shartnoma loyihasi — buyurtmachi bilan O‘zbekiston Respublikasi rezidenti o‘rtasida milliy valyutada tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotib olish to‘g‘risida tuziladigan shartnoma loyihasi;
import kontrakti loyihasi — to‘lov valyutasidan qat’i nazar tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) import qilish to‘g‘risida buyurtmachi bilan O‘zbekiston Respublikasi norezidenti o‘rtasida tuziladigan shartnoma loyihasi;
qo‘shimcha kelishuv loyihasi — tomonlar o‘rtasida ilgari tuzilgan shartnomaga hamda import kontraktiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini nazarda tutuvchi hujjat loyihasi;
benefitsiar mulkdor — pirovardida mulkiy huquqlarga egalik qiladigan yoki kontrakt bo‘yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchini amalda nazorat qiladigan jismoniy shaxs.
3. Shartnomalar, import kontraktlari va/yoki qo‘shimcha kelishuvlar loyihalarini ekspertizadan o‘tkazganlik uchun haq undiriladi va uning summasi Markaz hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.
4. Ushbu Nizomda ko‘zda tutilgan shartnoma, import kontrakti va/yoki qo‘shimcha kelishuvlar belgilangan tartibda ularning loyihalari ekspertizadan o‘tkazilgandan, imzolangandan, kuchga kirgandan va Markazda ro‘yxatga olingandan so‘ng ijro etilishi lozim. Bunda tomonlarning shartnoma majburiyatlari to‘liq yoki qisman bajarilgan shartnomalar, import kontraktlari va ularga qo‘shimcha kelishuvlar, shuningdek, loyihasi avval Markazda ekspertizadan o‘tmagan shartnoma va import kontraktiga tuzilgan qo‘shimcha kelishuvlar loyihalari Markazda ekspertizadan o‘tkazilmaydi.
2-bob. Markazda ekspertizadan o‘tkazilishi va ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shartnomalar, import kontraktlari va qo‘shimcha kelishuvlar loyihalari
5. Quyidagilar Markazda kompleks ekspertizadan o‘tkazilishi lozim:
tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridini to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida amalga oshirishga ruxsat berilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida tuziladigan, tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati bir shartnoma bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh ming (budjet buyurtmachilari uchun olti ming) baravari miqdoridan yuqori bo‘lgan shartnomalar, import kontraktlari va ularga qo‘shimcha kelishuvlar loyihalari, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno;
davlat tashqi qarzi (xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari qarz mablag‘lari bundan mustasno) hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirish doirasida tender hujjatlari Markazda kompleks ekspertizadan o‘tkazilmasdan tuziladigan qiymati 1 million AQSh dollari ekvivalentiga teng va undan yuqori bo‘lgan import shartnomalari va ularga qo‘shimcha kelishuvlar loyihalari.
6. Mazkur Nizomning 5-bandida ko‘rsatilmagan davlat buyurtmachilari va tadbirkorlik subyektlari qiymati bazaviy hisoblash miqdorining olti ming baravaridan oshgan shartnomalar, import kontraktlari va ularga qo‘shimcha kelishuvlar loyihalarini Markazga kompleks ekspertizadan o‘tkazish uchun ixtiyoriy ravishda shartnoma asosida kiritishlari mumkin.
7. Mazkur Nizomning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va investitsiyaviy bitimlarida o‘zgacha tartib nazarda tutilgan taqdirda, shartnomalar va import kontraktlari loyihalariga tatbiq etilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |