Jahon tarixi “eng yangi tarix” fani bo`yicha I qism (1918-1945-yillar) kirish
Download 1.71 Mb.
|
JAHON TARIXI eng yangi ma\'ruza matni
- Bu sahifa navigatsiya:
- Insonparvarlik.
- Demokratlashtirish.
- II bosqich.
- III bosqich.
JAHON TARIXI “ENG YaNGI TARIX” fani bo`yicha I qism (1918-1945-yillar) KIRISH G‘arb mamlakatlarining eng yangi tarixi (1918-2005 yillar) kishilik jamiyatining XVII asr 40-yillaridan boshlangan yangi tarixning davomi, umumiy tarixning so‘nggi, eng murakkab va eng muhim qismi hisoblanadi. G‘arb mamlakatlarining eng yangi tarixi 1918 yildan hozirgi vaqtgacha dunyoda bo‘lgan muhim voqealarni, mamlakatlarning sotsial-iqtisodiy va siyosiy rivojlanishlarini, jahon tarixiy taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini, jahon miqyosida yuz bergan ziddiyatlarni, ozodlik kurashi jarayonlarini, sotsializmning inqirozi sabablari va undan keyingi rivojlanish taraqqiyot bosqichlarini, shuningdek, 1918-2005 yillar ichida sodir bo‘lgan xalqaro munosabatlar muhim xususiyatlarini o‘rgatadi. Dunyo xalqlari hayotida yuz bergan va yuz berayotgan tub ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni, xalqaro munosabatlar rivojlanishining yo‘nalishlarini bayon qilish eng yangi tarix fanining muhim vazifasidir. Shuningdek, eng yangi tarix fani urush va tinchlik muammolarini, tinchlik uchun kurash masalalarini, tashqi siyosatdagi qarama-qarshi yo‘llar va tendensiyalarni tushuntiradi. Eng yangi tarix masalalari g‘oyatda katta siyosiy ahamiyatga ega bo‘lib, bunda sinflar, partiyalar, oqimlar, turli nuqtai nazarlar kurashi, haqiqat va adolat, ozodlik va sotsial taraqqiyot uchun kurash masalalari turli mamlakatlar misolida keng va chuqur gavdalanadi. Hozirgi dunyo murakkab va turfa xil dunyodir. Unda turli mamlakatlar yonma-yon yashaydi va bir-biriga ta’sir ko‘rsatadi. Butun dunyo bilan muvaffaqiyatli munosabatlarga kirishish, do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirish uchun mavjud voqeylikning muammolarini chuqur bilish va bu bilimdan umum manfaat yo‘lida foydalanish lozim bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov o‘zining “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” kitobida dunyo mamlakatlari bilan tinch-totuv yashash xususida shunday yozadi: “Biz yashayotgan davr qanday xususiyatlarga ega? So‘nggi vaqtlarda jahonda yuz bergan, dunyoning jo‘g‘rofiy-siyosiy tuzilishini va xaritasini tubdan yangilagan o‘zgarishlar hozirgi zamon va kelajak uchun qanday tarixiy ahamiyatga molik? Bular haqida mulohaza yuritish va ularga to‘g‘ri baho berish juda muhim”1. Insoniyat XX asrda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy taraqqiyotda ulkan qadamlar tashladi. Asrimizning 20-yillarida boshlangan ilmiy-texnikaviy inqilob hayotning barcha sohalarida tub o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Inson tarixda birinchi marta ochiq fazoga chiqdi va Oyga qadam qo‘ydi. Atom energiyasi, inson irsiyati sohasidagi kashfiyot, elektronika, fazoviy televideniye, eng yangi harakat vositalari xalqlarning o‘zaro munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Shu bilan birga hali hal etilmagan bir talay muammolar borki, ularni bartaraf etish uchun insoniyat o‘z kuchlarini birlashtirishi zarur. Ochlik va qashshoqlik, atrof-muhitning ifloslanishi, og‘ir yuqumli kasalliklarga qarshi kurash va turmush darajasini yuksaltirish, inson huquqlari va erkinliklari uchun kurash, xalqaro huquq mezonlarini qaror toptirish shular jumlasidandir. Ilmiy-texnikaviy inqilob va uning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy sohalardagi ko‘rinishi muhim ahamiyat kasb etdi, jahon ijtimoiy hayotida quyidagi yangi tamoyillarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Insonparvarlik. Zamonaviy fan va texnikaning ulkan yutuqlari sababchisi inson, shaxsdir. Hozirgi kompyuterlar qanchalik katta ahamiyatga ega bo‘lmasin, baribir, uni yaratgan va boshqarayotgan insondir. XX asr tarixida inson omili hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi va barcha tarixiy o‘zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. XX asrda shaxsning o‘zi ham tubdan o‘zgardi. Yalpi o‘rta ma’lumot, ommaviy axborot vositalarining rivojlanishi, ommaviy madaniyatning paydo bo‘lishi insoniyat umumiy madaniy darajasining yuksalishiga va uning o‘ziga xos jihatlarining takomillashuviga olib keldi. Demokratlashtirish. Yalpi saylash huquqi va inson omilining tarixiy jarayonlarga hal qiluvchi ta’sir kuchiga ega bo‘lishi jahon siyosiy hayotini o‘zgartirib yubordi. Xalq vakillari siyosiy hayotga faol aralasha boshladilar, partiya va davlat, jamoatchilik harakatlari va tashkilotlari rahbarligiga keldilar. Ular ayni paytda keng xalq ommasining mafkurasini ham olib keldilar. Davlatni boshqarishga yo‘l topgan ijtimoiy guruhlar doirasi kengaydi, keng xalq qatlamidan chiqqan professional siyosatchilar paydo bo‘ldi, ommaviy axborot vositalarining siyosiy hayotga ta’siri kuchaydi. Bularning hammasi provardida jahondagi siyosiy vaziyatni tubdan o‘zgartirib yubordi. Globallashuv. Birinchi jahon urushidan so‘ng dunyo iqtisodiy hayotining baynalmilallashuvi tez sur’atlar bilan davom etdi. Sof siyosiy g‘oya sifatida paydo bo‘lgan Yevropani “Yevropa Qo‘shma Shtatlari” shiori ostida birlashtirish, dunyo iqtisodiy hayotining integratsiyasi taraqqiyot, xalqaro iqtisodiy va madaniy aloqalarni kuchaytirish va chuqurlashtirishning obyektiv jarayoniga aylandi. Bu jarayon davlatlararo birlashmalar va muassasalar barpo etish, xalqaro mehnat taqsimotini chuqurlashtirish, ishlab chiqarish va ilmiy kooperatsiyani rivojlantirishga turtki bermoqda. Integratsiya asta-sekin turli mamlakatlar iqtisodiy taraqqiyotini bir-biriga yaqinlashtirish va tenglashtirish, o‘zaro manfaatli savdo, iqtisodiy va valyuta-xo‘jalik aloqalarini kengaytirishga yordam bermoqda. Hozirgi paytda mazkur jarayon dunyoviy miqyos kasb etdi va ravnaq topdi. Dunyo iqtisodiy hayotining globallashuvi muhim hayotiy va milliy manfaatlarga javob beradi. Chunki u davlatlarning dunyo xo‘jalik jarayoniga qo‘shilishiga va dunyo texnologiyasi, fani va madaniyati yutuqlaridan foydalanishiga ko‘maklashadi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti I.Karimov shunday yozadi: “Milliy tafakkur o‘z taraqqiyotida madaniy qurilish vazifalariga dunyo miqyosida yondoshishi, boshqa xalqlarning taqdiri, ularning o‘zaro munosabatlari bilan yaqindan qiziqishi, ular hayotining eng teran nuqtalarigacha kirib borishi, milliy manfaatlarni hisobga olishi kerak”. XX asrda Yevropa mamlakatlarining ochiqdan-ochiq qarama-qarshiligi jahon harbiy mojarosiga aylanib ketdi. Ko‘pgina mamlakatlarda bu hol biqiqlik jarayoniga, ya’ni jahondagi jarayonlardan chetda turishni nazarda tutuvchi yopiq iqtisodiy taraqqiyot yo‘liga sabab bo‘ldi. Natijada ular dunyo iqtisodiyotidan ajralib qoldilar. Mazkur mamlakatlarda totalitar, antidemokratik tuzumlar shakllandi, og‘ir iqtisodiy qiyinchiliklar yuzaga keldi. Pirovardida bunday mamlakatlarning ba’zilari harbiy mag‘lubiyatga uchradilar (Germaniya, Italiya, Yaponiya), boshqalarida esa siyosiy falokatlar ro‘y berdi (sobiq SSSR va sharqiy Yevropadagi sotsialistik lager mamlakatlari). Shu sababli XX asr birinchi yarmining asosiy mohiyati demokratiyaning totalitarizm bilan, insonparvarlikning fashizm bilan va globallashuvning ayrimchilik bilan kurashidan iborat bo‘ldi. XX asr voqealari asosan shu tariqa kechdi. Bu voqealar bir tekis rivojlanmagan va kechmagan, albatta, ular har bir mamlakatda o‘z xususiyatlariga, namoyon bo‘lish shakllariga ega edi. Eng yangi tarix va dunyo siyosati yigirmanchi yuz yillikda ularning ta’siriga bog‘liq holda uch bosqichni o‘tadi. Bular quyidagilardir: I bosqich. 1914-1945 yillardagi ikki jahon urushi o‘rtasidagi davr. Unda dunyoni qayta taqsimlab olishga, yangi dunyo tartiboti o‘rnatishga yo‘naltirilgan jahon mojarolari juda ko‘p. Birinchi jahon urushi imperialistik, ya’ni ikkala imperialistik guruh boshlagan bosqinchilik urushi bo‘ldi. U talonchilik va buzg‘unchilik urushi edi. Shunday bo‘lsa-da, barcha mamlakatlarni qamragan demokratik harakat rivojlanishi uning natijasidir. Ushbu davrda maqsadi demokratik islohotlarni amalga oshirish bo‘lgan umumdemokratik xarakterdagi kuchlar yuksalishi ustunlik qildi. Kapitalistik tizimning ham iqtisodiy, ham ijtimoiy-iqtisodiy inqirozi jahonni ikkita – ham demokratik, ham fashistik-totalitar lagerga bo‘lib yubordi. Ikkinchi jahon urushi endilikda birinchisiga qaraganda butkul boshqacha xarakterda edi. U demokratik lager davlatlari tomonidan umumdemokratik xarakterdagi, fashistik lager davlatlari tomonidan esa tajovuzkorlik, bosqinchilik va talonchilik urushi edi. Ikkinchi jahon urushida demokratik davlatlar g‘alaba qozondilar. Bu demokratik kuchlarning umumjahon tarixi ahamiyatiga molik g‘alabasidir. II bosqich. Sovuq urush davri. 1946 yildan 1991 yilgacha, ya’ni Ikkinchi jahon urushi tugashidan to Sovet Ittifoqi parchalangunga qadar kechgan davrni o‘z ichiga oladi. Butun jahonda jamiyatni insonparvarlashtirish uchun kurash keng avj oldi. Inson huquqlari uchun kurash, mustamlakalarni ozod qilish, irqchilikka barham berish, totalitar va mustamlaka tuzumlarini tugatish sovuq urush davrining asosiy mazmuniga aylandi. U faqat tashqi jihatdan ikki buyuk davlat yoki ikki tizimning mojarosi tarzida tasavvur etilsa ham, aslida aksilinsoniy tizimlar va tuzilmalarni tugatish uchun umumjahon kurashi edi. III bosqich. Yangi demokratiya davri. U Sovet davlati parchalanganidan so‘ng boshlandi va globallashuv jarayonlarining jahon miqyosida jadal ilgarilashi bilan tavsiflanadi. Globallashuvni rivojlantirish yo‘lidagi oxirgi to‘siqlar qulab tushdi. Jahon maydonida dunyo hamjamiyati tuzilmalarini insonparvarlashtirish, demokratlashtirish va globallashtirish jarayoniga o‘z hissasini qo‘shayotgan yangi demokratik davlatlar paydo bo‘ldi. Ko‘p qutbli dunyo siyosati tarix maydoniga keldi. Eng yangi tarixning 1918-1945 yillarni o‘z ichiga olgan 1-chi qismini ham davrlarga bo‘lib o‘rganamiz. 1) 1918-1923 yillar bu davr 1-chi jahon urushidan keyingi iqtisodiy va siyosiy inqirozlar davri bilan, Rossiyada yuz bergan oktabr to‘ntarishining ta’siri tufayli chet ellarda yuz bergan inqilobiy jarayonlar bilan xarakterlanadi. 2) 1924-1928 yillarni o‘z ichiga olgan kapitalizmning vaqtincha va qisman stabillashuvi bilan, kapitalizm bilan tarix maydoniga kelgan yangi tuzum sotsializm o‘rtasida tinchlik masalasida ba’zi bir murosalarga kelishi bilan, shuningdek, kapitalistik dunyoda paydo bo‘layotgan fashistik partiyalarining hokimiyat sari intilishlari bilan xarakterlanadi. 3) 1929-1933 yillar davri dunyo iqtisodiyotini qamrab olgan jahon iqtisodiy inqirozi bilan va uni bartaraf qilish uchun olib borilgan chora-tadbirlar bilan xarakterlanadi. 4) 1933-1939 yillar davri dunyo davlatlari o‘rtasidagi ziddiyatlarning keskinlashishi bilan, reaksiya va fashizm kuchlarining faollashishi bilan, dunyoning yirik davlatlari sayi xarakatlari tufayli yangi jahon urushining tayyorlanishi bilan xarakterlanadi. Download 1.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling