Ишнинг умумий тавсифи


I BOB MIRTEMIR ShE’RIYaTIDA FONETIK TAKRORLAR


Download 0.93 Mb.
bet7/51
Sana20.12.2022
Hajmi0.93 Mb.
#1037808
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   51
Bog'liq
2 5474308213891409179

I BOB


MIRTEMIR ShE’RIYaTIDA FONETIK TAKRORLAR

Til ijtimoiy-psixologik hodisa sifatida doimo qisqalik va osonlikka intiladi. Inson uchun qanday talaffuz qilish to‘g‘riligidan ko‘ra, ko‘proq qanday talaffuz qilish qulay va osonligi muhimroq. Tildagi fonetik takrorlar esa o‘sha osonlikni va ravonlikni ta’minlaydi. Bu osonlikka erishish zo‘rma-zo‘rakilik, sun’iylik va notabiiylikdan xoli bo‘lishi kerak ekanligini inson doimo anglab turadi. Demak, bu holatga ixtiyoriy ravishda emas, balki beixtiyoriy ravishda erishiladi.


“O‘rinli tovush takrori ritmni bezab, emotsional zaryad (quvvat)ni oshiradi, ifodalilikni kuchaytirib, she’riy nutq madaniyatini bir darajada yuqori ko‘taradi, u biron mazmunli misrada kelib, uni ajratib ko‘rsatishi ham lozim, ammo mazmunga nisbatan tovush takroriga zo‘r berish mazmunning sezilmay qolishiga olib kelishi ham mumkin”1.
Keyingi paytlarda tovushlarning badiiy tildagi o‘ziga xos vazifalari va ma’noviy-uslubiy xususiyatlarini tadqiq qilish fonostilistikaning vazifasi, tovushlar ifoda qiluvchi ma’nolarni2 fonosemantikaning vazifasi sifatida qaralib, semantik yuk tashuvchi tovushni fonostema deb o‘rganish odat tusiga kirmoqda3. Bu tushunchalar badiiy takror usulida ham uchrashi qayd qilingan.
Z.Kabilova fonostemaning mohiyatini quyidagicha talqin qiladi: “So‘zning fonosemantik tusi uning butun fonetik tarkibi bilan belgilanadi. Ushbu fonetik tarkibda yetakchilik qilayotgan fonema va kontekstual holatini biz fonostema deb ataymiz. Fonostemani bunday baholash uning til tizimidagi mavqeini belgilashni osonlashtiradi: fonostema oddiy fonemaning muayyan stilistik-semantik funksiya bajarish uchun xoslangan ko‘rinishidir”1.
Fonetik takrorlar nutq tovushlaridan birortasining takrori yoki tovushlar ohangdoshligi asosida yuzaga keladi. She’r kitobxonda estetik zavq uyg‘otishi uchun u ma’no ta’sirchanligiga ega bo‘lishi, ijodkorning ichki emotsiyasini ifodalay olishi kerak. She’rning emotsionalligi esa vazn, ritm, qofiya, poetik figuralar, badiiy san’atlar bilan birga poetik fonetikaga ham bog‘liq bo‘ladi2. She’riy asarlar o‘ziga xos ohangga, jozibadorlikka, ekspressiv ta’sir kuchiga ega bo‘ladi. Bu masalada S.Karimovning quyidagi fikri diqqatga molikdir: “Takrordan boshqa funksional uslublarda ham foydalanilishini inkor etmagan holda, uning qo‘llanish doirasi badiiy uslubda jiddiy ravishda kengayib borishini ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi. Badiiy asarda, barcha stilistik vositalarda bo‘lgani kabi, takrorning zimmasiga ham nutqiy vositalarga xos emotsional bo‘yoq, alohida ohang, joziba berish vazifasi yuklanadi. Shuning uchun ham ijod jarayonida ularga murojaat qilish qalamkashlardan maxsus tayyorgarlikni talab qiladi va ana shunday ijodiy mehnat mevasi bo‘lgan takrorlargina badiiy uslub uchun chinakam stilistik usul sifatida xizmat qiladi”3.
Poetik nutqning ohangdorligi va ta’sirchanligiga ba’zi hollarda tovushlarni takroriy qo‘llash natijasida ham erishiladi. Chunki ba’zi uslubiy vositalar, jumladan, takrorning ko‘pchilik shakllari bevosita nutq tovushlarining takrorlanishiga asoslangan bo‘ladi. “Ammo, shuni ham aytish kerakki, alohida nutq tovushlari yoki fonetik usullar o‘z holicha konkret bir mazmunni ifodalamaydi. Ular badiiy nutqning boshqa unsurlari (hijo, turoq, rukn, turkum, misra, bayt, poetik figuralar...) bilan bir butunlikni tashkil etgandagina konkret ma’no kasb etadi, she’rga emotsionallik bag‘ishlaydi”1.
Fonetik takrorlar xalq og‘zaki ijodi va o‘zbek mumtoz she’riyatida ham asosiy tasviriy vosita bo‘lib xizmat qilgan. Bunga sabab folklor asarining, shuningdek, umumiy she’riy nutqning, jumladan, mumtoz she’riyatning og‘zaki aytish, ijroga mo‘ljallanganligidir. Mana shu xususiyat poetik fonetika birliklarining yuzaga chiqishiga asos bo‘ladi. Bu holat she’riy nutqda tovushlarning mazmun va uslub talabiga ko‘ra xilma-xil shakliy, talaffuz o‘zgarishiga uchrashida namoyon bo‘ladi. Bu o‘zgarish she’riy nutqning ta’sirchanligi, jozibasi va lozim bo‘lgan ohangini ta’minlaydi. Natijada tovushlarning takrori bu asosda yuzaga keluvchi fonetik hodisalar she’riy nutq badiiyatiga xizmat qiladi.
Ayniqsa, xalq qo‘shiqlari, tez aytish kabi xalq og‘zaki ijodi janrlari, “Aytishmachoq” kabi o‘yinlar, asosan, tovush ohangdoshligi asosida yaratilgan. “Tez aytish – xalq og‘zaki ijodi janri. Unda ma’lum tovushlar (ko‘pincha jarangli undoshlar) qayta-qayta takrorlanadi”2. Tez aytishlar nutq tovushlarining uyg‘unligiga asoslangan bo‘lib, bunda o‘xshash tovushli so‘zlar yoki so‘z birikmalarining bir nafasda shiddat bilan aytilish jarayonida u yoki bu tovush, so‘zning talaffuzida aniqlikka erishiladi. Bunday kichik hajmli she’riy janr bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bunda bolalar ma’lum tovushlarni to‘g‘ri talaffuz etish ko‘nikmasini hosil qiladi. Yoki “Aytishmachoq” o‘yinida ikki taraf ma’lum bir fikrni bir xil tovush bilan boshlanadigan so‘zlar asosida davom ettirishi kerak. Agar ulardan biri boshqa tovush bilan boshlanadigan so‘z ishlatib yuborsa, yutqazgan hisoblanadi. “Aytishmachoq” o‘yini ham, asosan, bolalarga mo‘ljallangan bo‘lib, bunda bolalarning topqirligi, bilimdonligi, so‘z shaklini mazmunga mos holda qo‘llay olishi, tovushlarni ohangdosh, mazmundor ifodalay olishi kabi holatlar hisobga olinadi. Shuningdek, maqol va matal kabi ixcham va mazmundor xalq og‘zaki ijodi janrlarida ham fikr ifodasi uchun takrorning ahamiyati katta. “Takror komponentlar maqol, matal kabilarning sodda, ixcham formada shakllanib, tez yodda saqlanishiga yordam beradi. Fikrni sodda ifodalash uchun, so‘zlarni tejab, iqtisod qilib ishlatish uchun, fikrning emotsionalligini ta’minlashga, voqea-hodisa, predmet-narsalar nomini logik jihatdan ajratib ko‘rsatishga xizmat qiladi”1. Tovushlar takrori ma’noni kuchaytirib, ta’sirchanlikni oshiradi.
O‘zbek mumtoz she’riyatida ham takrorlar o‘ziga xos uslubiy ahamiyatga ega bo‘lgan. Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asaridagi badiiy san’atlarni tadqiq qilgan Z.Hamidovning yozishicha, unda yigirma (20)dan ortiq poetik usullar uchraydi. Z.Hamidov Navoiy asarida uchraydigan takror bilan bog‘liq takrir, tasdir (sodda tasdir, murakkab tasdir), tasbig‘ san’atlariga to‘xtalgan2. Mumtoz she’riyatda unli va undosh tovushlar takroriga asoslangan badiiy san’at “tazmin-i muzdavaj” deb yuritilgan. “Tazmin-i muzdavaj – andin iborat turkim, bayt yoki sa’jda mu’tabar jihatlarin rioya qilg‘an holda ikki yoki andin ortiq lafzni yonma-yon yoki bir-biriga yaqin qilib keltirurlarkim, alar tegishli harakat va harflarining e’tibori bila qofiyada bir bo‘lurlar”3. Mumtoz adabiyotimiz uchun fonetik takrorning yana bir o‘ziga xosligi shundaki, aruzda hijolarning sifati (hijolardagi nutq tovushlarining xushohangligi, qisqa-cho‘ziqligi), she’r ritmi va musiqiyligini vujudga keltirishda muhim ahamiyatga ega. “Takrorlar she’riyatning ohangdoshlik va xushohanglik xususiyatlarini kuchaytirish orqali musiqiylikni maksimal darajada ta’minlaydi. Shu bilan birga, ular fikr va ma’noning turli qirra va darajalarini anglatadi”1. Badiiy san’atlar orasida ayrimlari bevosita nutq tovushlarining takrorlanishiga asoslanadi. Ularning badiiy nutqdagi ahamiyati, xususan, she’riy asarlarda ohangdoshlikni oshirishga xizmat qilishi nutq tovushlarining takrori asosida yuzaga keladi. She’r kitobxonda estetik ta’sir uyg‘otishi uchun u ma’no ta’sirchanlikka ega bo‘lishi, ijodkorning ichki emotsiyasini ifodalay olishi kerak. She’rning emotsionalligi esa vazn, ritm, qofiya, poetik figuralar, badiiy san’atlar bilan birga poetik fonetikaga ham bog‘liq bo‘ladi.
Badiiy adabiyotdagi har qanday shakliy izlanish va o‘ziga xosliklar, hatto u fonetik birliklar darajasida bo‘lsa-da, mazmunga bo‘ysundirilishi, badiiy asarning mazmun-mohiyati va nutqning ifodaviyligini oshirishga xizmat qilishi kerak. Shu ma’noda nutq tovushlarining badiiy nutqda takrorlanishi ham sof shakliy hodisa bo‘lib, o‘z o‘rnida qo‘llanganda asarning badiiy mukammalligini oshiradi, nutqning ravonligi uchun xizmat qiladi. Mana shunday takrorlar sirasiga alliteratsiya, assonans, geminatsiya kabi uslubiy vositalarni kiritishimiz mumkin. Bunday uslubiy vositalarning har birida nutq tovushlarining o‘ziga xos takrori kuzatiladiki, bu ma’lum bir uslubiy vazifa bajaradi va she’riyatning badiiyatini ta’minlashga qaratilgan bo‘ladi.



Download 0.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   51




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling