Mavzu: Soni 10 gacha bo‘lgan ikki guruhdagi buyumlar sonini taqqoslash
Maqsad:
Bolalarda 10 gacha bo‘lgan sonlarning ko‘p-ozligini, tengligini aniqlay olish malakasini hosil qilish.
Kutilayotgan natijalar:
Bolalar soni 10 gacha bo‘lgan ikki guruhdagi buyumlar sonini taqqoslay olish malakasini egallaydilar.
Bolalarning mantiqiy tafakkuri rivojlanadi.
Kerakli jihozlar:
Barmoqqa kiyiladigan 3 ta qo‘g‘irchoq-Ko‘pvoy, Tengvoy, Ozvoy.
10 ta kubik.
Mayda geometrik shakllar.
38-rasm (har bir bolaga).
Faoliyatning borishi:
Tarbiyachi: Bolalar men hozir sizlarga 3 ta aka-uka haqida gapirib beraman. Ular bir-biri bilan juda inoq ekanlar. Ularning eng kattasining ismi “Tengvoy”, o‘rtanchasining ismi “Ko‘pvoy” va eng kichigining ismi “Ozvoy” ekan, ular qaerga borsalar, ko‘rgan narsalarini taqsimlashni yaxshi ko‘rar ekanlar.
Hozir ularni sinab ko‘ramiz. Bolalar, mana mening oldimda kubiklar turibdi. Hozir ularning 10 tasini sanab, stol ustiga qo‘yaman. Qani ular 10 ta kubikni qanday qilib men bilan taqsimlashar ekan. Birinchi bo‘lib Ko‘pvoy taqsimlab bersin-chi.
Ko‘pvoy: Assolomu-alaykum, bolajonlar. Opajon shu kubiklarni bo‘lishib olishimiz kerakmi? Hozir darrov bo‘laman.
Ko‘pvoy 10 ta kubikni 3 tasini tarbiyachiga 7 tasini o‘ziga oladi. Tarbiyachi bolalar bilan birgalikda sanab ko‘rishadi.
Tarbiyachi: Bolalar ko‘pvoy to‘g‘ri taqsimladimi? Ko‘pvoy o‘zingga ko‘p kubik olibsan-ku.
Ko‘pvoy: SHuning uchun ismim Ko‘pvoyda. Rozi bo‘lmasangiz ana ukalarimni chaqiring.
Ozvoy kelib o‘ziga ozgina kubik, tarbiyachiga ko‘p kubik ajratib beradi. Tarbiyachi Ozvoyning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri taqsimlaganiga bolalar e’tiborini qaratadi. Ozvoy ham rozi bo‘lmasangiz tengvoy taqsimlab beradi, deydi. Tengvoy kelib kubiklarni 5 tadan teng ikkiga bo‘lib beradi.
Tarbiyachi: Rahmat, Tengvoy juda to‘g‘ri bo‘lib berding. Bizning bolalar ham narsalarni taqsimlashni va qaysi guruhda qanchaligini taqqoslay olishni yaxshi biladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |