Iqtisodiy ta'limotlar
Fiziokratizmning ahamiyati va uning tarixiy taqdiri
Download 2.19 Mb. Pdf ko'rish
|
Iqtisodiy ta\'limotlar
7.4. Fiziokratizmning ahamiyati va uning tarixiy taqdiri A.Smit o`z vaqtida "fiziokratizm tizimi qanchalik nomukammal bo`lmasin, shu davrgacha chop etilgan iqtisodiy g`oyalar ichida haqiqatga eng yaqini edi", - deb aytgan edi. Bu ta'limotning merkantilizmni inkor qilishi, mehnat bilan yer boylikning asosi ekanligini tan olishi, savdo- sotiqda bojxona cheklashlarini olib tashlashni taklif etishi nihoyatda muhimdir. Fiziokratlar boylik tezisi to`g`risida fikr yuritib, boylik - bu jamiyat mehnati bilan har yili yaratiladigan iste'mol qiymatlaridir, deydilar. Bu tezis ham A.Smit tomonidan qabul qilingan. Ishlab chiqarish va taqsimot jarayoniga xos umumiy mehnat doktrinasi, ishlab chiqarishning takroriyligiga alohida urg`u berilishi katta yutuq hisoblanadi. Kapital va uning ikki qismga ajratilishi (asosiy va aylanma) takror ishlab chiqarish, erkin sohibkorlik to`g`risidagi g`oyalar, jamiyatning sinflarga ajratilishi iqtisodiy ta'limotlarning rivojida keyingi muhim qadamdir. Hozirgi zamon tili bilan aytganda, fiziokratlar sof bozor munosabatlarining unsurlarini asosan to`g`ri hal etib berdilar. Mehnat bilan birga yerning boylik asosi deb qabul qilinishida davr ta'siri kuchlidir. Chunki mamlakatdagi asosiy sinf dehqonlar bo`lib, asosiy boylik qishloq xo`jaligida yaratilayotgan edi. Qishloq xo`jaligini rivojlantirish uchun erkin bozor munosabatlariga o`tish va ayniqsa dehqonlarni turli-tuman soliq va yig`imlardan ozod qilish zarurligi, yagona soliq tizimiga o`tish kerakligi to`g`risidagi fikr nihoyatda qimmatlidir. Sobiq SSSRda yangi iqtisodiy siyosatda bu usul qo`l kelgan. Chunki, har bir sohibkor va tadbirkor shaxsiy manfaatdorlik bo`lgan taqdirdagina ishlab chiqarishni rivojlantirishga intiladi. 148 Takror ishlab chiqarish va realizatsiya jarayoni uzluksiz davom etishi, xalq xo`jaligi tarmoqlarining ma'lum proporsiyalarini saqlagan holda ro`y berishi mumkinligi aniqlab berildi. F.Kenye misolida uch sektor o`rtasidagi munosabatlar keltirilgan. Amalda, ayniqsa hozirgi davrda esa bu sektorlar miqdori hiyla ko`p bo`lib, ular o`rtasidagi aloqalar V.Leontyevning "harajatlar - chiqarish" tizimida N ta tarmoq uchun ishlab chiqilgan. Ko`rinib turibdiki, bu g`oyaning kurtaklari fiziokratlarning asarlarida ko`ringan. Hozirgi davrda buni tarmoqlararo balans deb yuritiladi va u makroekonomik tahlilda va umuman iqtisodiyotda muhim ahamiyatga egadir. O`sha paytda bo`lajak iqtisodiy modellarning asoslari vujudga kelgan edi. Bu g`oya klassik iqtisodiy maktab ta'limoti zanjirining muhim ajralmas qismi sifatida muhim o`rinni egallaydi. Shu bilan birga hozirgi zamon iqtisodiy ta'limotlari nuqtayi nazaridan fiziokratizm g`oyalari o`z ahamiyatini tezda yo`qotdi va o`tkinchi xarakterga ega bo`ldi, chunki jahondagi ijtimoiy va iqtisodiy hayotdagi o`zgarishlar nisbatan mukammal g`oyalar ishlab chiqilishi zarurligini taqozo etdi va bu amalda ro`y berdi. Ayniqsa, boylikning asosi (sof mahsulot) faqat qishloq xo`jaligi sohasi bilan chambarchas bog`liq qilib cheklab qo`yilganligi to`g`risidagi xato tez namoyon bo`lib qoldi, sanoat inqilobi natijasida ro`y bergan o`zgarishlar tufayli fiziokratizm g`oyalari unutilayozdi. Bu holat iqtisodiyot osmonidagi yorqin yulduzning so`nishini eslatadi. XULOSA XVIII asrning o`rtalarida Fransiyada iqtisodiy ta'limotlar tarixida fiziokratizm yo`nalishi yuzaga keldi. Bu ta'limot klassik iqtisodiy maktabning tarkibiy, butun zanjirning ajralmas qismi sifatida muhim ahamiyatga egadir. Bu oqimning asosiy vakillari F.Kenye va A.Turgo mamlakatdagi o`sha davr iqtisodiy holatini har tomonlama tahlil etib, iqtisodiyotning muhim kategoriyalari bo`yicha qimmatli fikrlarni berdilar. Ular fermerlarni himoya qilgan holda avvalo merkantilizmdan voz kechib, boylikning asosiy manbayi mehnat va yer ekanligini ko`rsatdilar. "Tabiiy tartib" konsepsiyasi asosida "unumli mehnat", "sof mahsulot", kapital to`g`risidagi ta'limotlar ilgari surildi. Kapitalistik munosabat, xususiy mulk, erkin baholar, erkin raqobat, davlatning iqtisodga kam aralashuvi "tabiiy hol" deb tan olindi. Ularning fikricha, qiymat iste'mol qiymati bo`lib, hatto tabiat, yer in'omi sifatida 149 talqin etiladi. Shundan dehqonchilikdan boshqa sanoat, savdo va xizmat tarmoqlari unumsiz soha deb qaraladi. Bunday noto`g`ri fikrning paydo bo`lishi Fransiyaning o`sha davrdagi iqtisodiy ahvoli (agrar mamlakat) bilan bog`liqdir. Kapital tushunchasining kiritilishi va uning boshlang`ich va yillik bo`nak kabi ikki qismga bo`linishi iqtisodiyot tarixida muhim qadamdir. Shundan doimiy va aylanma kapital g`oyalari ham kelib chiqadi. F.Kenyening asosiy "Iqtisodiy jadval" asarida jamiyatdagi sinflar masalasi ko`tariladi, ammo bunda ba'zi kamchiliklar bor, uni A.Turgo rivojlantirib, o`sha davr uchun to`g`ri xulosalar chiqaradi. Takror (uzluksiz) ishlab chiqarish jarayoni va yalpi ijtimoiy mahsulot muomalasi birinchi bor kun tartibiga qo`yiladi. Oddiy takror ishlab chiqarish chizmasi beriladi va tayyor mahsulotning aylanish tamoyillari ko`rsatiladi, bu o`sha davr uchun katta kashfiyot edi. Tarmoqlar, ya'ni sektorlararo taqsimotning aniq proporsiyalari bo`lishi zarurligi qayd etiladi, ma'lumki bu tamoyil hozirgi davrda ham muhim. Olim va davlat arbobi A.Turgoning iqtisodiy g`oyalari ancha mukammal bo`lib, o`sha davrdagi jamiyat va iqtisodiyotdagi jarayonlarni ancha izchil tahlil etadi va sanoatda kapitalistlar va yollanma ishchilar mavjudligi hamda beshta sinf borligi e'tirof etiladi. Bu xulosa to`g`ri xulosadir. A.Turgo sanoat va xizmat sohalariga ijobiy yondashadi. U kapital va qo`shimcha mahsulot (qiymat) masalalarini ancha mukammal hal etadi, sanoat, ssuda va kapital haqida fikr yuritadi, lekin oxir-oqibatda fiziokratizm qobig`idan chiqa olmaydi, qo`shimcha mahsulotning asosiy shakli yana yerga, yer rentasiga qaytadi. A.Turgo davlat chinovnigi, aniqrog`i moliya vaziri sifatida ham bir qancha iqtisodiy islohotlarni o`tkazishga erishadi. Ammo mamlakatdagi ijtimoiy tuzum bu islohotlarga to`siq edi. Hozirgi davr tili bilan aytganda, fiziokratlar sof bozor munosabatlarini qo`lladilar, ammo ularning g`oyasi asosan qishloq xo`jaligi bilan cheklab qo`yildi, barcha fikrlarda mukammallik yetishmas edi. Bu vazifalar esa keyingi olimlar tomonidan hal etildi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling