Kirish mavzuning asoslanishi va dolzarbligi


Download 244.17 Kb.
bet3/30
Sana22.06.2023
Hajmi244.17 Kb.
#1650105
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   30
Bog'liq
SHOIRA DISSERTATION FINAL

Tishtiriyaga nomoz
Somon yoʻli bag‘rida
Somon yoʻli yulduzlariga
(Bariga alqovimiz).
Xaftayring – Katta ayiq
(Bizdan boʻlsin minnatdor)
Fazoda Tishtiriya yulduzining chiqishi yomg‘ir va koinot suvlarini koʻpaytirganligi tufayli bu yulduzga suv tangrisi sifatida sig‘inganlar. Darhaqiqat tishtiriya yulduzi samoda koʻrinsa, suv toshqinlari, yog‘ingarchilik koʻp boʻlgan. Italiya shaharlarida Tishtiriya yulduzining chiqishi issiq kunlar boshlanishi tufayli mashg‘ulotlar toʻxtatilib, tanaffus boshlanishini bildirgan. “Kanikul” soʻzi ham yulduz turkumining lotincha “Canis” (it) nomidan kelib chiqqan. Xapturang- xaptu iring yulduz yulduz turkumi “Avesto” da “Yetti alomati bor” ma’nosiga ega, oʻzbek tilida “Yetti qaroqchi”, “Katta ayiq” nomi bilan yuritiladi. Bizga ma’lumki, eleptika boʻylab yulduzlar sekinlik bilan koʻchib boradi. Tishtiriya yulduzining osmonda koʻrinishi “Avesto” yaratilgan davrlarda bahor oylariga toʻgri kelsa, Al Xorazmiy zamoniga kelib oktabrga toʻg‘ri kelgan va shu sababdan ajdodlarimiz oktabr oyini Tishtiriya deb nomlaganlar. Bu yulduz “Avesto”da oʻn besh yoshli yigit sifatida tasavvur qilingan. Markaziy Osiyo xalqlarida oʻg‘il farzand tug‘ilsa, unga Tirdod-Tir (Sirius) yulduzining tuhfasi deb nom berish odati boʻlgan. Keyingi davr adabiyotlarda Tishtir (Tishtar), Tishrin Tir soʻzlari koʻrinishlarida uchraydi10.
Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida ham Erantuz (Yupiterning nomi), Baqir soqum (Mars planetasi), Temur qazunguq (Qutb yulduzi), Yetikan (Etti qaroqchi yulduz turkumining boshqa nomi), Ulkar (Surayyo yulduz turkumi, Hulkar), Qaraqush (Yupiter), Yer (Er planetasi), Ay (Oy) kabi kosmonimlarga izoh keltirilgan11.
Osmon jismining oʻrnini oʻzgarishi yerdagi vaziyatni qadimdan ilm-fan ahliga ayon boʻlgan. Kompas boʻlmagan vaqtda yulduzlarni moʻljal qilib savdo karvonlari kechayu-kunduz yoʻl yurishgan. Xalq ertaklarida qahramonlar oʻz yoʻllarini kechalari yulduzlarga, ularning joylashish oʻrinlariga qarab bilishgan. Kosmonimlarning oʻziga xos xususiyatlari borligi koʻp ijodkor va olimlarning e’tiborida boʻlganligi hammaga ma’lum. Masalan, VIII asrning ikkinchi yarmida Xorazmda yashagan Muso al-Xorazmiy “Zij” nomli astronomiya jadvalini yozgan. Forobiy esa astronomiyaga oid asarlar yozib, osmon jismlarining oʻziga xosliklarini bayon etgan. IX-XV asrlarda Yaqin va Oʻrta Sharq hamda Markaziy Osiyo hududlarida yirik rasadxonalar qurilib, ishga tushirildi. Ularda Al-Battoniy, Al- Farg‘oniy, Al-Xorazmiy, Abul Vafo Buzjoniy, Abu Mahmud Hoʻjandiy, Abdurahmon as-Soʻfiy va Ibn Yunus, Mirzo Ulug‘bek kabi mashhur ilm ahli ijod qilganlar.
Beruniy astronomik jismlarning tabiati va harakati va ularning nomlanish tamoyillari va etimologiyasi haqida ham qimmatli maʼlumotlar beradi. Masalan, uning Surayyo yulduzi nomi haqidagi fikrlari asosli ekanini koʻrsatadi12. Beruniyning fikricha:
Munajjim soʻzi xorazmiy tilida axtar venik deyiladi. Buning izohi “oy manzillariga qarovchi” demakdir. Chunki axtar Oy manzillaridan biridir. Abu Rayhon Beruniy oʻz davrining zoʻr astronom sifatida “Astronomiya kaliti”, “Mas’ud jadvali” asarlari bilan Oʻrta Osiyoda astronomiya fanining taraqqiyotiga katta hissa qoʻshdi, yerning yumaloqligi, uning tortish quvvati fasllarning oʻzgarishi, yerning va boshqa planetalarning quyosh atrofida aylanishi toʻgʻrisidagi ilmiy fikr uyg‘ondi va natijada astrologiyani kashf qildi.
XI asrning donishmandi Yusuf Xos Hojib oʻzining 1069-1070 yillarda yozib tugallangan “Qutadgʻu Bilik” nomli 73 ta bobdan iborat dostonining muqaddimasida yettita planeta toʻgʻrisida alohida toʻxtalib oʻtgan. 1.Oy.2. Mirrix -Mars 3. Zuhra- Venera 4.Quyosh 5.Aturod-Merkuriy 6.Mushtariy -Yupiter 7. Kayvon-Saturn.
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asari jahon adabiyotining koʻxna va noyob namunasi boʻlishi bilan birgalikda, qadimgi turkiy kosmonimlar haqida ma’lumot beruvchi qimmatli manba hisoblanadi. Asarda un ikkita burjning turkiy nomlanishi berilgan. Sekantir (Saturn), Ongay // Karakush (Yupiter), Korud // Bakir sokuna (Mars), Yashiq (Kuush), Sevit (Venera), Arzu (Merkuriy), Yalchiq (Oi), Ulkar (ulkar), Yildirik // Aigyr (Sirius), Yetikan (Etti qaroqchi yulduzi) kabi koʻplab kosmonimlar mavjud13.
R.Doniyorov “Qutadg‘u bilig”da planetalarning turkiycha nomlari qoʻllanganligini ta’kidlaydi14. Bu nomlarning ayrimlari “Qutadg‘u bilig”dan 6-7 yil keyin vujudga kelgan “Devonu lug‘otit turk”da ham uchrashini aytib oʻtadi. Qoraqush, Erantiz kabilar shular jumlasidandir15. Tadqiqotchi olim shu oʻrinda biz kosmonim termini ostida oʻrganayotgan osmon jismlari nomlarini astronomik terminlar qatoriga kiritgan. Astronom ajdodlarimiz koʻplab yangi kosmonimlarni vujudga keltirdilarki, ular tilimizga qaysi tildan kirib kelganligiga qaramay, hozirgi oʻzbek tilining oʻz mulki boʻlib qoldi. Oʻsha davrda qoʻllangan va hozir ham ishlatib kelinayotgan qator astronomik terminlar faqat oʻzbek tili terminologiyasi tizimida qoʻllanib, arab tilining hozirgi terminologiyasi tizimida boshqa foydalanilmayapti. Misol oʻrnida, Beruniy yashagan davrda ham, hozirgi kunlarda ham asli arabcha sayyora soʻzi “planeta” ma’nosida ishlatilgan va keng foydalanilib kelinmoqda.
Mirzo Ulugʻbek nomi bilan shuhrat qozongan Muhammad Taragʻay “Zichi Koʻrogoniy” nomi bilan mashhur boʻlgan astronomik jadvali astronomiya fanini yangi sivilizatsiya pogʻonasiga koʻtardi. Samodagi 1018 ta yulduzni holati va harakatini oʻrgandi.U oʻzidan oldin oʻtgan Erotosfen, Gipparx, Ptolomiy al-Bottoniy, Ibn Yunus, Tusiy va boshqa astronomlarning bu sohadagi muvaffaqiyatlarini orqada qoldirgan. Bularning hammasi mamlakatimizda olimlar astronomiyaga jiddiy e’tibor qilishganini isbotlaydi. Hozirgi kunda astronomlar yangidan yangi osmon jismlarini zamonaviy teleskoplar yordamida topib, ularga nom qoʻyishmoqda. Osmon jismlari nomlarini tadqiq qilgan rus olimi Y.A.Karpenkoning fikriga koʻra, planeta va yulduzlarni xudolar nomi bilan atash sharqdan kelib chiqqan boʻlib, faqat Arastu (er.av.384- 322 yillar) davriga kelibgina yunonlar yulduzlarni oʻz xudolari nomi bilan atay boshlaganlar. “Avesto” kitobidagi kosmonimlar bu fikrlarni yanada tasdiqlaydi.Yulduz va sayyoralarga iloh sifatida qarash, ularga sigʻinish “Avesto”da ham dolzarb oʻrin egallaydi.
Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida ham Erantuz (Yupiterning nomi), Baqir soqum (Mars planetasi), Temur qazunguq (Qutb yulduzi), Yetikan (Etti qaroqchi yulduz turkumining boshqa nomi), Ulkar (Surayyo yulduz turkumi, Hulkar), Qaraqush (Yupiter), Yer (Er planetasi), Ay (Oy) kabi kosmonimlarga izoh keltirilgan16.
XIII—XIV asrda yaratilgan muhim lingvistik asar “At-tuhfa”da ham lug‘at muallifi u yoki bu soʻzlar, grammatik qoidalarni isbotlash uchun Ay, Aq Ayg‘ir (yulduz nomi), Ariq Taq (Javzo yulduzining nomi), Oq Ayg‘ir (yulduz nomi), Yashiq yamli (Suhayl yulduzi), Yitkir (yulduz nomi), Quyash, Temir qazuq (yulduz nomi), Cholpan (Venera planetasi) kabi turkiycha kosmonimlarni obyekt qilib olgan17. Nosiriddin Rabg‘uziyning “Qissasi Rabg‘uziy” nomli asarida ham Kun, Hamal, Yay, Hut kabi kosmonimlar uchraydi.
XIV—XV asrda esa astronomiya fanining rivojlanishi Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek, G‘iyosiddin Jamshid ibn Mas'ud al Koshiy, Salohiddin Muso ibn Mahmud (Qozizoda Rumiy), Alovuddin Abulhasan Ali Ibn Muhammad Samarqandiy (Ali Qushchi) kabi buyuk olimlarning nomi bilan bog‘liqdir. Bu olimlarning asarlarida ham qisman boʻlsa-da, ayrim oʻrinlarda osmon jismlari nomlarining ma’nolari izohlashga harakat qilingan.
XIV asrning boshida yuzaga kelgan Asiruddin Abu Hayyon al- Andalusiyning “Kitob al-idrok li-lison al-atrok” nomli asarida Ay (Oy), Tamir qaziq (Temir Qoziq), Qutb yulduzi, Ulkar (Hulkar yulduzi), Cholpon (Choʻlpon // Venera planetasi), Kok yolu (Somon yoʻli), Yatikan (Katta ayiq yulduzlar turkumi) kabi kosmonimlar uchraydi18. XIV asrning yozma yodgorligi boʻlmish Durbekning “Yusuf va Zulayho” nomli asarida Moh, Shams, Qamar, Mushtar, Quyosh, Oftob kabi Turkiy, Arabcha va fors-tojikcha kosmonimlardan foydalangan”19.
Taxminan XIV-XV asrlarda yashab ijod etgan Jamoliddin Abu Mukhammad Abdulloh Turkiyning turk tillarini oʻrganuvchi arablarga moʻljallab yozgan “Kitob bulgat al-mushtoq fi lugatit-turk va-l-qifchoq”(“Turk va qipchoq tillariga mushtoqlarni qoʻndiruvchi kitob”) nomli asari ham kosmonimlar haqida qimmatli ma’lumotlar bera oladi. Misol uchun Quyosh, Kush yoʻli (Somon yöli), Yarak (Yoi burji), Ak Aigyr (Ok aigir yulduzi), Aruq taq (Orion yulduzlar turkumi), Ikki bozat (Kichik aiyiq yulduzlar turkumi) kabi kosmonimlar uchraydi.Turkiy tillarni oʻrganuvchi arablarga moʻljallab yozilgan “Kitob bulg‘at al-mushtoq fi lug‘atit-turk va-l-qifchoq” nomli bu asarda turkiy, arabcha va fors-tojikcha kosmonimlar qoʻllanganligini koʻrishimiz mumkin20.
Qutb Xorazmiy, Sakkokiy, Atoiy, Lutfiy kabi turkiy tilda ijod qilgan shoirlarning asarlarida ham turli tillarga mansub kosmonimlar parallel tarzda qoʻllanilganligini kuzatish mumkin. Navoiyning lirik asarlarida ham, epik asarlarida ham kosmonimlar juda koʻp uchraydi. Navoiydan keyin ijod etgan Bobur, Muhammad Solih, Majlisiy, Turdi, Mashrab, Ravnaq, Nishotiy, Mujrim, Munis, Gulxaniy, Maxmur, Nodira, Uvaysiy, Ogahiy, Muqimiy, Furqat kabi juda koʻp shoir va yozuvchilarning asarlarida ham kosmonimlar mavjud. Ammo, bu yozma manbalarda uchraydigan kosmonimlar soni va salmog‘i jihatidan Navoiy qoʻllagan kosmonimlardan keskin farq qiladi. Chunki bu soʻz ijodkorlarining asarlarida faqat maishiy, kishi faoliyatida qoʻllanib turadigan, hammaga tanish nomlargina qoʻllanilgan. Masalan, Muhammad Solihning “Shayboniynoma” nomli ancha yirik asarida qoʻllangan kosmonimlar miqdori yigirmaga yetmaydi. Oy, Kun, Quyosh kosmonimlari asarning koʻp oʻrinlarida takrorlanib kelsa, planeta nomlaridan atigi beshtasi – Zuhal, Bahrom, Mirrix, Atorud, Birjis, Zuhra asarning bir joyida tilga olingan21.
A.Rustamov “Soʻz xususida soʻz” kitobida oʻzbek kosmonimiyasi uchun muhim boʻlgan ma’lumotlarni taqdim qiladi. Olim kitobda oʻn ikkita burj nomini qiyosiy-tarixiy, tavsifiy usullar orqali lisoniy tahlil qilgan, burj nomlarining imlosi boʻyicha ham oʻz mulohazalarini aytib oʻtgan22.
Z.Hamidov Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostoni leksikasidagi koinot ilmi sohasiga oid soʻz va terminlar xususida fikr yuritganda, osmon jismlarining sof turkiy nomlari arabiy, forsiy terminlar qatorida shoir asarlarida koʻp qoʻllanganligini taʼkidlab, oʻz fikrini (Qora qush (Yupiter planetasi), Boqir soʻqim (Mars planetasi), Gunash, Kun, Oy kabi misollarni keltirish orqali isbotlaydi23. Maqola muallifining ta’kidlashicha, Navoiy osmon jismlarining atalishiga, nomlanishiga jiddiy eʼtibor berib, badiiy kashfiyotlar yaratgan. Z.Hamidov dostonda Oy // Hilol, Kun // Gunash // Quyosh kabi koinot jismlari nomi parallel ravishda hamda turli stilistik vositalar asosida bosh va majoziy maʼnolarda qoʻllanganligini faktik maʼlumotlar asosida tahlil qiladi24.
A.Latipov, A.Rahimov, A.Qodirov, H.Ishmuhamedov, A.Ramazonovlar hammuallifligida nashr qilingan “Astronomiyadan qisqacha ruscha-oʻzbekcha terminologik lug‘at”da25 3800 astronomik termin borligi roʻyxatga olingan, lug‘atda izohlangan yuzdan ortiq kosmonimlar uchraydi.
Z.Yunusovaning “Oʻzbek tilida lug‘aviy mikrosistemaning tarkibi va rivojlanishi (samoviy yoritgichlar lug‘aviy guruhi asosida)” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasida26 lug‘aviy mikrosistema nazariyasi, uning tarkibiy qismlari orasidagi munosabatlar, lug‘aviy mikrosistemaning oʻzgarish qonuniyatlari birlashtiriladi. Muallif dissertatsiyasida asosan, lug‘aviy mikrosistemaning oʻzgarish qonuniyatlarini oʻrganish uchun XI— XII asrlar til hodisalarini tahlil qilishda Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, XV asr uchun esa Alisher Navoiy asarlari, XX asr uchun hozirgi oʻzbek adabiy tili hodisalarini asos qilib olgan. Tadqiqotchi oʻzbek tilshunosligida leksikani sistemaviy oʻrganish sohasida qoʻlga kiritilgan yutuqlar va samoviy yoritgich nomlari lug‘aviy mikrosistemasining rivojlanishi haqidagi maʼlumotlar haqida soʻz yuritgan. Olim, shuningdek, turdosh otlardan, ya’ni, ayrim astronomik termin va tushunchalardan foydalanishga harakat qilgan.
Koinot obyektlari insoniyat sivilizatsiyasi paydo boʻlishining boshidanoq odamlarni qiziqtirdi. Osmon jismlari haqidagi fan-astronomiya kosmonimiya va astronomiyadan ancha oldin paydo boʻlgan. Onomastikaning ushbu boʻlimi hali ishlab chiqilmagan va aniq terminologiya mavjud emas. Astronomiya boʻyicha tadqiqotlar faqat XX asrning 60-70-yillarida taniqli mahalliy olimlarning asarlarida boshlangan. Karpenko, V.D. Bondaletov, V.A. Nikonov, V.Superanskaya, M.E.Rut, L.F.Fomina, Podolskaya va O.N. Trubacheva astronomiyasi onomastik jihatdan oʻrganuvchi astronomiya boʻlimi, ya’ni yulduzlar, sayyoralar, kometalar, asteroidlar (planetoidlar) kabi alohida samoviy jismlarning tegishli nomlari bilan belgilanadi. Kosmonet – zona nomi fazo, galaktika, yulduz tizimi (burjlar). A.V. Superanskaya N.Podolskiy bilan bir xil fikr bildirib, kosmonim atamasini galaktikalar, yulduzlar klasterlari, yulduz turkumlari nomlarini oʻz ichiga olgan umumiy tushuncha sifatida qabul qilishni taklif qilishadi. Astronomiya atamasi esa alohida samoviy jismlarning nomlariga berilishi mumkinligini koʻrsatib, ularga yulduzlar, sayyoralar, asteroidlar va kometalar kiradi. Kosmonimiyada nisbat toponimika, antroponimiya va onomastikaning boshqa sohalariga qaraganda bir necha baravar yuqori turadi. Lotin yozuvidan zamonaviy kosmonimlar va astronomlarni nomlashda dunyoning barcha astronomlari standartidan foydalanganlar. Bu leksik birliklar atrofdagi dunyoni bevosita kuzatish va tasvirlash mumkin boʻlgan oʻziga xos obyektlarini bildirgani uchun milliy til birliklari hisoblanib, keng tarqalgan nominativ maʼno berishini koʻrsatadi. Yana shuni ta’kidlashimiz kerakki, farazimizga koʻra, ularga bir vaqtning oʻzida qandaydir majoziy-metaforik va ramziy ma’nolar berilishi kerak. Ushbu leksik birliklarning majoziy-metaforik jihatdan ma’no tarkibida mavjudligi osmon jismlarining inson va barcha tirik mavjudotlarning hayotiga ulkan ta’siri yaqqol koʻrinib turishi va qadim zamonlardan beri sezilib turishi bilan bog‘liq, bu koʻplab afsonalar va diniy e'tiqodlarning paydo boʻlishiga olib keldi va ular asosida tasvirlar shakllandi27.
E.Begmatov va N.Uluqov hammuallifligida nashr qilingan “Oʻzbek onomastikasi terminlarining izohli lug‘ati”da astronim va astrotoponim terminlariga izoh berilgan. Lekin astroponim termini haqida ma’lumot uchramaydi28.
Rus tilshunosi A.V.Superanskaya kosmonimika va astronimika nomi bilan yuritilayotgan onomastikaning bu boʻlimi juda kam tadqiq qilinganligini va bu soha boʻyicha aniq terminologiya yetarli emasligini ta’kidlaydi29. U kosmonim va astronim terminlari oʻzaro raqobatda ekanligini ta’kidlab, bu ikkala terminni farqlashga harakat qiladi. Olimaning fikricha, kosmonim termini umumiylik kasb etib, barcha kosmik kengliklarni, galaktika, yulduz turkumlari nomini ifodalaydi. Astronim termini esa yulduz, planeta, asteroid, kometa kabilarning alohida nomlarini bildiradi30.
V.D.Bondaletov esa kosmonim, kosmonimika, astronim, astronimika terminlariga oʻz munosabatini bildirib31, onomastikaning bu yosh boʻlimi ayrim tadqiqotchi olimlar asarlarida astronimika, boshqa mualliflar tadqiqotlarida kosmonimika terminlari bilan atalayotganligi haqida yozadi. U har ikkala terminni bir-biridan farqlash uchun N.V.Podolskaya lug‘atidagi ma’lumotlarni taqqoslab, unda osmon jismlari nomini oʻrganadigan boʻlim ikki nom – kosmonimika va astronimika terminlari bilan atalganligini ta’kidlaydi32. Tadqiqotchi aytganidek, ma’lum davrlarda farqlanib, chegaralangan astronim va kosmonim terminlari va mazkur onomastik birliklarni oʻrganuvchi soha nomlarini ifodalovchi astronimika yoki kosmonimika terminlari bir-biriga yaqin umumiy tushunchalar ekanligi, koʻpchilik tadqiqotchilar oʻz asarlarida bir xil – yoki astronimika, astronim, yoki kosmonimika, kosmonim terminlarini foydalanayotganliklarini, oʻzi esa onomastik birlik nomini ifodalash uchun kosmonim, fan sohasi uchun kosmonimika terminini ishlatishini bildirib, bu terminlar osmon jismlari nomlarini aniq belgilab berishini ta’kidlab oʻtadi33.
E.Begmatov va N.Uluqovlar lug‘atida ham astronimlar alohida olingan samoviy jismlar, obyektlar – yulduzlar, sayyoralar, kometalar, asteroidlar kabilarni anglatuvchi atoqli ot turi ekanligi qayd qilinadi34. Astronimika termini esa «onomastikaning samoviy jismlarning atoqli oti (astronimlar) ni oʻrganuvchi tarmog‘i» deb ta’riflanadi. Shuningdek, lug‘atning oʻsha joyida “astronomik jismlar nomi – q. Astronim” lug‘at maqolasi ham berilgan35. Lug‘at mualliflari kosmonim terminini ham “(yun. xocmog – kosmos, olam, koinot + onoma – atoqli ot) – kosmik fazoda joylashgan samoviy obyektlar (kosmik fazo, galaktika, yulduzlar, sayyoralar va ular yuzasidagi tabiiy obyektlar)ning atoqli oti deb atadi. Atoqli ot tiplaridan biri” deb, N.V.Podolskaya izohi bilan bir xil ta'rif berishadi36. Lekin bu lug‘atda ham soha nomi – kosmonimika terminining izohini uchratmaymiz. R.Nuritdinova oʻzlashgan terminlarning ba'zilari oʻzbekcha variantlar bilan parallel qoʻllanishi haqida fikr yuritib, rus tili orqali oʻzlashgan kosmonim, astronim terminlarining tilimizda samoviy jismlar nomi, samoviy obyektlar nomi, samoviy obyektlar atoqli oti kabi muqobillari yaratilganligini, lekin bu terminlarning oʻzbekcha variantlari nuqsonli boʻlib, ular shaklan choʻziq va ixcham emasligini ta’kidlab oʻtgan37.
Oʻzbek onomastikasi” bibliografik koʻrsatkichida biz oʻrganayotgan soha nomi kosmonimika deb berilganini koʻramiz38. Yu.A.Karpenko bu ikkita bir ma’noli atamalar ya’ni kosmonim, astronimning vazifalarini chegaralash yoki birortasidan voz kechish kabi harakatlar hozircha hech qanday natijaga olib kelmagan, degan fikrni ta’kidlab, oʻz tadqiqotlarida astronim terminidan foydalanadilar39. V.A.Nikonov oʻz tadqiqotlarida kosmonim terminidan foydalangan40. Onomastika sohasi boʻyicha oʻtkazilgan anjuman materiallari va ilmiy maqolalar toʻplamlarida ham soha nomi kosmonimika, unda oʻrganiluvchi birlik kosmonim deb fikr yuritilgan41. V.A.Nikonovning “География названий Млечного Пути42, va “Материалы по космонимии Средней Азии”43 nomli maqolalarida oʻzbek kosmonomiyasiga oid terminlar, kuzatishlar ham joy olgan.
M.Joʻrayev va K.Xolmuhammedovlar hammuallifligida yaratilgan “Yetti iqlimdagi yettilar”44 risolasi ommabop xarakterli boʻlsa-da, yetti sayyoraning nomlanuvchi koʻrsatkichlari, sayyora nomlari asosida yaratilgan lug‘aviy birliklar uchun zarur boʻlgan materiallardan iborat.



    1. Download 244.17 Kb.

      Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   30




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling