Ibtido (tavrotning birinchi kitobi) Kirish
–BOB Yusufning akalari Benyaminni Misrga olib kelishadi
Download 0.96 Mb. Pdf ko'rish
|
Gen Part
43–BOB
Yusufning akalari Benyaminni Misrga olib kelishadi 1 Kan’on yurtida qahatchilik haddan ortiq kuchaydi. 2 Yoqubning o‘g‘illari Misrdan olib kelgan donni yeb tugatishdi. Shundan keyin Yoqub o‘g‘illariga: — Yana borib, bir oz don sotib olib kelinglar, — dedi. 3 Yahudo otasiga shunday dedi: — O‘sha odam, ukangizni olib kelmagunlaringizcha, ko‘zimga ko‘rinmanglar, deb bizni ogohlantirgan. 4 Agar ukamizni biz bilan birga jo‘natsangiz, borib, sizga don sotib olib kelardik. 5 Lekin Benyaminni yubormasangiz, biz ham bormaymiz. Chunki o‘sha odam, ukangizni olib kelmasangiz, ko‘zimga ko‘rinmanglar, deb aytgan. 6 Yoqub*: — Nimaga o‘sha odamga, yana ukamiz bor, deb boshimga balo orttirdingiz?! — deb zorlandi. 7 Ular shunday javob berdilar: — U odam: “Otangiz hayotmi? Boshqa ukangiz ham bormi?” deb o‘zimiz, oilamiz to‘g‘risida so‘rab–surishtirdi. Biz uning savollariga javob berdik. “Ukangizni mening oldimga olib kelinglar”, deb aytishini qayerdan bilibmiz?! 8 Yahudo otasiga dedi: — Ukamizni men bilan jo‘nating, endi yo‘lga chiqaylik, toki sizu biz, bolalarimiz ochlikdan o‘lmay, tirik qolaylik. 9 Unga men o‘zim kafil bo‘laman, u uchun meni mas’ul deb bilavering. Agar uni qaytarib olib kelib qo‘lingizga topshirmasam, umr bo‘yi sizning oldingizda aybdor bo‘lib qolay. 10 Agar orqaga surmaganimizda edi, hozirgacha ikki marta borib kelgan bo‘lardik. Ibtido 62 11 Nihoyat, Yoqub o‘g‘illariga dedi: — Boshqa iloji yo‘q ekan, endi bunday qilinglar: yurtimizning noz–ne’matlaridan qoplaringizga solinglar. Bir oz mumiyo, asal, xushbo‘y ziravorlar, mirra*, pista, bodom ham olib, o‘sha odamga hadya qilib olib boringlar. 12 O‘tgan safar qoplaringizga kumushlarni solib qaytarib yuborishgan edi, shuning uchun kumushni ikki barobar ko‘p olinglar. Kimdir adashgan bo‘lishi mumkin. 13 Ukangizni ham olinglar–u, hoziroq o‘sha odamning oldiga jo‘nanglar. 14 O‘sha odam bolalarimga rahm qilsin, deb Qodir Xudoga iltijo qilaman, toki u Shimo‘n bilan Benyaminni qaytarib yuborsin. Agarda farzandlarimdan judo bo‘ladigan bo‘lsam, mayli, bo‘la qolay. 15 Shunday qilib, ular har xil hadyalar, ikki barobar ko‘p kumush oldilar–da, Benyaminni ham ergashtirib, Misrga shoshildilar. Misrga yetib kelib, Yusufning huzuriga kirdilar. 16 Yusuf ularning yonida Benyaminni ham ko‘rdi va qulboshisiga buyurdi: “Bu odamlarni uyga olib bor, bironta jonliq so‘yib, tayyorgarlik ko‘r. Ular tushlikni men bilan birga yeydilar.” 17 Qulboshi Yusuf aytganday qildi: aka–ukalarni Yusufning uyiga olib ketdi. 18 Qulboshi aka–ukalarni Yusufning uyiga olib kelgani uchun, ular juda qo‘rqib ketishdi. Ular bir–biriga dedilar: “O‘tgan safar qoplarimizga kumushlarimizni qaytarib solib qo‘yishgan edi. Shu sababdan qulboshi bizni bu yerga olib kelgan. Endi u bizni o‘g‘rilikda ayblaydi. Bizni ushlab, qul qilib oladi, eshaklarimizni ham tortib oladi.” 19 Yusufning darvozasi oldida aka–ukalar qulboshiga aytdilar: 20 — Kechirasiz, hazrat, biz o‘tgan safar ham don sotib olgani kelgan edik. 21 Uyga qaytib ketayotganimizda, tunda dam olgani bir joyda to‘xtab, qoplarimizni ochdik. Don sotib olganimizda to‘lagan kumushimizning hammasi qoplarimizning ichida ekan. Mana, o‘sha kumushlarni qaytarib olib keldik. 22 Biz yana don sotib olgani qo‘shimcha kumush olib keldik. Kim u kumushlarni qoplarimizga solib qo‘ygan ekan, bilmaymiz. 23 — Xotirjam bo‘linglar, — dedi Yusufning qulboshisi, — bu to‘g‘rida xavotir olmanglar. Don sotib olishga keltirgan kumushlaringizning hammasini men olgan edim. Xudoyingiz — otangizning Xudosi qoplaringizga xazina solib qo‘ygan bo‘lsa kerak. So‘ng qulboshi Shimo‘nni ularning oldiga olib keldi. 24 Qulboshi aka–ukalarni Yusufning uyiga olib kelgandan keyin, ularga suv berdi. Aka–ukalar oyoqlarini yuvib olishdi. Qulboshi ularning eshaklariga ham yem berdi. 25 Aka–ukalarga, Yusuf hazrati oliylari bilan birga tushlik qilasizlar, deb aytishdi. Shuning uchun Yusuf kelguncha, ular hadyalarini tayyorlab qo‘ydilar. 26 Yusuf uyga kelgach, ular hadyalarini Yusufga berib, muk tushib ta’zim qilishdi. 27 Yusuf ulardan hol–ahvol so‘radi. — Otangizning ahvollari qalay? Keksa otamiz bor, deb aytgan edingiz. U hozir ham hayotmi? 28 — Qulingiz — otamiz yaxshi yuribdilar, hozir hayotlar, — deb javob berishdi aka– ukalar. So‘ng ular Yusufga egilib ta’zim qilishdi. 29 Yusuf tug‘ishgan ukasi Benyaminni ko‘rib, ulardan so‘radi: — Kenja ukamiz bor, deb aytgan edingiz. Shu bola ukangizmi? Xudo senga marhamat qilsin, o‘g‘lim! 30 Yusuf shunday deb, ukasiga mehri tovlanib ketganidan yig‘lab yuboray derdi. Shuning uchun Yusuf darrov ichkari xonaga chiqdi–yu, u yerda yig‘lab yubordi. 31 Bir ozdan keyin Yusuf yuzini yuvib, o‘zini qo‘lga oldi va aka–ukalarining oldiga qaytib kirdi. Ibtido 63 “Taomlar keltirilsin!” deb buyruq berdi. 32 Yusufga alohida dasturxonda, aka–ukalariga esa boshqa dasturxonda taomlar tortildi. Yusufnikidagi Misrliklar esa alohida dasturxonda taom yeyishdi. Misrliklar ibroniylar bilan dasturxon atrofida birga o‘tirib ovqat yeyishdan hazar qilishar edi. 33 Yusuf har bir akasiga qaysi joyda o‘tirishini ko‘rsatdi. Har birini yoshi bo‘yicha, katta–kichikligiga qarab o‘tqazdi. Aka–ukalar bir– birlariga taajjub bilan qarab qo‘ydilar. 34 Aka–ukalarga taomlarni Yusufning dasturxonidan tarqatishdi. Benyaminga berilgan taom boshqa akalarinikiga qaraganda besh hissa ko‘p edi. Aka–ukalar taomni yeb, Yusuf bilan birga may ichib, xushnud bo‘ldilar. Download 0.96 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling