Nazariy ma’lumotlar
PL/SQL Oracle XE MBBTga o‘rnatilgan protsedurali dasturlash tili hisoblanadi. Mazkur til yordamida Oracle MBda dastur operatorlarini va SQL tili buyruqlarining bajarilishini boshqaruvchi PL/SQL tili protseduralaridan tashkil topgan ma’lumotlarni qayta ishlovchi dasturlar tuzish mumkin. PL/SQL tili turli xil dasturiy modullarni yaratishga imkon beradi.
PL/SQL dasturi bloklari PL/SQL tilidagi dastur alohida blok qismlardan tashkil topgan aniq tuzilishga ega bo‘lib, unda e’lon qilingan o‘zgaruvchilar va operatorlar o‘zaro mantiqiy bog‘langan guruhlardan iboratdir. Har bir PL/SQL dastur bloki o‘ziga tegishli aniq topshiriqni yechadi. Bunday metod PL/SQL dasturini tushunarli va sodda holatda tashkil qilishga imkon beradi.
PL/SQL bloki uch bo‘limdan: e’lon qilish, asosiy tana qism va xatoliklarni tuzatish bo‘limlaridan iborat. DECLARE – e’lon qilish bo‘limini kiritish majburiy emas;
BEGIN – dastur tana qismini kiritish shart;
EXCEPTION – xatoliklarni tuzatish bo‘limini kiritish majburiy emas; END; – PL/SQL blokini yakunlash.
PL/SQL anonim bloki biror-bir nomlanishga ega bo‘lmay, Oracle MBda doimiy saqlanmaydi. SQL*Plus kabi dastur yordamida PL/SQL bloki server ma’lumotlar bazasiga yuboriladi va buyruqlar bajarilib, natija qabul qilinadi.
PL/SQL dasturida e’lon qilish bo‘limi
Barcha o‘zgaruvchilar, konstantalar, xatolikni tuzatuvchilar va boshqa obyektlar mazkur bo‘limda e’lon qilinadi. E’lon qilingandan so‘ng, ulardan boshqa bloklarda ham foydalanishimiz mumkin. PL/SQL dasturida e’lon qilish bo‘limi DECLARE kalit so‘z bilan boshlanadi va BEGIN dastur tana qismining boshlanishi bilan tugaydi. Agar dasturda e’lon qilinuvchilar bo‘lmasa, bu bo‘limni kiritmasa ham bo‘ladi. Dasturning tana qismi PL/SQL blokining barcha bajariluvchi operator va buyruqlari, aynan aniq amallar ketma-ketligi mazkur bo‘limda keltiriladi. Blokning tana qismi BEGIN kalit so‘z bilan boshlanib, xatoliklarni tuzatish bo‘limining EXCEPTION kalit so‘z bilan tugaydi, agar xatoliklarni tuzatish bo‘limi bo‘lmasa, blok END so‘zi bilan tugallanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |