Jahon tarixi “eng yangi tarix” fani bo`yicha I qism (1918-1945-yillar) kirish
I-bob. 1918-1939 YILLARDA ANGLIYA
Download 1.71 Mb.
|
JAHON TARIXI eng yangi ma\'ruza matni
I-bob. 1918-1939 YILLARDA ANGLIYA
1-§. Urushdan keyingi iqtisodiy va siyosiy inqiroz yillarida Angliya I jahon urushi yillarida ishlab chiqarish va kapital konsentatsiyasi o‘sdi. Sanoatning notekis rivojlanishi kuchaydi. Toshko‘mir va kemasozlik sanoatlarida maxsulot ishlab chiqarish kamaysada, sanoatning avtomobil, kimyo, aviatsiya va qurolsozlik tarmoqlari tez o‘sdi, natijada urush davrida Angliya monopoliyalarining foydasi 4 milliard funt sterling hajmida ko‘paydi. Urush ingliz monopoliyalari uchun ulkan foyda manbaiga aylandi. U ingliz iqtisodiyotining barcha kuchlarini jamlashni taqozo etdi. Bu esa o‘z navbatida sanoatning va kapitalning birligini kuchaytirdi. Kichik va o‘rta korxonalarning majburiy kooperativlashtirilishi hamda banklarning birlashuvi ro‘y berdi. Ayni shu jarayonda yirik London banklari - “Lloyd”, “Barklay”, “Midlend”, “Vestminister” va Ingliz bankidan iborat “katta beshlik” vujudga keldi. Ularning tasarrufida Angliya pul resurslarining 85 foizi jamlangan edi. Sanoatda oltita yirik monopoliya paydo bo‘ldi. Bular “Royyal Datch shell” (neft), “Ingliz-Eron neft kompaniyasi” (neft), “Yunilever” (keng iste’mol mahsulotlari), “Imperial kemikl indastriz” (kimyo sanoati), “Danlop rabbers” (kauchek, rezina) va “Vikkers” (qurol-yarog‘) edi. Mazkur olti yirik monopoliya amalda ishlab chiqarishning barcha sohalarida hukmron edi. Beshta eng yirik bank bilan birgalikda ular Angliya ichki va tashqi siyosatining yo‘nalishlarini ham belgilardilar. Urush yillarida Angliya mehnatkashlari va mustamlaka xalqlari yanada ko‘proq talandi. Ishchilar ahvoli jiddiy ravishda yomonlashdi. Urush mobaynida aholining turmush darajasi ancha pasaydi. Ish haqining real darajasi ham pasayib bordi. Deyarli cheklanmagan ish kuni, favqulodda tezkor ish sur’ati, oz ish haqi, yomon uy-joy va maishiy sharoitlar, oziq-ovqatlarning yuqori narxlari o‘lim va kasb kasalliklarining yuksak darajada bo‘lishiga olib keldi. Ayni paytda bo‘lib o‘tgan urush ingliz mehnatkashlari ijtimoiy ongining yuksalishida katta ahamiyatga ega bo‘ldi. 1916 yilda Irlandiya milliy ozodlik harakati ko‘tarildi. Bu qo‘zg‘olon hukumat tomonidan shafqatsizlik bilan bostirildi. Siyosiy vaziyat keskinlashgan vaqtda, 1916 yil oxirida liberallar partiyasining rahbari Lloyd Jorj (1863-1945 yy) boshchiligida liberallar, konservatorlar va o‘ng leyboristlardan iborat 1-chi koalitsion hukumat tuzildi. Lloyd Jorj hukumati Germaniya ustidan g‘alaba qozonish munosabati bilan shovinistik kayfiyatni avj oldirdi. Hukumat Angliyaning harbiy qudrati va xalqaro roli oshib borayotganidan foydalanib o‘sha vaqtda tashkil topgan xalqaro tashkilot-Millatlar Ittifoqi orqali mustamlakachilik hukmronligini saqlab qolish uchun alohida rejim bo‘lgan mandat sistemasini joriy qildi. Buning natijasida Germaniya mustamlakalari (Afrikada-Tanganika, bundan tashqari Fransiya bilan bo‘lishib olish asosida Togo va Kamerunning katta qismi) va Turkiya imperiyasi xududlari (Falastin, Transiordaniya va Iroq) hisobiga Angliyaning mustamlaka yerlari kengaydi. Biroq, Germaniya va uning ittifoqchilari ustidan qozonilgan g‘alaba ko‘p zararlar evaziga bo‘ldi. Angliya jahonda moliya ustunligidan mahrum bo‘ldi. Urush xarajatlari 11 milliard funt sterlingni tashkil etdi. Davlat qarzi 1913 yilda 645 million funt sterling bo‘lsa, 1919 yilda qariyib 7 milliard 800 million funt sterlingga yetdi. Urushdan oldin ko‘pgina mamlakatlarga hatto AQShga ham qarz berib kelgan Angliyaning o‘zi AQShdan(1919 yilda 850 million funt sterlingdan ortiq) qarzdor bo‘lib qoldi. Urushda Angliya tomonidan 747,7 ming kishi halok bo‘ldi, 1 million 693 ming kishi yarador bo‘ldi. U savdo flotining 70 % idan ajraldi. Jahon bozorida Angliyaning pozitsiyasi sezilarli darajada bo‘shashib qoldi. AQSH harbiy floti tez rivojlanib ketganligidan Angliya harbiy-dengiz flotining jahon flotidagi salmog‘i kamaydi. Urushdan so‘ng Angliyaning iqtisodiyoti ancha zaiflashib, keyinchalik uzoq vaqtgacha deyarli turg‘unlik holatida bo‘ldi. Sanoat mahsulotining xajmi 1913 yildagiga nisbatan 1920 yilda 61%, 1921 yilda 62%, 1924 yilda 88%, 1929 yilda 99,1% ni tashkil qildi. 1918 yil dekabrida Liberal partiya yetakchisi Lloyd Jorj boshchiligida tezkor saylovlar o‘tkazildi. U xalqqa tinchlik, ijtimoiy islohotlar, urush aybdorlarini jazolash va’dalarini berdi. Saylovda Lloyd Jorj g‘alaba qozondi. 1919 yil yanvarida L.Jorj boshchiligida konservatorlar va liberallardan iborat ikkinchi koalitsion hukumat tuzildi. Mazkur hukumat mamlakatni 1922 yil kuzigacha boshqardi. Konservatorlar hukumat tepasida epchil liberal L.Jorjning bo‘lishini afzal ko‘rdilar, asosiy ministrliklar esa o‘z qo‘llarida bo‘ldi. Konservatorlar partiyasining vakillari Kerzon tashqi ishlar ministri qilib, Cherchel harbiy ministr qilib tayinlandi. Angliya mustamlaka va dominionlarida milliy ozodlik harakatlari ko‘tarildi va rivojlandi. 1918 yilgi saylovlarda “Shinn feyn” ingliz parlamentining irlandiyaliklar uchun ajratilgan barcha o‘rinlarini egallab oldilar va Angliya parlamentida qatnashishdan bosh tortdilar. 1919 yil 21 yanvarda Angliya parlamentining Irlandiya deputatlari Dublinda yig‘ilishib, mustaqil Irlandiya parlamentini tuzdilar: Irlandiya respublika deb e’lon qilindi. Muvaqqat hukumat va armiya tuzildi. Edmon de Varle Irlandiya respublikasi birinchi prezidenti qilib saylandi. Irlandiya va Angliya qo‘shinlari o‘rtasida jiddiy harbiy to‘qnashuvlar bo‘ldi va janglar boshlanib ketdi. Milliy ozodlik kurashiga rahbarlik milliy burjua kuchlari-shinfeynerlar (“yolg‘iz o‘zimiz”) qo‘lida bo‘ldi. 1921 yil dekabrida ingliz hukumati o‘ng shinfeynerlar, ya’ni milliy burjuaziya kuchlari bilan Angliya-Irlandiya bitimini imzoladi. Bitimga ko‘ra, Irlandiya ikkiga bo‘lib yuborildi: Shimoliy Irlandiya Angliya tarkibida qolaverdi va Angliya shundan boshlab “Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya qo‘shma qirolligi” nomini oldi. Janubiy Irlandiya “Ozod Irlandiya davlati” deb e’lon qilindi va dominion huquqini oldi. Lloyd Jorj hukumati (1918-1922 yy) Angliyaning xalqaro mavqeini saqlab qolishga intildi. U Rossiyaning ichki ishlariga qo‘pol ravishda aralashdi. Ingliz qo‘shinlari Murmansk va Arxangelsk shaharlariga kiritildi, mahalliy hokimiyat ag‘darildi. 1918 yil yozida ingliz qo‘shinlari Ashxobod va Boku shaharlarini egalladilar va Kaspiy dengizida o‘z flotiliyalarini yaratib, dengizdagi barcha qatnovni nazorat ostiga oldilar. Shuningdek, ular Boku-Batumi temir yo‘li ustidan nazorat o‘rnatdilar, Gruziya, Ozarbayjon va Armanistonda mustaqil hukumatlar tuzilishiga ko‘maklashdilar. Angliyaning maqsadi Rossiyani bo‘lib yuborish, 1916 yilda Fransiya bilan bitimda qayd etilgan va 1918 yil 13 noyabrda tasdiqlangan hududlar ustidan o‘z hukmronligini o‘rnatish edi. Angliyaning o‘zida Rossiyaga qarshi harbiy yurishlar xalqning keskin noroziligi va namoyishlariga sabab bo‘ldi. Ingliz hukumati qurolli yo‘l bilan Rossiya hukumatini yo‘q qilishga urinishdan voz kechishga majbur bo‘ldi. Bu esa Lloyd Jorj hukumatiga berilgan og‘ir zarba edi. Hindistonda ingliz mustamlakachilariga qarshi ozodlik xarakati yuksaldi. Amritsar shahrida qonli voqea (1919 yil 13 aprel) Panjob viloyatida qo‘zg‘olon (1919 yil aprel-may) va Hindistonning boshqa joylarida kuchli ommaviy chiqishlar yuz berdi. Ingliz hukumati o‘z mustamlakachilik rejimini saqlab qolish maqsadida yon berishlarga, konstitutsion reforma o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Hindiston milliy burjuaziyasining yuqori tabaqasi va pomeshchiklar mamlakatning siyosiy hayotida qatnashadigan bo‘ldilar. 1919 yilda Afg‘oniston xalqi o‘z mamlakatiga bostirib kirgan ingliz bosqinchilariga qarshi qurolli kurashga otlandi va uchinchi Angliya-Afg‘oniston urushida o‘z mustaqilligi uchun mardonavor kurashib g‘alaba qildi. Angliya Afg‘onistonning mustaqilligini tanishga majbur bo‘ldi. 1919 va 1921 yillarda Misrda ingliz mustamlakachilariga qarshi katta namoyishlar, ish tashlashlar, politsiya bilan to‘qnashuvlar va qurolli qo‘zg‘olonlar bo‘ldi. Shahar va qishloq mehnatkashlari bu kurash va qo‘zg‘olonlarning asosiy kuchlari edi. 1922 yil fevralida Angliya yon berishga majbur bo‘lib, Misr ustidan bo‘lgan o‘z protektoratini bekor qilajagini bildirdi. Misr rasman mustaqil davlat deb e’lon qilindi. Lekin ingliz qo‘shinlari ilgargidek Misrda qola berdi. Angliya strategik jihatdan muhim bo‘lgan O‘rta Yer dengizi hududida tayanch nuqtasiga ega bo‘lishni istar edi. Kipr Angliya tasarrufida bo‘lib, Gretsiyani ham o‘z ta’sir doirasiga oladigan bo‘lsa, O‘rta Yer dengizi mintaqasida Angliyaning rolini oshirib yuborar edi. Angliyaning bu rejalarini Turkiya buzib yubordi. 1920 yilda Izmirning greklar tomonidan bosib olinishi bilan boshlangan grek-turk urushi 1922 yilgacha davom etdi. Angliya Egey dengizining har ikki tomonida Buyuk Gretsiya davlatini yaratish niyatida bo‘lgan greklarning da’vosini qo‘llab-quvvatladi. Ingliz siyosatining mohiyatini yaxshi tushungan Fransiya va Italiya esa Gretsiyaning kuchayishiga qarshi chiqdilar. Angliya birinchi jahon urushidan keyin birinchi marta yakkalanib qoldi. 1922 yil 9 sentabrda Muddaniya yaqinidagi jangda grek qo‘shinlari tor-mor etildi va turk qo‘shinlari Izmirga kirdi. Angliyaning Turkiyaga qarshi urushda yordam so‘rab Yugoslaviya va Ruminiyaga qilgan murojaatlaridan natija chiqmadi. U o‘ziga qaram davlatlardan ham rad javobini oldi. Birinchi jahon urushida g‘alaba qozongan Angliya turk milliy-ozodlik harakati bilan urushda mag‘lub bo‘ldi. Grek-turk urushidagi bu mag‘lubiyat Lloyd Jorj hukumatining ham mag‘lubiyati edi. Lloyd Jorjga qarshi matbuotda ayovsiz kompaniya boshlandi. 1919-1922 yillarda Turkiya va Eronda milliy ozodlik harakati, revolyutsion-demokratik kurashning yuksalishi natijasida Angliyaning bu mamlakatlardagi siyosati mag‘lubiyatga uchradi. Ingliz mustamlakachilari va Gretsiya bosqinchilarining Turkiyadagi intervensiyasi tor-mor qilindi. Imperialistlarning Turkiyada zo‘rlik bilan o‘rnatgan taslimchilik rejimi tugatildi. 1919 yilda Angliyaning Eron bilan imzolagan og‘ir shartli shartnomasi ham 1921 yil fevralida bekor qilindi. Angliya Afg‘onistondan tashqari, Turkiya bilan Eronning mustaqilligini ham e’tirof qilishga majbur bo‘ldi. Lloyd Jorj hukumatining ichki va tashqi siyosati, xususan Irlandiyadagi voqealar mamlakatda norozilikni kuchaytirdi. tashqi siyosatning muvaffaqiyatsizliklari va mustamlaka masalalarida boshqa davlatlarga yon berish 1922 yil oktabrida konservatorlarni L.Jorj boshchiligidagi liberallar bilan aloqani uzishga majbur etdi, hamda 1922 yil oktabrida Bonar Lou boshchiligida va 1923 yil mayida Stenli Bolduin boshchiligida konservator hukumatlarining tuzilishiga olib keldi. Angliya 1919-1920 yillarda vujudga kelgan imperialistik Versal sistemasining asosiy tashkilotchilaridan biri bo‘ldi. Angliya Parij sulh konferensiyasining tor doiradagi kengashlarida (masalan To‘rtlar kengashida) aktiv qatnashdi. Angliya 1919 yilgi Parij konferensiyasida tashkil topgan Millatlar Ittifoqining boshliqlaridan biri bo‘lib qoldi. Osiyo va Janubiy Amerika bazalari uchun, jahonda hukumronlik qilish uchun Angliya bilan AQSH o‘rtasidagi ziddiyat, Tinch okean zonasi va Uzoq sharqda Angliya bilan Yaponiya o‘rtasidagi ziddiyat, Yevropada va Yaqin Sharqda gegemonlik qilish uchun Angliya bilan Fransiya o‘rtasidagi kurash keskinlashdi. Angliya, ayniqsa, urushdan keyingi yillarda Yevropaning Sharqi va Janubi-Sharqida Fransiya pozitsiyasining kuchayishiga, Fransiya boshchiligida Chexoslovakiya, Ruminiya va Yugoslaviyadan iborat Kichik Antantaning tuzilishiga e’tiborsiz qaray olmas edi, albatta. AQShdan olingan qarzlar masalasida ham Angliya bilan AQSH o‘rtasidagi munosabatlar jiddiy tus oldi. AQSH qarzlarning Angliya uchun ancha og‘ir bo‘lgan shartlarda to‘lashini talab qildi. Nihoyat, 1923 yil fevralida ikki o‘rtada bitim tuzilib, Angliyaning AQShdan olgan qarzlari 30% kamaytirildi va Angliya qarzlarning qolgan qismini 62 yil mobaynida to‘lash majburiyatini oldi. Download 1.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling