Investitsiyaning iqtisodiy mazmunini qisqacha ta’riflang.
Investitsiyalar – asosiy va aylanma kapitalni qayta tiklash va ko’paytirishga, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga qilingan sarflarning pul shaklidagi ko’rinishidir. U pul mablag’lari, bank kreditlari, aksiya va boshqa qimmatli qog’ozlar ko’rinishida amalga oshiriladi. Pul mablag’lari ko’rinishidagi investitsiya nominal investitsiya, ana shu pul mablag’lariga sotib olish mumkin bo’lgan investitsion resurslar real investitsiya deyiladi.
Investitsiyalarni ro’yobga chiqarish bo’yicha amaliy harakatlar - investitsion faoliyat, investitsiyalarni amalga oshiruvchi shaxs - investor deyiladi.
Investitsiya faoliyati quyidagi manbalar hisobiga amalga oshirilishi mumkin:
investorlarning o’z moliyaviy resurslari (foyda, amortizatsiya ajratmalari, pul jamg’armalari va h.k.);
qarz olingan moliyaviy mablag’lar (obligatsiya zayomlari, bank kreditlari);
jalb qilingan moliyaviy mablag’lar (aksiyalarni sotishdan olingan mablag’lar, jismoniy va huquqiy shaxslarning pay va boshqa to’lovlari);
davlat byudjeti mablag’lari;
chet elliklar mablag’lari.
Investitsiyalarga sarflarning darajasini qanday omillar belgilab beradi? Ularning qisqacha tavsifini bering.
Investitsiyalarga sarflar darajasini ikkita asosiy omil belgilab beradi:
1) investitsiya sarflaridan kutilayotgan foyda normasi;
2) foiz stavkasi.
Investitsiyalarga qilinadigan sarflarning harakatlantiruvchi motivi foyda hisoblanadi. Тadbirkorlar ishlab chiqarish vositalarini qachonki ular foyda keltiradigan bo’lsa, sotib oladilar.
Investitsiyalar darajasini belgilaydigan ikkinchi omil foizning real stavkasi hisoblanadi. Foiz stavkasi bu - real asosiy kapitalni sotib olish uchun zarur bo’lgan, band qilingan pul kapitaliga korxona to’lashi lozim bo’lgan pul miqdori hisoblanadi. Agar kutilayotgan sof foyda normasi (masalan, 10 foiz) foiz stavkasi (7 foiz)dan ortiq bo’lsa investitsiyani amalga oshirish maqsadga muvofiq bo’ladi. Aksincha, foiz stavkasi (aytaylik, 12 foiz) kutilayotgan sof foyda normasidan (10 foiz) ortiq bo’lsa, investitsiyalash samarasiz hisoblanadi.
Investitsiya darajasiga kutilayotgan sof foyda normasi va foiz stavkasidan tashqari boshqa quyidagi omillar ham ta’sir ko’rsatadi.
1. Mashina va uskunalarni xarid qilish, ishlatish va ularga xizmat ko’rsatish xarajatlari.
2. Тadbirkorlardan olinadigan soliq miqdori.
3. Тexnologik o’zgarishlar.
Shunga ham e’tibor qaratish lozimki, yalpi sarflar tarkibining investitsiya sarflariga oid qismi yalpi xususiy ichki investitsiyalar deb yuritiladi. Shunga ko’ra yalpi va sof investitsiyalarni ham bir-biridan farqlash zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |