Mog`oki Attori masjidi (XII, XVI, XX) asrlar)
Bu masjid shahar markazida joylashgan bo`lib, ilgarigi attorlar rastasi o`rniga qurilgani tufayli Mog`oki Attori deb atalgan. Masjid qariyb 6 metr erga kirib turadi — ko`p asrlar davomida asta-sekin shaharga tuproq qatlamlari uyulib, u shunday ko`milib qolgan. Mog`oki Attori masjidi yopiq tipdagi masjidlardan bo`lib, tomini 6 tosh ustun ko`tarib turadi.
Masjidning xiyobon tomonidagi janubiy peshtoqi arxitekturaning noyob asari hisoblanadi. Peshtoq va uning ravog`i har xil, chunonchi, o`ymakor ganch, sayqal berilgan g`isht, koshin, o`yib naqshlangan sopol g`ishtchalar bilan bezatilgan.
Binoning sharqiy tomonidan kiriladigan qismida keng tosh zina bor. Zina janubiy peshtoq qurilgandan keyin ishlangan. Bu zina kirish uchungina emas, balki namoz o`qiladigan joy ham bo`lgan.
Namozgoh masjidi (XII, XIV, XVI asrlar)
Buxorodan janub tomonda, shaxdr tashqarisida joylashgan. Bunday masjidlar hayit kunlari shahar masjidlari namoz o`quvchilarni sig`dira olmaganligidan shahar tashqarisiga qurilgan. Namozgoh masjidi ana shunday masjidlardan hisoblanadi.
Namozgohning peshayvon, gallereya shaklida gumbazli binosi bo`lgan (XVI asr), unga nafis qoplama bezakli peshtoq qurilgan. G`arb tomondan binoning monumental qismi mehrobli qadimiy devorga taqalgan. Mehrob nozik o`yma gulli sopol g`ishtlar va mayda g`isht parchalari bilan bezatilgan.
Hozirgi namozgoh masjidi o`rnida bir vaqtlar ajoyib bog` va hayvonotxona bo`lgan. Bu er SHamsiobod, deb atalgan. Bu joyni tarixchi Narshaxiy o`z asarida to`la tasvirlab o`tgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |