IV. So‘rovnomaga ilova:
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatning skanerlangan nusxasi: (notarial tasdiqlangan oldi-sotdi shatrnomasi, sud qarori va uning rekvizitlari va shunga o‘xshash hujjatlar) mavjud bo‘lganda.
|
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.04.2022-y., 09/22/200/0327-son)
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2-sentabrdagi 535-son qaroriga
2-ILOVA
Ko‘chmas mulk obyektlarining qonun asosidagi ipotekasi va ipoteka to‘g‘risidagi shartnomalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning
MA’MURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament jismoniy va yuridik shaxslarga (keyingi o‘rinlarda — ariza beruvchi) ko‘chmas mulk obyektlarining qonun asosidagi ipotekasi va ipoteka to‘g‘risidagi shartnomalarni (keyingi o‘rinlarda — ipoteka) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
2. Ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi (birlamchi bozordan ko‘chmas mulk olishda ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma bundan mustasno) va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran tuzilgan deb hisoblanadi va kuchga kiradi.
Ipoteka to‘g‘risidagi shartnomani notarial tartibda tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalariga rioya etmaslik uning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi. Bunday shartnoma haqiqiy hisoblanmaydi.
3. Ipotekani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestriga (keyingi o‘rinlarda — Reyestr) tegishli yozuv kiritish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
4. Qonun asosidagi ipotekani vujudga keltiradigan kredit shartnomasi yoki qarz shartnomasi qonun asosidagi ipotekani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos hisoblanadi. Qonun asosidagi ipoteka alohida ariza berilmasdan va ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun yig‘im undirilmasdan davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining Davlat kadastrlari, geodeziya va kartografiya milliy markazi (keyingi o‘rinlarda — Markaz) ipotekani davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi va Reyestrdan ko‘chirma taqdim etadi.
6. Tijorat banklari, davlat notarial idoralari (keyingi o‘rinlarda — vakolatli organlar) va Markaz o‘rtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi o‘rinlarda — ERI) majburiy tartibda qo‘llash orqali faqat idoralararo elektron tizim yordamida amalga oshiriladi.
7. Ipotekani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ushbu Reglamentga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |