Jinoyat huquqi fanidan yakuniy nazorat savollari Jinoyat tarkibining zaruriy va fakultativ belgilarini muhokama eting
Download 0.83 Mb. Pdf ko'rish
|
Jinoyat huquqi yakuniy nazorat
Zaruriy belgilar jinoyat tarkibi mavjud bo‘lishi uchun zarur bo‘lgan
belgilar bo‘lib, ularning yig‘indisi qilmishni jinoyat deb hisoblash uchun minimal va yetarli bo‘lgan ijtimoiy xavfliligini tashkil qiladi 3 . 3 Rustambayev M.X. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat huquqi kursi. Tom 1. Jinoyat haqida ta’limot. Darslik. 2-nashr, to‘ldirilgan va qayta ishlangan – T.: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, 2018. – 441 bet. (140-bet); Demak, biz zaruriy belgilarni jinoyat tarkibi mavjud bo‘lishi uchun juda muhim ekanligini bilib oldik. Bundan shu anglashiladiki, ushbu belgilarning hatto bittasi mavjud bo‘lmasligi, jinoiy javobgarlikka tortishni istisno etadi. Zaruriy belgilarga esa quyidagilar kiradi: jinoyat obyekti; formal jinoyat tarkibining obyektiv tomonida – qilmish (harakat yoki harakatsizlik); moddiy jinoyat tarkibining obyektiv tomonida esa, qilmish, oqibat va ular o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish; tarkibning subyekt tomonida – qasd yoki ehtiyotsizlik shaklidagi ayb; subyektda – «umumiy» subyektning alomatlari, ya’ni qonunda nazarda tutilgan yoshga to‘lgan aqli raso jismoniy shaxs. Xususan, jinoyat sodir etgan shaxsning Jinoyat qonunida nazarda tutilgan yoshga to‘lmaganligi yoki aqli noraso ekanligi jinoiy javobgarlikni belgilanishini inkor etadi. Sababi, ushbu belgilar shunday zaruriy belgilarki, aynan shu belgilarning mavjudligiga asoslanib, Jinoyat qonuni ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlikni belgilaydi. Masalan, qilmish va oqibat o‘rtasidagi sababiy bog‘lanishni olaylik. Moddiy tarkibli jinoyat qonun chiqaruvchi tomonidan jinoyatning obyektiv tomonida nafaqat qilmish, balki ijtimoiy xavfli oqibat ham zaruriy belgi sifatida o‘rnatilgan tarkibli jinoyat hisoblanadi. Shunga ko‘ra, moddiy tarkibli jinoyatlarda jinoiy oqibat yuz berishini qonun chiqaruvchi jinoyat qonunida ko‘rsatilgan va belgilangan oqibatning yuzaga kelishi bilan bog‘laydi (masalan, JKning 105-moddasida – o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish). Bundan tashqari, bunga qasddan odam o‘ldirish jinoyati(JK modda 97-moddasi)ni ham misol qilib keltirish mumkin. Mazkur vaziyatda oqibat (jabrlanuvchining o‘limi) asosiy o‘rin tutadi. Bunda o‘lim shaklidagi oqibat vujudga kelmasa, qasddan odam o‘ldirish deb baholanamaydi, balki, odam o‘ldirishga suiqasd qilish sifatida kvalifikatsiya qilinadi. Demak, faqatgina o‘lim shaklidagi oqibat yuz bergan taqdirdagina ijtimoiy xavfli qilmish mavjudligi xususida so‘z yuritish mumkin ekan. Xulosa qilganda, mazkur vaziyatda qilmish oqibatga sabab bo‘lgandagina jinoiy xarakter kasb etadi. Bunda muhim jihat ijtimoiy xavfli oqibat hisoblanadi. Demak, sodir etilgan ijtimoiy xavfli qilmishga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilash uchun ushbu qilmish faqatgina Jinoyat qonuni bilan himoya qilinadigan ijtimoiy munosabatlarga zarar yetkazib, yoki bo‘lmasa, zarar yetkazish yetkazish real xavfini keltirib chiqarmasdan, balki jinoyat tarkibining zaruriy belgilari o‘zida mujassamlashtirgan bo‘lishi kerak. Shunga ko‘ra, jinoiy javobgarlik masalasi hal etiladi. Xo‘sh, qilmishni jinoyat deb baholab, jinoiy javobgarlik belgilash uchun jinoyat tarkibidagi zaruriy elementlarning o‘zi yetarli bo‘lar ekan, unda fakultativ belgilar nima uchun kerak, degan savol tug‘ilishi mumkin. Bu savolning javobini esa quyidagicha izohlaymiz. Avvalo, fakultativ belgilarga to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu belgilar ayrim jinoyat tarkiblari uchun xos bo‘lib, jinoyat tarkibining mavjudligini anglatmaydigan, kvalifikatsiyaga ta’sir etmaydigan, lekin jazoni individuallashtirishda hisobga olinadigan belgilar hisoblanadi. Ushbu belgilar sirasiga quyidagilar kiradi: tajovuz predmeti, ijtimoiy xavfli oqibat, qilmish va oqibat o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish, jinoyat sodir etish usuli, vaqti, joyi, sharoiti, quroli va vositasi, motiv va maqsad, jinoyat subyektining maxsus belgilari. Mana fakultativ belgilar qanday belgilar ekanligini va namoyon bo‘lishini bilib oldik. Shu o‘rinda, fakultativ belgilarning xususiyatini belgilab beruvchi bir necha istisnolarni ko‘rib o‘tamiz. Demak, fakultativ belgilarning jinoyat tarkibini anglatmasligini istisno etuvchi shunday holat borki, buning uchun qonun chiqaruvchi fakultativ belgini jinoyat tarkibiga kiritgan bo‘lishi lozim. Shundagina, bu belgi mazkur jinoyat tarkibining zaruriy belgisi hisoblanadi. Bundan tashqari, qoidaga ko‘ra, fakultativ belgilar kvalifikatsiya ta’sir etmaydi deb o‘tdik, lekin fakultativ belgilar ham kvalifikatsiyaga ta’sir etishi mumkin. Buning sharti shuki, qonun chiqaruvchi fakultativ belgini jinoyatning ijtimoiy xavfliligini orttiruvchi etib belgilashi kerak. Fakultativ belgining xususiyatini o‘zgartiruvchi yuqoridagi ikki istisnoli holatning mavjud emasligi, ya’ni fakultativ belgi jinoyat tarkibiga kiritilmaganligi hamda kvalifikatsiyaga ta’sir qiluvchi xususiyatga ega emasligi, ushbu fakultativ belgini jazoni yengillashtiruvchi yoki og‘irlashtiruvchi holat sifatida inobatga olinishini bildiradi. Demak, jinoyat-huquqiy normalar dispozitsiyasida fakultativ belgilar ko‘rsatilishi ham, ko‘rsatilmasligi ham mumkin ekan. Tabiiyki, agar JK Maxsus qism moddalari dispozitsiyasida ushbu belgilar ko‘rsatilgan bo‘lsa, qilmishni o‘sha belgisiz kvalifikatsiya qilib bo‘lmaydi. Aynan shu bo‘yicha quyida bir necha misol ko‘rib o‘tamiz. Masalan, JK 97-moddasi 2-qismi «l» bandi bezorilik oqibatida qasddan odam o‘ldirish uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Qilmishni ushbu moddaning «l» bandi bilan kvalifikatsiya qilish uchun bezorilik niyatini o‘zida ifodalagan motivni aniqlash zarur. Mazkur belgi umumiy qoidaga ko‘ra fakultativ, biroq dispozitsiyada to‘g‘ridan- to‘g‘ri ko‘rsatilganligi uchun zaruriy belgi bo‘lib kelyapti. Yanada aniqroq qilib aytganda, bezorilik niyatidagi motiv bo‘lmasa, JK 97-moddasi 2-qismi «l» bandidagi jinoyat tarkibi ham mavjud bo‘lmaydi. Yoki bo‘lmasa, masalan, o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash yoki ularga qonunga xilof ravishda egalik qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlarda (JK 247–248-moddalari) jinoyat predmeti zaruriy belgi hisoblanadi. Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy xavfli qilmishda jinoyat tarkibidagi zaruriy belgilarning mavjudligi shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish hamda uni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish masalasini hal etadi. Jinoyat tarkibidagi fakultativ belgilar esa konkret jinoyat-huquqiy normadan kelib chiqib, tegishli jinoyat tarkibining zaruriy belgisi bo‘lishi, kvalifikatsiyaga ta’sir etishi mumkin, yoki bo‘lmasa, aksincha. Muayyan jinoyat-huquqiy normada jinoyat tarkibining fakultativ belgisi jinoyat tarkibining mavjudligini anglatmagan, kvalifikatsiyaga ta’sir etmagan taqdirda, ushbu fakultativ belgi jazoni individuallashtirishda hisobga olinadigan belgilar sifatida e’tirof etilib, jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan, jazoni yengillashtiruvchi yoki og‘irlashtiruvchi holat sifatida inobatga olinadi.
|
ma'muriyatiga murojaat qiling