Iii xulosa. Rimda siyosiy hayot
Download 28.78 Kb.
|
Rimning oltin davri
- Bu sahifa navigatsiya:
- Qadimgi rimliklarning xudolari
Ijtimoiy iqtisodiy hayot. II asr Rim imperiyasining “oltin davri” hisoblanadi. Bu vaqtda imperiya eng katta hududga ega edi. Uning chegaralari shimolda Shotlandiyadan janubga Nil ostonalarigacha, g’arbdan Atlantika qirg’oqlaridan sharqda fors qo’ltig’igacha cho’zilgan edi. Quldorlik tizimi o’z taraqqiyotining yuqori cho’qqisiga chiqdi. Ko’p quldorlik xo’jaliklari bozor uchun mahsulot ishlab chiqarishga o’tdi. Qullarga nisbatan shafqatsiz zulm kuchayib ketdi.
Bu davrda provinsiyalarning iqtisodiyoti va bu yerdagi shahar hayoti o’z taraqqiyotida yuqori bosqichga ko’tarildi. Eramizning I-II asrlarida o’rtayerdengizi hududidagi barcha xalqlar tarixda birinchi bor yagona ulkan davlat Rim imperiyasi tarkibiga kirdilar. Rim provinsiyasiga aylantirilgan alohida davlatlar o’rtasidagi chegaralar tugatildi. Pul tizimlari ma’lum darajada unifikatsiya qilindi. Urushlar va dengiz qaroqchiligi tugatildi. Rim imperiyasidagi xalqlar ijtimoiy iqtisodiy taraqqiyotining turli darajalarida yashar edilar. Misr, Suriya, kichik Osiyo, Bolqon va Makedoniya iqtisodiy va madaniy taraqqiyotining yuqori darajasiga erishdilar. Pireney yarim orolidagi va Galliyadagi iberlar, kel’tlar, shimoliy Afrikadagi numidiyaliklar, liviyaliklar, dunay bo’yidagi pannonlar, illiriyaliklar, mezlar hali arxaik davrning so’ngi bosqichida edilar. Rim istilolariga qadar g’arbiy provinsiyalarda qishloq xo’jaligi qoloq bo’lib, asosan g’alla ekilgan. Erga ishlov berish ibtidoiy holatda edi. Apennin yarim oroli axolisi qishloq xo’jaligining rivojlangan shaklini g’arbiy provinsiyalarga olib kirdilar. Gall vinolari, ispan zaytun moyi, Italiya va Yunon navlari bilan raqobat qila boshladi. Imperiya hududida quldorlik xo’jaligi tez rivojlandi. O’rta va yirik quldor xo’jaliklari (villa) yetakchi o’ringa chiqdi. Quldorlik xo’jaliklarida qul mehnatidan keng foydalanildi. Barcha provintsiyalarda imperator er egaligi keng tarqaldi. Eramizning II asrida imperator yerlari va xususiy katta latufundiyalar yetakchi yer egaligi shakli edi. G’arbiy provinsiyalarda o’rta quldor pomest’elari, mayda yer egaligi keng tarqaldi. Ayniqsa kichik yer egaligi Pannoniya, Dalmatsiya, Meziya, Frakiya va Fokeyada keng tarqaldi. Afrika provinsiyalarida quldorlik xo’jaliklarida asosiy ishchi kuchi qullar mehnati keng tarqaldi. Misr imperiyaning g’alla ombori edi. Quldorlik latifundiyalari Galliya va Ispaniyada keng tarqalgan bir paytda Ispaniya va Afrikaning sharqiy provinsiyalarida kolonlar mehnatiga asoslangan latifundiyalar keng tarqaldi. Qullarga ish qurollari va chek yerlar ajratib berila boshlandi. Lekin qul xo’jayinning mulki bo’lib qolaverdi. Qulni mulk (pekuliy) bilan ta’minlash er. avv. III asrdayoq ma’lum edi. Endilikda bu odatdagi hol bo’lib qoldi. Qul pekuliydan foydalangan holda o’ziga o’rinbosar sotib olishi mumkin edi. Qaysiki o’rinbosar qul uning xo’jayiniga ishlab berishi kerak edi. Ozod qo’yilgan qullar ko’p hollarda tadbirkorlik bilan shug’ullanib, juda ko’p boylik to’plar edilar. O’z xo’jayinlariga zarurat tug’ilganda turli xil xizmatlarni ko’rsatar edilar. Misol uchun Diktator Sullaning erkin qo’yilgan quli Xirosogon Rim davlatidagi eng qudratli kishilardan biri bo’lib, hatto uning oldida senatorlar ham titrab qaltirar edi. Ammo ko’pchilik ozod qo’yilgan qullar o’rta darajadagi mulkka ega bo’lib, hunarmandchilik va savdogarlik bilan shug’ullanar hamda oshxonalarning egalari edilar. Quldor latifundistlar o’z yerlarini chek yerlarga bo’lib, kolonlarga ijaraga berdilar. Eramizning II asrida kolonlar bug’doyni, tariq, zaytun moyini 1/3 qismini, quldorga berishi kerak edi. Bundan tashqari kolon quldorni yerida bir necha kun ishlab berishi kerak edi. Yerga ishlash takomillashdi, g’alla va boshqa ekinlarning yangi navlari, o’g’itning yangi navlari joriy qilina boshlandi. Qishloq xo’jaligi takomillashdi, g’alla latifuniyalarida g’allani yig’adigan mexanizm, g’ildirakli plug, suv tegirmoni kashf etildi. Provinsiyalarda shaharlar va shahar aholisining o’sishi qishloq xo’jalik maxsulotlarining Italiya va imperiyaning boshqa viloyatlariga chiqarish imkoniyatining paydo bo’lishi, provinsiya qishloq xo’jaligida erdan unumli foydalanish va tovar xo’jaligini kirib kelishi uchun shart – sharoit yaratdi. Quldor xo’jaligi endilikda bozor bilan bog’landi. Qishloq xo’jaligida tovar munosabatlarining rivojlanishi latifundiyalarda hunarmandchilikni vujudga keltirdi. Latifundiyalar egalari kulolchilik, to’quvchilik, duradgorlik, oshpazlik kabi hunarmandchilik ustaxonalarini ochdilar. Ba’zi gall latifundiyalarida shaxtalardan temir rudasi qazib olinib, metall ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Eramizning I asrlarida qishloq xo’jaligi bilan birga hunarmandchilik va savdo keng rivojlandi. Rim hunarmandchiligi uchun Ispaniyadagi qo’rg’oshin va mis konlari, Galliyaning temir va qalay konlari, Norika, Dalmatsiya, Klikiya va Kappadokiyaning boy temir konlari xom ashyoni etkazib berib turar edi. Ayniqsa temir rudasini qazib chiqarilishi keng yo’lga qo’yildi. Hunarmandchilikning rivojlanishi qul mehnatidan keng foydalanish imkoniyatini berdi. Agar o’tgan asrlarda hunarmandchilik ustaxonalarida ishlagan qullar soni 10 tagacha bo’lsa, eramizning II asrida ularning soni 50 taga etdi. Hunarmandchilik ustaxonasining kengayishi, mexnat taqsimotining o’sishi uning iqtisoslashuvini o’sishiga olib keldi. Ammo hunarmandchilikda erkin mexnat etakchi rol o’ynar edi. Tog’ kon ishlarida, qurilish, tosh konlari, marmar konlarida qul mehnatidan keng foydalanilar edi. Ustaxonalarda eng og’ir mexnat qullar zimmasida edi. Hunarmandchilik taraqqiyoti oshpazlik, g’isht quydirish kabi yangi soxalarning paydo bo’lishiga olib keldi. Qurilishda betondan foydalanish keng tarqaldi. Eramizning II asrida provintsiyalarda hunarmandchilik ayniqasa yuksaldi. Agar er.avv. I, eramizning II asrlarida Italiya shaharlariga ko’plab sotilgan. Eramizning II asrida hunarmandchilik markazlari yarim oroldan Shimoliy Italiyaga koçhdi. Puteola, Kapuya, Arretsiya kabi anánaviy hunarmandchilik markazlari tushkunlikka uchradi. Ularning o’rniga gall provintsiyalariga Norika va Dalmatsiyaning temir konlariga yaqin Milan, Akvileya va boshqa hunarmandchilik markazlari vujudga keldi. Ayniqsa Akvileya shahri metall buyumlar va qurol – yarog’, shisha, zargarlik buyumlari, cherepitsa ishlab chiqaradigan yirik hunarmandchilik markaziga aylandi. Eramizning I-II asrlarida barcha provintsiyalarda savdo aloqalari keng rivojlandi. Italiya savdogarlari Ispaniya, Suriya, Dakiya, Misr, Mavritaniya va Britaniyaga kirib bordilar. Gall kema egalari, savdogarlari Italiya, Reyn viloyatlari va ispan provintsiyalari bilan faol savdo qildilar. Pal’mira savdogarlari Dakiya va Misrga kirib bordilar. Shaharlarda ko’plab savdo do’konlari va omborxonalar qurila boshlandi. Eramizning II asrida Rimda ulkan besh qavatli Trayan bozori qurildi. Savdo – sotiqning rivojlanishi provintsiyani maxsulot ishlab chiqarishini ixtisoslashuviga olib keldi. Ispaniya zaytun moyi va vino, Galliya vino, shisha idishlari, jun maxsulotlari, Misr g’alla, papirus, granit, shisha buyumlari, Suriya vino, zarbob gazlamalar va zeb – ziynat buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan edi. Savdogarlar, xunarmandlar kollegiyalarga birlashdilar. Savdo taraqqiyoti sarroflik va sudxurlikni rivojlanishiga turtki bo’ldi. Tashqi savdo rimliklar uchu foydali edi. Rim imperiyasi qora dengiz hududlari, sharqiy Yevropa , Eron , O’rta Osiyo va Hindiston bilan muntazam savdo aloqalarini o’rnatdi. Eramizning II asrida Sharqdan 3 savdo yo’li O’rta Er dengizi qirg’oqlariga borar edi. Petra- Transiordaniya- Damashq- O’rtayerdengizi, Frot –Palmira-Damashq-O’rtayerdengizi, Hindiston- Arabiston-Iskandariya. Afrika provinsiyalaridan Rim savdogarlari Efiopiya, Mavritaniya va hatto Markaziy Afrikagacha kirib bordilar. Imperiya davrida yangi tanga “aureus” zarb qilina boshlandi. O’ng tomonida xukmdor imperator tasviri tushirilgan edi. Rim tilla tangasi yuqori baholanar edi. Ko’p tarqalgan Rim tangalaridan biri-kumush denariy edi. Eramizning I asrida u sof kumushdan, eramizning II asrining oxiridan esa mis qo’shib, tarkibida 50% kumush bilan zarb qilina boshlandi. Mis tanga asosan mahalliy muomilada foydalanilar edi. Mayda savdoda asosan mis tanga- sestertsiy (4ass) va dupandiy (2ass) ishlatilar edi. Eramizning I-II asrlarida Rim jamiyati quldorlik jamiyati edi. Uning asosiy qatlamlari qullar va quldorlar bo’lib, ulardan tashqari mayda ishlab chiqaruvchilar, kichik chek erlarning egalari yoki ijarachilar kichik hunarmandchilik ustaxonalari egalari, mayda savdogarlardan iborat edi. Tabaqalar o’rtasida kuchli ijtimoiy ziddiyatlar mavjud edi. Jamiyatda asosiy ishlab chiqaruvchi kuchlar qullar edi. Eramizning I-II asrlarigacha quldorlik xo’jaliklarida qullarga bo’lgan ehtiyoj urushlar natijasida qondirilgan edi. Eramizning II asrida istilochilik urushlarining nixoyasiga etishi qullar oqimining Rimga kelishini keskin kamaytirdi. Lekin quldorlik xo’jaliklarida qul mexnatiga ehtiyoj juda kuchli edi. Bu xollar qullar narxining keskin o’sishiga olib keldi. Qul mehnatini unumdorligi manfaatdor quldorlar qullarning maishiy sharoitini o’zgartirishga majbur bo’ldilar. Qishloq pomestiylari va shaharlarda qul cho’rilar soni o’sib bordi, qullarga oila qurishga ruxsat berildi, va ular rag’batlantirildi. Qullikda tug’ilgan bolalar (Ularni vernlar deb atashgan) biror bir hunarga o’rgatilgan bo’lib, qul bozorlarida yuqori boholanar edi. Qullarni oila qurishini rag’batlantirgan quldorlar qul oilasi uchun chek er, mexnat quroli, kulba, kichikroq dukon, bir necha qora mol ajratar edilar. Quldor tomonidan ajratilgan bunday mulk “pekuliy” deb atalgan. Eramizning I-II asrlarida pekuliy keng tarqaldi. Quldor sovg’a qilgan yerini istalgan paytida tortib olishi mumkin edi. Qullarning huquqiy holati ham o’zgardi. Imperator Adrian qullarni sababsiz o’ldirishni taqiqladi. Eramizning II asrida yerni ijaraga berish va kolonat keng tarqaldi. Kolon huquqiy jihatdan erkin kishi bo’lib, yer egasidan shartnoma muddati tugagandan so’ng ketishi mumkin edi. Shartnoma odatda 5 yil muddatga tuzilar edi. Kolon 5 yil davomida qarz va boshqa turli majburiyatlat turi bilan o’ralib, huquqiy jihatdan o’z yeridan ketishi mumkin emas edi. U noiloj bu yerda uzoq muddat ishlar edi. Erkin, o’z yerini yo’qotgan dehqon, batrak va erkin qo’yilgan qul, yerni ishlashga qaytgan shahar plebeyi kolonga aylanishi mumkin edi. Yerga biriktirilgan qullar ham kolonga aylanar edilar. Kolonatni yana bir manbasi chegara provinsiyalarda asir olingan yerga joylashtirilgan varvarlar edi. Qadimgi Rim madaniyati antik davr madaniyatining ikkinchi bir qismi hisoblanib, keyingi davr Yevropa xalqlari ijtimoiy tafakkuri, diniy e‘tiqodlari, san‘ati va adabiyotining rivojlanishiga kuchli ta‘sir ko`rsatganligi bilan xarakterlanadi. Antik davr falsafiy ta‘limotlarining rivojlanishi yangi davr ilmiy va diniy qarashlarining shakllanishiga zamin bo`lib xizmat qilgan. Keyingi davr ta’lim sistemasining, san‘ati va adabiyotining taraqqiy etishi ham antik davr madaniy hayotining ikkinchi va so`nggi bosqichi hisoblangan Rim madaniyatiga bevosita bog`liqdir. Shuningdek, hozirgi davr ilm-fani, diniy e‘tiqodlari, adabiyoti va san‘atining rivoji ham bevosita qadimgi davr Rim imperiyasi madaniyatining ildizlariga borib taqaladi. Agar antik davr Rim madaniyatining vujudga kelishi va shakllanish hamda keyingi yuksak darajaga ko`tarilish jarayoniga e‘tibor bersak, o`zidan oldin rivojlangan ikkita tarixiy-madaniy jarayonning roli o`ta muhim bo`lganligini ko`rishimiz mumkin. Boshqacha qilib aytganda, qadimgi Rim madaniyatining shakllanishida birinchi navbatda qadimgi italyan qabilalari ichida iqtisodiy-madaniy jihatdan eng rivojlangan Etrusk qabilalari madaniyati hamda qadimgi yunon madaniyati muhim rol o`ynagan. Qadimgi Etrusklar qurilish texnikasini, tasviriy san‘atning devorga surat tushirish sohasini, kulolchilikni, kemasozlik, yozuvdan foydalanish, diniy marosimlar va bayramlarni tartib bilan nishonlashni boshqa qabilalarga nisbatan ancha ertaroq egallaganlar. Etrusklar toshdan yirik-yirik imoratlar, gumbazlar va arkalar qurishni ancha erta egallaganlar, sopol idish tuprog`iga qurum aralashtirganliklari sababli ularning idishlari metalldan yasalgandek yaltirab turgan. Qadimgi Rimliklarning Gretsiyani zabt etishi Rimda greklar ta‘sirining kuchayishiga olib kelgan. Rimliklar Gretsiya shaharlarini bosib olganlaridan so`ng, o`zlaridan madaniy jihatdan ancha ilg`or bo`lgan xalqqa nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo`lganlar. Hattoki, grek tilini, greklarning ilm-fanini va san’atini astoydil o`rganishga kirishadilar. Mil.avv. III asr o`rtalariga kelib o`z hohishi bilan Rimga ko`chib kelgan yunonlar o`zlari bilan asrlar davomida qo`lga kiritilgan ulug` yunon madaniyati mahsullarini olib keladilar va Rim madaniy hayotining barcha sohalariga ta‘sir ko`rsata boshlaydilar. Yunonlarning odatlari va marosimlari, rasm-rusumlari, kiyim-kechaklari, asbob-anjomlari rimliklarning turmushiga singib boradi. Yunonlar badavlat rimliklarning bolalari. ta‘lim oladigan maktablarga murabbiylik qilishib, falsafa va notiqlik san‘atidan saboq beradilar. Endigina rasm bo`layotgan teatrlarda aktyor bo`lib xizmat qiladilar, arxitektura, tasviriy san‘at va haykaltaroshlikning rivojlanishiga, adabiy jarayonning shakllanishiga bevosita ta‘sir ko`rsatadilar. Lekin rimliklar ellinlar madaniyatini to`la o`zlashtirib olmaydilar. Ular yunon madaniyatining o`z madaniyatlari, an‘analari-yu, ahloq-odobiga mos keladigan tomonlarnigina qabul qiladilar. Agar qadimgi rimliklarning diniy e‘tiqodlarining shakllanish jarayoniga e‘tibor bersak, dastlab etrusklarning diniy e‘tiqodlarining ko`pgina jihatlarini o`zlashtirib olganliklarini ko`ramiz. Qadimgi italiy qabilalari, shu jumladan, rimliklar etrusk qabilasining oila va ro`zg`or homiysi ma‘buda Vestani ilohiylashtirganlar. Shu boisdan Vestaga atab Rim forumida ibodatxona qurilgan. Shuningdek, qadimgi rimliklar etrusk qabilalarining bosh xudosi Yupiterga ham e‘tiqod qilganlar. So`ngra yunonlarning diniy e‘tiqodlari ta‘siri ostida o`z xudolari Panteonini yaratadilar. Ular ham qadimgi yunonlar singari tabiatning har bir hodisasi, har bir narsasining o`z homiysi mavjud degan tasavvurlarga ega bo`lganlar. Qadimgi rimliklarning xudolari Panteoni quyidagi ko`rinishdan iborat bo`lgan. Avrora-tong yog`dusi ma‘budasi; Amur-sevgi xudosi; Bellona-urush ma‘budasi; Vakh uzumchilik, vino va xursandchilik xudosi; Venera-bahor, so`ngra sevgi, go`zallik va nikoh ma‘budasi; Vesta-oila mabudasi; Viktoriya-g`alaba ma‘budasi; Vulkan-olov va olov bilan bog`liq; bo`lgan temirchilik, kasb-xunarlar xudosi; Diana-ov ma‘budasi; Neptun oqar suvlar, so`ngra dengiz xudosi; Pluton-er osti dunyosi, o`liklar saltanati hukmdori; Saturn-ekinlar xudosi, dehqonlar homiysi; Silvan-o`rmonlar va podalar homiysi; Favn-o`tloqlar, o`simliklar va dalalar hukmdori; Flora-gullar va bahor ma‘dubasi; Fortuna-taqdir va baxt ma‘budasi; Yunona-ayollar homiysi; Yupiter-osmon xudosi; Furiyalar-intiqom va vijdon azobi ma‘budalar va h.k. Mil.avv.II asrdan e‘tiboran Rimda Sharq xudolariga sig`inish ham yoyila boshlagan. Masalan, Kichik Osiyoda keng tarqalgan Kibelaga, qadimgi misrliklarning bosh xudolari Osiris va Isidaga, eronliklarning asosiy xudolaridan biri-Mitraga e‘tiqod qilganlar. Rimliklarda xudolar va ma‘budalarga e‘tiqod shu darajada kuchli bo`lganki, ular ,,xudolarning' biror-bir maslahatisiz hech bir ishga qo`l urmaganlar. Rimliklar xudolarni madh etuvchi duolar behato va juda aniq o`qilganda, qurbonlik qilish urf-odatlari mukammal va bekamukust bajarilganda xudolar sig`inuvchilarning iltijolarini xech ham qaytarmaydilar, deb o`ylaganlar. Milodning 60 yillariga kelib, Rim imperiyasi og`ir siyosiy tanazzulni boshdan kechiradi. Ayniqsa, Rim imperiyasining yaxudiylar yashaydigan hududlarida ijtimoiy-siyosiy holat yanada keskinlashadi. Bu davrda yahudiylar orasida xudo Yaxve qiynalganlarni qutqaruvchi xaloskor /missiya/ yuboradi, degan umid bilan to`la mish-mishlar tarqaladi. Milodning I asrining oxiriga kelib Kichik Osiyoning g`arbiy qirg`oqlaridagi shaharlarda va Rim imperiyasining sharqiy viloyatlarida xudo Yaxve va‘da qilgan missiya /xudoning maxsus vakili-grekcha "Xristos"/ kelibdi degan ,,xushxabar" tarqaladi va bunga ishongan kishilar guruhi paydo bo`ladi. Keyinchalik xudo yuborgan vakilni Ierusalim kohinlari xochga mixlab qatl qilganmish, so`ngra u uch kundan keyin tirilib arshi-a‘loga chiqib ketganmish, u xudoga aylanibdi, mahshar kuni-qiyomat-qoyimda yana qaytib kelib, adolatni tiklarmish, o`lganlarni qayta tiriltirib, zolimlarni jazolar mish, degan mish-mishlar tez tarqala boshlaydi. Milodning 30 yillariga kelib voizlik qilib yurgan ,,xudo farzandi" Iusis Xristos (Iso payg`ambar) to`g`risidagi qissalar" paydo bo`ladi. Shunday qilib, Rim imperiyasi hududlarida yangi din - xristianlik dini yoyila boradi. Download 28.78 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling