Jamiyatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy o‘zgarishlar ta’lim tizimi oldiga ham yangicha talab va vazifalar qo‘ydi


I bob. Ona tili ta’limida yozma ishlarning nazariy-metodik ahamiyati


Download 72.28 Kb.
bet2/12
Sana21.06.2023
Hajmi72.28 Kb.
#1645231
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
Bog'liq
O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi t

I bob. Ona tili ta’limida yozma ishlarning nazariy-metodik ahamiyati
1.1.Til ta’limida yozma ishlarning tutgan o‘rni
Bugungi kunda ta’limning bosh vazifasi hisoblanuvchi barkamol avlod tarbiyasida o‘quvchilarning ona tilini puxta egallashlari, savodxon bo‘lishlari muhim o‘rin tutadi. Umuman, yoshlarning har jihatdan rivojlanishi faqat ona tili zaminida, o‘z fikrini savodli ifodalab berish zaminida mumkin bo‘ladi. Orfografiya (imlo) fikrni yozuv orqali to‘g‘ri ifodalash uchun qabul qilingan qoidalar sistemasi buo‘ib, u fikrning yozuvchi uchun ham, o‘quvchi uchun ham bir xil anglashilishini ta’minlaydi.
Orfografiya qoidalari o‘zbek tilining fonetik va grammatik qurilishi bilan bog‘liq, binobarin, orfografiyani bilish uchun o‘quvchilar tilning fonetik va grammatik qurilishini puxta egallashlari lozim.
Sir emaski, bugungi kunda umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning umumiy savodxonlik darajasi talab darajasida emas. Buning sababini bir so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Imloviy xatolarning vujudga kelishi umumiy xarakterdagi sabablar hamda o‘qituvchining o‘qitish metodi va o‘quvchining individual xususiyatiga bog‘liq sabablar bilan izohlanishi mumkin.
Umumiy xarakterdagi sabablarga quyidagilar kiradi:
a) yagona orfografik-punktuatsion tizimning joriy qilinmaganligi, joriy qilingan bo‘lsa ham, undan keng foydalanmaslik;
b) savodxonligi yetarli bo‘lmagan o‘quvchilarni yuqori sinfga ko‘chirish (har bir sinf o‘quvchisi DTSda ko‘zda tutilgan darajada savodli bo‘lishi kerak);
v) sinf o‘quvchilarining savodxonlik darajasining har xil bo‘lishi;
g) o‘quvchilarni turli fanlar bo`yicha topshiriqlar bilan ortiqcha band qilib qo‘yish;
d) lotin alifbosiga asoslangan yangi o‘zbek imlo qoidalarini aks ettiruvchi metodik adabiyotlarning yetishmasligi.
O‘qituvchining dars berish metodikasiga oid sabablarga quyidagilarni kiritish mumkin:
a) orfografiya o‘qitishda yagona tizim va izchillikning bo‘lmasligi;
b) orfografiya o‘qitish metod va usullarini to‘g‘ri tanlay bilmaslik uni murakkablashtira borish tamoyiliga yetarli e’tibor bermaslik;
d) orfografiya o‘qitish vositalarining barchasidan o‘rinli va yetarli foydalanmaslik orfografik mashg‘ulotlarning bir xilligi;
e) orfografiya o‘qitishda turli psixologik faktorlarning roliga ortiqcha baho berish, onglilik tamoyilini kamsitish;
f) o‘qituvchining o‘zi ba’zan ayrim so‘zlarni yozishda imlo xatolariga yo‘l qo‘yadi, kalligrafiya qoidalariga to‘la rioya qilmaydi;
g) tanlangan mashq va yozma ish matnlarining sinf o‘quvchilari saviyasiga mos bo‘lmasligi;
h) qoidani aniq, ixcham, sodda qilib tushuntirmaslik, bunda o‘qituvchining ikkilanishi;
j) o‘tilayotgan orfogrammaning og‘zaki nutqda qanday talaffuz qilinishiga yetarli e’tibor bermaslik;
k) o‘tilgan qoidani adabiy o‘qish va boshqa darslar bilan bog‘lamaslik yoki buni sistemaga aylantirmaslik;
l) xatolar ustida ishlashda muayyan sistemaning yo‘qligi;
m) o‘qituvchining darsga puxta tayyorlanmasligi, darsning sust, zerikarli o‘tishi va boshqalar.
Xatolarning vujudga kelishida o‘quvchilarning o‘zlariga oid sabablar ham bo‘ladi:
a) o‘quvchi ba’zi so‘zning ma’nosiga tushunmaydi;
b) biror grammatik-orfografik qoidani bilmaslik, uni amalda tatbiq qila olmaslik; v) so‘zning aytilishi bilan yozilishi o‘rtasidagi farqni anglab yetmaslik;
g) adabiy til bilan sheva orasidagi o‘xshash-noo‘xshash hollarni bilmaslik;
d) yozilayotgan matnga diqqatni to‘la jalb qilmaslik kabi.
O‘quvchilarni to‘g‘ri yozishga o‘rgatish lug‘at ustida ishlash, ularning og‘zaki nutqini o‘stirish bilan uzviy bog‘liqdir. Orfoepik me’yorlarni egallash savodxonlikni oshirishda muhim omillardan hisoblanadi. Shuning uchun ham maktabda orfografiya o‘qitish o‘quvchilarga to‘g‘ri talaffuz qilish normalarini o‘rgatish bilan bog‘lab olib boriladi, lekin ayrim so‘z yoki shakllar bir xil talaffuz qilinadi-yu (ketti), boshqacha (ketdi) yoziladi. O‘qitish jarayonida bu masalaga ham jiddiy e’tibor berish lozim.
Orfografiya o‘qitishda eshituv muhim rol o‘ynaydi. Lekin eshitganiga qarab yozaverish doimo to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Ko‘ruv ham orfografiya o‘qitishda katta ahamiyatga egadir. Odatda, talaffuzi bilan yozilishi bir-biriga mos kelmaydigan so‘zlarning imlosini o‘rgatishda ko‘ruv mashqlaridan foydalaniladi.
Imloviy malaka hosil qilishda eshituv va ko‘ruvdan tashqari, mantiqiy fikrlash, xotira, ziyraklik kabi omillar ham muhim o‘rin tutadi. Bular orfografiya o‘qitishda muayyan bir sistemani yuzaga keltiradi, biri ikkinchisini to‘ldiradi. Shubhasiz, bunda mantiqiy fikrlash va grammatik o‘quv yetakchi o‘rin egallaydi.
Malakalar mustahkamlana borishi bilan, uning ayrim tomonlari odat tusiga kira boshlaydi, ya’ni kishi so‘zlarni ularning imlosi haqidagi qoidalarni eslab yoki o‘ylab o‘tirmasdan to‘g‘ri yozib ketaveradigan bo‘ladi. Imlo ongli o‘zlashtirilishi bilan yozuv ko‘nikmaga aylana boshlaydi. Shubhasiz, bunda aqliy faoliyat hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
O‘quvchilarda mustahkam imloviy malakalarni hosil qilish muayyan bir sistema va uzoq vaqt ishlashni talab qiladi. Orfografik mashg‘ulotlarni uyushtirishda o‘quvchilar imlo qoidalarini ongli bilishdan tashqari, bu bilimlarni malakaga aylantira olishlariga e’tibor berilishi kerak.
Orfografik malaka hosil qilishda mashqning ahamiyati katta.
Yil davomida o‘qituvchi o‘quvchilarga so‘zlarning qanday yozilishi haqida izchillik bilan bilim berib boradi. Natijada ularning lug‘at boyligi o‘tilgan qoidalarga oid so‘zlar hisobiga kengaya boradi. Bunday leksik materialning hajmi qanchalik keng bo‘lmasin, o‘quvchilarni to‘g‘ri yozishga o‘rgatishda ona tili darslarida olgan bilimlari albatta eslatiladi. Takrorlash davomida ba’zi so‘zlar turli matnda bir necha marta qaytariladi. Ularni o‘quvchi bir necha marta yozadi ham, u yoki bu so‘zni to‘g‘ri yozish mashqi oxiri shu darajaga borib yetadiki, endi o‘quvchi o`tilgan qoidani eslamasdan to‘g‘ri yozib keta oladi, demak, yozuv ko‘nikmaga aylanadi. Yozuvda bunga birdaniga erishib bo‘lmaydi, albatta. Bu uzoq vaqt davom etadigan ko‘p va xilma-xil mashqlarning samarasidir.
Yozuvning ko‘nikmaga aylanishi o‘quvchining yetarli darajada savodxon bo‘lganligidan dalolat beradi. Lekin shunda ham o‘quvchi ba’zi so‘zlarda xatolikka yo‘l qo‘yishi mumkin. Bu hol mazkur so‘zlar bo‘yicha muntazam mashq o‘tkazmaslik oqibatida yuz beradi. Mashqsiz savodli bo‘lish ham, savodda erishilgan ko‘nikmani saqlab qolish ham mumkin emas.
Orfografiya o‘qitishda materialning lingvistik tomoniga yoki o‘quvchilarning psixologiyasigagina asoslanish hamma vaqt ham yetarli bo‘lavermaydi. Orfografiya o‘qitish o‘quvchilar nutqini o‘stirish bilan bog‘lab olib borilmasa, kuzatilgan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Orfografik mashqlar uchun tanlangan matnlarning mavzusi va leksikasiga ham yetarli e’tibor berilishi lozim. Bularni ham orfografiya o‘qitish prinsiplari taqozo etadi.
Ma’lumki, imloviy qoidalar savod madaniyatining ongliligini ta’minlaydi. Orfografiya o‘qitish samarasi, dastavval, imlo qoidalarini ongli o‘zlashtirishga bogliq. Buning uchun:
a)qoidalar ixcham, sodda, tushunarli, aniq bo‘lishi kerak;
b)agar qoida murakkab bo‘lsa (masalan, qo‘shma so‘zlar imlosi), uning har bir turini alohida-alohida tushuntirish lozim;
d)qoidani o‘quvchilar qanchalik esda qoldirganliklarini tekshirish kifoya qilmaydi.
Bu qoidalar bo‘yicha berilgan malakalarning qanchalik mustahkamligini, ularni amalda qanchalik ongli qo‘llay olishlarini aniqlash muhimdir. Buning uchun vaqti-vaqti bilan orfografik malakalarni tekshirish mashqlari, ya’ni yozma ishlar o‘tkazib turiladi. Bu o‘quvchilarda orfografik ziyraklikni tarbiyalaydi.
Yozma nutqning murakkab jarayon ekani, u ko‘p vaqt va murakkab mehnat talab etishi, bunday nutq davomida o‘quvchining o‘z-o‘zini kuzatib borishi ona tili va adabiyot o‘qituvchilariga juda yaxshi ma’lum. Yozma nutqda savodxonlik va mazmun asosiy o‘rin tutadi.
Yozma ishlar faqat bilimlarni tekshirish metodi bo`lib qolmay, ayni vaqtda ularni mustahkamlash metodi hamdir. Chunki u o`rganilgan mavzuga oid matn va topshiriqlar asosida o`tkaziladi.
Ta’lim shaklida yozma ishlarning xizmati benihoya kattadir. Ularning maktabda o`quvchilarga imlo va punktuatsiya o`qitishdagi katta xizmati shundaki, ta’limiy yozma ishlarni yozish jarayonida yozuv orqali o`quvchilarning aqliy faoliyati rivojlanadi. O`quvchi o`qituvchi aytib turgan jumlalarni va so`zlarni yozadimi yoki o`z fikrini erkin yozadimi, baribir, u ongli ravishda og`zaki nutqni yozma shaklga ko`chiradi. Dastlab, o`qituvchi - so`zlovchining nutqini tinglovchi -o`quvchi mazmun jihatdan idrok qiladi. So`zlovchining fikrini yozuvga ko`chirish jarayoni boshlanganda esa o`quvchi gapdagi so`zlarning tovush tarkibi va gaplarning ohangiga e’tibor beradi, tovush va harflarni o`zaro qiyoslaydi, ohangni ma’lum tinish belgilar bilan ongli ravishda ifodalaydi.
Yozma ishlar asosan ikki katta guruhga bo‘linadi:
1. Yordamchi xarakterdagi yozma ishlar.
2. Asosiy yozma ishlar.
Yordamchi xarakterdagi yozma ishlar asosiy yozma ishlar - bayon va insho uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Yordamchi xarakterdagi yozma ishlar ko‘pincha badiiy asarlar matnini o‘rganish bilan bog‘liq holda o‘tkaziladi.
Bunday yozma ishlarning asosiy maqsadi talabalarning nutqini o‘stirishga, kitob ustida mustaqil ishlashga qaratiladi. Bunday yozma ishlar asosiy yozma ishlar uchun zarur materiallar tanlash, matndan muhim faktlar, misollar, sitatalar keltirish, fikrni reja asosida izchil yoritish, tezis, konspekt tuzish kabi malakalarni egallashda yordam beradi.

Download 72.28 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling