Ifodalovchi frazeologik va paremiologik birliklarning lingvokulturologik tadqiqi
Download 0.57 Mb. Pdf ko'rish
|
ozbek tilida non osh tuz konseptlarini ifodalovchi frazeologik va paremiologik birliklarning lingvokulturologik tadqiqi
73 UMUMIY XULOSALAR 1. O`zbek xalqi azal-azaldan taomlarga, oziq-ovqatlarga, xususan, non, osh, tuzga ayricha munosabatda bo`lgan. Ularni muqaddas bilgan, rizq-ro`z, nasiba sifatida e’zozlagan, qadrlagan, ulug`lagan va farzandlarini ham shu ruhda tarbiyalagan. Natijada tilga olingan ne’matlar, yeguliklar borasida xalqona betakror qadriyatlar shakllanib, xalq og`zaki ijodida non, osh va tuz uzvli maqol va matallar, frazeologizmlar yuzaga kelgan hamda yillar davomida bu birliklar shaklan va mazmunan sayqallanib, boyib va mukammallashib borgan, bizgacha yetib kelgan. 2. Maqol va frazeologizmlar eng qadimgi davrlardan hozirga qadar yashab kelayotgan milliy lingvomadaniy birliklar bo`lib, milliy qadriyatlarga doir muhim ma’lumotlarni, xalqning dunyoqarashi, urf-odat, an’analari va turmush tarzini o‘zida mujassamlantiradi. Frazeologik va paremiologik birliklar lingvokulturologik birlik sifatida til va madaniyat munosabatini, madaniy qarashlarni ifodalashga xizmat qiladi. 3. Non, osh, tuz konseptlarini ifodalovchi frazeologik va paremiologik birliklarning lingvokulturologik tahlili til va madaniyat munosabati, milliy til va milliy madaniyat mushtarakligidan kelib chiqqan holda, kommunikativ, funksional-semantik, emotsional-ekspressiv xususiyatlarni atroflicha yoritish imkonini beradi. 4. Non, osh, tuz uzvli parema va frazemalardagi semantika o‘xshatishga asoslanadi. O‘xshatish barcha xalqlarga xos, lekin uning ifoda shakli, namoyon bo‘lish xususiyatlari muayyan xalqning mental xususiyatlari bilan belgilanadi. Non, osh va tuz uzvli maqol hamda iboralar asosidagi o‘xshatishlar xalqning milliy mentaliteti, orzu-umidlari, madaniyati, xususiyati, hayot kechirishi, oziqlanishi tarzi asosida yuzaga kelgan. 5. Non, osh, tuz konseptlari lug‘aviy birlik sifatida barqaror birikmalarning tarkibiy qismini tashkil qilib, xalq dunyoqarashi, madaniy hayoti asosida shakllangan obrazli tasvirni yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. 74 6. Non uzvli frazeologizmlar semantik jihatdan ijobiy yoki salbiy ma’no kasb etadi. Ijobiy ma’no bo‘yog‘iga ega non uzvli frazemalarda non konsepti “noni butun”, “noni ko`paysin”, “non topmoq”, “non sindirmoq”, “bitta noni ikkita bo`lmoq” kabi birikmalarni hosil qilsa, salbiy ma’noda “non ko`r qilsin”, “non ursin”, “nonini tuya qilmoq”, “noni yarimta”, “non yemas”, “non bermas”, “nondan benasib bo`lmoq” kabi birliklarni hosil qilganki, ular zamirida rizq- nasibasi butunlik, halol mehnat qilish, duo, to`kinlikda yashash va qarg`ish, kambag`allik, ziqnalik, xasislik konseptlarini vujudga keltiradi. 7. Maqollarda sinekdoxa asosidagi ma’no ko‘chishi mavjud bo‘lib, ular nutqni qisqa, aniq, uslubiy bo‘yoqdor va ta’sirchan ifodalashda alohida ahamiyat kasb etadi. 8. Non, osh, tuz uzvli paremalar boshqa maqol va matallar kabi shaklan siqiq, mazmunan boy bo`lib, o`zbek xalqining mentalitetiga xos mehnatsevarlik, halollik, tantilik, mehmondo`stlik, bag`rikenglik, sabr va qanoatlilik kabi yuksak insoniy xislatlarni ulug`lovchi hamda yosh avlodni komillik ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi noyob didaktik manbalardir. 9. O`zbek adabiy tili va uning sheva, lahjalari hamda folkloriga xos variantlilik hodisasi non, osh, tuz uzvli frazeologik va paremiologik birliklarda ham yorqin kuzatiladi. Buni o`zbek tilining lahjalari o`ziga xos fonetik, leksik, grammatik xususiyatlarga egaligi va shevalarining ko`pligi bilan izohlash mumkin. 10.Umummilliy konseptlarni ifodalovchi maqol va matallar sintaktik jihatdan qo`shma gap shaklida bo`lib, hayotiy voqea-hodisalar, ijtimoiy munosabatlar, metaforik qiyoslar va pandnoma mazmunidagi sodda gaplar parallelizmi asosida shakllantirilgan. 11. Non, osh, tuz boshqa xalqlar kabi o`zbek xalqining qadimiy, azaliy va bardavom yashovchan kundalik, milliy qadriyatlari bilan bog`liqligi bois ular asosida shakllangan barqaror lisoniy birliklar mazmunan hamda mohiyatan umumiylik kasb etadi. Bizningcha non, osh, tuz xalqning yashash tarziga xos milliy qadriyatlarini ifodalovchi lingvomadaniy triadadir. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling