II.BOB. GASTRIT KASALLIGINING ICHKI KO’RINISHI.
Gastrit: sabablar va profilaktika
Gastrit: sabablar va profilaktika
Statistikaga ko‘ra, gastrit belgilari kamida har ikkinchi odamga tanish. Makkor kasallik kattalarga ham, bolalarga ham hujum qiladi, zero sog‘lom hayot tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish ham sog‘lom oshqozon kafolati bo‘la olmaydi. Unda nima qilish kerak? O‘zingizni va yaqinlaringizni bu kasallikdan qanday himoyalash mumkin? "Zdorove s Yelenoy Malyshevoy"da gastrit qanday kasallik ekani va nima uchun uning bu qadar keng tarqalganiga doir ma'lumotlar taqdim etildi.
Gastrit nima?
Qisqa qilib aytganda, bu - oshqozon shilliq qavatining yallig‘lanishi. Gastritda oshqozon o‘z vazifasini normal bajara olmaydi: taom yaxshi hazm bo‘lmaydi, bu holsizlik va quvvat yetishmovchiligiga olib keladi. Bemorlar ko‘pincha qorin sohasida og‘riq his qilishadi, shuningdek ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ich qotishi va ishtaha pasayishi kuzatiladi. Biroq kasallik deyarli belgilarsiz kechishi ham mumkin. Oshqozon-ichak trakti kasalliklarining 80 foizi - gastritning u yoki bu shakli.
Nima uchun gastrit yuzaga keladi?
Gastrit rivojlanishining asosiy sabablari orasidan quyidagilar qayd etiladi:
Helicobacter pylori bakteriyasi
Gastrit va oshqozon yarasi 85 foizdan ortiq holatlarda aynan shu bakteriya sabab rivojlanadi. Shunisi diqqatga sazovorki, shifokorlar uzoq vaqt Helicobacter pylori bakteriyasining mavjudligi haqida bilishmagan, gastrit sababi sifatida esa yuqori kislotalilik va stress ko‘rsatilgan. 2005 yilda amerikalik olim Barri Marshall ushbu mikroorganizmni kashf qilgani uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan.
Helicobacter pylori odamdan odamga asosan maishiy yo‘l bilan o‘tadi - aksariyat holatlarda umumiy ovqatlanish idishlari orqali. Shunday bo‘lsa-da, nima uchun bu bakteriya ba'zi kishilarga katta ziyon yetkazib, hatto saratongacha olib kelishi, boshqalari esa butun hayoti davomida organizmida bunday bakteriya borligini bilmay ham o‘tishi haqidagi savol ochiqligicha qolmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |