Jamiyatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy o‘zgarishlar ta’lim tizimi oldiga ham yangicha talab va vazifalar qo‘ydi


Ta’limiy yozma ishlar va ularning turlari


Download 72.28 Kb.
bet4/12
Sana21.06.2023
Hajmi72.28 Kb.
#1645231
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
Bog'liq
O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi t

1.2.Ta’limiy yozma ishlar va ularning turlari
Ta’limiy yozma ishlar muayyan ta’limiy maqsadni ko‘zlagan holda bir soatlik dars mashg‘ulotining 5-20 daqiqasini qamrab oluvchi o‘quv faoliyatidir. Ta’limiy yozma ishlar o‘z ichida uchga bo‘linadi:
1.Ta’limiy diktant.
2.Ta’limiy bayon.
3.Ta’limiy insho.
Ta’limiy diktant
Diktant lotincha „dicto" so‘zidan olingan bo‘lib, aytib bermoq, aytib turmoq, so‘zlamoq, gapirmoq ma’nolarini bildiradi. 1 Ona tili darslarida o‘quvchilarning imlo savodxonligini oshirishda diktantlarning ahamiyati kattadir. Mavzularni amaliyotda qo‘llash jarayonida mashq materiallari singari diktant ham muhim rol o‘ynaydi. Diktant yozish jarayonida o‘quvchilarning aqliy faoliyatiga bog‘liq holda o‘qituvchining aytib turishi (diktovkasi) orqali fonetika, leksikologiya, so‘z yasalishi, morfologiya va sintaksisga oid bilimlarni xotiraga keltirib, yozuvda qo‘llaydilar. O‘quvchilar tomonidan yozilgan diktant ular yo‘l qo‘ygan xatolarni va uning yuzaga kelish sabablarini aniqlashda ham o‘qituvchiga yordam beradi. Diktant orqali o‘quvchilarning grammatik mavzularni qay darajada o‘zlashtirishlari ham aniqlanadi. Shuning uchun ona tili darslarida muntazam ravishda yozma ishning bu turidan samarali foydalanish va o‘quvchilarning dars faoliyatiga chuqurroq olib kirish kerak. Demak, diktant orqali o‘quvchilarga imlo savodxonligi bo‘yicha ham bilim beriladi, ham bu bilimlarning qanday o‘zlashtirilganligi sinab ko‘riladi. O‘quvchi diktant yozayotganda xato qilmasligi uchun orfografik va punktuatsion qoidalarni eslashga harakat qiladi.
Ta’limiy diktantlar biror imlo (orfografiya) qoidasi bilan bog‘liq bo‘lgan fonetika, so‘z yasalishi va morfologiyaga doir mavzularni mustahkamlash, o‘quvchi ongiga singdirish va uni yozuvda qo‘llay olishga o‘rgatish uchun xizmat qiladi. Ta’limiy diktantlar o‘qituvchi va o‘quvchilarning faol ishtirokida o‘tkaziladi. Bunda, avvalo, mustahkamlash ko‘zda tutilgan orfogrammalar (masalan, u va e unlisining, qator kelgan bir xil va har xil unlilarning, sh, ch va ng harfli so‘zlarning hamda x va h harflarining yozilishi) o‘quvchilarga eslatiladi, shu harflar ishtirokidagi so‘zlar ko‘rsatiladi, talaffuzi harf bilan qiyoslanadi, farqi aniqlanadi. O‘qituvchi o‘quvchilarning so‘zlarni xato yozmasliklariga ishonch hosil qilsa, ularni yozishni topshiradi. Ayrim hollarda diktant yozish davomida o‘quvchilarga imlosi ular uchun qiyin bo‘lgan so‘zlarning yozilishi o‘qituvchidan so‘rab olinadi, yozib bo‘lgandan so‘ng bu so‘zning imlosini o‘qituvchidan aniqlab olish va o‘z xatosini shunga qarab tuzatish huquqi beriladi. Imlo malakalari hosil qilishdagi bu usul o‘quvchilarni xatosiz yozishga o‘rgatadi, ularning imlo sezgirligini oshiradi, o‘quvchi xotirasida so‘zlarning xato shakli mustahkamlanib qolishidan saqlaydi. Ta’limiy diktantlar o‘tkazish jarayonida ham o‘quvchilarning imloviy bilim va malakalarini sinash mumkin. O‘qituvchi suhbat orqali o‘quvchilar puxta o‘zlashtirib ulgurmagan o‘rinlarni va yo‘l qo‘yishlari mumkin bo‘lgan xatolarni aniqlashga va bu nuqsonlarni tezda tuzatish choralarini ko‘rishga imkoniyat topadi. Ta’limiy diktantlar ona tili darslarida turli maqsad bilan o‘tkaziladi: yangi mavzuni o‘tib bo‘lgach, diktant yozdirish mumkin. Bunda o‘qituvchi imlosi tanish bo‘lmagan so‘zlarning yozilishini doskada ko‘rsatishi, og‘zaki izohlab berishi yoki ayrim o‘quvchilardan o‘tilgan yangi mavzuni va u bilan bog‘liq imlo qoidasini qanday tushunganligini so‘rab (bu orqali o‘quvchilarga berilgan bilim yana eslatilib), so‘ng yozdiriladi. Diktantning bu turi o‘quvchilarni imloga doir bilimlarini yozuvga mustaqil ravishda tatbiq etishga odatlantiradi, bunda o‘quvchilar mustaqil fikrlashga, fonetika, so‘z yasalishi va so‘z turkumlari bilan bog‘liq bo‘lgan imlo qoidalari haqida o‘z bilganlaricha hukm chiqarishga majbur bo‘ladilar. Bunday ta’limiy diktantlar o‘quvchilarning ongli bilim olishlarini ta’minlaydi. Ta’limiy diktantlar nafaqat xatolarni bartaraf qilish maqsadida, balki imloga doir zarur bilimni bolalar ongiga singdirish uchun ham o‘tkaziladi. Bunda matn tarkibidagi tegishli so‘zlarni ajratib olib yozish, gap bo‘laklaridan yoki so‘z turkumlaridan birining tagiga chizish kabi topshiriqlar berilishi mumkin. Bu orqali nazariy bilim shu so‘z asosida mustahkamlanishi bilan bir qatorda, undagi orfogrammani kuzatishlariga, xuddi shu so‘zlarni orfografik jihatdan xatosiz yozishlariga imkoniyat yaratiladi.
O‘quvchilarning nutqini o‘stirish maqsadida ham ta’limiy diktantlardan foydalaniladi. Bunda o‘quvchilar matn tarkibiga zarur so‘zlar, so‘z birikmalari, grammatik jihatdan bog‘lanmagan bo‘laklar: undalma, kirish so‘z, kirish birikma va kiritma gaplar qo‘yib yozish kabi topshiriqlarni bajarishlari mumkin. Shuningdek, bu xil ta’limiy diktantlar gaplarning, gap bo‘laklarining, qo‘shimchalarning sinonimlaridan o‘rinli foydalanish malakalarini hosil qilish maqsadida ham o‘tkaziladi
TA’KIDIY DIKTANT
Bu diktant turi o‘quvchilarni yozuvda so‘zlarni xato yozishdan saqlaydi, ularning imlo qoidalarini ongli o‘zlashtirishlarida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Bunda eshituv organi orqali qabul qilingan taassurotlar bilan birga so‘z tarkibini, grammatika va imlo qoidalarini, shuningdek, to‘g‘ri talaffuz me’yorlarini yaxshi bilish ham talab etiladi. Ta’kidiy diktantda matnni aytib turishdan oldin ba’zi imlo qoidalari izohlanadi
IZOHLI DIKTANT
Izohli diktant ham ta’kidiy diktant kabi matn tarkibidagi imlosi qiyin so‘zlarning orfografiyasini eslatish va ta’kidlash orqali amalga oshiriladi. Diqqat qaratilgan so‘z diktant yozilgandan so‘ng izohlanadi. Bunda so‘zlar imlosi oldindan eslatilmaydi, so‘zlarni o‘quvchilar o‘z bilganlaricha yozadilar. Diktant yozdirib bo‘lingach, matndagi imlosi puxta o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan so‘zlarni qanday yozganliklarini o‘qituvchi o‘quvchilardan birma-bir so‘raydi, yo‘l qo‘yilgan xatolar doskada ko‘rsatish, og‘zaki izohlash orqali tuzatiladi. Suhbat davomida bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarga o‘qituvchining diqqati alohida qaratilgani maqsadga muvofiqdir. Yuqoridagi usullar asosida o‘quvchilar o‘z xatolarini tuzatib oladilar.
Ba’zi hollarda imlosi mustahkamlanishi ko‘zda tutilgan so‘zlarni o‘qituvchi ajratib, ta’kidlab o‘qiydi, o‘quvchilar bu so‘zlarning tagiga chizib boradilar. Diktant oxirida tagiga chizilgan so‘zlar imlosini o‘quvchilar navbat bilan izohlaydilar. Ta’limiy diktant matnlari izohli diktant yozdirib bo‘lingach, proektor orqali ekranda namoyish qilinib, o‘quvchilar o‘z yozuvlarini matnning asl nusxasiga solishtirib, xatolarini tuzatib olishlari ham mumkin.
Izohli diktant orqali o‘quvchilar bilimi ikki tomonlama aniqlanadi.
1. O‘quvchilarning diktant yozishdagi savodxonligi o‘rganiladi. Bunda o‘rganilgan imlo va grammatik qoidalarni qay darajada qo‘llayotganliklari bilinadi.
2. O‘quvchilar bilimiga doir nazariy kamchiliklar bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zlashtirish darajasi aniqlanadi.
O‘quvchilar bilim darajasini aniqlashdagi bu har ikkala imkoniyat keyingi ishlarni rejalashtirishda va xatolarni tuzatishda o‘qituvchiga qo‘l keladi. Izohli diktant o‘tkazishning eng muhim tomoni shundaki, o‘quvchilarni mustaqil fikrlash uchun olgan nazariy bilimlarini yozuvga erkin qo‘llashga o‘rgatadi. Bu diktant ko‘ruv va eshituv sezgisiga baravar ta’sir qilib, ularda mustahkam imloviy ko‘nikma hosil bo‘ladi, tez va xatosiz yozishga o‘rgatadi.
LUG‘AT DIKTANT
Bu diktant turini o‘tkazish orqali o‘quvchilar so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilishga odatlanadilar, o‘rganilgan imlo qoidasi o‘quvchilar tomonidan qay darajada o‘zlashtirilganligi aniqlanadi. Diktant uchun 8—10 daqiqa vaqt yetarlidir. Shuning uchun ham bu diktantni ona tili darslarida muntazam o‘tkazib turish kerak. Ayniqsa, 5–7- sinflarda fonetika, so‘z yasalishi va morfologiya bo‘limlariga oid mavzularni o‘rganish jarayonida o‘tkaziladigan lug‘at diktant materiallari DTS va dastur talabi asosidagi barcha orfogrammalarni puxta o‘zlashtirishga imkon beradi. Shuningdek, o‘qituvchining o‘zi ham lug‘at diktant tuzishi, uning tarkibi o‘quvchilarning nazorat diktanti natijasidan kelib chiqishi, ularda yo‘l qo‘yilgan xato so‘zlardan yoki adabiyot, tarix va boshqa darsliklarda uchraydigan imlosi qiyin so‘zlardan iborat bo‘lishi mumkin.
„Imlo lug‘ati" dan u yoki bu so‘zni mustaqil topib, uning yozilishini ko‘rib olish xatoga yo‘l qo‘yishning oldini olibgina qolmay, imlo malakasiga doir xotirani ham mustahkamlaydi.
O‘quvchilarning lug‘atdan foydalanishlarida alifbo tartibini bilishlarining ahamiyati katta. Buning uchun o‘qituvchi o‘quvchilarga „Imlo lug‘ati", „Izohli lug‘at"ning tuzulishini, uning ahamiyatini tushuntirishi lozim. So‘ngra o‘quvchilarga ijodiy lug‘at diktanti yozish topshirilishi maqsadga muvofiq. Lug‘at diktantni quyidagicha o‘tkazish ham mumkin: ko‘chma doskada yozilgan so‘zlarni kuzatishga jalb etib, so‘zlarni alifbo tartibiga moslab yozish va ularning har biri atoqli ot bo‘la olishiga e’tibor berish, shu otlarning ikkilasi atoqli ot, ikkitasi turdosh ot bo‘lishi sharti bilan to‘rtta gap tuzish.
Otlar: yodgor, iqbol, jur’at, hikmat, uchqun, to‘lqin, sulton, hakim, yulduz, qunduz, , oydin, qudrat, jasur, botir.
Lug‘at diktant uzoq o‘tilgan bir yoki bir necha imlo va grammatik qoidani takrorlash maqsadida ham o‘tkaziladi. Bunda takrorlash ko‘zda tutilgan qoida suhbat va og‘zaki mashq qilish bilan esga tushiriladi. Masalan, „Nutq fe’llari" mavzusiga doir tuzilgan lug‘at diktant yozdirib bo‘lingach, fe’l yasovchi qo‘shimcha orqali hosil qilingan fe’llarning tagiga chizishni taklif etish maqsadga muvofiq. Shuningdek, tuzilishiga ko‘ra tahlil qilishga jalb etish orqali saylanma lug‘at diktanti tarzida guruhlarga ajratib javob yozishga o‘quvchilar e’tibori qaratiladi. Lug‘at diktant ko‘zlangan maqsadga qarab yoki darsni boshlash oldidan, yangi mavzuni mustahkamlash, bir yoki bir necha o‘xshash mavzularni takrorlash davomida o‘tkazilishi mumkin.
Lug‘at diktantida xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin bo‘lgan o‘quvchilarni doskaga chiqarib, yozdirib ko‘rish va ba’zi so‘zlarning yozilishini so‘rash orqali ham tekshiriladi. Har qanday holatda ham o‘quvchining daftarlarida xato yozilgan so‘zning qoldirilmasligiga erishish shart.
O‘quvchilarning xatolarini o‘zlari, so‘ngra o‘rtoqlariga tekshirib chiqish topshirig‘ini berish navbatdagi imloga ongli munosabatni tarbiyalashda muhim ahamiyatga egadir. Lug‘at diktantni o‘tkazishda bu so‘zlarni to‘g‘ri yozish qay darajada o‘zlashtirilganini tekshirish uchun qayta diktovka qilish ham yaxshi samara beradi. O‘quvchilarni xatosiz yozishga o‘rgatishda ko‘ruv, eshituv, harakat (qo‘l) omillarining birgalikda amalga oshirilishi imlo malakalarining takomillashuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
SAYLANMA DIKTANT
Saylanma diktantda matndagi kerakli so‘z va so‘z birikmalari ajratib olinib yoziladi. Diktantning bu turi fonetika, so‘z yasalishi va grammatikaga doir nazariy ma’limotlar va imlo qoidalari o‘rgatilgandan so‘ng mavzularni mustahkamlash yoki o‘quvchlar bilimidagi bo‘shliqlarni aniqlash maqsadida o‘tkaziladi. Saylanma diktant yozdirishdan avval o‘quvchilarga bu diktantning asosiy maqsadi, o‘quvchilarning vazifalari, qaysi mavzuga doir so‘zlarni ajratib olib yozishlari batafsil tushuntiriladi, so‘ng matnni o‘qib beriladi. O‘quvchilar matn tarkibidagi kerakli so‘zlarni, so‘z birikmalari va gaplarni ajratib olib yozadilar. Diktantdan so‘ng o‘quvchilar yozganlarini navbat bilan o‘qiydilar va sinfda umumiy muhokama qiladilar. Diktantni tahlil qilish paytida mavzu o‘quvchilar ongiga yanada chuqurroq singib boradi. O‘quvchilar bilimidagi nuqsonlar shu vaqtning o‘zida o‘qituvchiga ham, o‘quvchiga ham ayon bo‘ladi va bartaraf qilinadi, o‘quvchilarga to‘g‘ri ko‘rsatma beriladi. Bu saylanma diktantning ta’limiy xususiyatidir. Ta’limiy diktantning boshqa turlari kabi saylanma diktant ham darsning ma’lum bosqichida 10-15 minut jarayonida o‘tkaziladi va bu diktant turida ham samarali natijalarni qo‘lga kiritish mumkin.
ERKIN DIKTANT
Erkin diktant ta’limiy diktantlarning bir turi bo‘lib, o‘quvchilar nutqini o‘stirishga, fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi, ya’ni jumlalarni to‘g‘ri tuza bilishga, gapdagi so‘zlarni mazmun va shakl jihatdan o‘zaro moslab, grammatik jihatdan to‘g‘ri bog‘lab fikr bayon qilishga odatlantiradi. Bu diktant maqsad va yozdirish usuli jihatidan bayon bilan diktant orasida turuvchi oraliq yozma ishdir. Erkin diktant yozish orqali o‘quvchilar avval o‘rganilgan mavzuni mustahkamlash bilan bir qatorda mavz.uga oid so‘zlarni yozuvda erkin qo‘llay bilish ko‘nikmasiga ega bo‘ladilar. Bunda muallif uslubini saqlagan holda, matn mazmunini tushunganlari bo‘yicha erkin bayon qilishga o‘rganadilar. Jumlalar soni matn bilan o‘quvchi diktanti orasida biroz farq qilishi mumkin, lekin o‘zgartirilgan so‘zlarning boshqa so‘zlar bilan grammatik jihatdan o‘zaro bog‘lanishi to‘g‘ri bo‘lishi kerak. Erkin diklant tilning biror-bir bo‘limi o‘tib bo‘lingach, mavzu yuzasidan muhokama mashqlar yetarli o‘tkazilgach, yozdiriladi.
Erkin diktant quyidagicha o‘tkaziladi:
O‘qituvchi o‘quvchilarga erkin diktant va uni yozish tartibini qisqa tushuntiradi. O‘qituvchi yozuv taxtasiga, o‘quvchilar esa yozuv daftarlariga sana, ish turi (erkin diktant) va sarlavhasini yozadilar. O‘qituvchi o‘quvchilar diqqatini jalb qilgan holda, matnni bir maromda ifodali qilib o‘qib beradi. Mazmunini bir o‘quvchidan so‘raydi. Imlosi mustahkamlanishi kerak bo‘lgan so‘zlar tahlil qilinadi, imlosi qiyin so‘zlar doskaga yozib qo‘yilishi mumkin. Keyin o‘qituvchi birinchi xatboshini o‘qiydi, shu o‘rinda o‘qituvchi diktantni yozishda so‘zlardan erkin foydalanish mumkinligini ta’kidlashi zarur.
O‘quvchilar matnni diqqat bilan tinglab, matn mazmunini tushunib olishga va xatosiz yozishga kirishadilar. Diktant mazmunini yozish jarayonida birinchi abzasga tegishli gaplar soni asliga qaraganda ozayishi yoki ko‘payishi, bir so‘z o‘rniga uning ma’nodosh shakli ishlatilishi mumkin. Lekin xatboshida berilgan mazmun va mustahkamlanayotgan orfogramma saqlanishi shart. Shu asosda matnning qolgan qismlari ham yozdiriladi.
Diktant tamom bo‘lgandan so‘ng, o‘quvchilar o‘z yozganlarini tekshirib chiqadilar. Keyin o‘qituvchi daftarlarni yig‘ib oladi. Tekshirishda imlo bilan birga mazmunning to‘la saqlanganligiga ham e’tibor beriladi.
YODDAN YOZUV (O‘Z DIKTANT)
Yoddan yozuv yoki o‘z diktant o‘quvchilarning xotiralarini rivojlantirishda katta ahamiyatga ega. Chunki bunday diktantda o‘qituvchi diktant matnini aytib yozdirmaydi, balki o‘quvchilar bu matnni qayta-qayta o‘qib, yodlab oladilar, so‘ng uni yoddan yozadilar. Yoddan yozuv diktanti matnlari har tomonlama ibratli hikoyalar, maqollar, badiiy zavq beradigan she’riy parchalardan iborat bo‘lishi mumkin. Matnni o‘qituvchi o‘qib beradi, izohlash talab etiladigan jihatlar tushuntirilib, imloga doir qoidalar takrorlanadi. So‘ngra o‘quvchi matnni o‘qiydi, yod olishlari uchun bir necha daqiqa vaqt beriladi. O‘quvchilar matnni yodlab olgach, matn bcrkitiladi. Ular yodlagan matnlarini daftarlariga mustaqil yozadilar. Bu jarayon tugagach, matn o‘quvchilarga qayta ko‘rsatiladi. O‘quvchilar ishlarini asliyat bilan taqqoslab, tekshirib oladilar, xatolari bo‘lsa tuzatadilar.
IJODIY DIKTANT
Ijodiy diktant atamasi maktab ona tili darslarida qo‘llaniladigan ijodiy ko‘rinishdagi mashqlarning turli shakllarini o‘z ichiga oladi. I j o d i y diktant o‘quvchilar nutqini o‘stirishga doir eng zaruriy vositalardan hisoblanadi: o‘quvchilar tasavvuri kengaytiriladi, o‘quvchilarning nutqiy tashabbuskorligi oshiriladi, mustaqil fikrlashga odatlantiriladi. Ijodiy diktant yuzasidan o‘tkazilgan mashqlar o‘quvchilarning savodxonligini ta’minlashga, ularning og‘zaki va yozma nutqining takomillashuviga katta ijodiy ta’sir ko‘rsatadi, dars samaradorligini oshiradi. Diktantning bu turi o‘quvchilarning turli ijodiy izlanishlariga moslanganligi uchun ijodiy diktant deb ataladi.
Ijodiy diktantning eng muhim turlari quyidagilardir:
- o‘rganilgan orfogrammalar yordamida so‘z va gap tuzish;
- mustahkamlanayotgan qoidaga mos berilgan so‘zlar ishlirokida matn tuzish.

Download 72.28 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling