
Buxoroga sovet davlatining xujumi va uning oqibatlari
II bob. Buxoroda sovet rejimiga qarshi qurolli kurash.
2.1. Buxoroda qizil armiyaga qarshi qurolli xarakatning boshlanishi va uning umumxalq xarakatiga aylanishi. O’rta Buxoroda, xususan, SHarqiy Buxoroda 1921 yil boshlari, xususan bahori va yozida sovet hokimiyatiga qarshi turli qo’zg’olonlar ko’tarildi. Qizil armiyaning bosqinchilik siyosati va bolьsheviklarga qarshi milliy ozodlik kurashi boshlandi. 1921 yil boshlarida O’rta Buxoroda Kitob, SHahrisabz va Yakkabog’ tumanlari hududidan tashqari, SHarshauz va G’uzorda ham qizil armiyaga qarshi harbiy harakatlar bo’lgan21. Bu harbiy harakatlar ko’pincha ommaviy xalq qo’zg’oloni darajasiga ko’tarilgan. Qo’zg’olonlarda buxoroliklarning turli tabaqalari: mahalliy amaldorlar, harbiy rahbarlar, din arboblari, xalqning oddiy vakillari va boshqalarga mansub odamlar qatnashgan. El-yurt o’rtasida katta nufuzga sazovor bo’lgan qishloq oqsoqollari, ulamolar va harbiy arboblar bu qo’zg’olonlarga rahbarlik qilishgan. BXSR hukumati O’rta Buxoro va SHarqiy Buxoroda boshlanib ketgan turli qo’zg’olonlarni bostirish uchun harbiy kuchlarni respublikaning yirik shaharlariga joylashtirib chiqqan. Bundan tashqari Turkiston frontiga qarashli qizil armiyaning harbiy qismlari ham BXSR hududining turli shahar va qishloqlariga taqsimlab chiqilgan. BXSR hududida yangi hokimiyat tomonidan majburiy harbiy xizmat joriy qilindi. Qisqa muddat ichida milliy qizil armiya qismlari tuzildi. BXSRning Eski Buxoro, Yangi Buxoro, Karmana, Yangi CHorjo’y, Eski CHorjo’y, Karki, Termiz, SHerobod va boshqa yirik shaharlarida joylashtirilgan harbiy qismlar va qizil armiya garnizonlariga qarshi tez orada milliy ozodlik kurashi boshlanib ketadi. 1921 yil boshlarida Buxoroda qizil armiya jangchilariga qarshi milliy istiqlol harakati boshlanadi. Bu harakat 1921 yil bahorida bolsheviklarga qarshi ommaviy va yalpi kurash tusini oladi. Burdaliq, Mekon, Karki va boshqa yuqorida nomlari tilga olingan viloyat, tuman, shahar va qishloqlarning aksariyati bugungi kunda Turkmaniston Respublikasi hududida bo’lib, ular o’sha paytda O’rta Buxoroga kirgan. Bu hududlar hozirgi paytda O’zbekistonning Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari bilan chegaradosh hisoblanadi. SHarqiy Buxoroda bolsheviklar tomonidan sovet hokimiyati o’rnatilgach, yangi hokimiyat o’z organlarini tashkil qildi. Hisor, Qabodiyon, Ko’lob, Baljuvon, Qorategin va Darvoz kabi sobiq bekliklar o’rniga Hisor, Qo’rg’ontepa, Ko’lob va G’arm viloyatlari tuzildi. SHarqiy Buxoro hududidagi viloyatlar, tumanlar va kentlarda revkomlar (inqilobiy qo’mitalar) tashkil qilindi. Revkomlar tuzilgach, ular mahalliy aholiga sovet hokimiyatining mohiyatini tushuntirishi ko’zda tutilgan edi22. BXSR davrida SHarqiy Buxoroda tez-tez ma’muriy o’zgarishlar amalga oshirilgan. 1920-1924 yillarda faqat SHarqiy Buxoroning o’zida 5 marta ma’muriy-hududiy bo’linish amalga oshirilgan. BXSR Markaziy Revkomi 1921 yil 5 aprelda SHarqiy Buxoroga mahalliy revkomlarni tashkil qilish va ularning ishini yo’lga qo’yish uchun 35 kishini safarbar qilgan23. G’arm va Qorateginda revkomlar tuzilgach, amlok yerlari dehqonlar o’rtasida taqsimlangan. 1921 yil bahorida SHarqiy Buxoroda dehqonlar ilk marta o’z yerlarida ishlashgan. Biroq revkomlar faoliyati faqat bu bilan Revkom a’zolari aslida qizil askarlar ta’minoti bilan shug’ullangan. Qizil armiya jangchilari uchun aholidan oziq-ovqat, yem-xashak tortib olinib, ular revkom tomonidan taqsimlangan. Aholiga esa undan tortib olingan oziq-ovqat mahsulotlari o’rniga oddiy tilxat qog’ozlari berilgan. Revkomlarning bunday xatti-harakatlari mahalliy aholining g’azabini qo’zg’agan va turli noroziliklarni keltirib chiqargan. Natijada 1921 yil bahori va yozida SHarqiy Buxoroda g’alayonlar va qo’zg’olonlar to’lqini kuchayib, qizil armiya va sovet hokimiyatiga qarshi milliy ozodlik harakati boshlangan. 1921 yil 4 martda RSFSR va BXSR o’rtasida Ittifoq shartnomasi imzolandi. Bu shartnomani RSFSR tomonidan G.V.CHicherin va L.M.Karaxon, BXSR tomonidan Mirza Muhitdin Mansurov, Rajab Muhammedov, Raxmat Rafiq Abdullabekov kabi taniqli davlat arboblari imzolashgan. SHartnoma matni 17 moddadan iborat bo’lib, uning kirish qismida Rossiyada bo’lgan Oktyabr to’ntarishi va uning SHarq xalqlariga ta’siri, Buxoroda amirlik tuzumining ag’darib tashlanishi va RSFSR bilan BXSR o’rtasidagi o’zaro aloqalar xususida so’z boradi. Ittifoq shartnomasining 2-moddasiga ko’ra, ushbu shartnoma bilan birgalikda tomonlar o’rtasida harbiy-siyosiy kelishuv tuzish lozimligi ko’rsatilgan2. CHunki bu shartnoma har ikki davlatning eng yuqori boshqaruv organlari tomonidan ratifikatsiya qilingunga qadar RSFSRning Buxorodagi favqulodda vakili va BXSR o’rtasida 1920 yil oktyabr oyida tuzilgan muvaqqat harbiy-siyosiy kelishuv o’z kuchida qolishi kerak edi. Muvaqqat harbiy-siyosiy kelishuvga ko’ra, yangi tashkil topgan BXSR hududida sovet Rossiyasi harbiy kuchlari – Turkiston fronti jangchilari saqlanib qolar edi. Ma’lumki, Buxoroda amirlik tuzumi qizil armiya kuchi bilan ag’darib tashlangan edi. Buxoro Respublikasining harbiy noziri Buxoro Markaziy revkomi tomonidan tayinlansa ham Turkfront Revvoensoveti uni chaqirib olish huquqiga ega edi. Buxoro armiyasini safarbar qilish, harbiy qismlarni tashkil qilish, shakllantirish va ularning ta’minoti masalasida Buxoro Markaziy Revkomi o’z qarorlarini Turkfront Revvoensoveti bilan kelishib olishi lozim edi. Turkfront Revvoensoveti o’z qarorlari bajarilishini nazorat qilish uchun Buxoroda o’z vakiliga ega bo’lgan. Buxoro Respublikasi harbiy nozirligi operativ, ma’muriy-jangovar va xo’jalik jihatidan Turkfront qo’mondonligiga bo’ysungan. Harbiy nozir o’z faoliyati bo’yicha Buxoro Markaziy Revkomiga doimiy ravishda hisobot berib turishi va ma’ruzalar qilib turishi lozim edi24. Xullas, ushbu harbiy-siyosiy kelishuv va Ittifoq shartnomasi imzolanishi natijasida BXSR hududida sovet Rossiyasining kata miqdordagi harbiy qismlari “qonuniy” jihatdan saqlab turildi. Bu holat aslini olganda BXSR ichki ishlariga Rossiyaning to’g’ridan-to’g’ri harbiy jihatdan qurolli aralashuvidan boshqa narsa emas edi. Bu holat Buxorodagi milliy vatanparvarlar kuchlarning qizil armiyaga qarshi olib borayotgan harbiy harakatlarini juda ham qiyinlashtirdi. Biroq 1921 yil boshlarida BXSR hududining barcha qismlarida bosqinchi qizil askarlarga qarshi ommaviy ravishda kurash boshlandi. 1921 yil aprel oyining oxiri va may oyining boshlarida SHarqiy Buxoroda qizil armiyaning bosqinchilik harakatlariga qarshi ommaviy ravishda xalq qo’zg’olonlari boshlanib ketdi. “Xalq qo’zg’oloni,- deb 25 iyunda qilgan edi 1-Turkiston otliqlar diviziyasining sobiq komandiri Spasskiy, - may oyining dastlabki kunlarida boshlandi va G’arm, Baljuvon, Fayzobod, Ko’lob va Qorategin viloyatlarini qamrab oldi. Qo’zg’olon ko’tarilishiga sabablar ko’p edi, eng asosiylari esa quyidagicha: aholidan doimiy ravishda turli-tuman narsalarning olinishi, buning uchun ularga pul o’rnida oddiy tilxat qog’ozi berilishi, militsiyaga safarbarlikning uquvsizlik bilan o’tkazilishi. Qo’zg’olon ko’targanlarga Farg’onadan “bosmachilar” kelib qo’shildi va ularga rahbarlik qila boshladi”. Qizil askarlar bu yerda qolgan aholini otib tashlab, 50 ta ayolni zo’rlab, nomusiga tegishdi, 140 ta ayol bo’lsa qal’aga qochib borib yashirinishdi. Buxorodagi istiqlolchilar va ularning harbiy rahbarlari bosqinchi qizil askarlarni mamlakatdan chiqib ketishini qattiq talab qildilar. BXSRning ko’plab milliy rahbar xodimlari o’z mas’ul lavozimlarini tashlab, o’z erki va ozodligi uchun kurashayotgan qo’zg’olonchilar tomoniga o’tib ketdi. Baljuvonda Otaulla Xo’jaev bilan Davlatmandbekning uchrashishi mo’ljallanayotgan edi. Surayyo Afandi bu paytda Dushanbe militsiyasi boshlig’i lavozimida ishlagan. Otaulla Xo’jaevning qo’rboshilar bilan muzokaralari natijasida SHarqiy Buxorodagi istiqlolchilarning yirik yo’lboshchilari bo’lgan Davlatmandbek va Eshon Sulton Baljuvon va G’arm viloyatlari Inqilobiy qo’mitasi – Revkomlarining raisi qilib tayinlandilar. Viloyat revkomlarining raisi qilib qo’rboshilarning tayinlanishi aholi o’rtasida ularning ta’sirini oshirdi. 1921 yil 12 avgustda Baljuvonda bo’lgan uchrashuvda Otaulla Xo’jaev bilan Davlatmandbek Kamoliddinbek o’g’li o’rtasida 8 moddadan iborat bitim – kelishuv tuzildi. Mazkur bitimda SHarqiy Buxoro qo’rboshilari BXSR hukumati oldiga quyidagi talablarni qo’yishdi va ushbu talablar bajarilsa, ular yangi Buxoro Respublikasi hukumatining barcha qarorlariga bo’ysunishlarini tan olishdi: “Biz – SHarqiy Buxoro xalqi roziligi bilan mustaqil Buxoro respublikasini tan olamiz va uning qonunlariga og’ishmay amal qilamiz; Muqaddas Buxoroni bosib olgan Rossiya qo’shinlari darhol olib chiqib ketilishi va davlatda tartib o’rnatish mustaqil Buxoro hukumati qo’lida, o’z armiyasi kuchidan foydalanish orqali bo’lishi kerak; Birorta ham xorijiy mamlakat tabarruk Buxoroning ichki ishlariga aralashmasin; Hamma bo’g’inlarda rahbar xodimlar faqat ahli Buxoro orasidan tanlanishi kerak. Ular bizning din, urf-odat va an’analarimizni bilishi, hurmat qilishi shart; To’ntarishdan so’ng Rossiya armiyasining maxsus otryadlari xalqni qirib, mulklarini taladi, SHarqiy Buxoroni ship-shiydam qilib ketishdi. Bu talab ketilgan mulk va boyliklar Rossiya hukumati nomidan Buxoroga qaytarilsin. Ushbu shartlarga rioya etilsa, biz o’z islom armiyalarimizni tarqatib yuboramiz yoki hukumat ixtiyoriga o’tamiz. Lozim bo’lsa muqaddas Buxoro davlati vakillariga qurollarimizni topshiramiz. Buxoro davlati dushmanlari – bizning dushmanimiz, do’stlari – do’stimiz bo’lib qolajak”25. Butun Buxoro Markaziy Revkomi raisi Abdulqodir Muhitdinov ham Sharqiy Buxoroda yuzaga kelgan tashvishli vaziyat va xalq qo’zg’olonlarining sababini tahlil qilar ekan, Butun Rossiya MIK va RSFSR XKSining Turkiston ishlari bo’yicha komissiyasi – Turkkomissiya raisiga yozgan xatida asosiy aybdor sifatida qizil armiya faoliyatini ko’rsatadi. A.Muhitdinov o’z xatida qizil armiya qo’mondonligi va jangchilari tinch aholi bilan muloqotga kirishganda o’ta ehtiyotkor bo’lishi, aholi qo’lidan oziq-ovqat, g’alla, yem-xashak va boshqa mahsulotlarni zo’ravonlik bilan tortib olish amaliyotiga chek qo’yilishi, mahalliy aholining urf-odatlari va an’analari, islom dini hurmat qilinishi, uning oilaviy nomusi muhofaza etilishi, hech qanday mol-mulki musodara qilinmasligi haqida ogohlantiradi26. Biroq Buxoro davlati rahbarlarining ushbu fikrlari Turkkomissiya raisi va Turkfront qo’mondonligi tomonidan e’tiborsiz qoldiriladi. 1921 yil yozining oxiri – kuzning boshlarida SHarqiy Buxoro va O’rta Buxoroda harbiy harakatlar va ijtimoiy-siyosiy vaziyatdagi ustunlik ozodlik kurashchilari qo’liga o’tdi. Yangi sharoitda jang usullari va harakatlarini belgilab olish zarurati tug’ildi. 1921 yil 17 sentyabrda SHarqiy Buxorodagi Qoraqamish qishlog’ida (Fayzoboddan 26 chaqirim janubi-sharqda) Buxoro qo’rboshilari o’zlarining birinchi qurultoylariga to’planishdi. Bu qurultoyni Davlatmandbek va Eshon Sulton uyushtirdi. Bu qurultoyda Ibrohimbek (1889-1932 y.) Buxoro qo’rboshilarining Bosh qo’mondoni qilib saylandi va unga “Islom lashkarboshisi” degan unvon berildi. Ibrohimbek 7 yil davomida SHarqiy Buxoroda qizil askarlarga qarshi kurashga rahbarlik qildi. U 1921 yili qisqa muddat ichida 10000 nafardan ortiq askar to’plab, Ko’lob va Baljuvon viloyatlarini qizil askarlardan tozalaydi. 1921 yil boshlarida Said Olimxon Ibrohimbek devonbegini Buxorodagi butun qo’shinlariga Bosh qo’mondon qilib tayinlaydi. Bu voqealardan so’ng Ibrohimbek Hisor viloyatiga yurish qildi. Hisor viloyatining ustki qismiga otlanib borib, dushman bilan anchagina yuzma-yuz bo’ldi, u bilan jang qildi, harbiy qurol-yarog’larni qo’lga kiritdi. Bu viloyatni o’ziga markaz qilib oldi. Dehnav viloyatining yuqori qismi bo’lgan Boysun, Sherobod, Qarshida harakat qildi. Ibrohimbek qo’shinlari tomonidan 1921 yil oktyabr oyi boshlarida Dushanbe shahri ozod qilingan. (Biroq qizil askarlar 18 oktyabrda shaharni qaytadan bosib oldilar.) SHarqiy Buxorodagi shahar va qishloqlar bu paytda qizil askarlardan ozod qilina boshlandi. 1921 yil oktyabr oyining o’rtalarida Fayzobod, Ko’lob, G’arm, Qo’rg’ontepa, Kofirnihon, Hisor va Qoratepa shaharlari qo’zg’olonchilar qo’lida bo’lgan3. Afg’onistonda turgan Buxoro amiri Said Olimxon istiqlolchilarning Bosh qo’mondoni Ibrohimbek orqali SHarqiy Buxorodagi vaziyatdan doimo xabardor bo’lib turgan. Ibrohimbek Dushanbeni egallagach, Hazrati Mavlonoda o’zining qarorgohini o’rnatib, bolьsheviklarga tahdid solib turadi. Bu voqealar va harbiy harakatlar mashhur yozuvchi va olim Sadriddin Ayniy asarlarida ham o’z aksini topgan1. Ibrohimbekni qutlash uchun Darvoz, Qorategin, Ko’lob, Ko’histon, shuningdek, Hisor va Vaxsh vodiylarida harakat qilayotgan turli qurolli guruhlarning boshliqlari kelishib, uni SHarqiy Buxorodagi islom qo’shinining lashkarboshisi sifatida e’tirof etishadi27. Ibrohimbek Hazrati Mavlonodagi qarorgohida turib, SHarqiy Buxoro va O’rtaBuxoroning turli tuman va yirik qishloqlariga o’z vakillarini yuborib, bu hududlarda siyosiy va harbiy hokimiyatni boshqarishga intiladi. Ibrohimbekning topshirig’i bilan Asadullabek Qobulga borib, Said Olimxon bilan uchrashadi. Sharqiy Buxoroda qizil armiya va bolьsheviklarga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatlarni Asadullabekning o’zidan eshitib, Said Olimxon Asadullabekni qorovulbegi darajasidan miroxo’r mansabiga ko’taradi, Ibrohimbekni esa biy unvoni bilan mukofotlaydi. Bu paytda Butun Buxoro Markaziy Ijroiya Qo’mitasining raisi Usmon Xo’ja boshchiligidagi vakolatli hay’at SHarqiy Buxoroning ma’muriy markazi – Dushanbe shahrida bo’lib, ular qurolli muxolifat harakati bilan BXSR o’rtasidagi munosabatlarni izga solishga harakat qilishgan. Buning uchun Dushanbeda turgan qizil armiya garnizonini qurolsizlantirish, qizil armiya jangchilarini SHarqiy Buxoro, umuman, BXSR hududidan chiqarib yuborish kerak edi. 1921 yil 9 dekabrda Usmon Xo’ja Dushanbe garnizonining harbiy komissari Morozenko, uning yordamchisi Muxin, RSFSRning Sharqiy Buxorodagi bosh konsuli Nagorniy va boshqalarni o’z huzuriga chaqirib, ulardan garnizonni qurolsizlantirish va taslim bo’lishni talab qiladi. Usmon Xo’ja tarafdorlari bilan qizil armiya komandirlari o’rtasida shiddatli olishuv bo’lib, unda ayrim qizil komandirlar o’ldiriladi. Usmon Xo’ja tasarrufidagi Ali Rizo otryadi bilan garnizonning 2-batalьon jangchilari o’rtasida kuchli otishma va shiddatli jang bo’lgan. Usmon Xo’ja va uning tarafdorlari 10 dekabrь kechqurun Dushanbe shahrini tashlab chiqishga majbur bo’lishadi28. Turkiston fronti qo’mondoni A.Beliy va Revvoensovet a’zosi Voronin 1921 yil 13 dekabrda Boysundan qizil armiyaning 7 va 8-polklari askarlarini zudlik bilan Dushanbega jo’natish, bu yerda turgan BXSR milliy harbiy qismlari va qo’rboshilarning guruhlarini tor-mor qilish to’g’risida buyruq berishdi. Bu orada SHarqiy Buxoroga turkiyalik harbiy sarkarda Anvar Posho (1881-1922 y.) yetib keldi. U 1921 yil oktyabrda Buxoro shahriga kelgan va chamasi bir oycha poytaxtda faxriy mehmon sifatida turgan edi. 1921 yil noyabr oyining o’rtalarida Anvar Posho o’zining 4 nafar safdoshi: Hoji Samibek (Salim Posho), Bartinli Muhiddin, Xalilbek, Hasan Afandi bilan birgalikda “ov qilish” bahonasida Buxorodan chiqib, SHarqiy Buxoroga yo’l olishdi. Anvar Posho SHarqiy Buxoro qo’rboshilari bilan uchrashib, haqiqiy ahvolni o’z ko’zi bilan ko’rgach, qizil armiyaga qarshi kurashning oldingi saflarida turdi. SHarqiy Buxoroda kurash maydoniga Anvar Poshoning chiqishi bilan milliy ozodlik harakatining yangi bosqichi boshlandi. Qizil armiya va bolьsheviklarga qarshi kurash o’zining shiddatli ko’lami va jang amaliyotlari bilan 1921 yil oxirigacha bo’lgan harbiy harakatlardan keskin farq qila boshladi. Xulosa qilib aytganda, O’rta Buxoro va SHarqiy Buxoroda 1921 yil boshlarida qizil armiyaga qarshi qurolli harakat boshlandi. Qizil askarlarning bosqinchilik harakatlari mahalliy aholining ularga qarshi turli qo’zg’olon va isyonlar ko’tarishiga olib keldi. O’rta Buxoro (Sharshauz, Kitob, Shahrisabz, Karki va b.) va Sharqiy Buxoro (Hisor, Dushanbe, Sherobod, Boysun, Ko’lob va b.) hududlarida qizil armiyaga qarshi ko’tarilgan turli qo’zg’olonlar bolьsheviklar tomonidan shafqatsizlik bilan bostirildi. Biroq bolьsheviklarning bunday siyosati buxoroliklarni milliy ozodlik harakatidan qaytara olmadi. Aksincha milliy vatanparvar kuchlar o’z saflarini jipslashtirib, mahalliy harbiy arboblar qo’rboshilar yetakchiligida qizil armiyaga qarshi kurashga otlandilar. Ibrohimbek, Davlatmandbek, Eshon Sulton va boshqalar bu harakatga rahbarlik qilishdi. Buxoroning so’nggi hukmdori Amir Said Olimxon avval SHarqiy Buxoroda, so’ngra Afg’onistonda turib qizil armiyaga qarshi qaratilgan milliy ozodlik harakatini boshqarishga kirishdi. 1921 yil noyabr oyining oxirlarida kurash jabhasiga turkiyalik mashhur sarkarda Anvar Poshoning kelib qo’shilishi bilan istiqlolchilik harakatining yangi bosqichi boshlandi. Sharqiy Buxoro va O’rta Buxoroda qizil armiyaga qarshi qurolli harakat 1921 yil oxiri va 1922 yil boshlarida o’zining yangi bosqichiga qadam qo’ydi. Kurashning bu bosqichi Anvar Posho va Ibrohimbek qo’rboshi nomlari bilan bevosita bog’liq hisoblanadi. Bundan atigi bir necha oy oldin Anvar Posho musulmonlarni sovet Rossiyasi bilan birgalikda G’arb imperializmiga qarshi kurashga birlashtirish zarurligini aytgan bo’lsa, endi esa u “qizil imperiya”ni islomning haqiqiy dushmanlari deb e’lon qiladi. U Sharqiy Buxoroda harakat qilayotgan turli qo’rboshi guruhlarini birlashtirish va ulardan qizil armiyani Turkistondan haydab chiqarish uchun qo’shin tuzish yo’llarini o’ylaydi. Anvar Posho 1921 yil dekabr-1922 yil yanvar oylarida Sharqiy Buxoroning tog’ daralarida qizil armiyaga qarshi harbiy harakatlar boshlashga urinib ko’radi. U birlashtirmoqchi bo’lgan ozodlik kurashchilari turli urug’lardan bo’lib, har xil shevalarda so’zlashganlar va siyosiy maqsadlari ham turli-tuman edi, ularning dinga mansublik doirasi shialikdan sunniylikka qadar cho’zilib ketgan edi. Yana ularning katta qismi chaqmoq miltiq va tayoqlar bilan qurollangan edi, xolos. Anvar Poshoning izdoshlari soni doim noaniq bo’lib qolaveradi. U 160 otliq bilan ish boshlaydi. Dastlab u Buxoro amiri tarafdorlari tomonidan yaxshi qabul qilinadi, ammo Qo’rg’ontepada Tog’ay Sari o’tkazayotgan bazmda unga bo’lgan munosabat o’zgaradi. U Ibrohimbek tomonidan qamoqqa olinadi, otliqlari qurolsizlantiriladi va ular kichik- kichik qishloqlarga taqsimlab tarqatiladi. Qizil armiyaga qarshi SHarqiy Buxoroda harbiy guruhlarning faol tashkilotchilari – Dang’arada Abduqayum Parvonachi, Qizil Mozorda Tog’ay Sari, Baljuvonda Davlatmandbek, Ko’lobda Ashur to’qsabo, Darvozda Eshon Sulton, Dushanbeda Rahmon Dodxoh, Qorateginda Fuzayl Maxdum, Hisorda Temurbek, Surxonda Xurrambek, Laqayda Ibrohimbek edilar. Ibrohimbek bolsheviklar va qizil armiyaga qarshi janglarda zafarlarni qo’lga kiritib, qisqa vaqt mobaynida aholi orasida kata hurmatga sazovor bo’ldi. “... Ibrohimbek dastlab o’z atrofiga mingga yaqin kishini to’plagan bo’lsa, 1921 yilning dekabriga kelib unga bo’ysunuvchi askarlar soni o’n ming nafarga yetdi”1. “U qisqa muddat ichida 10000 nafardan ortiq askar to’plab, Ko’lob, Baljuvon, Qorategin, Darvoz, Hisor viloyatlarini qizil qo’shindan tozalagan”29. Ibrohimbek o’ziga bo’ysunuvchi harbiy guruhlar tarkibini mustahkamlashga kirishib, kichik guruhlarni yiriklashtiradi. Ibrohimbek boshchiligidagi qo’shin SHarqiy Buxoroda qisqa vaqt ichida ulkan zafarlarga erishib, qo’shin tarkibini mustahkamlash uchun maxsus chaqiriqlar, maktublar, varaqalar va xitobnomalar orqali aholini yurt guruhlarni birlashtiradi. Ibrohimbekning harbiy-siyosiy jabhada tashkilotchilik va strategik qobiliyatining ustunligi bois quyidagi yutuqlarga erishildi: 1. SHarqiy Buxoroda mustaqil harbiy faoliyat olib boruvchi barcha guruhlarni yagona qo’mondonlik ostiga yig’ishga muvaffaq bo’lindi. 2. Ibrohimbek o’z qo’shinida qatiy intizom o’rnatishga erishish bilan bir qatorda ularning harbiy maydondagi botirligini ham ta’minlay oldi. 3. Eng asosiysi u siyosiy hokimiyatsizlik sharoitida o’zi nazorat qiluvchi hududlarda o’ziga xos boshqaruv usulini joriy eta oldi30. Har bir yirik lashkarboshining o’z bayrog’i va tamg’asi bo’lganidek, Ibrohimbek qo’rboshining ham bayrog’i bo’lib, ushbu bayroq qo’shinning harbiy amaliyotlari jarayonida olib yurilgan. Bu paytda Sharqiy Buxoroda iqlim va ob-havo sharoitlari ancha murakkab bo’lgan. Jangchilar va tinch aholi o’rtasida turli yuqumli kasalliklar keng tarqalgan. 1921 yil oxiri – 1922 yil boshlarida Sharqiy Buxoroning Boysun hududida Anvar Posho rahbarligidagi ozodlik harakati keng siyosiy tus oladi. Anvar Posho harakatiga turk zobitlaridan Hoji Samibek (Salim Posho), Bartinli Muhitdin, Naftibek, Xalilbek, Hasan Afandi, Usmon Afandi kabilar qo’shiladi hamda ular harbiy harakatlarga rahbarlik qila boshlaydilar. Anvar Posho va Ibrohimbek o’zaro uchrashib, harbiy harakatlarni muvofiqlashtirgan holatda birgalikda o’tkazishga kelishish uchun Hisorning Laqay vodiysidagi Ko’ktosh qishlog’ida maxsus anjuman tashkil qilishadi. Yagona qo’mondonlik uchun olib borilgan muzokaralar natijasida kuchlar birlashib, 1921 yil dekabrida SHarqiy Buxoro qo’rboshilarining harbiy kengashida Anvar Posho Bosh qo’mondon deb e’lon qilinadi31. Sharqiy Buxoroda vaziyat istiqlolchilar foydasiga tubdan o’zgarganligi sababli Butun Buxoro Markaziy Ijroiya Qo’mitasi, BXSR Xalq Nozirlar SHo’rosi va Buxoro Kommunistik partiyasi Markaziy Komiteti (BKP MK) 1922 yil 2 yanvarda bo’lgan qo’shma majlisida BXSR MIKning SHarqiy Buxoro bo’yicha favqulodda Diktatorlik komissiyasini tuzishga qaror qildi. BXSR MIK 1922 yil 8 yanvarda Diktatorlik komissiyasining instruktsiyasi (qo’llanmasi)ni tasdiqladi. Unda SHarqiy Buxoro tumanlarida inqilobiy tartib o’rnatish, butun kuchni “bosmachilar”ni tor- mor qilishga safarbar etish va sovet hokimiyatini tiklash komissiya oldiga asosiy vazifa qilib qo’yildi. Diktatorlik komissiyasining asosiy huquqlari, vakolatlari va funktsiyalari batafsil bayon qilib berildi. Komissiya tarkibiga Nosir Hakimov (rais), Olimjon Akchurin (rais o’rinbosari), Rashid Boymurodov, Ahmad Komilov, Xoja Samandarov, Zaynullahoji Zikriyoev (a’zolari) kiritilgan. Ushbu instruktsiyaga ko’ra, “Butun Buxoro MIK Sherobod, Hisor, G’arm va Ko’lob viloyatlari Diktatorlik komissiyasiga batamom bo’ysunadi”, deb belgiladi. “Bundan tashqari, komissiya zimmasiga, konstitutsion qonunlarni bekor qilmagan holda, Qarshi, SHahrisabz, Karki viloyatlarida ham tartib o’rnatish vazifasi yuklandi”1. Komissiyaga bu viloyatlardagi ijroiya komitetlarini tugatish va ularning o’rniga revolyutsion komitet (revkom)lar tuzish huquqi berildi. Dastlab Diktatorlik komissiyasi rahbarlari xususida ikki og’iz so’z. Komissiya raisi Nosir Hakimov (1892-1938) va rais o’rinbosari Olimjon Akchurin (1882-1933) o’sha yillarda Turkistonda, jumladan, Buxoro va Xorazmda bolьsheviklar hukmronligini o’rnatishga katta “xizmat” qilgan kimsalar hisoblanadi. 1922 yil 19 yanvarda Boysunda turgan Rubinshteyn tomonidan BXSR Xalq Nozirlar SHo’rosi raisi Fayzulla Xo’jaev nomiga quyidagi mazmundagi telegramma jo’natiladi. Boysundagi xavfli ahvolni bartaraf qilish uchun SHarqiy Buxoro favqulodda Diktatorlik komissiyasining vakili qilib Boysunga Buxorodan Arslonov yuboriladi. Biroq Boysundagi butun hokimiyat revkom raisi va favqulodda vakil Olimjon Akchurin qo’lida edi. Keyinchalik Boysun viloyati revkomiga karkilik Ibodulla Hakimov va boysunlik Mirzo Salim Do’stmurodov raislik qilishdi. 1922 yil 1 fevralda RKP(b) MK Siyosiy byurosi qabul qilgan “Buxoro masalasiga doir” qarorda “bosmachilik”ni tugatish BXSRdagi sho’ro va partiya organlarining asosiy vazifasi ekanligi ta’kidlanadi. Diktatorlik komissiyasi o’z faoliyatida Markazning ushbu qaroriga amal qilgan hamda xalqqa qarshi qaratilgan siyosat yuritib, qatag’on vositasida sovet hokimiyatini o’rnatish va mustahkamlashga erishdi. 1922 yil 10 martda Diktatorlik komissiyasi tomonidan Boysun va SHerobod viloyatlarining aholisi (taxminan 40 kishi) to’planib, maxsus kengash o’tkazildi. Kengash tugagach, uning ishtirokchilari SHarqiy Buxoroga jo’nab ketishdi. Diktatorlik komissiyasi raisi Nosir Hakimov Dushanbega, Olimjon Akchurin esa Boysunga jo’nashdi. SHunday qilib, 1922 yil bahorida Sharqiy Buxorodan tortib to Xorazm va Farg’onagacha bo’lgan ulkan hududda qizil armiyaga qarshi tura oladigan Anvar Posho boshchiligidagi kuchlarning umumiy fronti tuzilgan edi. Anvar Posho qurolli harakatni butun Turkiston mintaqasida avj oldirish uchun Sirdaryo sohillaridagi qozoq dashtlariga ham o’z vakillarini jo’natib, Qozog’istonda ham sovet rejimiga qarshi ommaviy qo’zg’olon boshlanishiga umid qildi. Bu paytda Ahmad Zakiy Validiy boshchiligida faoliyat ko’rsatayotgan Turkiston Milliy Birligi tashkiloti Buxoro, Samarqand, Farg’ona va Xorazm qo’rboshilariga siyosiy va g’oyaviy jihatdan rahbarlik qiluvchi bir markaz vazifasini bajarayotgan edi1. Anvar Posho o’z kuchlarining bir qismini Doniyolbek boshchiligida Surxon vohasi (hozirgi Surxondaryo viloyati)ga jo’natdi. Ular bu yerdagi Xurrambek bilan birlashgach, SHahrisabz orqali Buxoroga qarab yurishlari va bu paytda Buxoro shahrini qamal qilayotgan Mulla Abdulqahhor qo’shiniga madad berishlari lozim edi. Anvar Poshoning o’zi bo’lsa sal keyinroq Buxoroga hujum qilmoqchi bo’ldi. Shunday qilib, Sharqiy Buxorodagi Diktatorlik Komissiyasi 1922 yil davomida o’z oldiga qo’yilgan vazifani bajara olmadi. 1923 yil yozigacha ham komissiya aytarli yutuqqa erisha olmagan. Biroq 1923 yil kuzidan boshlab sovet Rossiyasining markaziy rayonlaridan tashlangan yangi qizil armiya qismlarini yaxshi qurollangan va tajribali jangchilardan iborat ekanligi, ularga qarshi jang qilayotgan istiqlolchilar qo’shinida esa zamonaviy qurol- yarog’ning yetishmasligi, qo’rboshilar o’rtasidagi tarqoqlik va boshqa holatlar oqibatida harbiy ustunlik asta-sekin qizil armiya tomoniga o’ta boshladi. Bu paytda V.M.Mulin va N.Kugleev singari Markazdan yuborilgan bolьsheviklar Diktatorlik komissiyasi raisining o’rinbosarlari bo’lib ishladilar. 1923 yil dekabrning oxirida SHarqiy Buxoroga bir guruh sovet va partiya xodimlari yuborildi. 1922 yil bahorida Sharqiy Buxoroda va O’rta Buxoroda qo’zg’olonchilar bilan qizil askarlar o’rtasida ayovsiz janglar qizib ketadi. Sovet ayg’oqchilaridan birining bergan ma’lumotlariga ko’ra, bu paytda Anvar Posho qo’mondonligidagi qo’shinning miqdori 16 000 kishidan iborat to’rtta katta qo’shilma bo’lgan. Anvar Posho va Ibrohimbeklarning har biri bevosita 4000 yigitga qo’mondonlik qilgan. 1922 yil 10-15 aprelda Boysunning Kofirun qishlog’ida Turkiston qo’rboshilarining katta qurultoyi o’tkazildi. Unda Buxoro qo’rboshilaridan tashqari Farg’ona vodiysidan kelgan harbiy qo’mondonlar ham ishtirok etdi. Qurultoy faoliyatini Anvar Posho boshqardi. Qurultoyda Ibrohimbek, Davlatmandbek, Eshon Sulton, Tog’ay Sari, Barot, Abduqayum Parvonachi, Bo’ri Batosh To’qsabo, O’tanbek, Jabborbek, Xurrambek, Eshoni Sudur kabi buxorolik mashhur qo’rboshilar, Farg’ona vodiysidan SHermuhammadbek yuborgan Botir va Ro’zi qo’rboshilar, turk zobitlaridan Doniyolbek Afandi, Usmon Afandi, Hasan Afandi, Hoji Somiy, Surayyo Afandi, Ali Rizo va boshqalar qatnashdilar. Bolsheviklar va qizil armiya qo’mondonligi SHarqiy Buxorodagi milliy ozodlik harakatini bostirish uchun favqulodda chora-tadbirlarni belgiladi. Ana shunday harbiy tadbirlardan biri SHarqiy Buxoro frontining tashkil qilinishi bilan bog’liqdir. Turkiston fronti Inqilobiy Harbiy Kengashining 1922 yil 1 apreldagi buyrug’iga binoan “bosmachilik”ka qarshi kurash olib boruvchi maxsus Sharqiy Buxoro fronti tuzildi. Unga Inqilobiy Harbiy Kengash boshchilik qilardi. Front kengashi tarkibiga 4 kishi: front qo’mondoni Ionov – rais, Inqilobiy Harbiy Kengash a’zolari Fayzulla Xo’jaev va R.I.Berzin hamda shtab boshlig’i Zuevdan iborat qilib tuzildi32. BXSR hududida turgan barcha qizil armiya qo’shinlari ushbu “bosmachilik”ka qarshi kurash frontining Inqilobiy Harbiy Kengashi qo’mondonligiga to’la ravishda bo’ysundirildi. Buxoro davlatining qurolli kuchlari (milliy qizil armiya va xalq militsiyasi) esa o’zlarining xizmat ko’rsatuvchi apparatlari (shtab va boshqarmalari) bilan operativ jihatdan Sharqiy Buxoro fronti Inqilobiy Harbiy Kengashi ixtiyoriga o’tdi. O’rta Buxoroda ham qizil armiya kuchlariga tayanilgan holatda qo’zg’olonchilarga qarshi jiddiy kurashga kirishiladi. 1922 yil 8 aprelda G’uzordan revkom raisi Mirzaning Eski Buxoroga, BXSR Nozirlar SHo’rosi raisi Fayzulla Xo’jaev nomiga yuborilgan 133-telegrammada yozilishicha G’uzorga O.Akchurin 12 nafar oqsoqol (ular orasida mashhur Qozi Saidamon ham bo’lgan) bilan kelgan. Ular G’uzorda Siz tayinlagan s’ezdni o’tkazishga harakat qilganlar. Bolsheviklar qo’zg’olonchilarga qarshi harbiy harakatlar olib boorish bilan cheklanmasdan tashviqot va targ’ibot vositalari orqali keng xalq ommasi ko’z o’ngida ularni obro’sizlantirish va “fosh qilish”ga intilganlar. Bu paytda Turkistonda bo’lgan Rossiya Qurolli kuchlarining Bosh qo’mondoni S.S.Kamenev Buxorodagi qizil armiyaning jang harakatlariga shaxsan o’zi rahbarlik qildi. Buxoro gruppa qo’shinlarining shtabi va Inqilobiy Harbiy Kengash (Revvoensovet) tuzildi, qo’shinlar qo’mondoni etib N.B.Kakurin va Revvoensovet a’zosi qilib esa Baturin tayinlandi. 1922 yil 1 iyundan boshlab BXSR hududida SHarqiy Buxoro fronti o’rniga 2 front: SHarqiy front va G’arbiy front tashkil qilindi. Sovet qo’mondonligining rejasiga muvofiq faol harakatlar ikki yo’nalishda: so’l kolonna Boysundan to Denov – Hisor – Dushanbe – Kofirnihon – Fayzobodgacha, o’ng kolonna bo’lsa SHerobod – Kakaydi – Termiz uchburchagidan Qabodiyon – Qo’rg’ontepa – Ko’lob – Baljuvon tomongacha olib borilishi kerak edi. 1922 yil 15 iyun tong saharida Ya.A.Melkumov qo’mondonligidagi chap qanot qo’shinlari Boysun, Denov, Hisor, Dushanbe, Fayzobod, Kofirun; N.B.Kakurin qo’mondonligidagi o’ng qanot qo’shinlari SHerobod, Kakaydi, Termiz, Qabodiyon, Qo’rg’ontepa, Ko’lob va Baljuvon yo’nalishlari bo’ylab shiddatli hujumga o’tdilar. Qizil armiya qo’shinlarining siquvini to’xtatish uchun o’z kuchlarini Rabot va Kofirunda to’plab, hal qiluvchi zarba bermoqchi bo’lgan Anvar Posho qo’shini mag’lubiyatga uchraydi. Xullas, qizil armiyaning chap kolonnasi jangchilari 1922 yil iyunda Denov, Yurchi, Sariosiyo, 1 iyulda Regar va Qoratog’, 14 iyulda esa Dushanbeni bosib olishadi. O’ng kolonna ham o’z yo’nalishi bo’ylab 1922 yil iyulda Ko’lobga yetib borib, Anvar Poshoning asosiy kuchlarini Baljuvonga chekintirdi. Baljuvonda Anvar Posho o’zi bilan birga bo’lgan Afdoliddin boshchiligidagi afg’on askarlarini Afg’onistonga qaytaradi. SHundan so’ngra Anvar Posho o’zining safdoshlari Davlatmandbiy (Davlatmandbek), Eshon Sulton, Ashurbek Ko’lobiy, Tog’ay Sari (u bu vaqtda 90 yoshda bo’lgan nufuzli urug’ oqsoqoli edi), Barotbek, Abduqayum Parvonachi va Kenja dodxoh singari qo’rboshilar bilan Sangto’daga chiqib ketishadi. Keyinchalik Sangto’dadan Anvar Posho va Davlatmandbiy Xovalingga, Abduqayum Parvonachi va Kenja dodxoh Sarsarekka, Tog’ay Sari va Barotbek Sartezga, Ashur Ko’lobiy Ko’lobga chekinadilar. 1922 yil yozida Buxoro shahrida yashirin faoliyat ko’rsatgan milliy tashkilot faoliyati BXSR hukumati va chekistlar tomonidan aniqlanadi. Tashkilot a’zolari Buxorodagi istiqlolchilarga g’oyaviy rahbarlik qilganligi uchun zudlik bilan uning faollari va unga xayrixoh kishilar qamoqqa olinadi. O’sha davr matbuotida maxfiy tashkilot faoliyati, tashkilotning maromnomasi (dasturi), uning rahbarlari va faol a’zolari, ularning istiqlolchilar bilan aloqasi haqida muhim ma’lumotlar e’lon qilingan. Tashkilot faoliyatini o’rganish uchun BXSR hukumati Muxtorjon Saidjonzoda, Abdurahim Yusufzoda, Abdurauf Fitratdan iborat maxsus komissiya tuzadi. Komissiya o’z xulosalarini bergach, ular ham matbuotda e’lon qilingan33. Bolsheviklarning maxsus organlari tomonidan olib borilgan tekshiruvlardan so’ng Eski Buxoroda maxfiy tashkilotning 10 nafar a’zosi otishga hukm qilindi. 1922 yil 17 iyulda tashkilotning ushbu 10 nafar Buxoro favqulodda komissiyasi tomonidan namoyishkorona tarzda otib tashlanadi. Buxoroda maxfiy tashkilot faoliyatining chekistlar tomonidan tugatilishi va Anvar Poshoning halokati ham istiqlolchilarni Vatan ozodligi uchun kurashdan qaytara olmadi. 1922 yil kuzida BXSR hududida, xususan, Sharqiy Buxoro va O’rta Buxoroda qizil armiyaga qarshi shiddatli janglar avj olib ketdi. Buxoro istiqlolchilarining ushbu kurashiga Ibrohimbek qo’rboshi, Mulla Abdulqahhor va turkiyalik boshqa harbiy sarkarda – Salim Posho (u Hoji Somiy Afandi nomi bilan ham mashhur bo’lgan, Anvar Poshoning yaqin safdoshi) rahbarlik qildilar. Qorateginliklar va ularning yo’lboshchisi Fuzayl Maxdumning madadiga tayangan Salim Posho o’z kuchlarini Xovaling atrofida to’play boshladi. Salim Posho 1922 yil noyabr oyida Mo’minoboddan Qorateginga Fuzayl Maxdum huzuriga otlanadi. Fuzayl Maxdum bilan Eshon Sulton o’rtasidagi munosabatlar kun sayin chigallashib bormoqda edi. Bu mojaroga aralashgan Salim Posho uni tinch yo’l bilan bartaraf qilish o’rniga mojaroni zo’ravonlik yo’li bilan hal qiladi. Salim Posho va Fuzayl Maxdumning qarori bilan Eshon Sulton va uning ukasi Eshon Sulaymon dorga osib o’ldiriladi1. Fuzayl Maxdum Darvoz va Qorategindagi butun qo’rboshi guruhlarini yagona qo’mondonlik ostiga birlashtiradi va bu mintaqada o’zini hukmdor deb e’lon qiladi. Salim Posho 1922 yil 10 dekabrda Xovalingda Sharqiy Buxorodagi barcha qo’rboshilarning katta qurultoyini chaqirdi. Qurultoyga laqay urug’ining oqsoqollari, shuningdek, Ibrohimbek ham ishtirok etib, Salim Poshoni qo’llab-quvvatlashdi. Bu qurultoyda Salim Posho Buxoro istiqlolchilari oldida turgan vazifalar to’g’risida ma’ruza qildi. Buxoro tuprog’ida qizil askarlarga qarshi ommaviy hujumga o’tish muddati deb 1923 yilning bahori belgilandi. Qurultoyda SHarqiy Buxorodagi barcha qo’rboshilar dastalari Salim Poshoga butunlay bo’ysunishi tan olindi va u qo’zg’olonchilar qo’shinining Bosh qo’mondoni qilib saylandi. Salim Posho qurultoydan keyin ko’p o’tmay istiqlolchilarning Sharqiy Buxorodagi butun kuchlarini katta uch qismga ajratdi. Birinchi qismga uning o’zi qo’mondonlik qiladigan bo’lib, bu harbiy qismlar Tog’ay Sari va Barot To’qsaboning dastalaridan iborat 750 kishilik qo’shin edi. Ular asosan Ko’lobda harakat qilishi ko’zda tutildi. 1923 yil 29 yanvarda Salim Posho Ko’lobni qurshab oldi va qizil askarlar garnizoniga shaharni tashlab chiqishni taklif qildi. Xullas, Salim Posho qo’shini shiddatli janglardan keyin qizil askarlar qo’lidan Ko’lobni ozod qilishdi. 1923 yil yanvar oyi ichida Ko’lob atrofidagi katta-kichik qishloqlar, Kanqurt va Qoraqamish ham butunlay Salim Posho yigitlari tasarrufiga o’tdi. Qizil armiya qo’shinlari SHarqiy Buxoroda 1923 yil mart oyining boshlarida istiqlolchilarga qarshi harbiy harakatlarni boshlab yubordi. Qizil armiya o’z harakatlarini aprel-may oylarida yana ham faollashtirdi. Bir qator janglarda Buxorodagi milliy muxolifat kuchlari mag’lubiyatga uchrashdi. May oyining boshlarida O’rta Buxoro – Qashqadaryo vohasida ham janglar qizib ketdi. Qarshidagi vatanparvarlarga bu paytda Samarqanddagi eng nufuzli qo’rboshilardan biri – Ochilbek o’zining 200 nafardan ortiq yigiti bilan yordamga keldi. Kitob shahridan 20 chaqirim sharqdagi Varganza (Vag’anza) qishlog’ida o’rnashgan Ochilbek bilan qizil askarlar o’rtasida 1923 yil 9 mayda tengsiz olishuv bo’ldi. Xullas, 1923 yil yoz-kuz fasllarida istiqlolchilar Sharqiy Buxoroda bo’lgan janglarda mag’lubiyatga uchrashdi. Bir qator muvaffaqiyatsiz janglardan so’ng Salim Posho 1923 yil 15 iyulda Panj daryosidagi Xirmonjoy kechuvidan Afg’onistonga o’tib ketdi. Biroq sovet hukumatining qat’iy talabi bilan Afg’oniston ma’muriyati Salim Poshoni o’z davlati hududidan chiqarib, uni Eronga jo’natdi. 1923 yil iyul-avgust oylarida 1923 yil iyul-avgust oylarida qizil askarlar Qorategin (markazi – G’arm shahri) va Darvoz (markazi – Qal’ayi Xumb shahri) bekliklarini bosib olishdi va bu yerda qurol kuchi bilan sovet hokimiyatini o’rnatishdi. Qorategin hokimi Fuzayl Maxdum va Darvoz hokimi Dilovarshoh oz sonli qo’shini bilan Afg’onistonga o’tib ketishga majbur bo’lishdi. (Ular keyinchalik yana Sharqiy Buxoroga qaytib, qizil askarlarga qarshi kurashganlar.) Xulosa qilib aytganda, 1922-1923 yillarda qizil armiyaga qarshi kurash O’rta Buxoroda, xususan, SHarqiy Buxoroda o’zining eng yuqori nuqtasiga ko’tarildi. Ibrohimbek qo’rboshining sa’y-harakatlari, turkiyalik harbiy sarkardalar Anvar Posho va Salim Poshoning harbiy amaliyotlarga rahbarlik qilishi natijasida bu davrda Sharqiy Buxoroda qizil armiya qismlariga bir necha marta kuchli zarba berildi. Qizil askarlar qator janglarda mag’lubiyatga uchrashdi. Bu holat nafaqat SHarqiy Buxoro va O’rta Buxoroda, balki butun Turkiston mintaqasida sovet rejimiga qarshi qurolli harakatining kuchayishi va rivojlanishi bilan bog’liqdir. Qizil armiyadan ozod qilingan hududlarda milliy muxolifat kuchlari o’z boshqaruvlarini o’rnatishdi. Ibrohimbek va Anvar Poshodan tashqari Fuzayl Maxdum, Eshon Sulton, Salim Posho va G’arbiy Buxoroda Mulla Abdulqahhor ana shunday boshqaruv usulini joriy qildilar. Bu boshqaruv usuli amirlik davridagi boshqaruvdan ancha farq qilgan. Milliy vatanparvar kuchlar SHarqiy Buxoroda o’z hukumatlarini o’rnatib, milliy qo’shin tashkil qildilar, o’zlarining maxsus pul birliklarini joriy qilishdi. Qo’rboshilar maxsus harbiy qarorgohlarni tashkil qildilar. Qo’rboshilarning maxsus bayroqlari va tug’lari bo’lgan. Download 223.75 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling