II. BUDJET TIZIMINI BOShQARISh
Budjet tizimi turli darajadagi budjetlar va budjet mablag‘lari oluvchilar yig‘indisini, budjetlarni tashkil etishni va tuzish prinsiplarini, budjet jarayonida ular o‘rtasida, shuningdek budjetlar hamda budjet mablag‘lari oluvchilar o‘rtasida vujudga keladigan o‘zaro munosabatlarni o‘zida ifodalaydi.
Moliya yiliga mo‘ljallangan barcha darajadagi budjetlarni shakllantirish, ko‘rib chiqish, qabul qilish va ularning ijrosi hisobini yuritish O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasi — so‘mda amalga oshiriladi.
Budjet tizimining asosiy prinsiplari
Budjet tizimining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
budjet tasnifi tizimi, hisob-budjet hujjatlari va budjet jarayoni tuzilishining yagonaligi;
budjet tuzilishining O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy-hududiy tuzilishiga muvofiqligi;
turli darajadagi budjetlarning o‘zaro bog‘liqligi;
Davlat budjeti balansliligi;
davlat daromadlarini aniq manbalar bo‘yicha va xarajatlarini yo‘nalishlari (moddalari) bo‘yicha rejalashtirish;
Davlat budjeti xarajatlarini budjetdan ajratiladigan tasdiqlangan mablag‘lar doirasida va xarajatlar smetalarida ko‘rsatilgan maqsadlarda amalga oshirish;
barcha darajadagi budjetlarning mustaqilligi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining budjet tizimini boshqarish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Davlat budjeti loyihasi ishlab chiqilishini tashkil etadi va uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga taqdim etadi;
Davlat budjetining ijrosini tashkil etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va davlat boshqaruvi boshqa organlarining Davlat budjetini ijro etish borasidagi ishlarini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi;
Davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tasdig‘iga kiritadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
.
Do'stlaringiz bilan baham: |