Ijtimoiy iqtisodiy ehtiyojlar, ularning tarkibi va turkumlanishi. Reja


-chizma. Ishlab chiqarish jarayonining ikki tomoni


Download 274 Kb.
bet4/7
Sana07.05.2023
Hajmi274 Kb.
#1440514
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Ijtimoiy - iqtisodiy ehtiyojlar

3-chizma. Ishlab chiqarish jarayonining ikki tomoni.
Ishlab chiqarish jarayonini ikki tomonlama tahlil qilib o‘rganilganda uni to‘g‘ri tushunish imkonini beradi va turli xil chalkashliklar, munozarali tortishuvlarga chek qo‘yadi. Bu yerda shuni hisobga olish lozimki, oldingi ishlab chiqarish jarayonining mahsuli bo‘lib, shu ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etayotgan ishlab chiqarish vositalari qiymati ko‘paymagan holda o‘zi qancha qancha qiymatga ega bo‘lsa shu miqdorda aniq mehnat bilan ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlar qiymatiga o‘tkaziladi.
Shuni ta’kidlash lozimki, naflilikni yaratishda kapital to‘liq qatnashadi, qiymatni tashkil topishida esa qisman-qisman, ya’ni uni eskirgan qismi qatnashadi. Bu ishlab chiqarish jarayonida qatnashayotgan ayrim tabiiy kuchlar qiymatga ega emas, shuning uchun ular tovarning iste’mol qiymatini hosil qilishda omil sifatida qatnashadi, lekin qiymatning tashkil topishida, uning ko‘payishida qatnashmaydi. Demak, ishlab chiqarilgan tovarlarning nafliligini yaratishda har uchala omil: yer, kapital, ishchi kuchi qatnashadi, qiymatni tashkil topishida esa mehnatning o‘zi qatnashadi. Bu holat 4-chizmada tushunarliroq tasvirlangan.


3-chizma. Tovar va xizmatlar nafliligi va qiymatining yaratilishida ishlab chiqarish omillarining roli.
Ishlab chiqarish jarayonining ikki tomonlama tabiati uning natijalarining ham ikki tomoni borligini ko‘rsatadi.


3. Ishlab chiqarishning natijalari
Ijtimoiy ishlab chiqarish, ya’ni turli omillarning harakati natijasida juda ko‘p turdagi tovarlar va xizmatlar massasidan iborat bo‘lgan milliy mahsulot vujudga keladi. Shu yaratilgan jami tovarlar va xizmatlar, ya’ni milliy mahsulotning yil davomidagi yig‘idisi mamlakat bo‘yicha ishlab chiqarishning umumiy natijasi bo‘lib hisoblanadi.
Ishlab chiqarish jarayonini davom ettirish uchun, birinchidan, iste’mol qilingan ishlab chiqarish vositalarini faqat qiymat holidagina emas, balki uni moddiy buyum shaklida ham qayta tiklash zarur. Buning uchun albatta yaratilgan mahsulot tarkibida ma’lum miqdorda ishlab chiqarish vositalari natural shaklda mavjud bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, ishchi kuchining qayta tiklanishi uchun mulk egalari va tadbirkorlarning shaxsiy iste’moli uchun yaratilgan mahsulot tarkibida zarur iste’mol buyumlari mavjud bo‘lishi shart. Shuning uchun ham moddiy mahsulotlar ikki xil tovar mahsulot sifatida mavjud bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida, ikki yirik bo‘linmalar o‘rtasida tovar ayirboshlash imkonini beradi. Undan tashqari juda ko‘p korxona va tashkilotlar aholiga turli tuman xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadiki, ular mehnatining natijasi xizmatlarda namoyon bo‘ladi. Bu esa milliy mahsulotning muhim qismi turli xil xizmatlardan iborat ekanligini ko‘rsatadi. Shunday qilib, yil davomida mamlakatda yaratilgan milliy mahsulot natural jihatidan uch qismdan: ishlab chiqarish vositalari, iste’mol buyumlari va turli xil xizmatlardan iborat buladi.
Yil davomida ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlarni, ya’ni milliy mahsulotni bunday uchta ko‘rinishga bo‘lib o‘rganish va bilish muhim ilmiy va amaliy ahamiyatga egadir. Chunki ularning har bir turi bo‘yicha talab va takliflar o‘rganilib, talabga yarasha ishlab chiqarish imkonini beradi.
Yaratilgan mahsulot faqatgina natural jihatdan emas, balki qiymat jihatdan ham hisobga olinadi va uning qiymat tarkibi tahlil qilinadi.
Yaratilgan mahsulot qiymat jihatdan ham uch qismdan iborat bo‘ladi, ya’ni:
1) ishlab chiqarish jarayonida iste’mol qilingan ishlab chiqarish vositalar qiymatining mahsulotga o‘tgan qismi (s);
2) yangidan vujudga keltirilgan mahsulotning bir qismi, ya’ni, ishchilarga tegishli qismi - zaruriy mahsulot qiymati (v);
3) yangidan vujudga keltirilgan mahsulotning mulkdorlar, tadbirkorlar va jamiyat uchun ishlab chiqarilgan qo‘shimcha mahsulot qiymati (m)dan iboratdir. Boshqacha qilib aytganda, oldingi ishlab chiqarish jarayonlarida yaratilgan va ushbu jarayonda iste’mol qilingan ishlab chiqarish vositalarining qiymatidan hamda shu ishlab chiqarish jarayonida yaratilgan yangi qiymatdan iboratdir. Chunki yaratilgan mahsulotning bir qismidan ishlab chiqarish jarayonida iste’mol qilingan ishlab chiqarish vositalarining o‘rnini qoplash uchun foydalaniladi. Ishlab chiqarishning uzluksiz davom etishi va rivojlanishi uchun iste’mol qilingan ishlab chiqarish vositalari har qanday asbob-uskunalar, xom ashyo, yoqilg‘i va boshqa yordamchi materiallar o‘rnini to‘ldirib turishi talab qilinadi. Buning uchun ishlab chiqarilgan mahsulotning bir qismidan foydalaniladi. Yaratilgan mahsulotdan iste’mol qilingan ishlab chiqarish vositalari qiymati chegirib tashlansa, qolgan qismi sof mahsulot deyiladi. Demak, sof mahsulot bevosita ishlab chiqarishda band bo‘lgan menejerlar, ishchilar, dehqonlar va muxandislar, texnik xodimlar va boshqalarning yangidan sarf qilingan mehnati bilan yaratilgan zaruriy mahsulotdan va qo‘shimcha mahsulotdan iboratdir.
Zaruriy mahsulot deb ishchi va xizmatchilar ish vaqtining bir qismi bo‘lgan zaruriy ish vaqtida zaruriy mehnat bilan yaratilgan, ishchi kuchini normal holatda saqlash va qayta tiklash uchun zarur bo‘lgan mahsulotga aytiladi. Bunga kelgusi avlod ishchilarini yetishtirish, ya’ni ishchilarning oilasi va bolalari uchun zarur bo‘lgan mahsulot ham kiradi.
Zaruriy mahsulot sof mahsulotning muhim qismi bo‘lib, bevosita ishchi va xizmatchilarga tegishlidir. Sof mahsulotning zaruriy mahsulotdan ortiqcha qismi, ya’ni qo‘shimcha ish vaqtida qo‘shimcha mehnat bilan yaratilgan qismi qo‘shimcha mahsulot deyiladi. Bu qo‘shimcha mahsulot bevosita ishchiga emas, balki tadbirkorlarga va mulkdorlarga hamda davlatga tegishlidir.
Zaruriy va qo‘shimcha mahsulot jamiyat taraqqiyotining deyarli hamma bosqichlariga xosdir. Lekin ular o‘rtasidagi nisbat turli davrlarda turlicha bo‘ladi. Ibtidoiy jamoa tuzumining dastlabki davrida jamoadosh hamma kishilarning vaqti faqat zaruriy mahsulotni, ya’ni yashash uchun eng zarur mahsulotni topib yeyish bilan band bo‘lgan. Keyinchalik, ya’ni bu tuzumning oxirlariga kelib, qisman mehnat unumdorligi oshib, zaruriy mahsulotdan ortiqcha, ya’ni qo‘shimcha mahsulot paydo bo‘lgan va uning to‘planib ayrim kishilar tomonidan o‘zlashtirilishi natijasida xususiy mulk paydo bo‘lgan.
Kishilik jamiyati taraqqiyotining quldorlik, feodalizm va kapitalizm deb atalmish bosqichlarida qo‘shimcha mahsulotning mavjudligi haqida hech kim munozara qilmaydi. Lekin jamiyat taraqqiyotining turli bosqichlarida qo‘shimcha mahsulotning ijtimoiy shakli turlicha bo‘ladi. Masalan, quldorlik jamiyatida quldor latifundistlar daromadi, feodal jamiyatida uch ko‘rinishda (barshchina, obrok, pul solig‘i), kapitalizmda esa qo‘shimcha qiymat ko‘rinishlarida bo‘ladi.
Sobiq sotsialistik jamiyatda ko‘pgina iqtisodchilar zaruriy va qo‘shimcha mahsulot faqat xususiy mulkchilik davriga xos deb tushunib, ijtimoiy mulk mavjud bo‘lgan davrda u bo‘lmaydi deb keldilar. Ular bu tushunchalarning umumiqtisodiy tushuncha bo‘lib, moddiy asosi saqlanib qolishini va ularning ijtimoiy shakli o‘zgarishini hali tushunib yetmagan edilar. Lekin ular korxonalar olayotgan foyda mahsulotning qaysi qismi ekanligini, davlat boshqaruvi, mudofaa, ta’lim, fan-madaniyat uchun zarur mablag‘lar qayerdan olinishini, bu mablag‘larning tub manbai nimadan iborat ekanligini tushuntirib bera olmas edilar. Ushbu nazariy zaruriyat tufayli 1965 yillardan keyingina zaruriy va qo‘shimcha mahsulot iqtisodiy adabiyotlarda paydo bo‘lib, iqtisodchilarga tushuntirila boshlandi. Hozir, bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida ham bu tushunchalarni rad qiluvchi kishilar topiladi.
Lekin bunday iqtisodchilarga mulkdorlar va tadbirkorlar olayotgan foyda, foiz, dividend daromadlari, davlat soliqlari, yer rentasi kabi pul ko‘rinishidagi daromadlarning tub manbai nima, ular milliy mahsulot qaysi qismining taqsimotdagi harakat ko‘rinishi, degan savolga javob bera olmaydilar. Foyda va boshqa turli ko‘rinishdagi daromadlar manbaini bilmaslik nima uchun tovarlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar zarar ko‘radi-yu, uni sotuvchilar foyda ko‘radi degan savollarga ham javob berishda ojizlikka olib keladi. Ular iqtisodiy hodisa va jarayonlarning tub ildiziga tushunmasdan, uning yuzaki tomonlarini o‘rganish bilangina cheklanib qolgan ko‘rinadi.
Ularning birdan-bir isbot dalili go‘yo qo‘shimcha mahsulot kapitalizmda ekspluatatsiya darajasini ko‘rsatish, ishchilar bilan kapitalistlar o‘rtasida sinfiy ziddiyatni ko‘rsatish uchun K.Marks tomonidan o‘ylab topilgan narsa emish. Lekin bu kasbdoshlarimiz qo‘shimcha mahsulot to‘g‘risidagi fikr-mulohazalar «Iqtisodiyot nazariyasi» fani rivojining uzoq tarixiga borib taqalishini, K.Marksdan juda oldingi davrlarda vujudga kelganligini bilishmaydi. Masalan, arab olimi Ibn Xoldun Abdurahmon Abu Zayd o‘zining 1370 yilda yozilgan «Kitob-ul-ibar» (Ibratli misollar kitobi)da, ya’ni K.Marksdan 500 yil oldin zaruriy va qo‘shimcha mahsulotning farqiga borib, ularni ajratib ko‘rsata olgan edi.
Keyinchalik fiziokratlar maktabining asoschisi F.Kene o‘zining «Iqtisodiy jadval» asarida merkantilistlardan farqli iqtisodiy fanda olg‘a qadam tashlab boylik savdoda yoki tashqi savdoda ko‘paymasligini, u faqat ishlab chiqarishda o‘sib ko‘payishini, boylikning bu ko‘payishi sof mahsulot, ayniqsa qo‘shimcha mahsulot evaziga sodir bo‘lishini ko‘rsatib berdi. F.Kene ishlab chiqarilgan mahsulot bilan qilingan harajatlar o‘rtasidagi farqni, ya’ni qo‘shimcha mahsulotni sof mahsulot deb atagan edi.
Keyinchalik qo‘shimcha mahsulot nazariyasi A.Smit va D.Rikardolar tomonidan ancha batafsil rivojlantirildi. Ular yangi qiymat yollanma ishchilar tomonidan yaratilishini, yollanma ishchining ish vaqti ikkiga bo‘linib, zaruriy ish vaqtida o‘zini va oilasini boqish uchun zarur bo‘lgan qiymat yaratishini, ish kunining qolgan qismi bo‘lgan qo‘shimcha ish vaqtida esa mulk egalari o‘zlashtirib oladigan qo‘shimcha qiymat yaratilishini ko‘rsatib bergan edilar.
Bu qisqacha chekinishdan ko‘rinib turibdiki, zaruriy va qo‘shimcha mahsulot tushunchalari Marksgacha iqtisodiy adabiyotlarda qo‘llanilib, tushuntirib kelingan ekan. K.Marks bu tushunchalarni kengroq boyitib ko‘rsatdi, lekin unda ham qo‘shimcha mahsulotning faqatgina kapitalizmdagi ijtimoiy shakliga, ya’ni uning qiymat tomoniga e’tibor berib, qo‘shimcha qiymat deb ataydi va ko‘proq kapitalizmda ekspluatatsiya darajasini aniqlab ko‘rsatish uchun ishlatadi.
Hozirgi bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida Rossiyada keyingi (2004-2005) yillarda nashr etilgan qator yangi adabiyotlarda, jumladan: V.YA.Ioxin, ye.F.Borisov tomonidan yozilgan, shuningdek D.D.Moskvin, A.G.Gryaznova va T.V.CHechelovalar rahbarligida mualliflar guruhi tomonidan yozilib, nashr qilingan iqtisodiyot nazariyasi dasrliklarida sof mahsulotning tarkibiy qismlari bo‘lmish zaruriy va qo‘shimcha qiymatlarning mazmuni, hosil bulish jarayonlari, qo‘shimcha qiymat turlari, massasi va normasi, ularni ko‘paytirish usullari haqidagi masalalar batafsil berilgan.
Bu adabiyotlarda yozilganlardan ko‘rinib turibdiki, qo‘shimcha mahsulotni kim qanday tushunishidan qat’iy nazar, doimo mavjud bo‘lgan obyektiv umumiqtisodiy kategoriyadir. Lekin shuni ta’kidlash joizki, hozirgi davrdagi adabiyotlarda ham asosan qo‘shimcha mahsulotning bir tomoniga, ya’ni qiymat tarafiga e’tibor berilgan va uni qo‘shimcha qiymat deb ta’riflagan. Xolbuki, biz yuqorida aytganimizdek, qo‘shimcha qiymat qo‘shimcha mahsulotning bir tarafi, ya’ni qiymat tarafi bo‘lib, uning naflilik tarafi e’tibordan chetda qolmoqda.
Qo‘shimcha mahsulotni rad qilish o‘rniga uning mazmunini, harakat shakllarini puxta o‘rganib, yanada ko‘paytirish va taqsimlanishini takomillashtirish yo‘llarini qidirishga kuch sarflash maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Chunki qo‘shimcha mehnat va binobarin, qo‘shimcha mahsulot butun-butun tarixiy taraqqiyot davomida ishlab chiqarishni, fan-texnikani, ta’limni, sog‘liqni saqlashni, madaniyatni rivojlantirishning iqtisodiy manbai bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.
Har bir korxonada, tarmoqda qo‘shimcha mahsulotni ko‘paytirish asosan uch yo‘l bilan – ishlovchilar sonini ko‘paytirish, ish kunini uzaytirish va ish kuni chegarasi o‘zgarmagan holda zaruriy ish vaqtini kamaytirish evaziga qo‘shimcha ish vaqtini ko‘paytirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Ish kunini uzaytirish yo‘li bilan olingan qo‘shimcha mahsulot absolyut qo‘shimcha mahsulot deb, ish kuni o‘zgarmaganda zaruriy ish vaqtini kamaytirib, qo‘shimcha ish vaqtini ko‘paytirish evaziga olingan qo‘shimcha mahsulot esa nisbiy qo‘shimcha mahsulot deb ataladi.
Yil davomida olingan qo‘shimcha mahsulotlar yig‘indisi qo‘shimcha mahsulot massasi, uning zaruriy mahsulotga nisbati esa (foizda ifodalanishi) qo‘shimcha mahsulot normasi deb yuritiladi.
Agar qo‘shimcha mahsulot normasini m, massasini m, zaruriy mahsulotni v bilan belgilasak qo‘shimcha mahsulot normasi ko‘rinishdagi formula bilan aniqlanadi. Ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘lgan qo‘shimcha mahsulot sotilish jarayonida foydaga aylanadi. Foydadan davlat soliq sifatida, ssuda kapital egalari esa foiz sifatida, yer egalari renta sifatida o‘z ulushlarini oladilar. Bu daromad turlari qo‘shimcha mahsulotning sotilib, dastlabki taqsimlangandan keyingi o‘zgargan shakllaridir. Yuzaki real hayotda qo‘shimcha mahsulot yuqoridagi shakllarda bo‘ladi. Kimki iqtisodiy jarayonlarning tub ildizini tushunmasa, bu daromadlarning manbaini, qayerda va kim tomonidan yaratilishini tushunmasdan qolaveradi. Yangidan yaratilgan sof mahsulotning tarkibini quyidagi 4-chizmada aniqroq tasvirlash mumkin.
Foydaning qolgan qismi esa tadbirkorlarning sof foydasi bo‘lib, uning hisobidan o‘zlarining iste’molini qondiradi, investitsiyani, turli sotsial yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshiradilar. Ko‘rinib turibdiki, qo‘shimcha mahsulotni ko‘paytirish hech kimga zarar bermaydi, aksincha jamiyat a’zolarining hammasi uchun manfaatlidir.
Ma’lumki, qo‘shimcha mahsulot bilan zaruriy mahsulot o‘rtasida har doim ziddiyat va aloqadorlik bo‘ladi. Ularning har ikkalasida ham butun xalq xo‘jaligini rivojlantirish va jamiyat a’zolarining farovonligini oshirish maqsadlari yo‘lida foydalaniladi.




Download 274 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling