Jahon tarixi


Download 3.01 Kb.
Pdf ko'rish
bet34/38
Sana25.02.2017
Hajmi3.01 Kb.
#1260
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   38

298
o‘rtasidagi farqlar mamlakat taqdiriga ta’sir ko‘rsatdi. Boltiqbo‘yidagi xalq
frontlari harakati, keyinchalik esa Ruminiyadagi inqilob haqidagi xabarlar
Yagona Moldova Xalq Frontining (YAMXF) tashkil etilishiga, uning
tomonidan mamlakatda 1989-yilda rumin tiliga davlat tili maqomini berish
va mamlakatni suveren deb e’lon qilishga bo‘lgan intilishlarni rag‘batlan-
tirdi. YAMXF ommaviylashdi va Kishinyov ko‘chalariga yuz minglab
tarafdorlarini chiqardi.
Bahorda SSSR Xalq deputatlari syezdiga yuborilgan delegatlarning
ko‘pchiligi mutaassib (konservativ) kayfiyatda edi, ammo avgustga kelib
respublika Oliy Soveti rumin tiliga davlat tili maqomini berish to‘g‘risidagi
qonunni qabul qilib, har bir elatga o‘z tilida gapirishga imkon berdi. Ke-
yinchalik Xalq Fronti 1990-yildagi Oliy Sovet saylovlarida muvaffaqiyatga
erishib, respublika rahbariyatidan kompartiyani chetlashtirdi. Avgust oyida
Oliy Sovet Moldova mustaqilligi to‘g‘risidagi deklaratsiyani e’lon qildi. Yangi
hukumat fuqarolarning huquq va erkinliklarini yoqladi. Mamlakatda
demokratlashtirish avj olib, bir qator liberal-demokratik, milliy-demokratik
hamda sotsial-demokratik yo‘nalishdagi partiya va harakatlar paydo bo‘ldi.
Ulardan ba’zilari Moldovaning Ruminiyaga qo‘shilishi tarafdorlari edilar.
Ammo ular referendumda ko‘pchilik ovozga ega bo‘lolmadilar. 1991-yil
oxirida Oliy Sovet respublika prezidenti etib liberal-demokratlar yetakchisi
M. Snegurni sayladi.
Shu bilan birga, 1990-yildayoq SSSRning parchalanishiga to‘sqinlik
qilishga harakat qiluvchi ittifoq hukumati ishtiroki bilan Moldovaning
janubidagi uchta mintaqada yashovchi gagauzlar va Dnestr O‘ng qirg‘og‘i
hamda Benderi shahri aholisining ko‘pchiligi rumin tiliga qarshi va SSSR
tarkibidan chiqishga qarshi norozilik bildirishdi. Gagauzlar o‘z mustaqil
respublikalarini e’lon qilishdi. Shimolda esa 1991-yilda sovet tuzumini
saqlab qolayotgan mustaqil Dnestrbo‘yi Moldova Respublikasi (DMR)
paydo bo‘ldi.
Agar gagauzlar bilan olib borilgan uzoq muddatli muzokaralardan so‘ng
ular Gagauziyaning Moldova tarkibida maxsus huquqiy maqomga ega
bo‘lishiga rozilik bildirgan bo‘lsa, Tiraspol shahrida joylashgan DMR
hukumati Moldova hukumatining muxtoriyat to‘g‘risidagi taklifini rad etdi
va Sovet harbiylari yordamida Moldovaning tartib o‘rnatuvchi kuchlariga
qarshilik ko‘rsatdi. 1992-yilda Moldova qurolli kuchlari bilan va DMR
qurollangan otryadlari va ularga yordam berayotgan 14-sobiq Sovet armiyasi
o‘rtasida bo‘lgan janglarda yuzlab odamlar halok bo‘ldi va yarador qilindi,
xalq xo‘jaligiga katta moddiy zarar yetkazildi. O‘n minglab muqim yashov-
chilar qochoqlarga aylandi. Moldovada prezident favqulodda holat e’lon qildi.
Moldova va DMR o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar faqat Moldova va
Rossiya o‘rtasidagi shartnoma imzolangandan, 14-armiya tarqatib
yuborilgandan va urush mintaqasiga Xalqaro tinchlik o‘rnatuvchi kuchlar
kiritilganidan keyingina to‘xtatildi. Qarama-qarshi tomonlar o‘rtasidagi mu-

299
zokaralar va vositachilarning urinishlariga qaramasdan, to‘qnashuvlar 1994-
yilgacha davom etdi. 1994-yilda tomonlarning zo‘ravonlikni to‘xtatish
to‘g‘risidagi o‘zaro kelishuvlari to‘qnashuvlarga chek qo‘ydi.
Parlamentga (1994-yilda) va mahalliy (1995-yilda) saylovlar arafasida
korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish biroz olg‘a siljidi, ammo ishlab
chiqarish samaradorligini oshirishga erishilmadi. Davlat ixtiyoridagi asosiy
sohalar — vino ishlab chiqarish va tamaki sanoatida ishlab chiqarish sama-
radorligi pastligicha qolmoqda edi. Moldova Rossiya kompaniyalari tomonidan
keltirilayotgan energiya tashuvchilarni sotib olish uchun mablag‘ga ega emas
edi. Beqarorlik investitsiya oqimiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan edi. Uzoq
davom etgan ishlab chiqarishning qisqarishi va inflatsiya aholi ahvolining
yomonlashishiga sabab bo‘ldi. Ommaning noroziligi, eng avvalo, ijtimoiy
muammolarni hal etishga chaqirayotgan sotsial-demokratik partiyalarning
kuchayishiga olib keldi. 1996-yil oxirida prezidentlik saylovlarining ikkinchi
bosqichida ular tomonidan qo‘llab-quvvatlangan erkin nomzod P. Luchinskiy
g‘alaba qozondi.
1988-yilga kelib mamlakat mulkining 75 foizi (Dnestrbo‘yidan tashqari)
hissador-investor, korxona xodimlari, menejerlar va xususiy tadbirkorlar
qo‘liga o‘tdi. Ammo iqtisodiyotning jonlanishi va aholi ahvolining
yaxshilanishiga erishilmadi.
Muzokaralar yo‘li bilan P. Luchinskiy Moldova birligining Rossiya va
Ukraina tomonidan e’tirof etilishiga va ular bilan hamkorlikni kuchaytirishga
erishdi. Mamlakat birligini tiklash uchun Moldova YEXHT va boshqa xalqaro
tashkilotlarga tayanmoqda. Yoqilg‘i-energiyaga ega bo‘lish maqsadida Ozarbayjon
bilan mustahkam munosabatlar o‘rnatilmoqda. Islohotlar yo‘li bilan olg‘a
borayotgan Ruminiya va YEI bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. 2000-yil
bahoridan boshlab, prezident tanlagan yo‘l mamlakat aholisi ba’zi qismining
manfaatlariga mos kelmasligi tufayli noroziliklar kuchayib ketdi. Bu
noroziliklarga tayanib, parlamentdagi turli ruhdagi muxolifat kuchlar
konstitutsiyani o‘zgartirishga erishdi. 2001-yil fevral oyidagi parlament
saylovlarida demokratlar rahbarligida mamlakat qiyinchiliklari bartaraf
etilishidan umidini uzgan saylovchilar kommunistlar uchun ovoz berdilar.
Yangi parlament V. Voroninni prezident qilib sayladi. Bozor iqtisodiyotiga
o‘tish qiyinchiliklari davom etmoqda.
Moldovada YAIM 2007-yilga kelib 4,8 mlrd dollarga yetdi va yillik o‘sish
3 foizni tashkil qildi. Sanoatning 87 foizi qayta ishlash sanoatiga to‘g‘ri
keladi. Qishloq xo‘jaligida biroz pasayish sezildi. Import eksportga nisbatan
ancha ustun. 170 dan ortiq vino zavodlari ishlab turibdi.
Ukraina Respublikasi
Aholi soni va sanoat salohiyati bo‘yicha SSSR da ikkinchi o‘rinda turgan
Ukrainada milliy harakatlar Boltiqbo‘yiga nisbatan kechroq boshlandi. Ammo

300
bu harakat chuqur tarixiy ildizga ega bo‘lib, hech qachon tugamagan va,
ayniqsa, g‘arbiy hududlarda Belorussiyadagiga nisbatan ancha kuchliroq edi.
Qayta qurish va oshkoralik yillarida ruslashtirishga qarshi chiqqan dissidentlar
faollashdi, mamlakat mustaqilligi uchun kurashuvchi natsionalistlar, ya’ni
milliy-ozodlik harakati qatnashchilari ochiq faoliyat yurita boshladi. Ular
tuzgan eng obro‘li tashkilot I. Droch va V. Chernovillar boshchilik qilgan
Ukraina Xalq harakati (Rux) edi.
Qariyb 73 foizi ukrainlardan iborat bo‘lgan aholi konformistik ruhda
emas edi. Ammo 1989-yilning bahoridagi SSSR Xalq deputatlari syezdida
qatnashgan Ukraina vakillarining ko‘pchiligi SSSRni so‘zsiz saqlab qolish
tarafdori bo‘lib chiqdilar. Faqatgina oktabrga kelib Oliy rada (OR) ukrain
tilini davlat tili deb e’lon qildi. 1990-yilda Oliy radaga bo‘lgan saylovlarda
o‘rinlarning choragini Rux tomonidan tuzilgan demokratik blok egalladi.
Uning tashabbusi bilan OR 1990-yil yozida Ukraina suverenitetini e’lon
qildi va Kiyevda bo‘lib o‘tgan son-sanoqsiz ommaviy namoyishlardan so‘ng
kommunistlardan bo‘lgan bosh vazirni vazifasidan chetlashtirdi. OR raisi
natsional-demokratlardan bo‘lgan L. Kravchuk bo‘ldi. 1991-yil avgustida
OR Ukraina mustaqil bo‘lganligini e’lon qildi va bunga qarshilik ko‘rsatgan
kompartiyani taqiqladi. Kuzda oz sonli millatlarga milliy-madaniy muxtoriyat
huquqi berildi. 1991-yil dekabrda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida
fuqarolarning 80 foizidan ko‘prog‘i, jumladan, aholining 22 foizini tashkil
etgan ruslarning ko‘pchiligi ham mamlakat mustaqilligi uchun ovoz berdi.
Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilishi munosabati bilan respublika prezidenti
saylandi. U L. Kravchuk edi.
Qisqa muddat ichida Ukraina o‘z hududida joylashgan o‘nlab sovet
diviziyalari va ularning quroli asosida mustaqil mamlakat uchun zarur bo‘lgan
qurolli kuchlar va maxsus xizmatlarni tashkil etishga ulgurdi. Ammo xalq
ham, yangi partiyalar ham, eski Sovet (Kengash) lar ham islohotlarga tayyor
emas edi. Ittifoq buyurtmalari va yoqilg‘i-energiya manbalaridan mahrum
bo‘lgan sanoatda, 1992-yilda mahsulot ishlab chiqarish 30 foizga qisqardi va
kamayishda davom etdi. Energiya manbalarini sotib olish va ishlab chiqarishni
yangilash uchun mablag‘ yo‘q edi. Dastlabki fermerlar paydo bo‘lgan bo‘lsa-
da, qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi ham qisqardi. 1994-yilda aholi jon
boshiga YAIM 200 AQSH dollarigacha pasayib ketdi. Milliy valuta — avval
karbovanes, keyinchalik grivna joriy etilishiga qaramasdan, inflatsiya o‘sib
bordi.
Avvaliga davlat tomonidan qisqartirilgan narxlarning tartibga solinishi 60
foizga tiklandi. Ammo bu yashirin iqtisodiyotning o‘sishi va korrupsiya
(mansabdorlarni pora bilan sotib olish)ning avj olishiga ta’sir ko‘rsatolmadi.
1994-yilgi oziq-ovqat narxi 1990-yildagiga nisbatan 4—5 baravar yuqori edi.
YAIM ning 40 foizdan ko‘prog‘i ijtimoiy ta’minotga yo‘naltirilganligiga qara-
masdan, aholining qashshoqlikda yashashi, shaxtyorlar, metallurglar va boshqa
ishchilarning yirik ommaviy norozilik chiqishlariga sabab bo‘ldi.

301
Hukumat boshqa muammolarga ham duch keldi. Uniatlar, katolik-greklar
va rim-katoliklarning diniy markazlari hamda pravoslav cherkovi muxtoriyati
qatoriga undan ajralib chiqqan Ukrain pravoslav cherkovi markazi ham
qo‘shildi. Ko‘pgina ruslar yashaydigan sharqiy mintaqalarda rus tiliga ham
davlat tili maqomini berishni va, hatto, Ukrainaning federativ tuzumini
yoqlab chiqqan harakat ham yuzaga keldi. Qrimda, uning xo‘jaligi Ukrainaning
boshqa viloyatlari bilan chambarchas bog‘liqligiga qaramasdan, ko‘pchilikni
tashkil etuvchi rus aholining asosiy qismi yarim orolning Rossiyaga qo‘shilishi
yoki unga mustaqillik berilishini talab qildi. Bu vaziyatni Rossiyadagi obro‘li
doiralarning Qrimga, Qora dengiz floti va uning Qrimdagi bazalari, eng
avvalo Sevastopolga da’vo qilishlari yanada murakkablashtirdi.
Qrimdagi ko‘pchilik ruslarning ommaviy chiqishlari 1992-yilda Ukraina
hukumatini Qrimning maxsus mavqeyini tan olishga majbur etdi. Ammo
keyinchalik Qrimning maxsus maqomga ega bo‘lishi uchun harakatlar bozor
islohotlari tarafdorlari va kommunistlar o‘rtasidagi keskin kurash tufayli
to‘xtatildi. Natijada 1995-yilda «Qrim davlatchiligi» barham topdi va viloyat
hukumatiga bo‘ysundi.
Murakkab muzokaralardan so‘ng, 1994-yil boshida Ukraina, Rossiya va
AQSH o‘rtasida unga SSSRdan meros qolgan raketa-yadro quroli
Ukrainaga tegishli ekanligi, ularning Rossiyada zararsizlantirilishi va AQSH
tomonidan ikkilamchi xomashyoning sotib olinishi to‘g‘risidagi bitim tuzildi.
Bu Ukrainaga o‘zining yadro qurolidan voz kechganligini tasdiqlash va uni
tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilishga imkon berdi.
Qora dengiz floti va uning bazalari hamda energiya tashuvchilarni sotib
olish to‘g‘risida Rossiya bilan 1992-yilda boshlangan muzokaralar uzoq
cho‘zildi va ularni nihoyasiga yetkazish boshqa prezidentga nasib etdi.
Yangi prezident umumxalq saylovlari 1994-yilning yozida bo‘lib o‘tdi.
Ikkinchi bosqichdagi keskin kurashdan so‘ng L. Kuchma g‘alaba qozondi. U
iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mulkchilik va tadbirkorlikni qo‘llab-
quvvatlash hamda mamlakatning dunyo hamjamiyatida faol qatnashishi
tarafdori edi.
Qiyinchiliklarni chetlab o‘tish maqsadida, L. Kuchma hokimiyat
to‘g‘risidagi buyrug‘ida hukumat va uning faoliyatini prezidentga bo‘ysundirdi.
Bu 1994-yilning kuzidan boshlab ko‘p yillik bozor islohotlari dasturini amalga
oshirish imkonini berdi. Ammo parlamentdagi muxolifat islohot uchun zarur
qonunlarning qabul qilinishiga to‘sqinlik qilardi. 1996-yilda OR qayta
saylanganidan keyingina prezident natsional-liberallar va natsional-demok-
ratlar yordami bilan yangi konstitutsiya qabul qilinishiga erishdi. Ta’lim
tuzilishi va tarkibini yangilash, sog‘liqni saqlashni isloh qilish, ukrain tilini
qo‘llashni kengaytirish va ukrain madaniyatini rivojlantirish faollashdi. Bu
rusiyzabon aholi bir qismining noroziligiga sabab bo‘ldi.
Ukrainada o‘tkazilgan islohotlar mulkchilik va ishlab chiqarish tuzilishini
asta-sekin o‘zgartirdi. 1998-yilga kelib davlat ixtiyorida barcha korxona-

302
larning atigi 15,4 foizi qoldi. Ularning katta qismi menejer va aksionerlar
qo‘liga o‘tdi. Ammo iqtisodiyot va aholi ahvolining umuman yaxshilanishi-
ga erishish uchun samarali mulk egalari yetishmas edi. Aholi turmush
darajasining sekin o‘zgarishi, hukumat yo‘l qo‘ygan xatoliklar va korrupsiya
ko‘pchilikda prezident tanlagan yo‘ldan norozilik va unga nisbatan shubha
uyg‘otdi. Ammo kommunistlar va boshqa raqiblarning chiqishlariga qara-
masdan, 1999-yilda Kuchma yana prezidentlikka saylandi.
Biroq 2000-yil oxirida muxolifatchi kuchlar Kuchmani va maxsus xizmatni
bir jurnalistning o‘limiga daxldorlikda aybladi va mamlakatda prezident
iste’fosini talab qiluvchi harakatlar yuzaga keldi. Mamlakatda uzoq muddatli
va jiddiy siyosiy inqiroz boshlandi.
2004-yil oxirida prezidentlikka saylovlar nihoyatda murakkab sharoitda
o‘tdi. V. Yanukovich g‘alaba qilgan birinchi saylov natijalari noqonuniy deb
e’lon qilindi. Dekabrda ikkinchi marta ovoz berishda V. Yushchenko g‘alaba
qildi. «Zarg‘aldoq inqilob» amalga oshdi va mamlakatda G‘arbchilar pozitsi-
yasi mustahkamlandi. 2005-yilda u hukumat rahbarini almashtirdi.
Ukraina bilan Rossiya o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi keng
va uzoq muddatli shartnoma imzolangan va ularning 2004-yilgacha iqtisodiy
hamkorligi dasturi kelishib olingan edi. Nihoyat, Rossiya Qora dengiz floti-
ning katta qismiga egalik qildi. Ukrainadan uning ulushidagi ko‘pgina kema-
larni oldi va Sevastopoldagi flot bazasini ijaraga oldi.
Yalpi ichki mahsulotning yarmini tashkil etgan tashqi qarzlardan qutulish,
o‘sib borayotgan inflatsiyani bartaraf qilish uchun Ukraina hukumati Xalqaro
Valuta Fondi va boshqa xalqaro tashkilotlardan yordam so‘radi. U Gruziya,
Ozarbayjon va Moldova davlatlari bilan munosabatlarni rivojlantirishga harakat
qilmoqda. Qora Dengiz davlatlari tashkilotida ishtirok etmoqda. Ukraina
rahbariyati YEI mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda va
xavfsizlik kafolati sifatida NATOning «tinchlik uchun sheriklik» shartnoma-
siga amal qilmoqda.
Ukraina hozirgi vaqtda xalq xo‘jaligini bozor iqtisodiga moslab rivojlantirish
yo‘lidan bormoqda. Bu o‘rinda og‘ir sanoat, transport va energetikaga alohida
urg‘u beriladi. Rossiya gazini yetkazib berishda ishkalliklar tufayli
gidroenergetika va shaxta metanidan foydalanish, shuningdek, O‘rta Osiyo
neftini gazoprovod orqali olib kelish rejalari tuzilmoqda. YAIM 131,2 mlrd
dollarni, o‘rtacha aholi jon boshiga mahsulot yetishtirish 2829 dollarni tashkil
qiladi.
Belorussiya Respublikasi
Mustaqillikka erishish va taraqqiyot yo‘lini tanlash Belorussiya uchun
murakkab va qiyin bo‘ldi. Aholining 76 foizi belorus millatidan iborat bo‘li-
shiga qaramasdan, u SSSR ittifoqdosh respublikalari ichida eng ruslashgani
edi: belorus tili, madaniyati va milliy o‘zlikni anglash chetga surib qo‘yilgan

303
edi. Respublika SSSR Qurolli Kuchlari uchun eng muhim platsdarm (urush
maydoni) vazifasini o‘tardi.
80-yillarda faollashgan belorus tili va madaniyati, milliy o‘zlik va ruhiyat
himoyachilari 1989-yilda Z. Poznyak boshchiligida Belorus xalq frontini
tuzdi, kelasi yili esa bir nechta liberal-vatanparvar va liberal-demokratik
kayfiyatdagi tashkilotlar ham tuzildi. Ammo ularni aholining atigi to‘rtdan
bir qismi qo‘llab-quvvatladi.
Tarkibi ko‘pchilik kommunistlardan iborat bo‘lgan hukumat va Oliy
Sovet aholi ehtiyojini qondirish uchun iqtisodiy mustaqillik, ya’ni xo‘jalikning
respublika ixtiyoriga to‘la o‘tishini yetarli deb hisobladi. 1991-yilda Minsk
shahrida Oliy Sovet tomonidan Belorussiya mustaqilligining e’lon qilinishi
va Oliy Sovet Raisi S. Shushkevich tomonidan SSSRning parchalanganligi
to‘g‘risidagi Belovej hujjatining imzolanishi kommunistlarning Belorussi-
yadagi hokimiyatini Rossiya va boshqa respublikalarda g‘alaba qilgan liberal-
islohotchilar hujumidan himoya qildi.
Ammo SSSR parchalanishi bilan Belorussiya sanoati buyurtmalarning
86 foizidan hamda respublikada mavjud bo‘lmagan xomashyo va energiya
manbalari oqimidan mahrum bo‘ldi. SSSR harbiy platsdarmining yo‘qolishi
Belorussiyani daromadning yana bir manbayidan mahrum qildi. 1992-
yildayoq ishlab chiqarish 21 foizga, 1994-yilda esa 40 foizdan ko‘proqqa
qisqardi. Inflatsiya halokatli tus oldi, aholi qashshoqlashdi. V. Kebich hukumati
tomonidan ishlab chiqilgan iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish
orqali inqirozni bartaraf etish dasturi muvaffaqiyatsizlikka uchradi. 1991-
yilda korxonalarni xususiylashtirish va ishlab chiqarish tuzilmasini qayta
qurish boshlandi, keyinchalik «shoksiz bozor munosabatlariga o‘tish» dasturi
taklif qilindi. Ammo buni amalga oshirish uchun mablag‘ topilmadi.
Oliy Sovet raisi S. Shushkevich bo‘hton va ayblovlar bilan vazifasidan
chetlashtirilgandan so‘ng, 1994-yilda prezidentning umumxalq saylovlari
orqali saylanishini ko‘zda tutgan yangi konstitutsiya qabul qilindi.
Saylovlarning ikkinchi bosqichida «men o‘nglar bilan ham, so‘llar bilan
ham emas, balki xalq bilan birgaman» deb bayon qilgan A. Lukashenko
g‘alaba qozondi. U korrupsiyaning oldini olish va Rossiya bilan birlashish
orqali farovonlikka erishishni va’da qildi.
Keyinchalik may oyida (1994) Lukashenko yangi parlament saylovlari
bilan birgalikda referendumni ham o‘tkazdi. Bu referendum oldingi davlat
ramzlarini (belgilarni) qaytardi, rus tilini hali o‘z mavqeyiga ega bo‘lishga
ulgurmagan belorus tiliga tenglashtirdi, Rossiya bilan qo‘shilishni ma’qulladi
va, eng asosiysi, prezidentning parlament ustidan hukmronligini ta’minladi.
Faqatgina dekabr oyiga kelib yakunlangan parlament saylovlari natijalari
muxolifatni bostirish va islohotlarni to‘xtatishga urinayotgan Prezidentga
ma’qul emas edi. Hukumat kolxoz va sovxozlar tizimining uchdan ikki
qismi kasod bo‘lish holatida ekanligiga qaramasdan, ularni saqlab qoldi.
Prezident endigina boshlanayotgan xususiylashtirishni to‘xtatdi, iqtisodiyot

304
davlat tomonidan boshqarilishini va narxlar tartibga solinishini kuchaytirdi,
tadbirkorlikni butunlay to‘xtatdi. Rossiyadan imtiyozli narxlar bilan energiya
resurslarining sotib olinishi hukumatga ishlab chiqarishni o‘stirish va
qashshoqlikni barqaror saqlashga imkon berdi. Mamlakatning moliyaviy ahvoli
og‘irligicha qolmoqda edi. Hukumat prezident tanlagan yo‘lga qarshi
turuvchilarga shafqatsizlik bilan munosabatda bo‘ldi.
Lukashenko o‘z hokimiyatini kuchaytirish maqsadida 1996-yilda refe-
rendum o‘tkazish yo‘li bilan ham parlament, ham konstitutsion sud
vakolatlarini cheklashga erishdi. U parlamentdan muxolifat vakillarini
chetlashtirdi va o‘z vakolatlarini uzaytirishga erishdi. Bu voqealar va
qatag‘onlarning kuchayishi Belorussiyada avtoritar tuzum shakllanishiga olib
keldi. Parchalangan milliy-demokratik muxolifat kuchlari hech qanday ta’sirga
ega bo‘lmay qoldi.
Avtoritarizm yo‘li bilan mamlakatning «bo‘ysunuvchanligi»ga erishish
hukumatga 2000-yilda korxonalarni xususiylashtirish, kichik va o‘rta biznesni
qo‘llab-quvvatlash, soliq tizimini isloh qilish, eksportni yanada rivojlan-
tirishga qaratilgan besh yillik ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish Dasturini qabul
qilish imkonini berdi. Ammo og‘ir moliyaviy-iqtisodiy ahvol uni amalga
oshirishni qiyinlashtirmoqda.
1997-yil bahorida Belorussiya va Rossiya o‘rtasida ikkala davlat Ham-
do‘stligini tuzish to‘g‘risidagi shartnoma, 1999-yil oxirida esa har bir mam-
lakat o‘z suverenitetini saqlab qolgan holda dualistik davlat tuzish to‘g‘risida
ittifoq shartnomasi imzolandi. Lukashenko Rossiya tomonidan hech qanday
shartlarsiz Belorussiya qarzlarining katta qismidan voz kechilishiga va
Rossiyadan xomashyo hamda energiya resurslarini imtiyozli narxlarda olib
turishga muvaffaq bo‘ldi.
Ammo kelishuvlarning amalga oshirilishini ikkala mamlakat o‘rtasidagi
iqtisodiy integratsiyaning sustligi va iqtisodiyot hamda siyosiy tuzumning
keskin farq qilishi murakkablashtirmoqda. Rossiya va Belorussiya hukumat-
lari bajarish amri mahol bo‘lgan ishga qo‘l urgan: ular turli mafkuraviy-
siyosiy tuzumga ega davlatlar konfederatsiyasini tuzmoqchilar.
Belorussiyada 2006–2010-yillarga mo‘ljallangan rejada asosan kichik o‘rta
korxonalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. 2007-yilda yillik o‘sish
8 foizni tashkil qildi. Import eksportga nisbatan yuqori (2,5 mlrd dollar).
Eksportning asosini neftni qayta ishlash mahsulotlari tashkil qiladi. 2007-
yilga kelib eng kam ish haqi 81,1 dollarni, yosh bo‘yicha o‘rtacha pensiya
160 dollarni tashkil etdi. 40 mingdan ortiq malakali ishchilar va 3 mingdan
ortiq injener-texnik xodimlar metallurgiya sanoatida ishlaydi. Metallurgiya
bo‘yicha mahsulot ishlab chiqarishda 2006-yilda Belorussiya MDH
mamlakatlari ichida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Belorussiya territoriyasidan
g‘arbga Rossiyaning katta neft va gaz quvurlari o‘tadi va Rossiyaning 27 foiz
gazi Belorussiya orqali eksport qilinadi.

305
KAVKAZORTI RESPUBLIKALARI MUSTAQILLIGINING
TIKLANISHI VA RIVOJLANISHI
80-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab Kavkazorti SSSRda milliy-ozodlik
harakatlari faolligi bo‘yicha ikkinchi mintaqaga aylandi.
Ular tanlagan yo‘l SSSRning boshqa respublikalari tanlagan yo‘llardan
keskin farq qilardi. Bu respublikalarda yangi davlatchilikning shakllanishi va
taraqqiyoti juda murakkab kechdi, uzoq muddatli va keskin to‘qnashuvlarga
sabab bo‘ldi.
Gruziya Respublikasi
1985—1989-yillar davomida gruzin madaniyati va mamlakat mustaqilli-
gining tiklanishi uchun kurashuvchi yig‘inlar va namoyishlar o‘tkazgan yuzdan
ortiq turli tashkilotlar va guruhlar paydo bo‘ldi. Tbilisi shahrida 1989-yil 9-
aprelda bo‘lib o‘tgan ko‘p ming kishilik miting qatnashchilariga sovet
qo‘shinlarining hujum qilishi oqibatida ko‘plab tinch aholining halok bo‘lishi
butun mamlakatning g‘azabini qo‘zg‘atdi va junbushga keltirdi.
1989-yilning kuzida Milliy ozodlik qo‘mitasi tashkil qilindi. Kom-
munistik rahbariyatning obro‘si va ta’siri ildiziga bolta urildi. Sentabr oyida
umumxalq so‘rovida fuqarolarning 89 foizi mamlakat mustaqilligi uchun
ovoz berdi.
1991-yil aprel oyidagi referendum natijalari asosida Oliy Kengash Gruziya
mustaqilligini va 1921-yilgi konstitutsiyani qayta tikladi. May oyida umum-
xalq ovoz berish yo‘li bilan Gamsaxurdiya Gruziya Prezidenti etib saylandi.
Mamlakatda sovetlar (kengashlar) va sobiq ijtimoiy-siyosiy tashkilotlar bekor
qilindi. Boshqaruv, xo‘jalikni liberallashtirish va demokratlashtirish bosh-

Download 3.01 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   38




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling