Ikki oshna yoshlikdan birga o‘sdilar. Davr kelib ikkalasi ham o‘z baxtini izlab yo‘lga chiqsalar, ikki yo‘l uchraydi. Biri bir tomonga, ikkinchisi boshqa tomonga yo‘l oladilar
Download 394.99 Kb. Pdf ko'rish
|
Ona tili va adabiyoti fanidan DIKTANTLAR
(«Oltin sandiq ochildi» kitobidan).
So‘z haqida Inson jon va tanadan yaratilganidek, so‘z ham ma’no va shaklning birligidan iborat bo‘ladi. Ma’nosiz so‘z – jonsiz tanadek. Darhaqiqat, Alisher Navoiy ,,Hayrat ul-abror“ dostonida so‘zning umrboqiyligi haqida yozadi. Ammo besh yuz yildan beri zavol yetmasdan, to‘kilmasdan, buzilmasdan xolis xizmat qilib kelayotgan biror ashyo, boylik bormi? Yo‘q, bu muddat ichida oqib turgan daryolarning nechtasi quridi, qurimoqda. Binolar vayronaga aylanib, bir avlod ko‘z o‘ngida yo‘qolib ketmoqda. Ammo so‘zdan odamlar qancha zamonlardan buyon foydalanib keladi. Uzluksiz ishlatilsa suv ham kamayadi, lekin so‘z, aksincha, sayqallanib, boyib boradi. So‘zda beqiyos joziba yashiringan. Chunki hech narsa insonni ko‘ngilga yaqin kishisi bilan suhbatlashgani kabi ta’sirlantirolmaydi. Odamlar shuning uchun doimo dilkash, beozor kishilar bilan suhbatlashishga mushtoqlik sezadi. So‘zdek mo‘jizakor boyligimizdan to‘g‘ri, oqilona foydalanaylik. (114 so‘z. D. Abdusattorova, “Ezgulik”) Tabiat qo‘ynida Riza tepalikka chiqib borganda bir tekis ochilgan binafsha, har xil o‘t-o‘lanlar, purviqor archalar quyosh nuriga bearmon cho‘milmoqda edi. Ertalabki ovga chiqqan bir tulki bu yerda bexosdan paydo bo‘lib qolgan odamdan cho‘chib, o‘zini daraxtzor ichiga urdi. Mana, ochiq joy tugab, archazor boshlandi. Riza archazorga sho‘ng‘ib, narigi betidan chiqdi. Ikki hatlab, qiyalikda turgan kattakon xarsangga yetdi. Xarsang silliq edi. Riza xarsang ustiga o‘tirib, atrofni tomosha qila boshladi. Uning oldiginasidan boshlanuvchi jilg‘a kengaya-kengaya Oqsoqota soyiga borib tutashadi. Hu ana, tubanda shamolda hilpirab turgan oq lentaday Oqsoqota soyi oqmoqda. Xarsangning tagidan tip-tiniq buloq viqir-viqir qaynab chiqmoqda. Buloq tubidagi oq, qizil, ko‘k, turli-tuman mayda toshlarning rangi suvga urib, jimir-jimir tovlanadi. (111 ta so‘z) Maktabki jon, ilm-u havo-yu odob erur . . . Maktab, bolalik, o‘quvchilik onlari . . . Bular qanday totli, ma’noli, yoqimli va unutilmas kunlar . . . Har qanday buyuk yoki mashhur kishilarga: “O‘quvchilik davringiz haqida gapirib bering”, - desak, albatta, ularning lablarida tabassum ko‘ramiz. Chunki har bir inson o‘quvchilik davrini ana shunday bir zavq bilan esga oladi. Bizning quvonchimiz, shodligimiz, bilimimiz poydevori – shu maktab! Chingiz Aytmatov aytganlaridek, unga beparvolik bilan qarab bo‘lmaydi. Bizni o‘qishga, yozishga, hisoblashga, . . . kelajakda qanday yo‘lni tanlashga o‘rgatadigan – shu maktab. Biz fidoyi ustozlarimiz Latifa opa, Saodat opalarni bir umr tabarruk va ardoqli insonlar deb bilamiz. Ustoz borki, ularning har biridan qarzdormiz. Chunki ustoz bilim chashmalari ko‘zini ochadi, navqiron tadbirlar yo‘nalishlarini belgilaydi. Ilm so‘qmoqlari behadligi sababli ularga yo‘l boshlaydi. Ularning barchasi cheksiz ehtirom va hurmatga sazovordirlar. (114 so‘z) She’riyatmiz malikasi Zulfiya opa deganda, daf’atan ko‘z oldimizda turfa chechaklar bilan ziynatlangan bir chamanzor namoyon bo‘ladi . Zulfiya opa qahramon, ulkan jamoat arbobi, murabbiy va muharrirdir. Shoira o‘z suhbatlarida, maqolalarida o‘zlarini g‘oyatda kamtar tutib, kam ijod qilganliklarini chiroyli bir nadomat bilan aytib turadilar . Mamlakatimizning eng nomdor adiblari Zulfiya opaga she’r bag‘ishlaganlar yoki asarlarida opaning nomlarini ko‘p bora ehtirom bilan zikr etganlar. Ular qatorida Nikolay Tixonov, Mirzo Tursunzoda, Chingiz Aytmatov0, Rasul Hamzatov, Mustay Karim kabi siymolarning nomlarini keltirish mumkin. Adabiy davralarda Zulfiya opaga juda katta mehr bilan boqib, u kishini “ she’riyatimiz malikasi “ deb atab keladilar . Opaning hayot jasorati esa qalamkashlar uchun go‘zal va afsonaviy mavzu bo‘lib kelayotir . Xalqimiz hayoti sadoqat va vafo bilan yo‘g‘rilgan farzandini, albatta, ardoqlaydi . (110 so‘z ) ( A.Oripov) NAZOKAТ Qiz bolalarning yurish-turishi, gap-so‘zi nazokatli, dilbar bo‘lsin. Bundaylarga ortiqcha harakat, qo‘pol qo‘l siltashlar yarashmaydi. Nazokat, dilbarlik deganda muloyimlik, nozik xatti-harakat, yumshoqlik tushuniladi. Qattiq gapirish, qattiq kulish, qo‘llarini siltab, hammani o‘ziga qaratib turish nazokatdan yiroqdir. Darhaqiqat, tili shirin, chehrasi gulgun qiz-ayollar o‘z oilasining baxt-u saodati, ota- onasining faxri bo‘libgina qolmay, o‘z elining ko‘rki hamdir. Demak, qizlarda, ayol kishida, birinchi navbatda, aql-u farosat, idrok-u nazokat bo‘lishi kerak. Ana shu bilan u past-balandni, achchiq-chuchukni, bor-yo‘qni, oila sharoitini, imkoniyatlarni fahmlay oladi, idrok etadi, aql-hushi bilan ish yurgizib, kam-ko‘stlarni bartaraf qiladi. Zotan, ayollarga xos bo‘lgan o‘lmas nazokat atrofdagilarga hamisha qanot bag‘ishlab kelgani haqida hayotda misollar bisyor. Nazokat hamisha mehr bulog‘idan suv ichadi. Sakkizinchi mo‘jiza Tasavvur qiling: siz tasviriy san’at muzeyiga kirdingiz. Polotnolardagi ranglarni, odamlarning qiyofasini ko‘zingiz bilan ko‘rib, hayajonga tushasiz. Tasavvur qiling: siz musiqa tinglayapsiz . Cholg‘u ohanglari, xonandaning ovozini qulog‘ingiz bilan eshitib, hayajonga tushasiz … Deylik, konsertga tushdingiz. Sozanda soz chalyapti, xonanda qo‘shiq aytyapti. Raqqosa raqs tushyapti. Siz tomoshani ko‘zingiz bilan ko‘rib, qulog‘ingiz bilan tinglab zavqlanasiz. Endi, tasavvur qiling: siz kitob o‘qiyapsiz. Oq qog‘ozda qora chizig‘lar- harflardan bo‘lak hech nima yo‘q . Rang ham, ovoz ham, raqqosaning harakatlari ham … Ammo asarni o‘qishga kirishishingiz bilan ko‘z o‘ngingizda rangin manzaralar paydo bo‘ladi. Qulog‘ingiz ostida ajib ohanglar jaranglay boshlaydi. Kitobdagi odamlarning qismatiga sherik bo‘lib, o‘zingiz bilmagan holda beixtiyor larzaga tushasiz … Hech shubhasiz, badiiy adabiyot – dunyodagi sakkizinchi mo‘jiza ! ( 108 so‘z) ( O‘.Hoshimov “Daftar hoshiyasidagi bitiklar “ ) 5-sinf .Ona tili. Diktantlar matni. DIMIlar uchun. Gimnastika Gimnastika-jismonan kamol topishga, salomatlikni mustahkamlashga har tomonlama yordam beradigan maxsus jismoniy mashqlar tizimi. Gimnastika bilan muntazam shug‘ullanganda yurak-tomir va nafas sistemalari faoliyati yaxshilanadi, tayanch –harakat apparati mustahkamlanadi, moddalar almashinuvi kuchayadi, turli jismoniy yuklamalarga moslashuv takomillashadi. Gimnastika jismoniy jihatdan har tomonlama o‘sishga yordam beradi, gavdani to‘g‘ri shakllantiradi, qo‘l, yelka kamari, qorin mushaklarini mustahkamlaydi, epchil, harakatchan bo‘lishiga yordam beradi. Gimnastika jismoniy tarbiya tizimida keng qo‘llaniladi. Gimnastika mashg‘ulotlarini shifokor maslahatisiz boshlab bo‘lmaydi. Gimnastika mashg‘ulotlari paytida shifokor nazoratidan muntazam o‘tib turishi zarur. Bolalar va keksalar uchun uning ahamiyati ayniqsa katta. Gimnastika mashg‘ulotlari go‘dak va maktabgacha yoshdagi bolalarni o‘z vaqtida jismoniy va ruhiy jihatdan kamol toptirishning, to‘g‘ri tarbiyalashning muhim omillaridan biridir, bu mashqlar bolaning umumiy ratsional kundalik rejimiga kiritish lozim. (117 so‘z) Charxpalak Maktabimiz biqinida ariq oqardi. Ariqda charxpalak bor edi. Katta tanaffusda charxpalakni tomosha qilishni yaxshi ko‘rardim… Yog‘och gardishi ko‘hna, temir paqirchalari zanglab ketgan. Parraklariga ko‘kimtir suv o‘tlari yopishgan. Birov yolg‘ondan turtib yuborsa, rostdan qulab ketadigandek. Charxpalak nolali g‘iyqillab aylanadi. Kaftida suv ko‘tarib, yuqoriga olib chiqadi. Tepaga chiqib olgan suv ortiga qaytmaydi. Charxpalak ham bunga ranjimaydi. Yangidan yangi suv tomchilarini yuqoriga ko‘tarib beraveradi. Nolali g‘iyqillaydi … Oradan ko‘p yillar o‘tib, o‘sha charxpalak tushlarimga kiradigan bo‘ldi. Nega shunday bo‘lganini uzoq o‘yladim. So‘ng … Bir haqiqatni angladim. Men charxpalakni emas, ustozlarimni qo‘msar ekanman. Suv – suv emas, men ekanman ! Charxpalak – charxpalak emas, o‘qituvchilarim ekan ! Meni katta hayot yo‘liga olib chiqib qo‘ygan ustozlarim zahmatini oqlay oldimmikan ? (108 so‘z ) ( O‘.Hoshimov “Daftar hoshiyasidagi bitiklar “ ) Non Xalqimizning ajib udumlari bor. Beshikda yotgan chaqaloqning yostig‘i tagiga bir burda non qo‘yib qo‘yadilar. Bola yo‘lga kirsa, oyog‘i orasidan kulcha dumalatib, nishonlaydilar. Buvilarimiz sovchilikka non tugib boradilar. Ikki yosh taqdiri qo‘shilganining ramzi sifatida non ushatiladi . Olis va xatarli safarga ketayotgan odamning nasibasi uzilmasin deb, non tishlatib qoladilar. Chavandoz ko‘pkari to‘dasiga kirayotib, beliga non tugib oladi. Dasturxonga eng avval non qo‘yiladi . Ota – bobolarimiz farzandlariga : “ Ko‘chada yotgan non bo‘lagini ko‘rsang, ko‘zingga surtib, pokiza joyga olib qo‘y” ,-deb o‘git beradilar. “ Nondek aziz bo‘l “, - degan duo eng ulug‘ olqish sanaladi. Bu udumlar Alloh tomonidan insonga berilgan ne’matni qadrlash, uvoldan qo‘rqish, farzandlariga halol luqma yedirish uchun odat tusiga kiritilgan. Nonni iymon darajasiga ko‘targan xalqqa ta’zim qiling! (110 so‘z ) ( O‘.Hoshimov “Daftar hoshiyasidagi bitiklar “ ) Osiyo Qadimiy “Osiyo” so‘zi “Sharq” degan ma’noni anglatadi. Bu qit’a Yevroosiyo materigining tarkibidadir. Osiyo bilan Yevropa o‘rtasidagi chegara Ural tog‘lari bo‘ylab o‘tadi. Osiyoda aholi shunchalik ko‘pki, yer yuzidagi har ikki kishining birini osiyolik desa bo‘ladi. Osiyo butun yer yuzidagi quruqlikning uchdan bir qismini egallaydi. Osiyo maydonining to‘rtdan uch qismi tog‘lar va yassi tog‘liklardir. Osiyo markaziy qismida Tibet yassi tog‘ligi joylashgan. U yuqoriga ko‘tarilgan kosaga o‘xshaydi, janubiy chekkasidagi Yerdagi eng baland tog‘lar – Himolay tog‘lari qad ko‘targan. Osiyoning eng janubiy nuqtasi yer sharini ikki yarim shar – shimoliy va janubiy yarim sharlarga ajratib turuvchi hayoliy chiziq o‘tadigan joy – ekvator yaqinida. Osiyoning eng shimoliy nuqtasi Shimoliy Muz okeani qirg‘og‘ida. Osiyoning shimolida yil bo‘yi qor saqlanib turadi, qorbo‘ron va izg‘irin, sovuq shamollar esadi. Qutb yog‘dusi tovlanadi. Bu yerlar tundra deb ataladi. (126 so‘z) Tilni bilgan elni biladi Nutq eng katta boylikdir. Inson nutqi, gapira olishi bilan ulug‘dir. Barcha asrlarda xalqlarni bir-biriga bog‘laydigan, yaqinlashtiradigan asosiy vosita til bo‘lgan. Ayrim tillar hatto xalqlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tagan. Shuning uchun “Til bilgan – el biladi” deydilar. Hikoya qilishlaricha, kunlardan bir kun ulug‘ vazir va shoir Alisher Navoiy Samarqand shahrida bir-biri bilan tortishib savdo qilayotgan ikki insonga duch kelib qolibdi. Ular bir- biriga baqirar, biri “se” desa, ikkinchisi “uch” derdi. Atrofdagi odamlar esa “Narxini tushirma” deb, ularni yanada urishtirar edi. Navoiy ularning oldiga yaqin keldi va har ikkoviga o‘z tilida gapirib tushuntirdi. “Ey, odamlar! Axir ikkovingiz ham bir xil narxni aytyapsiz-ku. Tojik tilidagi “se” o‘zbek tilidagi “uch” degani-ku!”. Barcha odamlar xaxolab kulib yuborishibdi. Shuning uchun odamlar hamisha bir-birini tushunishi, ahil va inoq yashashi uchun bir-birlarining tillarini o‘rganishga harakat qilib keladilar. Boshqa tillarni bilish har bir bilimli kishining ko‘rkidir. (140 so‘z. “Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur”) Belbog‘ O‘sha paytlar juda yosh bola edim. Ko‘zimda o‘t chaqnab turardi. O‘yindan boshqa tashvishim yo‘q edi. Ba’zi narsalarga aqlim ham yetardi. Bir kuni onam chaqirib qoldi. Qo‘llarida nimadir bor edi. Qand bo‘lsa kerak. Yo‘q. Boshqa narsa ekan. Borganimdan so‘ng uni belimga bog‘lab qo‘ydilar. Onamdan buni nima ekanligini so‘radim. – Bu belbog‘ seniki. Otangda ham bor, bobongda ham bor, uning bobosida ham bo‘lgan. Baxting shunda, belbog‘ingni yecha ko‘rma! – dedilar onam. Shu-shu bu belbog‘ menga aziz bo‘lib qoldi. Uni hech kimga ishonmadim. Chang-dog‘ tegmasin deb asradim. Iplari so‘kilmasin, deb juda juda hushyor bo‘ldim. Yoshim ulg‘aygan sari uni ham yaxshi ko‘raverdim. Birovga berishni xayolimga ham keltirmadim. Endi u orim, nomusim, g‘ururimga aylangandi. Unda otamning qo‘llari, onamning nurli siymosi, yaqinlarimning tafti bor. Ajdodlarimining bo‘ylari bor unda. Shukur, belbog‘im – orim, faxrim, bor-budim o‘zimda. Belbog‘imdagi “Vatan” degan yozuvni ko‘zlarimga surtaman. (133 so‘z. Behzod Fazliddin, “Hikoyalar”) Kuz Bo‘ston qishlog‘ida og‘ir-vazmin qadamlar bilan kuz kirib keldi. Chor-atrof yaproqlarning mungli shivir-shiviriga to‘ldi. Qishloqni halqaday o‘rab oqayotgan anhor birdan tiniqlashdi. Telba to‘lqinlar endi jilovlanib, yuvosh tortib qoldi. Odamlar qishdan cho‘chiganday, shosha-pisha harakatga tushdilar. Kimdir chorbog‘idan o‘tin arraladi, kimdir qo‘shnisining bog‘ ishlariga hasharga chiqdi. Hamma yagona bir tashvish – kuz tashvishi bilan turib, kuz tashvishi bilan turib, kuz tashvishi bilan yotadigan bo‘ldi. Faqat bitta hovlida – qishloq chekkasidagi shundoqqina anhor yoqasida joylashgan hovlida sukunat hukm surar, faqat bir kishi o‘z tashvishi bilan band edi. Alimardon o‘z ovozidan cho‘chib uyg‘onib ketdi. Anchagacha qayerda yotganini bilolmay, ko‘zlarini katta-katta ochgancha shiftga tikilib qoldi. A’zoyi badani o‘t bo‘lib yonar, peshonasini muzday ter bosgan, bir tutam sochi ter aralash qoshlariga yopishib qolgan edi. (116 so‘z. O‘tkir Hoshimov) Karvonsaroy Xuroson mamlakati poytaxtiga aylangan G‘azna shahriga kirish darvozasi yonida bunyod etilgan karvonsaroyda dunyoning hamma chekkalaridan savdo-sotiq ishlari bilan kelgan turli millat, qavm, elatlarga mansub savdo ahliga yo‘liqasiz. Nariyog‘i Iroq, Misr Yunoniston, Makka-yu Madinadan, berirog‘i Qoshg‘ar, Hindiston va Chindan, Buxoro, Samarqand singari mamlakat va shaharlardan kelganlarining son-sanog‘i yo‘qdek. Kashmiriy zarbof shohilar, turli qimmatbaho zargarlik buyumlari, nodir xitoyi chinni asboblar, don-dun, meva-cheva deysizmi, hamma-hammasi bor bunda. Bir tomondan turli gazlama, uy-ro‘z’gor buyumlari ortilgan aravalar, tuyalar, ot-ulovlar tirband. Odamlar chehrasiga boqib, kelgan yurtini bilib olish qiyin emas. Ayniqsa, Hindistondan keltirilgan mollar, turli, rangorang shohi sarilar yoki zargarlik buyumlari behisob. Savdo ahlining G‘aznaga oqib kelishiga tag‘in bir sabab, bunda kundan-kun rivoj topib, kengayib borayotgan G‘aznaviylar salatanati dovrug‘i bo‘ldi. (121 so‘z. M.Qoriyev) Qаlаm Аjdоdlаrimiz siyoh bilаn yozilаdigаn qаmish yoki sаvаg‘ich qаlаmdаn kеng fоydаlаnishgаn. Bu mumtоz аdаbiyotimizdа хоmа dеb tilgа оlinаdi. Qаlаmning o‘qqаlаm, tеmirqаlаm, tоshqаlаm dеgаn turlаri hаm bоr. Mo‘yqаlаm tаsviriy sаn’аtdа ishlаtilsа, tоshqаlаm vа tеmirqаlаmlаrdаn qаtti jismlаrni o‘yish, kеsish, birоr nаrsаni tаsvirlаsh, yog‘оchlаrgа gul sоlishdа fоydаlаnilgаn. Qаlаmning tаkоmil yo‘li insоniyatning rаvnаq etа bоrishi bilаn chаmbаrchаs bоg‘liqdir. Bugungi mаdаniyatning ibtidоsi qаlаmgа bоrib tаqаlаdi. Ilk qаlаm- tоshqаlаm. Hоzir esа eng kеng tаrqаlgаn turi stеrjеnli ruchkаdir. Yo‘l usti bo‘lsа-dа, tilimizning bоyligini ko‘rsаtish mаqsаdidа, qаlаm so‘zining ko‘chmа mа’nоlаrigа qisqаchа to‘хtаlib, bir nеchа misоl kеltirаmiz. Mаsаlаn, qаlаm аhli: yozuvchi vа shоirlаr, jurnаlist vа оlimlаr. Qаlаmi o‘tkir: fikrini tа’sirchаn qilib yozа оlаdi. (101 so‘z. А.Ibrоhimоv «Yorug‘lug‘» kitоbidаn) Odobli bola Оdоbli bоlа ko‘chаdа yurgаnidа оyoq оstigа qаrаb yurаdi. Tо mаktаbgа bоrgunchа bir rаvishdа bоrsinki, hаr bir ko‘rgаn kishi ungа tаhsin qilib, rаhmаt аytsin. Оdоbli bоlа mаktаbgа kirgаndа, kаmоli tа’zim ilа ustоz-u dоmlаsigа sаlоm bеrаr vа hаr kuni o‘tirаdigаn jоyigа o‘tirаr. Sаlоmаtlik ilа shukurlаr izhоr etib, hоl so‘rаshаr... Оdоbli bоlа mаktаbdа hаmmа vаqt o‘z ishigа mаshg‘ul bo‘lаr. Birоr vаqt umrini bеkоr o‘tkаzmаs. Hаr nаfаsdа bir ishni shаhоnа qilib mаktаbdаn tаshqаri chiqib, bеhudа so‘zlаrni so‘zlаb yurmаs. Mаktаbdа bоlаlаr rоhаtlаnmоq uchun hаm bir оz vаqt bоrdir. O‘shа vаqtdа ustоzlаrning ijоzаti bilаn rоhаtlаnib o‘ynаshlаri kеrаk. U ota-onasiga doimo rahmatlar yog‘diradi. Odobli bola har joyda el nazaridan qolmay yurar. (105 so‘z)(“Nаsihаtnоmа” dаn) Vatan Vatan - keng va ko‘p miqyosli tushuncha. Vatan ostonadan boshlanadi. Vatan sen yashab kelayotgan, ulg‘ayayotgan uy, ota-onang, aka-uka, opa-singillaring, hovlidagi daraxtlar, har kuni non yopiladigan tandir. Vatan - katta-kichik to‘yga keladigan, azada jamlanadigan, chollari guzarda gurunglashadigan, masjidlaridan azon eshitiladigan qadrdon mahalla. Vatan – paxta rejasi sal ilgariroq bajarilsa, boshing osmonga yetadigan viloyat. Vatan tuprog‘idan oltin unuvchi, tog‘larining boshi ko‘kka yetgan, bog‘-bo‘stonga to‘la O‘zbekiston. Vatan - biz yashab turgan kurrai zamin. Besh barmoq bir bo‘lsa musht bo‘ladi. Kim g‘araz va adovat bilan tajovuz qilsa, ta’zirini berishadi. Neki yumush, neki mushkul ish bo‘lsa, osongina hal etadilar. O‘zbek, tojik, qozoq, qirg‘iz, turkman – besh barmoqqa qiyos. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Bu aziz Vatan, ko‘hna Turkiston barchamizniki”,- deyishlari shunga joizdir. Aqlli bola Bir kuni kechasi ot ustida borayotgan Alisherni uyqu bosib, ko‘ziga qum tiqila boshladi. Kunduz kuni salqin bir buloq bo‘yida chodir tikib, hamma orom olgan paytda, Alisher bir- ikki bola bilan sahrodagi katta kaltakesaklarni quvib, juda charchadi. Mana endi yarim kechada uyqu bosib, boshi garang bo‘lib qoldi. Kichkina chavandozning egar ustida uxlab qolganini sezgan ot esa yurishini sekinlatib orqada qolib ketdi. Tong payti Alisherning oti nimanidir hurkib ketib, uni yiqitib yubordi. U qayerdaligini bilmay hayron bo‘lib o‘tirdi. Nihoyat, hushi o‘ziga kelgach, bepoyon cho‘lda bir o‘zi qolganini ko‘rib, juda qo‘rqdi. Alisher otasidan, Iroq viloyati kun botish tomonda, Hirot - kun chiqishda, degan gapni eshitgan edi. Aqlli bola kun yorishib kelayotgan tomonga qarab yurib ketdi Insonning eng qudratli boyligi Inson o‘z aql-idroki, bilimi bilan barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tishga qodir. Bilim insonlarni barcha yomon, yaramas ishlardan tiyib turadi. Bilim egalari hamisha elda aziz bo‘lganlar va hurmat qozonganlar. Mamlakat ishiga nafi tegadigan kishilar avvalo bilimli va donishmand kishilardir. Jahonda bilimdan ulug, bilimdan aziz narsa yo‘q. Insoniyat rivojiga o‘z hissasini qo‘shadigan bilimli kishilar hozir olimlar deb ataladilar. Olimlar tabiat va jamiyat bilan bog‘liq hodisalarni o‘rganadigan, ulardan xulosa chiqaradigan va qonuniyatlarni aniqlab, o‘zidan keyingi avlodlarga yetkazadigan insonlardir. Ularning mehnati bilan bebaho fikrlar xazinasi bo‘lmish kitoblar dunyoga kelgan. Qadimgi vaqtda esa olimlar donishmandlar deb atalib, ular bir necha sohalar bilan shug‘ullanganlar. Shunday qomusiy sharq olimlaridan Abu Ali ibn Sino, Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniylarning yaratgan asarlari jahon ilm xazinasining poydevorlari hisoblanadi. Barcha kashfiyotlar, insoniyat erishgan yutuqlar va hozirgi taraqqiyot olimlarining mehnati natijasidir. (130 so‘z ,,O‘zbek tili’’ darsligi) Ilm xosiyati haqida Hadisi sharif va islomning boshqa muqaddas kitoblarida ilm ezgulik, poklik, insonlarni turli ofatlardan asrovchi vosita sifatida qaraladi. Ilm – bu hikmat, poklik ramzi, ilmsizlik jaholatdir, deb uqtiriladi. Ilm - imon-e’tiqoddir va ular egizak sanaladi. Har qanday ilmli kishi esa o‘z bilimiga amal qilgan holda odamlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, maslahat bermog‘i lozim. Ilm-u hikmatlar o‘tkinchi bir narsa emas, u uzoq yillar insonlar bilan birga yashaydi. Hikmatlarda ilmli kishi mevali daraxtga o‘xshatiladi. Ilm kishilarni odillik va odamiylikka undaydi. Suv yer chanqog‘ini qondirganidek, ilm ham kishilarga ezgulik, yaxshilik keltiradi. Ilm va hikmat o‘rganmoq mo‘min kishining yuksak fazilatidir. Chunki ilm-kishilarga tayanch, rahnamo, zeb-u ziynat. Ilm - sahroda do‘st, hayot yo‘llarida tayanch, yolg‘iz damlarda yo‘ldosh, baxtiyor daqiqalarda rahbar, qayg‘uli onlarda madadkor. (115 so‘z. “Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur”) Sumalak Sumalak – xushxo‘r va tansiq taom. Sumalak tayyorlash uchun bug‘doy tozalanib, sovuq suv bilan yuviladi. So‘ng uch kun ivitib qo‘yiladi. Bug‘doy nish urgach, toza taxta ustiga 1-1,5 santimetr qalinlikda yoyilib, quyosh tushmaydigan joyga qo‘yiladi. Bug‘doy unib chiqqunga qadar har kuni ertalab suv sepib turiladi. Bug‘doy maysasi igna bo‘yi bo‘lgach, maysa qiymalanadi, ustidan suv quyib aralashtiriladi, sharbati dokadan suzib olinadi. Shu tariqa sharbati uch marta olinadi. Qozonda paxta yog‘i dog‘lanadi, yoqqa un va birinchi suzilgan sharbat aralashtiriladi va baland olovda qaynatiladi. So‘ngra, ikkinchi, uchinchi suzilgan sharbat quyilib, baland olovda qaynatish davom ettiriladi. Sumalak tagiga olmasligi uchun qozonga 15-20 ta yong‘oq yoki silliq toshchalar yuvib solinadi va beto‘xtov kovlab turiladi. Sumalak 10-12 soat qaynashi lozim. Sumalak pishgach, qozonning olovi olinib, 2-3 soat davomida dimlab qo‘yiladi. Inson quvvatlari Odamzod ibtidosidan bo‘ladigan quvvatlar so‘zlash quvvati, tanlash quvvati, xayol quvvati, sezish quvvatlaridir. Bulardan so‘zlash quvvati shunday quvvatki uning yordamida inson bilim va hunar egallaydi, uning yordamida xulq-atvoridagi xunuk va go‘zal harakatlarni ajrata biladi va bajarilishi zarur bo‘lgan –bo‘lmagan ishlarni ado etadi, shu bilan birga zararli yoki foydali narsani, lazzatli va achchiq narsalarni fahmlaydi. Tanlab olish xosiyatiga kelsak, buning yordamida inson biror narsani istaydi yoki undan qochadi, unga beriladi yoki undan jirkanadi, undan ta’sirlanadi yoki tortinadi. Buning natijasida nafrat va muhabbat, do‘stlik va dushmanlik, qo‘rqinch va qo‘rqmaslik, g‘azab va rozilik kabi his–tuyg‘uga oid holatlar paydo bo‘ladi. Xayol etish xosiyati esa his etilgan, sezilgan narsalar ko‘zdan yo‘qolgandan keyin uning shakli va qiyofsini xotirada saqlab qolishdir. Kitob – oftob Kechqurunlari uyimizda hamma kechki ovqatga yig‘ilganida dasturxon atrofida suhbat qizib ketar edi. Dadam shunda o‘zlarining yoshliklari o‘tgan zamondan, o‘sha biz uchun afsonaga o‘xshagan voqealarni aytib, ba`zan kuldirib, ba`zan o‘yga toldirib qo‘yar edilar. Bu suhbatlar bir xil mavzularda bo‘lar edi.Ba`zan suhbatlar munozara, bahsga aylanib ketar edi. Dadam bir pas bo‘sh vaqtlari bo‘lsa o‘qirdilar, mashinada ketayotib ham, samolyotda uchayotib ham, kemada suzayotib ham kitob o‘qir edilar. Agar bizning uyimizga keladigan gazeta, jurnallarning nomini eshitsangiz hayron bo‘lardingiz. Dadam obuna uchun pul ayamas edilar. Shuncha yozishlari, do‘stlari, qarindosh-urug‘lari, yor-birodarlari bilan muloqotda bo‘lishlaridan tashqari o‘qishga, albatta, vaqt topar edilar. Eng yaxshi ko‘rganlari kechasi o‘qish edi. Yotoqxonalarida tumboсhkada har kuni kechasi o‘qish uchun kitob g‘amlab qo‘yar edilar. (113 ta so‘z) Rayhon Shiyponning o‘ng tomoni katta gulzor. Atrofiga jambil, rayhon o‘rtasiga anvoyi xil rangdagi atirgullar ekilgan. Choyxonaga kelgan kishi bir nafas gulzor yonida turib, rayhonlarni silkitishdan, to‘yib-to‘yib hidlashdan o‘zini tiyib turolmaydi. Shu zaylda rayhonlar erta-yu kech tinim bilmay silkinadi. Rayhon hidini butun tolzor bo‘ylab taratib, dimoqlarni chog‘ qiladi. Gul shaydosi Orif otaning-ku, erta-yu kech chakkasida rayhon. Tong pallasida bir dastasini do‘ppi tagidan qistirib olganicha, yostiqqa bosh qo‘yadi-yu, rayhonni yoniga tashlaydi. Hidi kelib turmasa ishidan yanglisharmish, uyqusi qocharmish. Orif ota gullar ta’rifini hikoya qilguday bo‘lsa, hamsuhbatining og‘zini ochirib qo‘yadi. Bitta rayhonning necha turini sanab, biridan birining farqini aytib beradi. Uning nazarida, gullar ichida, nainki gullar, jamiki nabodot olamida rayhondek xushbo‘yi yo‘qmish. Huda-behudaga so‘lib, qurimaydi. Dimog‘ingni chog‘ qilsa, oshingni xushta’m qiladi. (115 сўз, Rahmat Fayziy) Vijdon Vijdon – bu kishining kundalik faoliyati,qilmishi,fe`l-atvori uchun oila, jamoat,jamiyat va Vatan oldida ma`naviy mas`uliyat his etishidir. Shu yuksak axloqiy tushuncha shaxsni ijobiy xatti –harakatlarga undab va shunga moyil qilib, o‘z faoliyatiga o‘zi baho berishga olib keladi. Vijdonli kishi nohaq, adolatsiz ishlardan g‘azabga keladi, bularga qarshilik bildiradi; o‘z faoliyatining yaxshi tomonlaridan qanoatlanib, xursand bo‘lsa, yomon tomonlaridan norozi bo‘lib, ruhan eziladi, ya`ni vijdon azobiga uchraydi. Vijdon- tug‘ma xislat deyuvchilar ham bor. Vijdon – kishilarning yashab turgan sharoitiga, olgan ta`lim – tarbiyasiga bog‘liq , deb hisoblovchilar ham mavjud. Biz o‘zimizning turmush tajribamizda aslida vijdonsiz kimsaning voyaga yetib, o‘qimishli, katta odam bo‘lib yetishganidan keyin vijdonli bo‘lib qolganini uchratmadik. Vijdon ko‘p yoki oz bilimlilikka, boy yoki kambag‘al bo‘lishlikka, oddiy yoki mashhurlikka bog‘liq emas. (120 ta so‘z) Ota-ona – oltin qanot Jahonning hamma xalqlari kabi o‘zbek xalqi ham qadim-qadimdan ota-onani olamda eng ulug‘, eng mo‘tabar, eng muqaddas zot deb biladi va o‘z dunyoqarashida, yozma va og‘zaki adabiyotida, san`atda, kundalik muomalasida, ibratli so‘zlarida ota-onaning farzand uchun qanchalar qadr-qimmatli, mehribon, madadkor, ma`naviy tayanch ekanligini qayd etadi. Ularni umrbod e`zozlash, izzat-hurmat qilish, qadriga yetish, boshiga ko‘tarib yurish, ularning gapini yerda qoldirmaslik, aytganini qilish, nasihatlariga quloq solish, dilini og‘ritmaslik, la`nat-u qarg‘ishiga qolmaslik, aksincha, yaxshilik qilib, oq sutini oqlab, ularni rozi qilib, olqish-u duosiga sazovor bo‘lish, ularning boshlagan ishlarini, an`analarini davom ettirish nihoyatda zarur, eng muqaddas burch ekanligi qayta-qayta uqtiriladi. Buyuk shoirimiz Navoiy bu haqda shunday deganlar: Boshni fido ayla ato qoshig‘a, Jismni qil sadqa ano boshig‘a. Tun-kuningg‘a ylagali nur fosh, Birisin oy ayla, birisin quyosh. (127 ta so‘z. “Hikmatnoma” kitobidan) Ona allasi Musiqa hayratli va takrorlanmas hodisa. Bu bizning tuyg‘ularimizni junbushga keltiradi, to‘lqinlantirib, ko‘ngillarimizga huzur beradi, ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi, ezgulikka undaydi, ma`naviy boyitadi. Musiqaning mudom “yashashi” uchun tabiiy sharoit va ehtiyoj mavjud. Ajdodlar tomonidan to‘plangan musiqaviy san`atlar muntazam ravishda boyib, takomillashib boradi. Mana shu jarayonda bola ilk qadamlaridanoq hayotbaxsh musiqadan bahramand bo‘ladi. Ona allasini ham san`atning musiqiy-hayotiy shakllari silsilasiga kiritish mumkin. Alla bolani uxlatish uchungina mo‘ljallangan oddiy qo‘shiq emas. U ona va bola orasidagi umumiy, asrlar davomida saqlangan maxsus munosabatlar uchundir. Ona allasi shaklini olgan bu munosabatlar onadan bolaga o‘tmishdagi ajdodlar donishmandligining o‘tishiga, bolaning hayotga tabiiy kirib kelishiga imkon yaratadi, uni tarbiyalaydi. Ona allasi faqat onaga xos bo‘lgan hissiy noziklikni ifodalaydi hamda qalbining tub-tubidan chiqib keladi. Ona butun vujudi, ruhiyati bilan sug‘orilgan ohanglar vositasida o‘zining eng muqaddas, eng ezgu tuyg‘ularini, orzu-istaklarini farzandiga yetkazadi, ana shu asnoda uni tarbiyalaydi. Vatan tarixi Har bir viloyatda yoki qishloqda tariximiz zarvaraqlariga oltin harflar ila bitilsa arzigulik kashfiyotlar yashirin . Bular odob va odatimizda, tabiatimizda yashaydi . Rahmatlik bobom aytgan edilar: Forobiy Toshkentga kelganida Beshyogochdagi madrasada tahsil olgan ekan . Abdulla Avloniy uning ruhini shod etib, xuddi o‘sha yerga o‘z maktabini qurdi . Chirchiq daryosi toshib, Forobiy kitob mutolaa qilgan kutubxona binosi buzilganda bir hafta suvda kitob oqqan ekan. O‘sha kitoblarni kim o‘qigan ? Qadimshunoslar uzoq Surxondaryodagi Dalvarzintepadan Budda haykalini topishibdi. Budda dini hukmron bo‘lmish Yaponiya ziyolilari esa hayratda qolishibdi. Endi esa o‘sha yapon olimlari o‘zbek arxeologlari bilan hamkorlikda Dalvarzintepani o‘rganishmoqda. Budda dini bizning sarhadlarimizga qaysi yo‘l bilan tarqalgani-yu u Yaponiyaga qanday borib qolganini aniqlashmoqda. Sarhadimizda qanday qonunlar kashf qilingan yoki hukm surgan bo‘lsa, o‘sha odatimizda qolgan desam ishonasizmi? (117 so‘z) Vaqting ketdi — baxting ketdi Insonning hamma vaqti ham ish, o‘qish bilan band bo‘lavermaydi. Aytaylik, ota- onaga qarashish, darsda bo‘lish, darsga tayyorlanish, maktab yoki boshqa muassasalarda, jamoat ishlarida qatnashish bilan bir qatorda orada bo‘sh vaqt ham bo‘ladi. Ana shu bo‘sh vaqtdan unumli, maqsadli foydalana bilish, uni bekorga ketkazmaslik ham oqilona ishlardandir. Ammo, ayrim bolalar bo‘sh vaqtlaridan to‘g‘ri foydalanmaydilar. Eng noyob boylik — bo‘sh vaqtini behudaga o‘tkazib, bir- birlari bilan gaplashib o‘tirish, arzimagan mayda-chuyda narsalar ustida bahslashish, ko‘cha-ko‘yda sanqib yurish bilan kun o‘tkazuvchi bolalarni ko‘rib afsuslanasan, kishi. Жismoniy va aqliy yetuk inson bo‘lib yetishuvida bo‘sh vaqtni to‘g‘ri taqsimlash, undan oqilona foydalana bilish muhimдир. Dono xalqimizning: «Vaqtning qadriga yet», «Vaqting ketdi — baxting ketdi» deyishi xuddi ana shu bo‘sh vaqtni qadrlay olish, undan unumli foydalanishni ko‘zda tutib aytilgan. ( 114 So‘z, Malik Murodov “Oltin sandiq ochildi” to‘plamdan Ajoyib qo‘lyozma G‘iyosiddin kichkina qish kunlari o‘z uyida bo‘lgan o‘tirishlardan birini unutmaydi. Anchagina mehmonlar yig‘ilgan. Shirin suhbat boshlangan. -Aziz mehmonlar, bugun men sizlarga san’atning nodir bir asarini ko‘rsatmoqchiman. G‘iyosiddin shunday dedi-yu, tokchadan bir ajoyib qo‘lyozma asarini oldi. Kitobga xattotning ham, naqqoshning ham, muqovasozning ham xiylagina mehnati singganligi ko‘rinib turardi. Shohidbek silliq qog‘oz betiga zo‘r mahorat bilan zarhal naqsh chizilgan. Sahifaning keng havorang hoshiyalari zarhal kumush rasmlar bilan bezalgan. Qo‘lyozma qo‘ldan qo‘lga o‘tar ekan yuqoridanmi, o‘ymakor eshik ortidanmi mayin musiqa eshitildi. Kuy gohi yaqinlashar, goh yana uzoqlashardi. Uyga naychi kirib keldi. Unga javob qilganday, uyning bir burchagida o‘tirgan yana bir sozanda g‘ijjak chalib yubordi. Hamma jim bo‘lib, mungli, lekin orombaxsh kuyga quloq soldi. (110 ta so‘z) Uloqda Handalak tilimi shaklidagi jarlik tepasida tumonat odam. Baqir-chaqiriqlar avjida. Ko‘pchilikning ko‘zi uloq olib ketayotgan chavandozga qadaldi. Chavandozning birinchi bor omadi yurgan bo‘lsa kerak, otining tez chopayotganiga ham qoniqmay, qamchilagani-qamchilagan. Hovliqqanidan atrofdagilarga qo‘shilib ovozi boricha “hayt- huyt” lab, o‘zini ko‘rsatish uchun pakkaga to‘g‘ri yo‘l qolib, egri yo‘ldan aylanib borardi. Yigit uloqni pakkaga tashlagach, ortidan quyundek yopirilib kelgan uloqchilar uymalashib qolishdi. Ular yerdan echkini olgunlariga qadar orqadan yana bir to‘da uloqchilar ham yetib kelishdi. Chavandozlar uloqqa yopishar, otlar tuyog‘idan qadam bosishga joy yo‘q. G‘ij- gij to‘daning ustidan quyuq hovur ko‘tariladi. Ur-sur, to‘polon. Qamchilar havoda uchar, otlar jon-jahdlari bilan kishnar, chavandozlar baqirardi. Qo‘llar uloqqa cho‘zilgan, ba’zilar tutgan, ba’zilari tutolmagan. Chavandozlar soydan esayotgan izg‘irinni ham, kutilmaganda kelib tushgan qamchi zarbini ham o‘yin qizig‘ida sezishmasdi. Go‘yo ular tasodiflarga boy mana shu uloq o‘yini uchun tug‘ilishgandek. (133 ta so‘z) Download 394.99 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling