26-modda. Biometrik va genetik maʼlumotlarga ishlov berish
Subyektning anatomik va fiziologik oʻziga xos xususiyatlarini tavsiflovchi shaxsga doir maʼlumotlar biometrik maʼlumotlardir.
Subyektning nasldan-naslga oʻtgan yoki orttirilgan xususiyatlariga taalluqli boʻlgan, subyektning biologik qiyofasini tahlil qilish yoki muqobil axborot olish imkonini beradigan boshqa elementni tahlil qilish natijasi boʻlgan shaxsga doir maʼlumotlar genetik maʼlumotlardir.
Subyektning shaxsini aniqlash uchun foydalaniladigan biometrik va genetik maʼlumotlarga faqat mazkur subyektning roziligi mavjud boʻlgan taqdirda, bundan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini roʻyobga chiqarish, odil sudlovni amalga oshirish, ijro ishini yuritish bilan bogʻliq hollar mustasno, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda ishlov berilishi mumkin.
Elektron shakldagi biometrik va genetik maʼlumotlardan axborot tizimlaridan tashqarida foydalanish va ularni shunday tizimlardan tashqarida saqlash faqat ulardan ruxsatsiz foydalanishni istisno etadigan axborot tashuvchi moddiy jismlarda amalga oshirilishi mumkin.
5-bob. Shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish
27-modda. Shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish kafolatlari
Davlat shaxsga doir maʼlumotlarning himoya qilinishini kafolatlaydi.
Mulkdor va (yoki) operator, shuningdek uchinchi shaxs shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha quyidagilarni taʼminlaydigan huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni koʻradi:
subyektning oʻz shaxsiy hayotiga aralashuvdan himoya qilinish huquqi amalga oshirilishini;
shaxsga doir maʼlumotlarning yaxlitligini va but saqlanishini;
shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligiga rioya etilishini;
shaxsga doir maʼlumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berilishining oldi olinishini.
28-modda. Shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi
Subyektning roziligisiz yoki boshqa qonuniy asos mavjud boʻlmagani holda shaxsga doir maʼlumotlarni oshkor etish va tarqatishga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisida mulkdor va (yoki) operator yoki shaxsga doir maʼlumotlardan foydalanishga ruxsat olgan boshqa shaxs tomonidan rioya etilishi majburiy boʻlgan talab shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligidir.
Mulkdor va (yoki) operator hamda shaxsga doir maʼlumotlardan foydalanishga ruxsat olgan boshqa shaxslar subyektning roziligisiz shaxsga doir maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etmasligi va tarqatmasligi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |