Katta guruhda yil davomida oʻtkaziladigan matematika mashgʻulotlarining taqsimlanishi
1-MASHGʻULOT
Son va sanoq
Mavzu: 1 dan 10 gacha toʻgʻri sanash koʻnikmasini mustahkamlash
Maqsad:
• Bolalarning 1 dan 10 gacha toʻgʻri sanay olish koʻnikmasini mustahkamlash.
Kutilayotgan natijalar:
• Bolalar 10 gacha toʻgʻri sanash malakasini egallaydilar.
• Bolalar mustaqil fikrlashga, har bir ishga ijodiy yondashishga oʻrganadilar.
Kerakli jihozlar:
• Oldindan tayyorlangan tugallanmagan rasmlar, qogʻoz oʻlchami:
boʻyi 21 sm, eni 30 sm (1— ilova).
• Rangli qalamlar.
Mashgʻulotga tayyorgarlik: Mashgʻulot avvaldan tayyorlangan va bolalar soniga mos ravishda koʻpaytirilgan rasm asosida olib boriladi. Har bir bola mustaqil ishlash imkoniyatiga ega boʻladi.
Mashgʻulotning borishi:
Tarbiyachi: Bolajonlar, har biringizning qoʻlingizda nechtadan rasm bor? Toʻgʻri— 1 tadan.
Qoʻlingizdagi rasmni diqqat bilan koʻrib oling. Bu—sehrli, jumboqli rasmdir. Men sizlarga topshiriq va savollar beraman. Sizlar esa, ularga javob topasizlar va bajarib borasizlar. Tayyormisiz? Unday boʻlsa boshladik!
Kunlardan bir kun sizga oʻxshagan bolalar oʻrmonga borishmoqchi boʻlishibdi, tayyorlanib yoʻlga otlanishibdi. Oldilaridan 2 ta yo'l chiqibdi: biri toʻgʻri, ikkinchisi ilon izi. Ammo ulardan faqat bittasi bexatar ekan. Qani uni rasmdan toping—chi. Buning uchun qalam uchini yoʻllarga qoʻyib manzilga qadar yurgizamiz.
Bolalar faoliyati.
Tarbiyachi: Yaxshi, koʻpchilik bolalar oʻrmonga yetib oldi. Qarang, oʻrmon chetida bir qoʻzichoq oʻtlab yuribdi.
— Qorni ochib qoʻzichoq,
Beda yebdi oʻzicha.
Tushgacha 2 quchoq,
Undan keyin 1 quchoq.
Har bir quchogʻi 1 bogʻdan,
Jami boʻldi necha bogʻ? (3 bogʻ)
— Toʻgʻri! Ikki bogʻ beda chizilgan ekan. Siz yana bir bogʻ bedani chizsangiz 3 bogʻ boʻladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |