Din– arabcha so‘z bo‘lib,o‘zbek tilida ishonch,e’tiqod qilish ma’nolarini anglatadi.
Din azaldan inson ma’naviyatining tarkibiy qismi sifatida odamzotning yuksak ideallari, haq va haqiqat, insof va adolat to‘g‘risidagi orzu-armonlarini o‘zida mujassam etgan, ularni barqaror qoidalar shaklida mustahkamlab kelayotgan g‘oya va qarashlarning yaxlit bir tizimidir.
ISLOM KARIMOV
“Dinshunoslik” bu kishilik jamiyati tarixiy taraqqiyotining muayyan bosqichida paydo bo’lgan barcha din shakllarining ma’naviy, ijtimoiy, gnoseologik va psixologik ildizlarini, ularning ta’limoti va marosimchiligi, ijtimoiy hayotdagi mavqei va ijtimoiy funktsiyalarini ilmiy jihatdan o’rganuvchi fandir.
Din bu – tabiat, jamiyat inson va uning ongi, yashashdan maqsadi hamda taqdiri insoniyatning bevosita qurshab olgan atrof-muhitdan tashqarida bo‘lgan, uni yaratgan ayni zamonda insonlarga to‘g‘ri, haqiqiy, odil hayot yo‘lini ko‘rsatadigan ilohiy qudratga ishonch va ishonishni ifoda etadigan maslak, qarash ta’limotdir.
Din – e’tiqod va u har bir kishining shaxsiy ishi hisoblanadi. Diniy nuqtai nazarga ko‘ra, din – muayyan diniy e’tiqodlarga, ya’ni ilohga, uning tomonidan insonlarga xabar etkazuvchilarning g‘ayrioddiy salohiyatga ega ekaniga (payg‘ambarlik), insonlar atrofida unga ko‘rinmaydigan ammo undan ancha yuqori darajada turuvchi mavjudotlar borligiga (farishtalar, jinlar) inson ideal hayot kechirishi uchun azaldan belgilangan qonuniyatlar mavjudligiga (muqaddas kitoblar), inson hayoti muntazam nazorat ostida ekaniga, qilingan barcha yaxshilik va yomonlik uchun mukofot yoki jazo muqarrarligiga (oxirat, hisob-kitob qilinish), inson qismati avvaldan belgilanishiga (taqdir) va shu kabi qarashlarga ishonish, ularni aqida sifatida qabul qilishdan iborat.
“Dinshunoslik”
fani maqsadi:
Talabalarda dunyo dinlarining tarixi, vujudga kelish jarayoni, rivojlanish bosqichlari, dinning kishilik jamiyatida tutgan o‘rni va bajaradigan vazifalari, e’tiqod qiluvchilarning dinga bo‘lgan munosabatlari, dunyo dinlari ta’limotlaridagi yuksak g‘oyalarning rivojlanishi, komil insonni tarbiyalashdagi dinning ilgari surgan ezgu g‘oyalarining diniy, ilmiy, ma’naviy va bugungi kunga xos bo‘lgan zamonaviy jihatlari haqida tushunchalarni shakllantirishdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |