Qaytariladigan va qaytarilmaydigan xarajatlar
Qaytariladigan xarajatlar – firma qaytarib olishi mumkin bo‘lgan xarajatlar (faoliyatini to‘xtatgandan so‘ng ham).
Qaytarilmaydigan xarajatlar – firma hech qachon qaytarib ololmaydigan xarajatlar. Bularga misol, firma registratsiyasi va lisenziya olishi uchun qilingan xarajatlar. Qaytarilmaydigan xarajatlar firmani bozorga kirishi va chiqishi uchun qilinadigan xarajatlardir. Qaytarilmaydigan xarajatlar oldin qilingan xarajatlar bo‘lib, ularni qaytadan tiklash mumkin emas. Bu xarajatlar qaytarilmasligi uchun ham firmaning qaror qabul qilishiga ta’sir qilmaydi. Masalan, firma 100 ming so‘mga maxsus uskuna sotib oldi, lekin firmaning qarori o‘zgardi va bu uskuna umuman kerak bo‘lmay qoldi, undan alternativ foydalanish varianti mavjud emas. Firma ushbu uskunani 60 ming so‘mga sotib, 40 ming so‘m zarar ko‘rdi. 40 ming so‘m qaytarilmaydigan xarajat hisoblanadi va firmaning harakatiga ta’sir qilmaydi.
4.Ishlab chiqarishning qisqa muddatli xarajatlari
Qisqa muddatli davr mobaynida resurslarning bir qismi o‘zgarmas holatda, boshqa bir qismi ishlab chiqarish xajmining ortishi yoki kamayishi natijasida o‘zgarishi mumkin.
Unga mos ravishda qisqa muddatdagi xarajatlar doimiy (o‘zgarmas) va o‘zgaruvchan xarajatlarga bo‘linadi.
O‘zgarmas (Doimiy) xarajat (FC - Fixed cost) - bu qisqa muddatli oraliqda mahsulot ishlab chiqarish hajmiga bog‘liq bo‘lmagan xarajatdir (mahsulot ishlab chiqarish hajmi oshganda ham, kamayganda ham o‘zgarmaydigan xarajat). O‘zgarmas xarajatlarga binodan, texnikadan, inshootlardan, ishlab chiqarish uskunalaridan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlar, ijara haqi, sug‘urta to‘lovlari, bank kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlari, amortizasion ajratmalar, kapital ta’mirlash, ma’muriy xarajatlar kiradi.
O‘zgaruvchan xarajat (VC - Variable cost) - mahsulot ishlab chiqarish hajmiga bog‘liq bo‘lgan xarajat, ya’ni mahsulot hajmi oshganda yoki kamayganda o‘zgaradigan xarajat. O‘zgaruvchan xarajatlarga xom ashyoga, elektroenergiyaga, gazga, yordamchi materiallarga bo‘lgan xarajatlar hamda ish haqi kiradi.
Doimiy va o‘zgaruvchan xarajatlarning yig‘indisi yalpi xarajatlarni keltirib chiqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |