Jinoyat sodir etilgan joy, deyilganida jinoyat boshlangan yoxud jinoiy oqibat ro‘y bergan muayyan hudud yoki bino tushuniladi. Ayrim hollarda jinoyat sodir etilgan joy ijtimoiy xavfni qilmishning zaruriy belgisi hisoblanadi. Masalan, ozodlikdan max;rum qilish jazosini ijro etish muassasalarining ishini izdan chiqaruvchi harakatlar(Jinoyat kodeksining 220-moddasi) (bu qilmish faqat ozodlikdan mahrum qilish muassasalaridagina sodir etilishi mumkin); ozodlikdan mahrum qilish joylaridan qochish(222-modda) bunga misol bo‘la oladi.
Jinoyat sodir etilgan joy jinoyatni kvalifikatsiya qilishning zaruriy belgisi sifatida nazarda tutilgan bo‘lsa, jinoyat kvalifikatsiyasi ham shunga asosan hal qilinadi. Masalan, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tash joylarida, o‘quv yurtlarida yoki o‘quvchilar, studentlar o‘quv, sport yoki jamoat tadbirlarini o‘tkazadigan boshqa joylarda sodir etilganida(Jinoyat kodeksi 273-moddasi 3-qismi) joy jinoyatni kvalifikatsiya qilishning zaruriy belgisi sifatida qatnashadi.
Jinoyat sodir etilgan joyning aniqlanishi jinoyat qonunining hudud bo‘yicha amal qilish masalasini hal qilishida, jinoyat bir joyda sodir etilib, uning jinoiy oqibatlari boshqa joyda ro‘y bergan hollarda, O‘zbekiston hududidan tashqarida yoki boshqa chet davlat hududidan tashqaridagi havo, dengiz yoki daryo kemalarida sodir etilganligini hal etishda katta ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |