Isxakov S. A. Musulmon huquqi: IIV oliy ta’lim muassasalari uchun darslik / S. A. Isxakov, A. R. Raxmanov
Download 4.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Musulmon huquqi. Isxakov S.A., Raxmanov A.R. Darslik . – Toshkent ...
2) fay buyumlari. Mazkur buyumlarga harbiy yurishlar vaqtida,
urushsiz, tinch yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan ashyolar kirgan. Ular asosan ko‘char mulklar bo‘lib, bunday mulklar Qur’onning «Anfol» surasi 41- oyatida shunday taqsimlab berilgan: «Agar Allohga va ajralish kunida – ikki jamoa to‘qnashgan kunda, bandamiz (Muhammadga) nozil qilganimiz (oyatlar va farishtalardan iborat) narsaga iymon keltirguvchi bo‘lsangizlar, bilingizki, o‘lja qilib olgan narsangizning beshdan biri Alloh uchun, payg‘ambar uchun va u zotning qarindosh-urug‘i, yetimlar, miskinlar va musofirlar uchundir. Alloh hamma narsaga qodirdir»; 3) g‘animat buyumlari harbiy yurishlar vaqtida qo‘lga kiritilgan o‘ljalar bo‘lib, ular asosan ko‘char mulklar bo‘lgan. Ular ishtirokchilar orasida teng taqsimlangan. G‘animatga qo‘lga kiritilgan barcha narsalar – jonsiz buyumlar, qullar, harbiy asirlar ham kiradi. G‘animatning beshdan biri baytulmolga jo‘natilib, qolgan qismi barcha ishtirokchilar orasida bo‘lingan. Arablar keyinchalik Saudiya hududidan chiqishgach, fath qilgan yerlaridan ko‘char buyumlarni ko‘pincha g‘animat sifatida olib, anfol qilib esa ko‘chmas mulklarni, asosan ekin maydonlarini egalarida qoldirganlar. Ikkinchi xalifa Umar davrida Eron bosib olinganda, ekin maydonlari va bog‘larga fotihlarni egalik qilishdan qaytarib, ularni o‘z egalarida qoldirganlar. Shia mazhabidagilarning fikriga ko‘ra, dushmanlardan qo‘lga kiritilgan barcha mulklar: tashlandiq yerlar, buzilgan imoratlar, tog‘lar, o‘rmonlar, daryolar, xullas, mag‘lub podshohlar mulkidagi barcha narsalar musulmonlar imomi (rahbar)ning ixtiyoriga o‘tadi. Luqota topilma. Ushbu guruhga har qanday topilma buyumlar, topilgan bolalar, kishilar kiradi. Mazkur topilmalarni o‘zlashtirish uning 130 topilgan vaqti, joyiga bog‘liq. Deylik, o‘z shaxsiy tomorqasidan xazina topib olgan shaxs uning egasi bo‘ladi. Ushbu xazinani o‘zgalar yeridan qazib olish unga egalik huquqini bermaydi. Biror joydan topib olingan buyum xususida ulamolarning fikriga ko‘ra, topilgan buyumni bir yil davomida xalq orasida e’lon qilib turish shart. Ushbu muddat o‘tgandan so‘ng egasi topilmasa, topib olgan odam uni o‘zlashtirishi mumkin. O‘zlashtirish buyum yo‘qolgan vaqt bilan bog‘liq. Faqihlar bu borada shunday holatlarni ham ko‘rib chiqqanlar. Agar buyum islomning kirib kelishidan oldin yo‘qotilgan bo‘lsa-yu, so‘ng o‘sha buyumni o‘zga shaxs islom dini qabul qilingandan so‘ng topib olgan bo‘lsa, uni o‘zlashtirishi mumkin. Aksar ulamolarning fikricha, islom dini kirib kelgandan so‘ng yo‘qolgan buyumni topib olgan shaxs uni o‘zlashtirishi mumkin emas. Bu fikrni ular mulk huquqining shaxsda doim saqlanib qolishi bilan asoslaydilar. Mulk egasi mulkini xohlagan vaqtida talab qilishi mumkin, topilmani iste’mol qilib tugatgan, ishlatib yuborgan shaxs esa uni o‘z mulki hisobidan to‘lagan. Hanafiy mazhabi ta’limotiga ko‘ra, shartnoma (bitim) ikki va undan ortiq kishilarning o‘zaro kelishuvidir. Mazkur shartnoma muayyan manfaat evaziga yoki hech bir evazsiz tuziladi. Islomda bitim predmeti sanalishi uchun biror-bir harakatning bo‘lishi shart emas, balki unga harakatsizlik yoki biror-bir harakatni sodir etishdan to‘xtash ham kiradi. Musulmon huquqida nazr qilish (biror-bir xatti-harakatning oqibatiga bog‘lab, Alloh nomi bilan ichilgan qasamga rioya qilish. Misol uchun «O‘qishga kirsam, shu maskanga bir qo‘y atadim», – desa, o‘qishga kirishi bilan unga atab bir qo‘y so‘yish yoki mazkur maskanga hadya qilish vojib bo‘ladi) kabi bir tomonlama bitim, ichgan qasamiga ko‘ra, o‘z mulkini sadaqa yoki vaqfga berib yuborish kabi bitim ham uchraydi. Islomda bitimlar tomonlarning o‘zaro roziliklari asosida tuziladi. Islom faqihlari bitimlardan kelib chiqadigan majburiyatlar xususida ham to‘xtab o‘tganlar. Islomdagi majburiyat huquqi rim yoki boshqa huquq tizimlaridan tamomila farq qiladi. Islomning majburiyat ta’limotiga ko‘ra, insonning Allohning oldidagi majburiyati eng asosiy majburiyat hisoblanadi. Fuqarolik majburiyatlari ikkinchi o‘rinda turadi. Musulmon huquqiga ko‘ra, majburiyatlar cheklanmagan va cheklanganga ajratiladi. Cheklanmagan majburiyatlar, garchi qonun bilan belgilanmagan bo‘lsa-da, kishilar ularni bajarishga majburdirlar. Misol uchun halokatga uchrayotgan shaxsga yordam ko‘rsatish, kambag‘allarga moddiy va ma’naviy yordam berish kabilar. Cheklangan majburiyatlarga qonun bilan belgilangan majburiyatlar kiradi. Bu majburiyatlar, o‘z 131 navbatida, ikki tur: haqqulloh (ya’ni insonning Alloh oldidagi majbu- riyatlari) va haqqunnos (shaxsning fuqarolik bitimlaridan kelib chiqadi- gan, o‘zgalar oldidagi majburiyatlari)ga ajratiladi. Shartnomaning predmeti. Islom olimlarining fikriga ko‘ra, shartnoma predmeti, eng avvalo, birovga erkin o‘tish xususiyatiga ega bo‘lishi kerak. Havodagi qush, cho‘kkan kema, arqonini uzib qochgan chorva moli shartnomaning predmeti bo‘la olmaydi. Shartnoma predmeti muayyan, aniq narsa bo‘lib, tomonlar u haqida yetarlicha ma’lumot olishlari kerak. Shartnoma predmeti asosan naqd bo‘lishi, shuningdek shartnomaning predmeti va maqsadi musulmon huquqi nuqtai nazaridan ruxsat etilgan bo‘lishi kerak. Shartnomaning shartlari. Eng avvalo, tomonlarning roziliklari va xohishlarini erkin bildirishlariga monelik qilinmasligi lozim. Majburlov ostida yuzaga kelgan bitim noqonuniy hisoblanadi. Download 4.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling