Iqtisodiy ta'limotlar


Download 2.25 Mb.
Pdf ko'rish
bet4/151
Sana16.07.2023
Hajmi2.25 Mb.
#1660619
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   151
Bog'liq
ИҚТИСОДИЙ ТАЪЛИМОТЛАР ТАРИХИ Ўқув қўлланма

 



KIRISH 
"IQTISODIY TA'LIMOTLAR TARIXI" 
KURSINING PREDMETI VA USLUBI 
"Iqtisodiy ta'limotlar tarixi" kursi iqtisodiy fanlar tizimida muhim 
o`rinni egallaydi. 
Insoniyat o`zining ko`p ming yillik tarixi davomida katta iqtisodiy va 
ijtimoiy taraqqiyot yo`lini bosib o`tgan. Har bir davrda u yoki bu mamlakatda 
ayrim shaxslar (olim yoki hokimlar) tomonidan shunday iqtisodiy ahamiyatga 
molik fikr, g`oya, nazariya, konsepsiyalar ilgari surilgan va amalga 
oshirilganki, bir holda shular tufayli davlat va xalqlar ravnaq topgan, ba'zida 
tushkunlikka uchragan. Ana shu iqtisodiy g`oyalarni har tomonlama chuqur 
o`rganish, tahlil etish, ular orasidan umumbashariy ahamiyatlilarini ajratib olib, 
hozirgi davrga, ya'ni hayotga tadbiq etish nihoyatda ham amaliy, ham nazariy 
foydalidir, chunki ularda ko`p yillik tajriba mujassamlashgan bo`ladi. 
"Iqtisodiy ta'limotlar tarixi" fanining predmeti bo`lib, ma'lum 
davrlardagi u yoki ijtimoiy qatlamlar, insonlar manfaatini ifoda etuvchi 
iqtisodiy g`oyalar va ijtimoiy konsepsiyalarning vujudga kelishi, rivojlanishi va 
almashinuvining tarixiy jarayoni hisoblanadi. 
Bu g`oyalar ayrim iqtisodchi olimlar, nazariy maktablar, oqimlar va 
yo`nalishlarga tegishlidir. Iqtisodiy ta'limotlar tarixi mustaqil fan sifatida eng 
qadimgi davrdan boshlab to hozirgi zamongacha vujudga kelgan asosiy 
iqtisodiy fikr, g`oya, qarash, nazariya va ta'limotlarni o`z ichiga oladi. 
Metodik jihatdan bu fan iqtisodiy tahlilning ilg`or metodlari 
yig`indisidan iborat bo`lib, tarixiy, induksiya, mantiqiy abstraksiya va boshqa 
usullardan keng foydalanadi. 
"Iqtisodiy ta'limotlar tarixi" fani "Iqtisodiy nazariya" fani bilan 
chambarchas bog`liq, lekin undan katta farq qiladi. "Iqtisodiy nazariya" fanida 
eng muhim iqtisodiy kategoriyalarning so`nggi davr uchun tahlili beriladi, 
ammo, bu nazariyalar har doim ham turg`un bo`lmaydi va vaqt davomida, 
ayniqsa keskin o`zgarishlar davrida evolutsiyada bo`ladi. "Iqtisodiy ta'limotlar 
tarixi" fanida ayrim olimlar, davlat arboblari tomonidan ilgari surilgan g`oya, 
qarash, nazariya, qonun, ta'limot, konsepsiyalar insoniyat taraqqiyotining turli 
bosqichlaridagi ijtimoiy qatlamlar, sinflar va boshqa guruhlarning manfaatlari 
nuqtayi nazaridan tarixiy rivojlanishi tadqiq etiladi. 
Iqtisodiy tafakkur tarixi fanining amaliy xo`jalik obyekti bilan 
chambarchas bog`liqligini namoyon etadi. "Eskirgan nazariyalarni ular faqat 
inkor etilganligi sababli prinsipda ilmiy emas deyish mumkin emas" deb yozadi 
taniqli iqtisodchi T.Kun. Chunki, keyingi, nisbatan yangi qarashlar avvalgilar 
asosida, ularni qabul qilish, rivojlantirish yoki inkor etish natijasida paydo 
bo`lgan. Ba'zi mutaxassislar faqat yangi nazariyalarnigina o`rganishni taklif 



etishadi, ammo, bu so`nggi nazariya avvalgi ko`p yillik ilmiy, amaliy 
tadqiqotlarning yakuniy xulosasi sifatida namoyon bo`ladi yoki bugun biz 
"yangi" degan fikr ma'lum vaqtdan keyin o`zgarishi mumkin. 
Bu fan boshqa iqtisodiy va tarixiy, ayniqsa, iqtisodiyot nazariyasi fani 
bilan bevosita bog`liq. Iqtisodiy ta'limotlar tarixi ancha keng davrni qamrab 
olgan va mustaqil xarakterga ega. Bu fanni o`rganish orqali ekonomiks, xalq 
xo`jaligi tarixi, iqtisodiy tarix va iqtisodiy konsepsiyalar hamda aniq iqtisodiy 
predmetlarni o`zlashtirish osonlashadi, u yoki bu iqtisodiy o`zgarishning 
shartsharoitlari va oqibatlarini tahlil etishga katta ko`mak beradi. 
Masalan, bizga bugun yangidek tuyulgan bozor iqtisodiyoti to`g`risidagi 
fikrlar Adam Smit tomonidan 1776 yili chop etilgan "Xalqlar boyligi" asarida 
asosan to`la tahlil etib berilgan. Ba'zi iqtisodiy g`oyalar esa qadimdan ma'lum. 
Ularni o`rganish va eng muhimi, hayotga tatbiq etish yaxshi samara beradi, 
ko`p hollarda Amerikani yangidan kashf etishga hojat qolmaydi. 
Hozirgi paytda dunyodagi ilg`or g`oyalarni o`rganish davomida 
hurfikrlilikka (pluralizmga) keng o`rin berish, har qanday fikrni atroflicha tahlil 
etish kerakligi aniq bo`lib qoldi. 
Bu fanni chuqurroq o`rganish tufayli, bir qancha yechimini kutayotgan 
nazariy masalalarga oydinlik kiritish imkoni tug`iladi. Masalan, bozor 
munosabatlarining ibtidosi hanuzgacha aniq yechimga ega emas. Ayrim olimlar 
bu jarayonni xususiy mulk, sinfiy jamiyat yuzaga kelishi bilan bog`lasalar, 
ayrimlari (R.Xeylbroner, L.Turou) uni kapitalizm bilan, aniqrog`i, "ishlab 
chiqarish omillari" paydo bo`lishi bilan izohlaydilar (mehnat, yer va kapital 
tovarga aylangach, bozor tizimi yuzaga kelgan ekan). Keyingi fikr bo`yicha 
bozorning ibtidosi XVIII asrda Angliyada boshlandi. 
O`z davrida ilg`or Sharqning ortda qolish, G’arbning ilgarilab ketish 
sabablari, kelajak to`g`risidagi prognozlar ham muammo bo`lib turibdi. 
Darslikda shu masalalarni hal etishga oid fikr mulohazalar beriladi. 
Iqtisodiy ta'limotlar tarixini o`rganishda ma'lum davrlashtirish tizimidan 
foydalaniladi.
Taniqli iqtisodchi olim J.K.Gelbreyt: "Amalda iqtisodiy g`oyalar o`z 
davri va vujudga kelish joyining mahsuli bo`lib, ular bilan chambarchas 
bog`langandir; bu g`oyalarni ular tushuntirib berayotgan dunyodan mustaqil 
ravishda ajratib qarash mumkin emas; bu dunyo esa doimo o`zgarishda bo`ladi, 
agar bu g`oyalar o`z maqsadlariga to`la javob berishni ko`zlasalar, doimo 
shunga mos ravishda o`zgarib turishlari kerak", deb yozgan edi. 
Kapitalizm davrida xo`jalik va ijtimoiy hayotda baynalmilallik 
(internatsionalizm) kuchayganligi tufayli, iqtisodiy fikrning rivojlanishi ham 
yagona jahon jarayoniga aylana boshladi. Oqibatda, klassik iqtisodiy maktab 
asoschilari A.Smit va D.Rikardoning qarashlari qisqa vaqt ichida butun jahonga 


10 
ma'lum bo`ldi, vaholanki undan avvalgi ko`pgina nazariyalar ayrim 
mamlakatlarda ko`pchilikka ma'lum bo`lmasdan,"o`lik mol" sifatida yotgan. 
G’arb mamlakatlarida yuzaga kelgan "Ekonomiks" va boshqa 
tadqiqotlar barchaning diqqat-e'tiborini jalb qilmoqda. Qadimdan to hozirgi 
davrgacha minglab turli-tuman iqtisodiy g`oya, qarash, konsepsiya, nazariya, 
ta'limotlar vujudga kelganligi aniq. Ularning barchasini to`la o`rganish alohida 
mavzu, maxsus muammo. Shu maqsadda yangidan yangi tadqiqotlar olib 
borish, tahlil etish va umumlashtirib e'lon qilish zarur, bu yaqin kelajak vazifasi 
sifatida qabul qilinishi mumkin. 
Ammo, hozirgi davrgacha jamlangan barcha iqtisodiy g`oyalarni ma'lum 
sistemaga solish va shu asosda o`rganish maqbuldir. Ammo o`tgan davr 
xodisalari va g`oyalarini hozirgi zamon qarashlari "qolipi"ga zo`rma-zo`raki 
kelishtirish, 
moslashtirish 
mumkin 
emas. 
Bu 
tarixni 
vulgar 
zamonaviylashtirishga, o`rganilayotgan davrning xususiyatlarini inkor etishga 
olib keladi. 
Bu fan doim rivojlanishda bo`lib, bir-birini to`ldiruvchi evolutsion 
(mavjud g`oyalarning yanada chuqurroq takomillashuvi) va inqilobiy (butunlay 
yangicha konsepsiyalar vujudga kelishi) yo`llari mavjud. Inqilobiy o`zgarishga 
misol sifatida A.Smit va uning izdoshlari g`oyalari, marjinalistik to`ntarish, 
yangi klassik yo`nalish (A.Marshall), J.M.Keynsning iqtisodiy qarashlarini 
keltirish mumkin. O`tish davri iqtisodiyoti bo`yicha g`oyalar hozirgi davrning 
muhim qarashlari majmuasiga kiradi va nihoyatda dolzarbdir, bu masala 
O`zbekiston misolida qarab chiqildi. 
Taniqli davlat arbobi Uinston Cherchill (1874-1965) "Qayerga 
borishimizni bilish uchun, qayerdan chiqqan ekanligimizni bilishimiz kerak", 
deb aytgan edi. Bu g`oya nihoyatda ahamiyatli bo`lib, bosib o`tilgan yo`lni 
to`g`ri baholash va kelajak istiqbolni ko`zlash haqida gap boradi. 
Iqtisodchilarning tadqiqotlaridagi asosiy bosh g`oya - jamiyat, insoniyat, 
ayrim shaxslarning boyligi masalasidir. Maqsad bir, lekin unga eltadigan yo`llar 
nihoyatda xilma-xil ekanligini ko`ramiz. Ilk kapitalistik munosabatlar vujudga 
kelgan davrgacha (XV asr) bo`lgan iqtisodiy g`oyalardagi umumiylik shuki, 
barcha donishmandlar va ularning yozgan asarlarida mehnat va yer boylikning 
asosiy vositasi ekanligi turli yo`llar bilan talqin etiladi, ularda ishlab chiqarish 
sohasi asosiy deb hisoblangan. 
XV-XVII asrlarda (qisman XVIII asr boshlarida) yangi iqtisodiy ta'limot 
- merkantilizm vujudga keldi. Merkantilizm to`g`risida qisqa ma'lumot 
beradigan bo`lsak, uning mohiyati iqtisodiy siyosatda mamlakatda va davlat 
xazinasida nodir metallarni ko`proq to`plash, ta'limotda esa muomala (savdo, 
pul oboroti) sohasidagi iqtisodiy qonuniyatlarni izlashdir, ya'ni avvalgi davrdagi 
g`oyalardan keskin farq qiladi. 


11 
Keyingi muhim o`zgarish, bu klassik iqtisodiy maktabning yuzaga 
kelishidir (XVIII asr). Bu iqtisodiy ta'limot ichida fiziokratizm ham vujudga 
keldiki, uning umri uncha uzoq bo`lmadi. Klassik maktab g`oyalari hozirgi 
davrda ham turli shakllarda qayta namoyon bo`lmoqda (neoklassik, liberal, 
neoliberal...). Marks nomi bilan bog`liq bo`lgan marksizm ta'limoti (nobozor 
iqtisodiyot) ham tarixda muhim o`rinni egallaydi. Hozirgi davrda bu ta'limot 
to`g`risida imkoni boricha gapirmaslikka va ayniqsa, yozmaslikka harakat 
kuchayib bormoqda, ko`proq uning faqat salbiy tomonlarini tilga olish 
"moda"ga kirgan. Bunda "jon" bor albatta, chunki 1917 yili Rossiyada 
boshlangan marksizmni hayotga tatbiq etish jarayoni samarasiz tugadi. 
Keyinchalik shu yo`lga o`tgan bir qancha mamlakatlarda ham eksperiment 
samarasiz yakunlandi. Lekin tarix uchun insoniyatga bu saboq juda muhim, shu 
sababli uni chetlab o`tish adolatdan emas, deb hisoblaymiz. Darslikda xayoliy 
sotsialistlar va markschilarning iqtisodiy g`oyalari ham o`rin olgan, uning 
tarixiy taqdiri berilgan. 
XIX asr 2-yarmida avvalgi g`oyalarga marksizmga muqobil ravishda 
vujudga kelgan va umumlashtirilgan holda marjinalizm deb ataladigan ta'limot 
hozirgi zamonning asosiy iqtisodiy g`oyasi hisoblanadi. Lekin shuni ham 
alohida ta'kidlab o`tish kerakki, biror ta'limot doimo sof holda amalda deyarli 
qo`llanilmaydi. Har bir ta'limotning ko`plab turli oqim va yo`nalishlari mavjud. 
Odatda sof erkin bozor munosabatlari deyarli uchramaydi. Bozor 
munosabatlarining unsurlari, ular o`rtasidagi nisbat ham doimo o`zgarib turadi. 
Demak, iqtisodiy ta'limotlar tarixi fanining muhim xususiyatlaridan biri, bu 
uning doimo harakatda, o`zgarish, rivojlanishda ekanligidir. Bir mamlakat 
chegarasida iqtisodiy ta'limot ta'siri ostida iqtisodiy siyosat har doim 
rivojlanishda bo`lishi kerak. 
90-yillarda tarixiy jarayonlarda yana bir holat qayd etilmoqda. Bu 
"sotsialistik" deb atalgan va iqtisodiyoti ma'muriy buyruqbozlikka asoslangan 
("rejali iqtisodiyot" ham deyiladi) mamlakatlarning bozor iqtisodiyotiga o`tish 
davri amalga oshmoqda ("o`tish iqtisodiyoti" deb ham nomlanadi). Bu tarixda 
birinchi marta ro`y bermoqda, oxirgi o`n yillik tajriba bor. Ammo, bu holat 
ko`p munozaralarga sabab bo`lmoqda. 
Darslikda 
O`zbekiston 
misolida bozor 
munosabatlariga o`tish 
iqtisodiyoti konsepsiyasi xususiyatlari bayon etiladi. 
Iqtisodiy ta'limotlar tarixi fanining boshqa fanlardan farqli yana bir 
muhim xususiyati shuki, har bir g`oya, ta'limot uni yaratgan bir yoki bir guruh 
insonlar, olimlar, davlat rahbarlarining faoliyati bilan chambarchas bog`liq 
holda beriladi. 
Iqtisodiyot bo`yicha Nobel mukofoti laureati Milton Fridmenning 
fikricha, fanni o`rganishda olimlarning "avtobiografiya va biografiyalariga 
murojaat qilish, shu yo`l bilan olimlarni aforizm va misollar yordamida 


12 
rag`batlantirish kerak, faqat sillogizm (deduktiv fikrlash) va teoremalar bilan 
cheklanmaslik zarur". 
Sharq, xususan Markaziy Osiyo donishmandlarining iqtisodiy 
g`oyalarini o`rganish aslini olganda, endi boshlandi, shu sababli kitobning bu 
bo`limi yangi materiallar bilan to`lib borishiga ishonchimiz komil. 
Yetakchi mamlakatlar taraqqiyotining asosiy omillaridan biri, bu 
davlatlar iqtisodiyotining bo`layotgan o`zgarishlarga tez adaptatsiyasidir, ya'ni 
moslashuvidir.
AQSH davlati tarixida qisqa vaqt davomida iqtisodiy siyosat bir necha 
bor almashdi va iqtisodiy ravnaq saqlab qolindi. Buyuk depressiya (1929-1933 
yy.)dan keyingi davrda AQSH prezidenti D.Ruzvelt "yangi yo`l" kursi bilan 
J.M.Keynsning iqtisodiy g`oyalarini amalda qo`lladi (davlatning iqtisodiyotdagi 
roli keskin oshdi, vaholanki, undan avvalgi yillari xususiy mulk (99 foiz) asosiy 
va yetakchi bo`lgan). Keyinroq prezident R.Reygan davrida davlatning 
iqtisodiyotdagi roli ancha kamaytirilib, liberal (erkin) iqtisodiyotga keng yo`l 
ochib berildi (reyganomika), oqibatda bu prezident davrida qo`shimcha 14 
million kishi tadbirkorligiga yo`l ochib berildi, yangi-yangi millionerlar 
vujudga keldi. Xuddi shunday holat B.Klinton davrida ham qayd etildi. 
Buyuk Britaniya iqtisodiyotida ham buni ko`rish mumkin (tet-cherizm). 
Iqtisodiy siyosat va iqtisodiy g`oyalarning bir-biri bilan chambarchas 
bog`liqligini isbotlovchi misollarni ko`plab keltirish mumkin. 
Ayniqsa, "sotsialistik" deb atalgan rivojlanish yo`lidan voz kechmagan 
Xitoy va Vyetnam davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti ham diqqatga sazovordir. 
Bozor iqtisodiyoti unsurlarining keng rivojlanishiga imkon beruvchi iqtisodiy 
islohotlar tufayli katta yutuqlarga erishildi. 
Ikkinchi jahon urushi tufayli ikkiga ajratilgan GFR va GDR 
davlatlarining qayta birlashgandan keyingi iqtisodiy rivoji ham juda ibratlidir. 
"Sotsialistik" lager vakillari ichida yetakchi bo`lgan GDRning to`la erkin bozor 
munosabatlariga o`tishi uchun hiyla katta mablag` va vaqt talab etilishi aniq 
bo`lib qoldi. Vaholanki, Rossiyaning taniqli iqtisodchi olimlari bozor 
iqtisodiyotiga o`tishning "500 kunlik", hatto "100 kunlik" dasturlarini taklif 
etdilar (Shatalin, Yavlinskiy...). Bu yo`l o`zini oqlamadi.
Iqtisodiy ta'limotlar tarixiga, balki boshqa fanlarga ham xos bo`lgan 
yana bir xususiyat shuki, iqtisodiy g`oyalar doimo dialektik rivojlanishda 
bo`lib, ularning tahliliga so`nggi nuqta qo`yish qiyin.Bundan bir necha yuz yil 
avval yuzaga kelgan fikr va g`oyalarning ma'nosi ustida tortishuv va bahslar 
hali ham davom etib kelmoqda. Masalan, hanuzgacha K.Marksning qiymat 
(ruscha - "стоимость'") to`g`risidagi fikri aslida qimmat (ruscha - "ценность'") 
bo`lgan, degan fikr mavjud. Marks asarlarini nemis tilidan tarjimada yo`l 
qo`yilgan xato tufayli jiddiy tushunmovchilik yuzaga kelgan, deyilgan (Влауг 
М. Экономическая мысль ретроспективе. M. ,1994). 


13 
Bu fan tarixi shuni aniq isbotlamoqdaki, ko`pgina iqtisodiy g`oyalar 
obyektiv xo`jalik amaliyoti bilan chambarchas bog`liq. Ko`pgina olimlar 
avvallari (hozir ham uchrab turadi) o`z qarashlarini mutloq universal bekami-
ko`st deb ko`rsatishga uringanlar. Albatta, "abadiy" qonuniyatlar ham mavjud 
bo`lib, ularni istalgan tizimda kuzatish mumkin, ammo, ko`p hollarda olimlar 
bugungi haqiqatning tarixiyligini ilg`ab olishga har doim qodir emas. 
Yana bir muhim masala ustida to`xtab o`tish kerakki, avval yuzaga 
kelgan iqtisodiy g`oyalarga shu kungi o`lchovlar bilan baho beriladi va odatda 
ilgarigi g`oyadagi "xato" va "kamchilik"lar aniqlanib, yangi g`oyaning undan 
afzalligi "isbotlanadi". 
Bunda dialektik mantiq bor albatta, lekin yuqorida ta'kidlanganidek, 
avvalgi g`oyalar tufayli odatda yangi g`oyalar yuzaga keladi, shuning uchun bu 
g`oya "yaxshi", unisi "yomon" kabi baholash adolatdan bo`lmaydi. A.Smitning 
mashhur asarida o`zidan avvalgi davrda yuzaga kelgan antik dunyo, 
merkantilizm, fiziokratizm ta'limotlari tahlil etilgan, Yevropaning iqtisodiy 
tarixi sinchiklab o`rganilgan. 
Yetakchi G`arb olimlari ko`p hollarda uch buyuk shaxsning g`oyalariga 
alohida urg`u berishadi: bu Smit, Marks, A.Marshall va Keynsdir. 
Bu olimlarning iqtisodiy g`oyalarida mavjud ta'limotlarning ko`pchiligi 
o`z in'ikosini topgan va ular jahon iqtisodiy g`oyalari rivojiga alohida hissa 
qo`shgan shaxslardir. 
Iqtisodiy ta'limotlar tarixi fani bo`yicha yaratilgan adabiyotlarga 
to`xtaladigan bo`lsak, bu masala o`zbek o`quvchilari uchun eng nozik masala 
deyish mumkin. 
1997 yili "Fan" nashriyoti tomonidan e'lon qilingan o`quv qo`llanmadan 
(2000 nusxa) so`ng, 2001 yilda Toshkent Moliya instituti tomonidan ham 
qo`llanma (300 nusxa) bosilib chiqqan. 
2001 y. Q.Yo`ldoshev va Q. Muftoydinovlar tomonidan "Iqtisodiy 
ta'limotlar tarixidan" nomli qo`llanmada Sharq iqtisodiy g`oyalari tahlil etiladi. 
Yu.B.Yusupovning rus tilida (1999) chop etilgan ma'ruzalar matni diqqatga 
sazovordir. 
2000 yildan boshlab TDIU magistraturasida "Iqtisodiy nazariyasi" 
mutaxassisliklari uchun "O`rta Osiyo mutafakkirlarining iqtisodiy g`oyalari" 
maxsus kursi o`qitila boshlandi, shunga mos namunaviy dastur, ma'ruzalar 
matni va boshqa me'yoriy hujjatlar tayyorlanib, amalda qo`llanilmoqda. 
Xorijda esa (jumladan, Rossiyada) bu sohada ancha ishlar qilinganini 
qayd etib o`tish kerak. Taniqli G`arb iqtisodchisi Mark Blaugning (1927 y. 
tug`ilgan) "Экономическая мысль ретроспективе" asarining to`rtinchi nashri 
(1984y.) rus tiliga tarjima qilingan (1994 y.) bo`lib, bu kitobda iqtisodiy 
g`oyalar tarixi bo`yicha dastlabki adabiyotlar Britaniya ensiklopediyasida chop 
etilgan J.Mak-Kulloxning maqolasi bilan boshlanishi qayd etiladi. M.Blaug 


14 
(birinchi nashri 1961 y.) kitobida iqtisodiy g`oyalar tarixi bo`yicha boy 
bibliografiya berilgan. Adabiyotlar ikki qismga bo`linishi mumkin: ular asosan 
tarixiy va mantiqiy tamoyillar asosida yozilgan. Ayniqsa, Germaniyadagi 
tarixiy maktab ta'siri ostida ko`p adabiyot shu asosda beriladi. M.Blaug asari 
mantiqiy tamoyil asosida tuzilgan, asosiy e'tibor g`oya mualliflariga, ularning 
tarjimayi holi, o`sha davr tarixiy shart-sharoitiga emas, balki ular yaratgan 
iqtisodiy ta'limotning mazmuni va boshqalardan farqiga bag`ishlangan. 
Rus tilida chop etilgan va biz o`qib kelayotgan asosiy adabiyotlar tarixiy 
tamoyil asosida chop etilgan va sinfiy, partiyaviy nuqtayi nazardan berilgan, 
asosiy mezon markscha-lenincha ta'limotdir. Shuning uchun deyarli barcha 
o`quv qo`llanmalari va darsliklar, 6 tomli "История всемирной экономиче-
ской мысли" (4 tomi chiqqan) kitoblari ma'naviy jihatdan eskirdi. Bu kitobning 
3-4 tomlari marksizm-leninizm g`oyalariga bag`ishlangan. 1994 yilda e'lon 
qilingan "Историяэкономических учений, част II" va undan keyin e'lon 
qilingan kitoblarigina hozirgi davr talablariga javob bera oladi (adabiyotlar 
ro`yxatiga qarang). 
Yana bir qiziqarli holat shuki, biz uchun iqtisodchi bo`lgan shaxslarning 
ko`pchiligi kasb-kori, mutaxassisligi bo`yicha boshqa soha sohiblari yoki davlat 
arboblari bo`lganlar. Masalan, klassik maktab asoschisi V.Petti vrach-shifokor, 
P.Buagilber huquqshunos-sudya, fiziokrat F.Kenye jarroh, B.Mandevil va 
A.Smitlar faylasuf bo`lishgan. Bunday misollarni ko`plab keltirish mumkin, 
ammo, biz ularni asosan iqtisodchilar deb bilamiz. Shu sababli, kitobda 
iqtisodchilarning tarjimayi holidan ayrim qiziqarli voqealar ham keltiriladi. 

Download 2.25 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   151




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling