Jahon tarixi


Download 3.01 Kb.
Pdf ko'rish
bet36/38
Sana25.02.2017
Hajmi3.01 Kb.
#1260
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   38
milliy o‘zlikni anglash tiklanishining cho‘qqisi bo‘ldi. Norozilik qatnash-
chilarining shafqatsiz jazolanishi ko‘pchilikning g‘azabini qo‘zg‘atdi. Shu
bilan birga, Qozog‘iston hududida yadro sinovlari o‘tkazilishi va ularning
oqibatlariga qarshi harakat kuchaya boshladi. Qozoq aholi ichida qozoq
tilining ilgarigi mavqei va yozuvining tiklanishi, qozoq xalqi tarixi, mada-
niyati va dinining o‘rganilishi va tiklanishi to‘g‘risidagi talablar ommaviy-
lashdi.
1989-yil bahoridagi SSSR Xalq deputatlari syezdida qatnashgan respublika
vakillari sovet tuzumini saqlab qolish tarafdorlaridan iborat edi. Kuzda Oliy
Sovet qozoq tilini davlat tili, rus tilini millatlararo so‘zlashuv tili, deb e’lon
qildi.
Kompartiya rahbari N. Nazarboyev respublika ko‘p millatli jamiyati birligini
va Gorbachyovning SSSRni saqlab qolishga urinishlarini qo‘llab-quvvatladi.
Oliy Sovet 1990-yil bahorida uni Prezident etib sayladi, oktabrda esa,
qarshiliklarga qaramay, Qozog‘iston suverenitetini e’lon qildi. Hukumat 70
foizi ittifoq markazi ixtiyorida bo‘lgan barcha zaxiralarni respublika mulkiga
aylantira boshladi. Moskvadagi avgust to‘ntarishini (xuntasini) respublika
rahbariyati jimlik bilan kutib oldi, so‘ngra hukumat amalda tarqalib ketgan
kompartiya mulkini milliylashtirdi.
Qozoq va rus xalqlarini hamjihatlikka va Rossiya bilan yaqin aloqalarni
saqlab qolishga chaqirgan Nazarboyev 1991-yil oxiridagi umumxalq
saylovlarida yana Prezident etib saylandi. Ammo Oliy Sovet Qozog‘iston
mustaqilligi to‘g‘risida hammadan keyin — 1991-yil 16-dekabrda dekla-
ratsiya qabul qildi.
Davlatchilik shakllanishi uchun bir necha yil kerak bo‘ldi. 1993-yil
boshlarida Oliy Sovet qabul qilgan Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasida
prezidentga keng vakolatlar berilishi va konstitutsion sud tashkil qilinishi
belgilangan edi. Ammo unda aholining milliy tavofutlari, islohotlar kelajagi
hisobga olinmadi va sovet (kengashlar) tizimi saqlab qolindi. 1993-yilning
oxiridayoq Nazarboyev boshchiligidagi rahbariyat bu konstitutsion tizimning

314
yangi muammolarini hal etish uchun yetarli emasligini fahmlab yetdi.
Sovetlarning o‘z-o‘zidan tarqalib ketishiga 1993-yil kuzida Rossiyada ro‘y
bergan voqealar turtki bo‘ldi. Qozog‘istonda sovetlarning tarqalib ketishiga
hech kim qarshi chiqmadi — «tinchgina davlat to‘ntarishi» ro‘y berdi.
1994-yil mart oyidagi yangi qonun chiqaruvchi organ saylovlari urug‘-
aymoqlar va guruhlar tomonidan qonunlarning qo‘pol buzilishi bilan o‘tdiki,
konstitutsion sud tergov o‘tkazgandan so‘ng bu saylovlarni haqiqiy emas deb
hisobladi. Prezident saylangan deputatlarni tarqatishga majbur bo‘ldi va qonun
chiqaruvchi hokimiyat vaqtincha uning qo‘liga o‘tdi.
Konstitutsiya va parlamentning yangilanishigacha siyosiy barqarorlikni
saqlab qolish uchun Qozog‘iston xalqlari Assambleyasi qarorlariga ko‘ra
o‘tkazilgan referendum prezident vakolatini 2000-yilgacha uzaytirdi.
Konstitutsiyaga ko‘ra, umumxalq saylovlarida saylanadigan keng vakolatlarga
ega bo‘lgan prezident ijro etuvchi hokimiyatni boshqaradi, qonun chiqaruvchi
hokimiyat esa senat va majlisdan iborat ikki palatali parlamentga tegishlidir.
1995-yilning oxirida hukumat tomonidan senatga ko‘rsatilgan nomzod-
larning bilvosita va muqobilsiz saylovlari hamda orasida muxolifat vakillari
bo‘lmagan majlisga ko‘rsatilgan ko‘p sonli nomzodlar o‘rtasida keskin kurash
bilan umumxalq saylovlari bo‘lib o‘tdi.
Prezident va uning tarafdorlari, ommaviy axborot vositalari va har ikki
yilda bir marta saylanadigan parlament deputatlarining bir qismi urug‘-
aymoqlar va guruhlarning ig‘volariga qarshilik qilib, korrupsiyaga qarshi
kurashib va radikal-milliy qozoqlar va ruslar hamda islomiy tanqidchilarning
yo‘lini to‘sib qo‘ygan holda saylovlarni to‘la boshqarib bordi. Ko‘p millatli
jamiyatni birlashtirish uchun prezident qoshida maslahat-mashvarat organi —
Qozog‘iston xalqlari Assambleyasi tuzildi.
Prezident tashabbusi bilan 1997-yilda, qozoq-rus birligini mustahkamlash
va eng kuchli juz ta’sirini susaytirish maqsadida, poytaxt mamlakatning
janubi-sharqiy burchagida joylashgan Olmaotadan ko‘pchilik aholisi ruslardan
iborat bo‘lgan va eng muhim industrial-agrar mintaqada joylashgan Ostona
shahriga ko‘chirildi.
2000-yilda qabul qilingan qonun prezidentga muddati tugagandan so‘ng
ham sobiq prezident sifatida hukumat siyosatiga aralashishga to‘la imkon
berdi.
Nazarboyev tomonidan 15—20 yilga mo‘ljallangan samarali ijtimoiy
yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini barpo etishga qaratilgan islohotlarni amalga
oshirish qiyinligi oshkor bo‘ldi. Tabiiy resurslarni qayta ishlovchi sohalar
ularni qazib oluvchi sohalarga nisbatan orqada qoldi, chunki sanoatdagi
deyarli barcha jihozlar eskirgan edi. G‘alla yetishtirish va chorvachilikda
mashinalar va zamonaviy texnologiyalar yetishmas edi. Eng asosiysi — ittifoq
buyurtmalari va investitsiyalarining to‘xtab qolishi tarqoq sohalar sharoitida
sanoat va qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishining keskin pasayishiga olib keldi,

315
natijada 1991-yildan to 1996-yilgacha bo‘lgan davrda Qozog‘iston yalpi ichki
mahsuloti (YAIM) 31 foizga qisqardi.
Sanoat mahsulotlari va, hatto, oziq-ovqat yetishmas edi. Mehnatkashlar-
ning asosiy qismi ishsiz qoldi. Inflatsiya tez o‘sa boshladi. Qish paytida
uylar isitilmas, korxonalar to‘xtab qolardi. Yem yo‘qligidan qoramol qirilib
ketdi. Shunda iqtisodiy islohotlar Milliy kengashi tuzildi. Hissadorlik
jamiyatlariga aylantirilayotgan korxonalar aksiyalarining 50 foizi avvaliga
davlat ixtiyorida qoldi. Bu korxonalarda ishlab chiqarish samaradorligi osh-
gandan keyin bu aksiyalar sotilardi. Yerni mulk sifatida emas, balki uzoq
muddatli ijaraga berish ma’qulroq, deb topildi. Jinoyatchilikka, ayniqsa,
korrupsiyaga qarshi kurash kuchaytirildi. Monopoliyaga qarshi qonunlar qabul
qilindi.
1994-yildan Qozog‘iston valutasi — tenge muomalaga kirdi. Ammo narx-
navo o‘sishi davom etdi va tengeni mustahkamlash uchun XVF dan yordam
olindi. Xorijiy kompaniyalarga mamlakat tabiiy resurslarini ishlab chiqarish
uchun litsenziyalar berildi, ular ishtirokida neft va gaz qazib olish va Kaspiy
orqali Yevropaga hamda Xitoyga quvurlar yotqizish uchun qudratli
korporatsiyalar barpo etila boshlandi.
1996—1998-yillarda xususiylashtirish davom etishi natijasida xususiy sektor
ancha o‘sdi. Davlat ixtiyorida ilgarigi mulkning atigi 16,1 foizi qoldi, ularning
ham 45 foizi xorijiy kompaniyalar qo‘liga o‘tdi.
Bir necha milliard dollar investitsiya jalb etildi, inflatsiya pasaydi va
1996—1997-yillardan boshlab ishlab chiqarish o‘sa boshladi. Shu bilan birga
iqtisodiyotda xususiy sektor afzalligi mustahkamlandi, u asr oxiriga kelib
Qozog‘iston yalpi mahsulotining 75 foizini ishlab chiqara boshladi.
Rossiyadagi 1998-yil inqiroziga bog‘liq qiyinchiliklarga qaramasdan, neft
va boshqa qimmatbaho xomashyoni sotishdan kelgan daromadlar hissa-
dorlikning oshishi, ishlab chiqarish va yalpi ichki mahsulot o‘sishiga yordam
berdi.
Ijtimoiy muammolarni hal qilish yo‘llarini izlash faollashmoqda.
Mulkdorlar yangi sinfini shakllantirish, bandlikni va nochor oilalarga
yordamni kuchaytirishdan tashqari, hukumat aholi demografik tarkibini
qozoqlar foydasiga hal qilishga urinmoqda. Tug‘ilishning nihoyatda ko‘pligi,
qo‘shni mamlakatlardagi qozoqlar bir qismining ko‘chib kelishi, ruslarning
emigratsiyasi tufayli qozoqlar ulushi tobora oshib bormoqda. Ruslarning
ko‘chib ketishini hukumat rag‘batlantirayotgani yo‘q, ammo boshqaruvning
«qozoqlashib» borishi va qozoq madaniyatining ustunligi ularni Rossiya
Federatsiyasiga ko‘chib ketishga majbur qilmoqda. Hukumat qozoqlarning
butun mamlakat bo‘ylab tarqalishiga katta e’tibor bermoqda. Asr oxirida
qozoqlar allaqachon aholining yarmini tashkil etdi.
Qozog‘istonning xalqaro xavfsizligi va yadro qurolini tarqatmaslik shart-
nomasiga qo‘shilishi kafolati bilan Qozog‘istonga SSSRdan meros qolgan
raketa-yadro qurolining Rossiya Federatsiyasida zararsizlantirilishi to‘g‘ri-

316
sida kelishib olindi. Baykonur kosmodromining Rossiya Federatsiyasi
tomonidan ijaraga olinishi va undan foydalanishning xavfsizlik shartlari
ishlab chiqilgan. Qozog‘iston MDHni mustahkamlashni faol qo‘llab-quvvat-
laydi va eng muhim savdo sheriklari Rossiya Federatsiyasi hamda Belorus-
siya bilan bojxona ittifoqi, qo‘shni Markaziy Osiyo respublikalari bilan iqti-
sodiy integratsiya to‘g‘risida shartnoma tuzdi. U MDH davlatlari bir qismi
bilan harbiy sohada hamkorlik qiladi va o‘z qurolli kuchlarini vujudga keltirdi.
Nazarboyevning «ko‘p yo‘nalishli tashqi siyosati» MDH doirasidan ham
tashqariga chiqdi. Qozog‘iston Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa
mamlakatlari hamda Turkiya, Eron, Yaponiya va Malayziyaga o‘z xomashyo-
sini berish, ulardan kreditlar, investitsiya va yuksak texnologiyalarni keltirish
yo‘li bilan hamkorlik qiladi. U 10 ta Osiyo mamlakatlari iqtisodiy hamkorligi
(MOH) da ishtirok etadi. Qozog‘iston YEXHT a’zosi, NATO bilan hamkorlik
qiladi, Shanxay Hamkorlik Toshkiloti (SHHT)ning a’zosidir. Keng va ko‘p
tomonlama aloqalar islohotlar va iqtisodiyotni rivojlantirish hamda xavfsiz-
likni ta’minlash, jumladan, islom fundamentalizmining tahdidini bartaraf
etishga imkon beradi. O‘zbekiston bilan abadiy do‘stlik to‘g‘risida shartnoma
imzolagan. Qo‘shnichilik aloqalari kuchaymoqda.
Hozirgi vaqtda Qozog‘iston agrar-industrial mamlakat bo‘lib, 2006-yilda
YAIM 77,9 mlrd dollarga yetdi va aholi jon boshiga 5120 dollarni tashkil
etadi. Neft va neft mahsulotlari, rangli va qora metall, ruda, g‘allani eksport
qiladi. Temir ruda zaxiralari bo‘yicha dunyoda 8-o‘rinda turadi. Dunyoda
mis eksporti bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birida turadi. G‘alla yetishtirishda
MDH mamlakatlari ichida uchinchi o‘rinni egallaydi.
Qirg‘iziston Respublikasi
Markaziy Osiyo respublikalari ichida eng kichigi — tog‘li Qirg‘iziston
ittifoq markaziga bo‘ysundirilgan sanoatga ega bo‘lib, markaz dotatsiyasi
respublika budjetining 60 foizini qoplar edi. Aholining 53 foizdan kamrog‘i
qirg‘izlar, ruslar — 21 foiz, o‘zbeklar — 13 foizni tashkil etar, boshqa
turkiyzabon xalqlar, ukrainlar, nemislar istiqomat qilardi. Mamlakatda
ko‘pchilikni tashkil etgan shimoliy va janubiy qirg‘izlar o‘rtasida raqiblik,
shuningdek, janubda qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida ham raqobat bor edi.
Sanoatda rus mutaxassislari asosiy rol o‘ynardi.
Rossiyaning markaziy shaharlarida o‘qish davomida liberalizmga moyillik
orttirgan qirg‘iz mutaxassislarining ta’siri va saylovchilar Assotsiatsiyasi
harakatlari tufayli SSSR Xalq deputatlari syezdiga yuborilgan delegatlar
ichida sovet tuzumini saqlab qolish tarafdorlari qo‘shni respublikalardagiga
nisbatan ko‘p emas edi. 1990-yilda esa Qirg‘iziston janubidagi o‘zbeklar va
qirg‘izlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarni bartaraf eta olmagani va milliy-liberal
va milliy-demokratik ruhdagi o‘nlab partiya va guruhlarning paydo bo‘lishi
sababli kommunistik partiya o‘z mavqeyini yo‘qotdi. Yuz minglab kishilarni

317
birlashtirgan «Qirg‘iziston» demokratik harakati mamlakat suvereniteti va
bozor islohotlariga da’vat etdi. Uning ta’sirida Oliy Kengash 1990-yil dekabrida
suverenitet deklaratsiyasini qabul qildi va SSSRni konfederatsiyaga aylanti-
rishga ovoz berdi.
Moskvada g‘alaba qozongan Demokratik Rossiya bilan yakdil bo‘lgan
milliy-liberal va demokratlar talabiga ko‘ra, Oliy Kengash Qirg‘izistonning
siyosiy suverenitetini e’lon qilishga va, hatto, kompartiyani taqiqlashga majbur
bo‘ldi. 1991-yil oktabrdagi umumxalq saylovlarida liberal-demokrat, akademik
A. Akayev mamlakat prezidenti etib saylandi. U «o‘tmish bilan bahslashmasdan
olg‘a yurish»ga da’vat etdi.
Qirg‘izistonda davlatchilikning shakllanishi liberal-demokratik partiya va
guruhlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, Akayevning o‘z «jamoa»si yo‘qligi
ilgarigi «nomenklatura» va yaqinda tiklangan kompartiyaning islohotlarga
shafqatsiz qarshilik ko‘rsatishi hamda urug‘-aymoqlar o‘rtasidagi raqiblik,
hokimiyatning suiiste’mol qilinishi va korrupsiya sharoitida kuchaygan mil-
latlararo mojarolar ta’sirida murakkablashgan edi.
Ammo ba’zi respublikalar uchun an’anaviy bo‘lgan konformistik (loqaydlik,
befarqlik) ruhdagi aholining ovoz berishi oqibatida 1992-yil kuzidagi Oliy
Kengash saylovlarida islohot dushmanlari — sobiq sovet-kommunist arboblar
va turli urug‘larning rahbarlari ko‘pchilik ovozga ega bo‘lishdi. Qayta tiklan-
gan kompartiya qasd olishga harakat qildi. Ortga qaytish xavfi tug‘ildi.
Shunga qaramasdan, 1993-yil may oyida oldinga qadam qo‘yishga, ya’ni
Oliy Kengash tomonidan yangi konstitutsiyaning qabul qilinishiga erishildi,
erkinliklari e’tirof etildi, ammo xususiy mulk cheklab qo‘yildi. Qirg‘iziston
umumxalq saylovida saylanadigan prezidentli va ikki palatali parlament —
Jo‘qorg‘i Kengesi ega respublikaga aylandi. Prezident oldida javobgar bo‘lgan
hukumat parlamentga bo‘ysunadi. Mamlakat poytaxti nomi Bishkek deb
o‘zgartirildi.
1994 va 1995-yillardagi referendumlarda konstitutsiyaga hokimiyat turli
tarmoqlarining vazifalarini belgilash va ularning o‘zaro munosabatini
belgilovchi tuzatishlar kiritildi.
Hukumatda o‘z mansabini suiiste’mol qilish hollaridan xabar topgan
raqiblarning tobora kuchayib borayotgan hujumlaridan o‘zini himoya qilish
maqsadida A. Akayev 1994-yil boshida prezidentga ishonch to‘g‘risida
referendum o‘tkazdi va ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Kelasi yili
yana prezident etib saylandi.
2000-yildagi parlament saylovlarida Akayevni qo‘llab-quvvatlayotganlar
ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘lishdi va Prezidentga ancha xayrixoh bo‘lib qolgan
kommunistlar muvaffaqiyatga erishishdi. Hukumat «Ar-Napis» demokratik
harakatidagi Akayevni tanqid qiluvchilar faolligiga zarba berib, uning rahbarini
hibsga oldi. Bu esa ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi va vaziyatni keskin-
lashtirdi. Ammo Akayev raqiblari kuchsizlashgan edi. 2000-yildagi prezident
saylovlarida unga saylovchilarning 75 foizi ovoz berdi va u to‘rtinchi marta
prezident etib saylandi.

318
Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish qiyinroq kechdi. 1990-
yildan boshlangan ishlab chiqarishning pasayishi, ittifoq markazining
buyurtma va investitsiyalari to‘xtagandan so‘ng, yanada tezlashdi.
1995-yilda mamlakatda ishlab chiqarish hajmi 1990-yildagiga nisbatan
39 foizni tashkil etdi. 1991—1993-yillarda Rossiya Federatsiyasi texnik kreditlar
taqdim etgan bo‘lsa-da, dotatsiyalarning to‘xtashi va daromadning qisqarishi
budjetni parchaladi va yirik inflatsiyani yanada tezlashtirdi. Hukumatning
narxlar o‘sishini to‘xtatishga urinishlari zoye ketdi. Maorif, sog‘liqni saqlash
va ijtimoiy ta’minot tizimi izdan chiqdi. Bu ijtimoiy va millatlararo muno-
sabatlarning murakkablashishi, hokimiyatning suiiste’mol qilinishi va
jinoyatchilikning o‘sishiga olib keldi.
1991-yildayoq hukumat XVF ishtirokida xo‘jalikni davlat tasarrufidan
chiqarish dasturini ishlab chiqqan edi. Narxlarni liberallashtirish boshlandi,
1993-yilda esa milliy valuta — som muomalaga kiritildi. Lekin, hatto, XVF
yordami bilan ham inflatsiyani pasaytirish va uning barqarorlashishiga erishila
olmadi.1998-yilga kelib davlat qo‘lida uning ilgarigi mulkining atigi 5,6 foizi
qoldi. Bu mulkning katta qismi korxonalar xodimlari, menejerlar, xorijiy va
mahalliy investorlar ixtiyoriga o‘tdi. Jahon banki ishtirokida ishlab chiqa-
rishni moliyalash yo‘lga qo‘yildi va banklar tizimi yaratildi.
1996-yildan boshlab ishlab chiqarish o‘sa boshladi, 1997-yilda esa huku-
mat islohotlarning ikkinchi bosqichi, ya’ni korxonalarni boshqarish
samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish boshlanganini
e’lon qildi. Ko‘pgina millatchilarga qarshi chiqib, 1991-yildagi yer to‘g‘risida-
gi qonunda yer nafaqat qirg‘izlarga, balki barcha Qirg‘iziston fuqarolariga
tegishli ekanligi haqida yozilishiga erishildi. Samarasiz foydalanilayotgan yerlar,
ya’ni barcha haydalma yerlarning 50 foizi davlat fondiga aylandi. Bu yerlardan
qishloq xo‘jalik ishlab chiqaruvchilar uchastkalarni egalik huquqlarini meros
qoldirish huquqi bilan 50 yil muddatga ijara olishardi. Bu xususiy xo‘jaliklar
sonining oshishi va mustahkamlanishining boshlanishi bo‘ldi.
Prezident farmoniga ko‘ra, 1996-yildan boshlab yerni ijaraga olish, sotish
va garovga berish mumkin bo‘ldi. Bu yerga bozor munosabatlarining joriy
etilishi edi. Ikki yildan so‘ng, 1998-yilda yerga xususiy mulkchilik to‘g‘risidagi
qonun qabul qilingandan keyin, uning hajmini qisqartirish va egalari doira-
sini cheklashlar ishlab chiqildi. 90-yillarning ikkinchi yarmida oziq-ovqat
ishlab chiqarishi jonlana boshladi, ammo ko‘pchilik aholining turmush da-
rajasi deyarli yaxshilanmadi.
Mamlakat uchun nihoyatda zarur bo‘lgan rus mutaxassislari va yer
egalarining ko‘chib ketishlarini to‘xtatish maqsadida Prezident rus tilining
millatlararo so‘zlashuv tili deb tan olinishiga hamda, eng avvalo, Rossiya
madaniyati va fani yutuqlarini o‘rganish maqsadida Slavyan universitetining
ochilishiga erishdi. Mamlakat barcha fuqarolarining yerga egalik qilish
huquqining e’tirof etilishi uni ruslarga, o‘zbeklarga hamda boshqa millat
vakillariga berishga va bu bilan ko‘pgina mojarolarni bartaraf etishga imkon
berdi. Millatchi ekstremistlar va islom aqidaparastlarining millatlararo nizolar

319
urug‘ini sochishga bo‘lgan urinishlari bartaraf qilindi. Mamlakatni xalqaro
mojarochilardan himoya qilish maqsadida qurolli kuchlar barpo etildi. Ular
tez-tez ro‘y berib turgan islom aqidaparastlari to‘dalari hujumlarini qaytarib
turibdi. 2005-yilga kelib ahvol murakkablashdi. Hukumatga qarshi kuchlar
«Lola inqilobi» o‘tkazdilar. A. Akayev hokimiyatdan voz kechdi. Q. Bakiyev
vaqtinchalik prezidentlik lavozimini egalladi va ko‘p o‘tmay prezidentlikka
saylandi. Yechilmagan muammolar ko‘p.
Qirg‘iziston Rossiya Federatsiyasi va MDHning boshqa mamlakatlari
bilan hamkorlik bilangina cheklanmadi. Uning rahbariyati nafaqat Markaziy
Osiyo davlatlari, shu jumladan, O‘zbekiston bilan, balki Xitoy bilan ham
munosabatni mustahkamlashga urinmoqda. Mamlakat Markaziy Osiyo
davlatlari iqtisodiy integratsiyasi va Osiyoning 10 davlati iqtisodiy hamkorli-
gida ishtirok etmoqda, yuqori darajada rivojlangan ko‘pgina mamlakatlar:
AQSH, Yaponiya, Yevropa Ittifoqi va boshqalar bilan moliyaviy-iqtisodiy va
texnik hamkorlik hamda savdoni rivojlantirmoqda. Mamlakat xavfsizligini
ta’minlashda qo‘shnilar bilan mos kelishuvlarga erishish hamda Shanxay
Hamkorlik Tashkilotida ishtirok etish muhim ahamiyatga ega.
Qirg‘izistonda YAIM 2007-yilga kelib 15,5 mlrd dollarga yetdi va aholi
jon boshiga 2764 dollarni tashkil etdi. To‘rtdan uch qismi tog‘likdan iborat
bo‘lgan bu mamlakatda YAIM ning 25 foizi sanoat hissasiga to‘g‘ri keladi.
Sanoatning esa 40 foizini oltin ishlab chiqarish tashkil etadi. 2003-yilda
mamlakatda 22,5 tonna oltin qazib olindi va uni ishlab chiqarish bo‘yicha
MDH mamlakatlari ichida Rossiya va O‘zbekistondan keyin uchinchi o‘ringa
chiqdi. Rossiya bilan hamkorlikda Qirg‘iziston yiliga 2000 tonna uran ishlab
chiqaradi. 2006-yilda o‘rtacha ish haqi 80 dollarni tashkil etdi.
Turkmaniston Respublikasi
Turkmaniston — aholisi eng kam bo‘lgan Markaziy Osiyo respublikasi
edi. O‘sha vaqtlarda uning boy neft-gaz konlarining (butun dunyoda aniqlangan
gaz zaxiralarining uchdan bir qismi) qazilishi endi boshlangan, haydaladigan
yerning 70 foizida esa paxta yetishtirilar edi. Barcha qazib olish va ishlab
chiqarish federal markaz uchun xizmat qilardi, markaz esa aholining yashashi
(tirik qolishi) uchungina zaxiralar berardi. Bu aholining 70 foizini tashkil
etuvchi turkmanlar hamda ruslar, o‘zbeklar va boshqa millat vakillarining
an’anaviy befarqligi (konformistligi) va passivligini yana chuqurlashtirardi.
Faqatgina 1989-yilda Ashxabodda birinchi masjid qurildi, noroziliklar
namoyon bo‘ldi. Til va madaniyatni tiklash, iqtisodiy mustaqillikka erishish
uchun kurashuvchi harakatlar paydo bo‘ldi. Ammo bu yerda kompartiya
rahbariyati oshkoralikni boshqarib turar, «norasmiy elementlar» rivojlanishiga
to‘sqinlik qilar va islohotlarning yo‘nalishi, muddatlari hamda ko‘lamini
belgilab berardi.

320
Respublika suvereniteti to‘g‘risidagi deklaratsiya Oliy Kengash tomonidan
1991-yil avgustida qabul qilindi. Oliy Kengash kompartiya rahbari
S. Niyozovni rais etib sayladi. SSSR amalda parchalanib bo‘lganidan so‘ng,
1991-yil oxirida referendum asosida Turkmaniston mustaqillikka erishdi va
umumxalq saylovlarida Niyozov uning Prezidenti etib saylandi. «Biz o‘ziga
xos yangi jamiyat quramiz va unga o‘z yo‘limiz bilan boramiz», — degan edi
Niyozov o‘z yo‘li haqida.
Prezident turkman an’analarining tiklanishini qo‘llab-quvvatladi va
ko‘pchilikka zarar yetkazmasdan islohotlarni amalga oshirish va yaqin
kelajakda Iroq hujumidan qutqarilgandan keyin mashhur bo‘lgan
Quvaytdagidek umumiy farovonlikni va’da qildi. Bu aholini o‘ziga rom
qilar va umid uyg‘otardi.
Millatlararo mojarolar, tarqoq liberal va demokratik guruhlarning chiqishlari
90-yillarning boshida bostirildi, ularning rahbarlari hibsga olindi yoki
muhojirlikka ketishdi.
1992-yilda yangi konstitutsiya qabul qilinishi bilan hokimiyat yanada
mustahkamlandi. Umumxalq saylovlarida saylanadigan prezident nihoyatda
keng vakolatga ega bo‘ldi va hokimiyatning har bir tarmog‘iga boshchilik
qildi. Qonun chiqarish Majlis — saylanuvchi parlamentga topshirildi. Ammo
qarorlarni qabul qiluvchi oliy vakillik organi Xalq maslahati bo‘ldi. U Prezident
tomonidan boshqarilar hamda hukumat boshlig‘i va a’zolari huquqni himoya
qilish organlari va viloyat rahbarlaridan iborat edi. Mamlakatda Niyozov
boshqarayotgan yagona partiya — Demokratik partiya qoldi. Aholini bir-
lashtirish uchun amnistiya (umumiy afv) e’lon qilindi, keyinchalik esa o‘lim
jazosi bekor qilindi.
Konstitutsiya qabul qilingandan keyin saylovchilarning 99,5 foizi Niyozovni
prezidentlikka qayta saylash, u ko‘rsatgan nomzodlarni majlisga saylash uchun
ovoz berdilar. Keyinchalik, bundan ham muvaffaqiyatliroq o‘tgan referen-
dumda Niyozovning vakolatini oshirish ma’qullandi va u Turkmanboshi hamda
turkmanlar otasi, degan unvonga ega bo‘ldi, 2000-yilda esa majlis uning hoki-
miyatining muddatsizligi to‘g‘risidagi qonun qabul qildi. Turkmanboshining
portret va so‘zlari hamma joyda paydo bo‘ldi, ko‘chalar, korxonalar va shaharlar
uning nomiga qo‘yildi, poytaxtda uning ulkan, doim quyosh tomonga burilib
turuvchi haykali o‘rnatildi. Farovonlik to‘g‘risidagi rejalari uchun uni hamma
joyda — bolalar bog‘chasidan tortib Xalq maslahatigacha ulug‘lar edilar. Hatto,

Download 3.01 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   38




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling