Ihyou ulumid-din
«Sizdan ruh haqida so‘raydilar. Ayting: «Ruh Rabbimning ishidandir»
Download 313.88 Kb.
|
Ihyou ulumid [uzsmart.uz]
«Sizdan ruh haqida so‘raydilar. Ayting: «Ruh Rabbimning ishidandir» (Isro
surasi, 85-oyat). Ruhning nisbati inson jasadidagi boshqa a’zolaridan ko‘ra sharafliroq. Xalq-yaratilish ham, amr-ish ham Allohga xos. Ammo amr xalq qilishdan buyukroq. Allohning omonati yuklangan qimmatbaho javhar mana shu ruhdir. Aynan mana shu omonat yukini ko‘taruvchi bo‘lgani uchun ham inson osmonlaru yerdan va ulardagi bor narsalardan musharraf qilindi. Chunki undan boshqa mavjudotlar bu omonatni qabul qilishdan bosh tortgan edilar. Zero, ular amr olamidan qo‘rqardilar. Ammo bu gaplardan ruhning qadimligi tushunilmaydi. Uni qadim deya da’vo qiluvchilar esa, aldangan, nima deyayotganini bilmaydigan johillardir. Mavzudan tashqari bo‘lgani uchun ruh haqidagi bayonni shu yerda to‘xtatamiz. Demoqchi bo‘lganimiz shuki, ilohiy latofat bo‘lgan qalb Allohga yaqinlashtiruvchi birdanbir xususiyatdir. Chunki u Allohning ishi-amridandir. Kelib chiqishi ham, qaytishi ham Ungadir. Faqat amr qilish xalq qilishdan oliyroqdir. Allohning omonati bo‘lgan jasad go‘yo qalbning ulovi, faqat uning harakati – sayri uchun vosita vazifasini bajaradi. Haj yo‘lida tuya qanday ulov darajasida bo‘lsa, jasad ham xuddi shunday ulov, suv to‘ldirilgan mesh jasadning ehtiyoji uchun qanday zarur bo‘lsa, jasad uchun ruh ham shunday zaruriy ehtiyoj hisoblanadi. Har qanday ilm, agar uning maqsadi jasad salomatligi bo‘lsa, demakki, u «ulov» manfaatlari jumlasidandir. Tib ilmining ziynati, yuqorida zikr qilib o‘tganimizdek, jasadning salomatligi uchun juda muhim bo‘lib, hatto inson tanho yashaganda ham unga muhtoj ekani hech kimga sir emas. Fiqh ilmining tib ilmidan farqi shundaki, inson tanho yashagan chog‘ida undan behojat bo‘lishi mumkin. Lekin inson shunday yaratilganki, u tanholikda yashashi mumkin emas. Chunki inson yer haydash, ekin ekish, non pishirish, oshpazlik qilish yoki kiyim-kechak va maskan muammolarini hal qilishda bir o‘zi harakat qila olmagani bois o‘z-o‘zidan boshqalar bilan aralashib yurishga, hamkorlik qilishga majbur bo‘ladi. Shunday ekan, odamlar bir-birlari bilan aralashganlari sayin shahvatlar va orzu-havaslar ham g‘alayonga keladi, keyin ular orasida o‘zaro munozara va tortishuvlar boshlanadi. Insonning ichida bir-biriga zid unsurlar aralashib ketganida va o‘zaro muvofiq kelmaganida, halok bo‘lgani kabi, tashqarida ham o‘zaro tortishuv va munozaralar tufayli halokatga yo‘liqadilar. Tib ilmi bilan inson ichidagi qarama-qarshi aralashmalarning mo‘’tadilligi muhofaza etilsa, siyosat va adolat bilan inson tanasidan tashqaridagi bahs-tortishuvlari mo‘’tadil qilinadi. Aralashmalarning mo‘’tadil yo‘lini o‘rgatuvchi ilmga tib, muomala va fe’llarni mo‘’tadillashtiruvchi ilm turiga fiqh deyiladi. Bu ilmning barchasi ulov vazifasini bajaruvchi jasad muhofazasi uchundir. Nafsiga qarshi mujohada qilmaydigan, qalbining islohi bilan shug‘ullanmaydigan, faqatgina tib va fiqh ilmi bilan ovora bo‘lgan kimsalar xuddi haj uchun yo‘lga tushmasdan, faqatgina tuya sotib olish, uni to‘ydirish yoki mesh sotib olib, uni tikish bilan ovora bo‘lganga o‘xshaydi. Mukoshafa ilmiga olib boruvchi qalb islohi yo‘liga kirganlar esa, haj uchun yo‘lga chiquvchi yoki uning arkonlarini bajaruvchiga o‘xshaydi. Avvalo, sen bularni yaxshilab tushunib ol va bularning hammasini boshdan o‘tkazgan avomu xosga tushuntirishda bor jiddu jahdini, jur’atu g‘ayratini sarf etgan kishining nasihatini (Imom G‘azzoliy o‘zlarini nazarda tutyaptilar) tekin qabul qil. Ihyou ulumid-din (Din ilmlarini jonlantirish) – Ilm kitobi. Abu Homid al-G’azzoliy Download 313.88 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling