QADIMGI DUNYO, FEODAL JAMIYATI VA ILK KAPITALIZIMNING IQTISODIY TA’LIMOTLARI
I-MAVZU. QADIMGI DUNYO IQTISODIY G’OYALARI
Reja:
1. Qadimgi SHarqdagi iqtisodiy fikrlar
A) Ko’hna Bobil iqtisodiy fikrlari
B) «Avesto» iqtisodiy fikrlari
V) «Artxashastra» ta’limoti
G) Qadimgi Xitoy iqtisodiy g’oyalari
2. Antik dunyodagi iqtisodiy fikrlar
A) Qadimgi Gretsiya: Ksenafont va Platon iqtisodiy qarashlari
B) Aristotelning iqtisodiy qarashlari
V) Qadimgi Rimdagi iqtisodiy qarashlar
Tayanch iboralari: Mesopotamiya; Eshnunn qonunlari; natural xo’jalik munosabatlari; «Artxashastra»; mehnat taqsimoti; «ideal davlat»; xrematistika.
1. Qadimgi SHarqdagi iqtisodiy fikrlar
Kishilik jamiyatning dastlabki davrlaridan boshlab xo’jalik yuritish to’g’risida u yoki bu ko’rinishdagi iqtisodiy fikrlar amal qilib kelgan. Lekin o’sha paytdagi iqtisodiy fikrlar to’g’risidagi ma’lumotlar bizning davrimizga yetib kelmagan. CHunki ularni avlodlardan-avlodlarga, asrlardan-asrlarga olib o’tuvchi vosita - yozuv bo’lmagan. Demak, iqtisodiy fikrlarning paydo bo’lishi va shakllanishi yozuv bilan bevosita bog’liq. yozuv qachon paydo bo’lgan? yozuv bundan olti ming yil avval, eramizdan to’rt ming yil oldin o’sha davrning madaniyat o’chog’i hisoblangan Mesopotamiyada ijod qilindi. Qadimgi yunon tarixchilari hozirgi Iroqdagi Dajla va Frot daryolarning oralig’idagi joylarni «Mesopotamiya» deb atagan. Bu yunoncha so’z bo’lib «ikki daryo oralig’i» ma’nosini bildiradi. Dajla va Frot daryolari hozirgi Turkiya chegarasidan boshlanib sharq tomon oqib Fors ko’rfasiga quyiladi. Bu ikki daryo atrofidagi joylarning tuprog’i unumdorli, suvi ko’p bo’lib, qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishiga juda qo’l kelardi. Ayni zamonda ikki daryo vodiysining janubiy qismidagi asosiy mahalliy xalq sumerlar bo’lib, eng dastlabki yozuvni o’shalar yaratgan. Dastlabki yozuv ijod qilingandan keyin, Misr va qadimgi SHarqdagi xalqlar tarix tiliga kira boshladi. Demak, o’sha darvdan, ya’ni qadimgi Dunyo - quldorlik davridan boshlab dastlabki iqtisodiy fikrlar shakllana boshladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |