Jamoatchilik bilan aloqalar (pr — piar) 1-mavzu: Jamoatchilik bilan aloqalar fani tarixi va ta`rifi
Download 29.9 Kb.
|
Jamoatchilik bilan aloqalar
- Bu sahifa navigatsiya:
- 2-mavzu: Jamoatchilik bilan aloqalar (PR) nazariy asoslari
- 3-mavzu: Jamoatchilik bilan aloqalar (PR) funksiyalari
- 4-mavzu: Jamoatchilik bilan aloqalar (PR)ning asosiy maqsadi va bosh vazifasi
Jamoatchilik bilan aloqalar (PR — piar) 1-mavzu: Jamoatchilik bilan aloqalar fani tarixi va ta`rifi Naf`ing agar xalqqa beshak erur, Balki bu naf o`zingga ko`prik erur. Alisher NAVOIY
Buyuk bobokalonlarimiz aql mash`ali ila turli fanlarga asos solingan. Aytaylik, «Algebra» so`zi qayerdan olinganini bugungi avlod yaxshi biladi. Abu Abdullo Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning «Al-jabr val-muqobala» asaridagi «Al-jabr» – «Algebra» atamasiga asos bo`lgan bo`lsa, dunyo miqyosida deyarli bir xil talaffuz etiladigan «Meditsina» – asli ibn Sino (Abu Ali al-Husayn ibn Abdulloh ibn al-Hasan ibn Ali)ga nisbatan o`sha davrdayoq aytilgan «Madadisino» (ya`ni, «Sinoning madadi») atamasining hosilasidir. Bugun lisonimizda keng qo`llanayotgan «Tibbiyot» fani nomi (atamasi) ham ulug` hakimning «Tib qonunlari» asaridan olinganini shu soha mutaxassislari e`tirof etishadi. Inson aqli-tafakkuri ila kashf etilgan jamiki fanlar mohiyatan bir-biri bilan uzviy aloqada ravnaq topadi. Falsafa, adabiyot, biologiya, kimyo, tarix, geografiya, matematika, fizika, geodeziya, astronomiya, sotsiologiya, informatika, kibernetika, elektronika, genetika kabi fanlar mantiqan bir-biri bilan chambarchas. Nafaqat fan sifatida, ishlab chiqarish sohalarida ham ularni bir-birisiz tasavvur etib bo`lmaydi. Aytaylik, adabiyot – barcha soha uchun birdek qadrli. U butun insoniyatning ma`naviy boyligi, ko`ngil mulki! Kimyo mo``jizalari kimni hayratga solmaydi, deysiz. Tabiat qonunlarini o`rgatuvchi fizikaning daxli bo`lmagan soha bo`lmasa kerak. Hisob-kitoblar yechimini matematika fanisiz tasavvur etib bo`lmaydi. Butun borliq, kurrai zamindagi mamlakatlar, ularning chegaralari, poytaxtlari, xalqlari, iqlimi, turfa boyliklari haqida biz avvalo geografiya fani orqali tasavvurga egamiz. Hayot voqeligiga aylangan ana shu fanlar mudom uzviydir. Bu uzviylikni yanada mukammallashtirib, takomillashtirib borayotgan yangi fanni esa so`nggi o`n yilliklar mo``jizasi deb atash mumin. Negaki, u butun mohiyat-e`tiboriga ko`ra – fanlararo fan hisoblanadi. Bu fan – «Pablik rileyshnz» deb ataladi. Ingliz tilidan olingan «Public Relations» atamasi – «Jamoatchilik bilan aloqalar», «Jamoatchilik bilan munosabatlar» degan ma`nolarni anglatadi. «Public Relations» (bundan buyon – PR, piar) iborasi ilk bor AQShning uchinchi prezidenti Tomas Jefferson tomonidan ishlatilgan. U 1807 yili «Kongressga yettinchi murojaati»da ushbu atamani birinchi marta qo`llagan1.. Bundan maqsad, o`sha davrda hukumatning jamoatchilik bilan aloqalarini davlat darajasiga ko`tarish, ilmiy-tashkiliy jihatdan yo`lga qo`yish edi. Keyinchalik PR fani asoschilaridan biri Edvard Bernayz bu iboraning mohiyatini «jamiyat manfaatlari yo`lidagi harakatdir»2 deb ta`riflagan. Demak, «AQShda piarning paydo bo`lishi bevosita siyosiy jarayonlar mahsuli»3 bo`lgan. Oradan bir asr vaqt o`tib, alohida fan sifatida voqelikka aylangan PR tarixi o`sha davrdagi hodisalardan kelib chiqadi. AQSHning o`sha davrdagi prezidentlari hukumat bilan xalq o`rtasida mustahkam va ishonchli aloqalar o`rnatishni yangi davlat ravnaq topishi asosiy omili sifatida qabul qildilar. Ularning bu mezonga asoslangan fikrlari nihoyatda to`g`ri bo`lib chiqdi. Tomas Jeffersonning quyidagi so`zlari demokratiya yo`lini tanlagan qator gazetalar uchun shiordek bo`lib qoldi: «Agar menga hukumat bo`lsinu gazetalar bo`lmasin yoki gazetalar bo`lsinu hukumat bo`lmasin – birini tanlang, deyishsa, men hech ikkilanmasdan hukumat bo`lmasa ham gazetalar bo`lishi kerak, degan bo`lardim»4. Bu fikrni biryoqlama talqin qilmaslik kerak. Tomas Jefferson gazeta va boshqa nashrlar mavqeini, ta`bir joiz bo`lsa, mas`uliyatini oshirishni ham ko`zda tutgan bo`lishi mumkin. Binobarin, hukumatning yo biror tashkilotning jamoatchilik bilan aloqalarini matbuotsiz, ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur etib bo`lmasligini demokrat rahbar ushbu tushunchasi vositasida ham ifodalagani ko`rinib turibdi. Jamoatchilik fikri bilan hisoblashish masalasi uzoq yillar turli bahs-munozaralarga sabab bo`lgani tarixiy manbalarda ko`p uchraydi. Bu g`oyani miloddan oldin yashagan Suqrot ilgari surib, o`z shogirdlarini haqiqatni bilishga undagan. U haqiqatni «bahs orqali, suhbat yo`li bilan bilish, anglash mumkin, degan, suhbatda asosiy e`tiborni inson ongi va tafakkurini tahlil qilishga qaratish zarurligini aytgan. O`z davrida bu usul «Suqrot usuli» deb atalgan»5. Sharq allomalari ijodida ham jamoatchilik bilan aloqalar g`oyasi ilgari surilganini anglash mumkin. 1072 yili Malikshoh saroyida vazirlik qilgan Nizomulmulkning fikrlari ham e`tiborga molikdir. Olim va shoir Umar Xayyom bilan maslakdosh bo`lgan Nizomulmulk «Siyosatnoma» asarida shunday yozgan: «zarurat bo`lmasa, oliy majlisdan hech nima yozilmaydi. Farmonning hurmati va kuch-quvvati shunday bo`lishi kerakki, ijro etilmaguncha uni hech kim qo`lidan qo`ymasin»6. Demak, bu qadim siyosat zamirida ham jamoatchilik bilan aloqalar o`ziga xos jihatlari aks etgan. Podsho amriga munosabatlar o`rganilgan hamda uning ijrosi nazorat qilingan. Bu qimmatli fikrlar bugungi kunda ham ahamiyatini yo`qotgani yo`q. Ijtimoiy munosabatlar qadimda qay darajada voqelikka aylanganini professor Najmiddin Komilovning quyidagi fikrlaridan ham anglash mumkin: «O`zbekistonda Yevropa demokratik davlatlariga xos xususiyatlar bilan birga, Sharq davlatchiligining bizning xalqimiz ruhiyatiga xos va mos tajribalarini saqlab qolish maqsadga muvofiq»7. Bulardan tashqari Sharqda azal-azaldan fikrlar xilma-xilligiga e`tibor bilan qaralgani qator maqollarda o`z aksini topgan. Ko`pdan ko`p fikr chiqadi, maslahatli to`y tarqamas, yetti o`lchab bir kes, otalar so`zi – aqlning ko`zi, singari maqollar zamirida axborot almashmoq, fikrlashmoq, maslahatlashmoq kabi ma`nolar mujassam. Demak, jamoatchilik bilan aloqalar biz uchun aslida qadimiy tushuncha. O`tgan asrda rivojlangan mamlakatlarda voqelikka aylangan PRni tushunish, uning mohiyatini anglash qiyin emas. Mutaxassislarning e`tirof etishlaricha, zamonaviy PR amaliy jihatdan jurnalistika zaminida paydo bo`lgan. Uning aynan amaliyotdagi asoschilaridan biri amerikalik jurnalist Ayvi Ledbetter Li bo`lgani haqida qator «Pablik rileyshnz» kitoblarida qayd etilgan. 1898 yilda Nyu-Yorkdagi Priston universitetini tamomlagan Ayvi Li dastlab «World» gazetasida faoliyat ko`rsata boshlaydi. Biroq, yosh jurnalistni reportyorliklikning tor ko`chalari qoniqtirmaydi. U ko`proq ijtimoiy-siyosiy hayotda faol bo`lishga intilardi. Bu intilishini 1903 yili Nyu-York meri saylovida namoyon etdi. Keyingi yili AQSh prezidentligiga saylov davrida demokratlar partiyasi milliy qo`mitasiga matbuot-byurosi xodimi bo`lib o`tgach, hamkasbi Jorj Parker bilan birga «Parker va Li» firmasini tashkil etishdi. 1906 yilda Ayvi Li «Tamoyillar deklaratsiyasi»ni nashrdan chiqardi. Bu bilan u dastlab «matbuot xizmati xodimining faoliyatini jamoatchilikka yaqinlashtirgan»8 bo`lsa, ayni vaqtda yangi kasbni jamiyat uchun juda zarur bo`lgan soha bilan to`ldirdi, uning muhimligini ko`rsatib berdi. «Ayvi Lining asosiy xizmati shuki, u yangi kasbga ochiq xarakter berdi. «Tamoyillar deklaratsiyasi» butun millat uchun yuqori davlat organlari va hokimiyatni ham hisobga olib mashhur amerikacha ochiq jamiyat shakllanishi yo`lida asosiy dasturiy hujjatlardan biri bo`lib qoldi»9. Deklaratsiyada shunday deyilgan: «Bu sirli matbuot-byurosi emas. Butun ishimizni ochiq-oydin bajaramiz. Bizning vazifamiz yangiliklar yetkazib berish. Bu targ`ibot agentligi emas. Biron-bir materialingiz tashviqot bo`limiga to`g`ri keladi, deb hisoblasangiz, unda murojaat qilmang. Bizning ishimiz – aniqlik. Biz yuqorida eslab o`tilgan faktlarni shaxsan tekshirish uchun har bir muharrirga jonu dilimiz bilan yordam beramiz. Qisqasi, maqsadimiz shundan iboratki, biz ishchan doiralar va tashkilotlar nomidan AQSh jamoatchiligini qiziqtirgan ma`lumotlarni matbuotga ochiq-oydin berib borishdir»10. Shu tariqa AQShda tashkilotlar bilan jamoatchilik o`rtasida aloqalar o`rnatish harakati boshlandi. Bu harakat asta-sekin ijtimoiy voqelikka aylanib ketdi. PR tarixining shakllanish va taraqqiy etish evolyutsiyasi uch davrga bo`linadi, ya`ni ular: tayyorlov, oraliq va asosiy davrlardir. Birinchi davr, Tomas Jeffersonning ilk bor «Pablik rileyshnz» atamasini qo`llagan paytlardan boshlanib, to XX asr boshlarigacha davom etgan. Ikkinchi davrni, Ayvi Li «Tamoyillar deklaratsiyasi»ni e`lon qilgan va piar xizmatlari bo`yicha firma tashkil etgan voqealar bilan bog`liq, deyish mumkin. Bu davr 1807 yildan to XX asr boshigacha davom etgan. Uchinchi davr 1904-1906 yillardan hozirgi paytgacha davom etmoqda. Bu davrni «piar-kasb sifatida shakllanishi, sohalar kengayishi va o`zaro bog`lanishida fanlararo fan rolini ado etgan va ijtimoiy institut sifatida»11 tan olingan davri deyishimizga asos bor. PR tadqiqotchilari uning tarixiga oid ko`p fikrlarni ilgari surganlar. Shulardan biriga e`tiborni qaratamiz: «Biz ko`p narsalarni rivojlangan dunyodan kechroq bildik,– deb yozadi Rostov universiteti jurnalistika nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dotsenti Grant Kartashyan.– Shunday ta`lim bor ekanki, biz biladigan genetika va kibernetikadan ustunroq. Bu – Pablik rileyshnzdir»12. PR tarixiga oid bu kabi fikrlar zamirida ham uning rang-barang qirralari aks etadi. Ikkinchi jahon urushidan so`ng ijtimoiy institut sifatida maydonga chiqqan PR xalqaro miqyosda o`rin tutardi. 1974 yili piar xalqaro ijtimoiy institut sifatida tan olindi, bu paytda YePRA – Yevropa pablik rileyshnz assotsiatsiyasi BMT tarkibidagi iqtisodiy va ijtimoiy kengashning maslahatchi organi sifatida qayd qilingan. Mutaxassislar fikricha, 1914 yilda birinchi jahon urushi boshlanishi turli davlatlar hukumatining piarlari keskin o`sishi uchun zamin yaratgan, chunki ular oldida jangovar harakatlarga nisbatan o`z mamlakatining tutgan o`rnini xalqiga va jahon jamoatchiligiga bayon qilish vazifasi turgan. O`sha davrdagi «AQSh Prezidenti Vudro Vilson jurnalist do`sti Jorj Krilning maslahati bilan jamoatchilikni xabardor qilish uchun maxsus Qo`mita tuzgan. Mazkur Qo`mita mamlakatda va chet elda piarni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega bo`lgan»13. 1918 yilda Buyuk Britaniya qirolining o`z matbuot kotibi paydo bo`ldi. Buyuk Britaniyada 1932 yilda Vazir o`rinbosari qoshida Jamoatchilik bilan aloqalar bo`yicha xizmat rahbarining lavozimi ta`sis etilgan edi. Zero, «Piar xizmatlarining rahbarlari tinglovchilarga ta`sir etish soha va usullarini kengaytirishni afzal ko`rar edilar»14 hamda ushbu maqsadlar uchun standard bo`lmagan usullardan ham foydalanganlar. Xalqaro miqyosda yuksak maqega ega bo`lgan ingliz tilidagi bu atama o`shandan buyon dunyoviy fan nomi sifatida boshqa tillarda, xususan, o`zbek tilida ham keng qo`llanilmoqda. Zamonaviy piar vatani – AQShdir. Piar faoliyatini u yerdan G`arbiy Yevropa o`zlashtirib olgan. Har bir mamlakatda piar o`zining milliy ruhi va xususiyatlari bilan boyitilgan. Bu tabiiy jarayondir. Ijtimoiy hayotdagi har qanday yangilik turli davlatda o`ziga xos tarzda aks etadi. XX-asrning so`nggi choragida piar rivojlangan mamlakatlarda ravnaq topgan faoliyat turi bo`lib qoldi. Bu davrda «piarning yangi turlari, shakl va usullari uzviy ravishda paydo bo`la boshladi, piarmenlarning kundalik faoliyatiga jalb etilmagan iqtisodiyot, siyosat va madaniyat sohalari kamayib borar edi»15. Bugungi kunga kelib PR jahon uzra keng quloch yoymoqda. Uning ibratomuz qirralari, bu sohadagi ilg`or tajribalar hozirjavoblik bilan o`rganilmoqda.
PRning fan sifatida maydonga chiqishi va ilmiy asoslanishida amerikalik olim Edvard Bernayz xizmatlari alohida e`tirof etiladi. U 1919 yilda Nyu-Yorkda xususiy «piar-byuro»sini ochib, amalda jamoatchilik bilan aloqalarning samarasini ko`radi. Bu borada tadqiqot olib borib, xulosalarini yozadi. 1923 yili uning «Jamoatchilik fikrining kristallashuvi» kitobi chop etildi. Bu asar PR fanining birinchi nazariy poydevori edi. O`sha yiliyoq Nyu-York universitetida «Pablik rileyshnz» kafedrasi tashkil etildi. Rus tadqiqotchisi A.Chumikovning «Jamoatchilik bilan aloqalar» asarida qayd etilishicha, E.Bernayz o`z faoliyatini shunday ta`riflagan: «1919 yili dastlabki ofisimni ochganimda… «Pablik Rileyshnz maslahatchisi»ni tayinladim. U mijozlar fikrini tinglab, jamoatchilik bilan aloqalarni rivojlantirish yo`lida xizmat qila boshladi»16. Shu tariqa nazariyotchilar PRning yangi-yangi qirralarini tadqiq qila boshladilar. 1924 yilda shveysariyalik taniqli psixolog Karl Yungning «Psixologik turlar» kitobi nashr etildi. Umuman, bu olimning asarlari jamoatchilikdagi turli guruhlar psixologiyasi xususiyatlari, ullardagi fikrning shakllanish jihatlarini o`rganishga katta ta`sir etgan. XX asrning birinchi choragidan boshlab AQSh, Angliyada PRga oid qator kitoblar nashr etildi. Ularda jamoatchilik bilan aloqalarning nazariy asoslari yanada chuqurroq ifodalab berilgan. Sobiq mustabid tuzum davrida hukumat demokratiyani ta`minlashga xizmat qiladigan PRdan o`z maqsadlari yo`lidagina keng foydalanishsa-da ommaviy tusda u oliy o`quv yurtlarida o`qitilmas edi. Shul bois, u fan sifatida tadqiq etilmasdi. Professor Narzulla Jo`rayevning quyidagi fikrlari o`rinlidir: «SSSR tarkibida turib hech qanday milliy ravnaq, ma`naviy taraqqiyot xususida gapirib bo`lmas edi. Chunki yovuzlik va zo`ravonlik asosiga qurilgan bu davlat bunday intilishlarga aslo yo`l bermas edi»17. PRni tan olmagan va jamoatchilik fikri bilan hisoblashmagan komfirqa ko`p narsa yutqazdi. Muallif amerikalik adiba Eyn Redning quyidagi fikrini keltiradi: «Insonni fikrsiz qulga aylantirgan yoki uning mehnati samarasini tortib oladigan, erkin tafakkur qilishdan mahrum etadigan yoki aqlga zid harakatlarga undaydigan jamiyat, mavjud qonunlari bilan insonning tabiiy talab-ehtiyojlari o`rtasida qarama-qarshilik keltirib chiqaradigan jamiyat aslida jamiyat deb atalishiga ham arzimaydi. U – jinoyatchilar to`dasi yoki olomondir»18. Sobiq mustabid tuzum davri mafkurasi to`g`risida bu kabi juda ko`p tanqidiy fikrlar yozildi. Shu yo`sinda jamoatchilik fikriga mutlaqo quloq solmaslik va uni tan olmaslik harakatlari to`g`ri tanqid qilindi. «Imperiyalar milliy ongning uyg`onishidan o`t-suv balosidan qo`rqqan kabi qo`rqqanlar,– deb yozadi adabiyotshunos Ibrohim G`afurov «Millatning billurlanishi» maqolasida.– Xalqning umum ishini o`zi bir yoqadan bosh chiqarib qilishga qodirlik kasb etishi – uning millat bo`lganligi belgisi va ko`rsatkichidir»19. Bu fikr zamirida ham kishilarning o`zaro fikr almashuvi asnosida «bir yoqadan bosh chiqarishi» g`oyasi zuhur etilmoqda. Yurtimiz mustaqillikka erishganidan buyon davlat boshqaruvi tizimida jamoatchilik bilan aloqalar amalda o`z samarasii ko`rsatmoqda. Buni har bir yetakchi tashkilot va muassasaning matbuot xizmati faoliyati misolida ham ko`rish mumkin. Jamoatchilik fikrini o`rganish barobarida jamoatchilikda fikr uyg`otish, jamoatchilik fikrini shakllantirish muhim o`rin tutadi. Bu hol demokratik o`zgarishlar yanada chuqurlashayotgan jamiyatimizda hayot voqeligiga aylanib bormoqda.
Jamoatchilik fikrini o`rganish – u bilan aloqalarda muhim mezon hisoblanadi. Funksiya deganda amaliyotda ko`proq bu faoliyatni bajaradigan vazifalar nazarda tutiladi. V. Korolko ta`riflashicha, jamoatchilik bilan aloqalar umuman olganda 3 ta asosiy funksiyani bajaradi: Jamoatchilikning fikrini o`rganish va uni kuzatish. PR orqali jamoatchilikning fikrini o`rganish va faqat shu yo`l bilan unga samarali ta`sir ko`rsatish mumkin. Agar jamoatchilik fikri o`z vaqtida o`rganilmasa, unda ijobiy maqsadga erishilmaydi. Jamoatchilik harakatini kuzatish. Demak, jamoatchilikning nafaqat fikrini o`rganish, balki, harakatini ham kuzatib borish muhimdir. Piarmen jamoatchilikning u yoki bu harakatlarida o`zini qanday tutadi, shuni aniqlab olishi kerak. Yangi vaziyatlar vujudga kelgan sari, ijtimoiy kayfiyatlar o`zgargan sari jamoatchilik o`zini qanday tutmoqda, piarmenning fikricha qay tomonga o`zgarmoqda, shuni oldindan bilishi taqozo etiladi. Aniqlik piar xodimi faoliyatida muhim o`rin tutadi. Tashkilot bilan jamoatchilik o`rtasida ikki tomonlama manfaatni ta`minlash. Bir tomonlama emas, ikki tomonlama manfaatni ta`minlab, shuning natijasida jamoatchilik bilan hamkorlikni ravnaq toptirish lozim. Bunda hamkorlikning ikki tomonlama foydasi bo`ladi20. Mana shu uchta asosiy funksiya jamoatchilik bilan aloqalarni tobora mustahkamlab borishda piarmen uchun juda zarur. PR funksiyasi jamiyat ijtimoiy instituti sifatida yorqinroq ko`rinadi. Hindiston davlatining sobiq rahbari Indira Gandi PRni «demokratiyaning yog`i» deb atagan. PR hokimiyat organlari va xalq, aholi va biznes, ishlab chiqaruvchilar va iste`molchilar, shaxslar va ijtimoiy guruhlar o`rtasida aloqa o`rnatadi. Amalda PR demokratiya ravnaq topgan mamlakatlardagina rivojlanadi. Ayni vaqtda u demokratiyani rivojlantirishga ham xizmat qiladi. Bugungi kunga kelib esa piar dunyoviy fan sifatida keng quloch yoyyayotgani boisi ham shunda. PR – mohiyatan dunyoviy fan sifatida bizning ham ilmiy-ma`naviy xazinamizni boyitishga, tashkilotlarning jamoatchilik bilan aloqalarini yo`lga qo`yishga xizmat qiladi.
PR omma fikrining bir yo`nalishdagi shakli emas. Uning mazmuni, shakli, maqsad va vazifalari aniq. PR ruhidagi boshqarish bilan ko`p asrlardan buyon boshqa sohalar ham shug`ullanib keladi. Oshkoralik, haqiqat, samimiylik bo`lgan joydagina PR muloqotga va o`zaro ishonchga erishishi mumkin. PR – davlat tashkilotlari, qonun chiqaruvchi hamda ijro hokimiyatlari va jamoatchilik o`rtasida aloqa o`rnatishga yordam beradi. Ingliz olimi Sem Blek ta`biri bilan aytganda: «Pablik Rileyshnz – aniq, haqqoniy axborotlarga asoslangan, o`zaro bir-birini tushunish to`g`risidagi fan va san`atdir»21. Nazariyotchi V.Korolkoning shunday yozgan: «PRni xo`jako`rsinga tashkil qilmaslik kerak. Har qanday yo`l bilan o`zlariga yaxshi sharoit yaratish uchun xalqni aldash va omma ishonchini suiste`mol qilish noxush oqibatlarga olib keladi. Jamiyatni qandaydir ma`lum bir muddat davomida aldash mumkin. Biron-bir qisminigina uzoqroq aldab yurish mumkin. Butun jamiyatni har doim aldab yurish esa hali hech kimga nasib qilmagan»22. Amaliy jihatdan olib qaralganda, qaysiki sohada bo`lmasin omma ishonchini suiiste`mol qilish qanday salbiy oqibatlarga olib kelgani sir emas. Ye.Pashensev fikricha: «Pablik rileyshnz – tashkilot va jamoatchilik o`rtasidagi o`zaro hurmatga asoslangan munosabat, bir-birini anglashga xizmat qiladigan muttasil harakatdir»23. Bu fikrlar xilma-xilligi PRning qamrovi naqadar kengligidan dalolat beradi. Har bir fanning avvalo maqsad va vazifalarini o`rganish talab etiladi. PRning asosiy maqsadi – jamoatchilik bilan aloqalarni yo`lga qo`yish bo`lsa, bosh vazifasi – axborot yordamida omma fikrini boshqarishdir. U tashkilotlar va jamoatchilik o`rtasida aloqa o`rnatadi. Bunday aloqa fikr almashish, axborot olish va tarqatish, o`zaro munosabatlarni mustahkamlash bilan izohlanadi. Har bir tashkilot va muassasa faoliyati xalqning siyosiy, iqtisodiy, ma`rifiy hamda madaniy hayotini yaxshilashga qaratilgan bo`lishi shart. Shu o`rinda ham PR o`ziga xos tafakkur maydonini vujudga keltirgan holda samarali natijalarga erishishga xizmat qiladi. Jamoatchilik bilan aloqalarning muhim shartlaridan biri – ikki tomonlama fikr eshitish. Fikr bir tarafdangina aytilsa, u mohiyatan – biryoqlama, qolaversa, targ`ibot bo`lib qoladi. PR amaliyotida tashkilot vakillarining jamoatchilik fikrini tinglab, xulosa chiqarishi muhim o`rin tutadi. Bu, ko`pdan ko`p fikr chiqadi, degan naqlga mosdir. Jamoatchilik bilan aloqalar uzoq va boy tarixga ega. Ularning ijtimoiy soha sifatida shakllanishida Sharq mamlakatlari ham muhim hissa qo`shgan. XVII-XX asrlarda G`arbning keskin rivojlanishi ko`pgina yangi fanlar qaror topishiga asos bo`ldi. O`sha fanlardan biri – jamoatchilik bilan aloqalardir. Eng avvalo, AQShda mazkur sohaning nazariy va axloqiy asoslari shakllandi. Tashkilot va jurnalistlarning jamoatchilik bilan munosabatlari, fikr almashishlar jarayonida nazariy asoslarga va odob-axloq me`yorlari PR talablariga mos ravishda amalga oshishi ushbu amaliyotning dunyo miqyosida keng tarqalishiga, jumladan, O`zbekistonda ham ravnaq topishiga yordam beradi. Saylovlar jarayonini OAVda yoritish texnologiyalarini ilmiy jihatdan tahlil qilish va o`zlashtirish O`zbekiston sharoitida alohida e`tiborga ega. Bunda OAV va siyosiy partiyalar vakillari oq va qora PR to`g`risida ham tasavvurga ega bo`lishi maqsadga muvofiqdir24. PR davlat va jamiyat, ishlab chiqaruvchilar va iste`molchilar o`rtasida aloqa o`rnatadi. Bu aloqa – fikr almashish, axborot olish va tarqatish, munosabatlarni mustahkamlash bilan izohlanadi. Taraqqiyparvar mamlakatlarda hukumat, nodavlat tashkilotlarining faoliyatlari jamoatchilik bilan aloqalar asosida tashkil etiladi. Ispan faylasufi va publitsisti Ortega Gasset yozganidek, «Dunyoni jamoatchilik fikri boshqaradi»25. Yurtimizda ham aksariyat vazirlik va tashkilotlarning faoliyatlari jamoatchilik bilan aloqalar asosida tashkil etilmoqda. Bugungi kunda jamoatchilik bilan aloqalar masalasi ijtimoiy voqelikka aylandi. PR jamiyatda tashkilotlarning jamoatchilik bilan aloqalarini yo`lga qo`yishga xizmat qiladi. Sem Blek yozganidek u quyidagi o`nta asosiy maqsadga yo`naltirilgan26. Ya`ni: Jamoatchilik fikri; Jamoatchilik munosabatlari; Hukumatlararo aloqalar; Ijtimoiy hayot; Sanoat sohasidagi munosabatlar; Moliyaviy aloqalar; Xalqaro aloqalar; Iste`molchilar bilan munosabatlar; Statistika va tadqiqot; Ommaviy axborot vositalari. Ikkinchi jahon urushidan so`ng ijtimoiy institut sifatida maydonga chiqqan PR xalqaro miqyosda o`rin tutardi. 1974 yili piar xalqaro ijtimoiy institut sifatida tan olindi, bu paytda YePRA – Yevropa pablik rileyshnz assotsiatsiyasi BMT tarkibidagi iqtisodiy va ijtimoiy kengashning maslahatchi organi sifatida qayd qilingan. Fransiya va Germaniya mutaxassislari amerikacha piar uslubini to`g`ridan-to`g`ri milliy tarmog`iga ko`chirish mumkin emasligini tushundilar. Fransuz va nemisni amerikalik qilib bo`lmaganidek, buni ham qilish mumkin emas. PR ko`p jihatdan mahalliy mentalitet va millat ruhidan tug`ilgan. Shul bois Yevropa davlatlarida piar har bir jamiyatning milliy xarakteriga monand ravishda shakllana bordi. Qator davlatlarda birinchi rahbarlarning matbuot bo`yicha muovinlari, matbuot xizmati rahbarlari, hech bo`lmaganda matbuot agentlari va kotiblari lavozimlari tashkil qilindi. Eng e`tiborga molik tomoni shundaki, birinchi jamiyat bilan aloqalar markazlari AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniya davlat organlarida tashkil etildi. Mutaxassislarning aksariyati 1914 yilda birinchi jahon urushining boshlanishi turli davlatlar hukumatining piarlari keskin o`sishi uchun rag`batlantiruvchi omil bo`lgan, chunki ularning oldida boshlangan jangovar harakatlarga nisbatan o`z mamlakatining tutgan o`rnini xalqiga va jahon jamoatchiligiga bayon qilish vazifasi turgan edi, degan fikrga kelgan. O`sha davrdagi «AQSh Prezidenti Vudro Vilson jurnalist do`sti Jorj Krilning maslahati bilan jamoatchilikni xabardor qilish uchun maxsus Qo`mita tuzgan. Mazkur Qo`mita mamlakatda va chet elda piarni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega bo`lgan»27. 1920 yilda Nyu-Yorkda Buyuk Britaniyada sodir bo`layotgan voqealar bilan amerikaliklarni tanishtirish maqsadida Britaniya kutubxonasiga asos solingan edi. Ular haqidagi kommunikatsiya va nazariyalar birgalikda boshqa ilmlar ham rivojlangan, bu esa ularni o`zaro boyitgan. 1926 yilda Buyuk Britaniyada o`z faoliyatida piar uslubiyotidan faol ravishda foydalangan savdo bo`yicha Qirollik boshqarmasi tuzildi. 1932 yilda shu mamlakatda Vazir o`rinbosari qoshida Jamoatchilik bilan aloqalar bo`yicha xizmat rahbarining lavozimi ta`sis etilgan edi. Zero, «Piar xizmatlarining rahbarlari tinglovchilarga ta`sir etish soha va usullarini kengaytirishni afzal ko`rar edilar»28 hamda ushbu maqsadlar uchun standard bo`lmagan usullardan ham foydalanganlar. Zamonaviy piar vatani – AQShdir. Piar faoliyatini u yerdan G`arbiy Yevropa urushdan keyin o`zlashtirib olgan. «Lekin bu to`g`ridan-to`g`ri nusxa ko`chirish emas edi. Ish usullari va shakllarining o`xshash tavsifida har bir mamlakatda piar o`zining milliy ruhi va xususiyatlari bilan boyitilar edi»29 Bu tabiiy jarayondir. Ijtimoiy hayotdagi har qanday yangilik turli davlatda o`ziga xos tarzda aks etadi. XX asr o`rtalarida Yerning birinchi sun`iy yo`ldoshi koinotga chiqishi asos bo`lgan axboriy davr o`z faoliyatini boshladi. Ko`p o`tmay amerikalik mutaxassislar kompyuter tarmog`ini ishlab chiqdilar. Bu tarmoq tezkorlik bilan rivojlana boshladi. O`sha davrda «aloqa vositalarining yangi shakllari va turlari piar xizmatlari faoliyatida ham o`z ifodasini topa boshlagan edi»30. XX asr so`nggi choragida PR rivojlangan mamlakatlarda ravnaq topgan faoliyat sohasi bo`lib qoldi. Ma`lumki, bu davrda «piarning yangi turlari, shakl va usullari uzviy ravishda paydo bo`la boshladi, piarmenlarning kundalik faoliyatiga jalb etilmagan iqtisodiyot, siyosat va madaniyat sohalari kamayib borar edi»31. Bugungi kunga kelib PR jahon uzra keng quloch yoymoqda. Uning ibratomuz qirralari, bu sohadagi ilg`or tajribalar O`zbekiston oliy o`quv yurtlarida ham puxta o`rganilmoqda. ________________________ Muminov F. Pablik rileyshnz: istoriya i teoriya. T.: Ijod dunyosi, 2004, 32-b. Berneys E. L. The Later Years. Public Relations Insights 1956-1986.-Rhinebeck: Free Press, 1986.-P.12. Arziyev F. Pablik rileyshnz – axborot ortidagi manfaat. //Xalq so`zi, 2003, 4 noyabr. Qarang: Milliy tiklanish, 1997, 2 dekabr. 5. Pedagogika tarixi. A.Zunnunov, M.Xayrullayev va boshqalar. T.: Sharq, 2000, 175-b. 6 Nizomulmulk. Siyosatnoma yoki siyar ul-muluk. T.: Adolat, 1997 y. 77 b. 7.Komilov N. Vazir qanday bo`lishi kerak? //Rahbar va xodim. –T.: Akademiya, 1998, 58 b. 8. G`afforov N. Jamoatchilik bilan ishlash – Pablik rileyshnz. T.: Zar qalam, 2004, 6-b. 9. Muminov F. Pablik rileyshnz: istoriya i teoriya. 38-39-b. 10. Blek S. Vvedeniye v pablik rileyshnz. Rostov-na-Donu, 1998. 65-b. 11 Muminov F. Pablik rileyshnz: istoriya i teoriya. 40-b. 12 Blek S. Vvedeniye v pablik rileyshnz. 5-b. Sem Blek. Vvedeniye v Pablik rileyshnz. Rostov-na-Donu «Feniks», str-286. Mo`minov F.A. Pablik rileyshnz: istoriya i teoriya. T., 2003 g. Str –37. Chumikov A.N. Pablik rileyshnz Str –37. 16 Chumikov A. Svyazi s obshestvennostyu. 20-b. Jo`rayev N. Tafakkurdagi evrilish. T.: Sharq, 2001. 41-b. Jo`rayev N. Tafakkurdagi evrilish. T.: Sharq, 2001. 41-b. 19. G`afurov I. Millatning billurlanishi. //Xalq so`zi, 1995, 5-yanvar. 20 Korolko V.G. Osnovы pablik rileyshnz. 11-12-b. 21 Blek S. Vvedeniye v pablik rileyshnz. Rostov-na-Donu, 1998, 10-b. 22 Korolko V.G. Osnovы pablik rileyshnz. 11-12-b. 23 Pashensev Ye.N. Pablik rileyshnz: ot biznesa do politiki. M.: Delo, 2000. 5-b. 24.Qarang: Shukurov B. Oq va qora ranglar. (Mo`minov F. b-n suhbat) //O`zbekiston ovozi, 2004. 4 noyabr. Ensiklopedicheskiy slovar. M.: Sovetskaya ensiklopediya, 1987, 940-b. Sem Blek. Vvedeniye v Pablik Rileyshnz. S. Dostov na-Donu, 1998 god. 6-bet. Sem Blek. Vvedeniye v Pablik rileyshnz. Rostov-na-Donu «Feniks», str-286. 28. Mo`minov F.A. Pablik rileyshnz: istoriya i teoriya. T., 2003 g. Str –37. 29. Sem Blek. Vvedeniye v Pablik rileyshnz. Rostov-na-Donu, «Feniks», 1998 g. Mo`minov F.A. Pablik rileyshnz: istoriya i teoriya. T., 2003 g. Str –38. 31. Chumikov A.N. Pablik rileyshnz Str –37. Download 29.9 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling