Kirish. Qurilish materiallari va buyumlarining umumiy asoslari. Qurilish materiallarining asosiy xossalari
Betonning qotishi va uni tezlashtirish usullari
Download 1.95 Mb. Pdf ko'rish
|
ҚМ ва Б КБКИЧ ва ДПКМТ
Betonning qotishi va uni tezlashtirish usullari
Qoliplangan betonning mustahkamligi vaqt davomida asta-sekinlik bilan oshib boradi. Ma’lumki, betonning qotishi sementning gidratatsiya jarayoni tezligi, atrof-muhit harorati va nisbiy namligiga bog‘liq bo‘ladi. Tabiiy sharoitda normal muhitda beton markadagi mustahkamlikka 28 sut davomida erishadi. Beton qotishi uchun normal muhit sharoiti- harorat 20 0 S±2 va nisbiy namlik 90-100% bo‘lishi kerak. Betonning 28 sut keyingi mustahkamligi undan tayyorlangan beton va temirbeton konstruksiyalarning ekspluatatsiya sharoitiga bog‘liq bo‘ladi. Agar beton nisbatan normal sharoitga yaqin muhitda ishlatilsa, uning mustahkamligi bir necha yil, hatto o‘n yillar davomida oshib borishi mumkin. Normal sharoitda ishlangan betonning bir yildan keyingi mustahkamligi markadagiga nisbatan 75% ortishi mumkin. Sement gidratatsiya jarayoni normal sharoitda nazariy jihatdan vaqt davomida to‘xtamasligini hisobga olsak beton mustahkamligi ham vaqt o‘tishi bilan davom etadigan jarayon ekanligi tushunarli bo‘ladi. Normal sharoitning buzilishi, ya’ni haroratning va nisbiy namlikning optimal ko‘rsatkichdan o‘zgarishi beton mustahkamligining oshmasligiga, hatto kamayishiga olib keladi. Umuman, bino va inshootlarning asosiy qismlarida ishlatiladigan beton va temirbeton konstruksiyalar betoni markadagi mustahkamlikka erishsa kifoyadir. Beton tabiiy holatda monolit quyilganda qotadi. Zavodda temirbeton konstruksiyalar markadagi mustahkamlikning 70%ga 7 sut. davomida erishishini hisobga olsak, bu omil beton quyish sexlarini juda katta xududlarni egallashini tushunamiz. Yig‘ma temirbeton ishlab chiqarishda betonga issiqlik bilan qayta ishlov berib qotishini tezlashtirish keng tarqalgan. Betonga issiqlik turli usullar bilan ta’sir ettirilishi mumkin, chunonchi 80-85 0 S haroratli suv-bug‘ aralashmasi yoki 100 0 S haroratli to‘yintirilgan bug‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyumga yuborilishi, bug‘, elektr toki, o‘ta yuqori chastotali tok va boshqa isitish man’balari vositasida betonni kontakt (bilvosita) usulida qizdirish mumkin. Suv-bug‘ aralashmasi bilan beton qizdirilganda qotish vaqtida nisbiy namlik saqlanadi va sement gidratatsiyasi uchun qulay sharoit yaratiladi. Betonning qotishini tezlatish usullaridan ba’zilarini izohlab o‘tamiz. Betonni bug‘lash davriy va uzluksiz ishlaydigan kameralarda amalga oshiriladi. Davriy ishlaydigan kameralarda beton qolip yoki poddonlarda joylashadi, qopqog‘i yopilgach, atrofiga suv quyilib bug‘ning kameradan chiqib ketishi bartaraf etiladi. Kameraga bug‘ yuboriladi va asta-sekinlik bilan harorat 80- 100 0 S gacha etkaziladi. Beton etkazilgan haroratda 4-12 soat davomida ushlab turiladi, so‘ng asta-sekin harorat pasaytiriladi. Har bir turdagi beton buyum va konstruksiya uchun bug‘lash rejimi tajriba natijalari bilan aniqlanadi. Bug‘lash rejimida haroratni asta-sekinlik bilan ko‘tarish va pasaytirish betondan hosil bo‘ladigan deformatsiyalanish natijasida yoriqlar paydo bo‘lishini ogohlantiradi. Betonni bug‘lash rejimi sementning kimyoviy-mineralogik tarkibi va betonning turiga va tarkibiga bog‘liq bo‘ladi. Bug‘langan betonning mustahkamligi markadagiga nisbatan 65-75% tashkil etadi. Betonni issiqlik bilan uzluksiz qayta ishlaydigan kameralar gorizontal (tunnelli) va vertikal bo‘lishi mumkin. Tunnelli kamerada qoliplangan beton maxsus vagonetkalarda harakatga keltiriladi. Harakatlanayotgan vagonetkalarga qarama-qarshi yo‘nalishda bug‘ yuboriladi va beton asta-sekin qiziydi, nominal haroratda ushlab turiladi va sovitiladi. Beton buyumlar vertikal isitish kamerasida maxsus moslamalar yordamida bir tomondan ko‘tarilib, ikkinchi tomondan tushirib turiladi. Kameraning yuqori qismiga bug‘ yuborilib harorat nominal darajada ushlab turiladi. Beton qotishini bug‘lash usulida 7-8 marta tezlashtirish mumkin. Betonni elektrotermik usulda 50 Gs o‘zgaruvchan, 380 V kuchlanishli tokda 80-90 0 S haroratgacha qizdirish yaxshi samara beradi. Betonga elektr toki yuzaki yoki ichki elektrodlar yordamida yuboriladi. Tok yordamida beton qorishmasini 5-10 minut davomida nominal haroratgacha qizdirib, so‘ngra qoliplash ham yuqori natija beradi. Avvaldan qizdirilgan betonda sementning gidratatsiya jarayoni tezlashadi va beton intensiv qota boshlaydi. Betonni nurli energiya manbai bo‘lgan o‘ta yuqori chastotali tok, infraqizil nurlar bilan qizdirib qotishini tezlashtirish mumkin. Nurli energiya usulida yupqa, keng yuzali beton va temirbeton konstruksiyalar qotishini tezlashtirish maqsadga muvofiqdir. Beton qotishini oz miqdorda kimyoviy qo‘shimchalar qo‘shib tezlashtirish mumkin. Kimyoviy qo‘shimcha sifatida xlorli natriy va xlorli kalsiy, natriy nitrati, kalsiy nitrit-nitrati, kalsiylashtirilgan soda, suyuq shisha, karbamid va boshqalar ishlatiladi. Xlorli tuzlar beton tarkibiga sement massasiga nisbatan 1-2% qo‘shiladi, ular miqdorining oshishi konstruksiyaning metall armaturasi emirilishiga olib keladi. Kimyoviy qo‘shimchalar betonning boshlang‘ich davridagi (3sut) mustahkamligini oshirishi mumkin, keyinchalik 28 sut. mustahkamligi qo‘shimchasiz beton singari bo‘ladi. Beton qorishmasiga kimyoviy qo‘shimchalarni kiritish tarkibidagi suvning muzlash haroratini pasaytiradi va minus haroratda ham beton qotishiga imkoniyat yaratadi. Quyosh nuri energiyasidan foydalanib (geliotermoishlov) betonning qotishini tezlashtirish usuli quruq issiq iqlim sharoitida keng tarqalgan. Bu usulda monolit va yig‘ma temirbeton konstruksiyalar qotishini tezlashtirish mumkin. Quyosh nuri energiyasini beton buyumlar ustida to‘plash uchun uning ustki qismi polietilen, polipropilen va boshqa polimer plenkalar bilan o‘rab qo‘yiladi; buyum va plenka orasidagi masofa 10-15 sm bo‘lishi kerak. Quyosh nuri energiyasidan unumli foydalanish maqsadida buyumlar nur tik tushadigan holatda o‘rnatilishi yoki nurga qarab burish imkoni bo‘lgan qoliplarga quyilishi mumkin. Geliotermoishlashda bir kunduz davomida, betonning harorati yilning davriga qarab, 45-85 0 S atrofida bo‘ladi, beton esa markadagi mustahkamlikning 50-70% erishishi mumkin. Yil davomida bulutli kunlar ham bo‘lishini hisobga olib quyosh nuri energiyasi bilan birga boshqa usullarni ham birgalikda qo‘llash maqsadga muvofiqdir. Monolit quyilgan beton birinchi kunlarda maxsus parvarishga muxtoj bo‘ladi. CHunki harorat va nisbiy namlikning meyordan o‘zgarishi betondagi ichki zo‘riqishlar natijasida hosil bo‘lgan yoriqlarni keltirib chiqaradi. Quruq issiq iqlim sharoitida beton yuzasi rulonli materiallar (polietilen va polipropilen plenkalar, brizent, chipta va boshq.), sochiluvchi materiallar (qum, qipiq, giltuproq va boshqalar) va yupqa plenka hosil qiluvchi polimerlar (lak-etinol, gossipol smolasi eritmalari, suvda eriydigan polimerlar, gelpolimerlar) suvni bug‘lanishini oldini olish maqsadida foydalaniladi. Beton tarkibida namlikni saqlashning zamonaviy samarali usuli qorishmaga sement massasiga nisbatan 0,1-0,5% gelpolimerlarni qo‘shish usulidir. Gelpolimerlar betonda suvni mikrostruktura darajasida ushlab turish qobiliyatiga ega. Monolit beton sovuq sharoitda quyilganda yuzasi issiqlik izolyasiyasi materiallari bilan vaqtincha yopib qo‘yilishi shart. Maxsus materiallar asosida monolit beton konstruksiyalarni dastlabki kunlarda o‘rab qo‘yish betonning normal qotishini ta’minlaydi. Sovuq kunlarda betonni “termos” tipidagi qoliplarga quyish maqsadga muvofiq bo‘lib, termosning oraliq bo‘shlig‘iga issiq havo, bug‘ yuborish imkoniyati bo‘ladi. Qotgan betonning sifatini buzib va buzmasdan sinash usullarida aniqlash mumkin. Betonning mustahkamligini beton qorishmasidan muntazam ravishda namuna olib maxsus kublar tayyorlanadi va ularni 7 va 28 sut sinab aniqlanadi. Kub namunalari yig‘ma va monolit beton qotishi sharoitlarida qotishi kerak. Betonning mustahkamligini buzmasdan mexanik va fizik sinash usullari mavjud. Mexanik usulga I.A.Fidzelning “SHar bolg‘asi” va K.P.Kashkarovning “Etalon bolg‘asi” (Kashkarov bolg‘asi) misol bo‘ladi. Mexanik usul zarb berilganda beton yuzasida hosil qilingan chuqurcha kattaligi bilan ifodalanadi, chunki betonning mustahkamligi yuqori bo‘lsa chuqurcha kichik o‘lchamda hosil bo‘ladi. Fizik usullar betonga berilgan zarba to‘lqinlari va ultratovush impulslarining tarqalishiga asoslangan. Ultratovush portativ asboblari yordamida betonda bo‘ylama va ko‘ndalang ultratovush to‘lqinlari tarqalishini aniqlash mumkin. Beton zich va mustahkam bo‘lsa, ultratovush to‘lqinlari tarqalish tezligi yuqori bo‘ladi. Betonning mustahkamligi “ultratovush tezligi-mustahkamlik” nomogrammasi yordamida o‘rtacha 10% xatolik bilan aniqlanishi mumkin. Ultratovush defektoskopi yordamida betondagi darzlar, g‘ovaklar, bo‘shliqlar aniqlanadi. Hozirgi kunda lazer nuri tarqatuvchi asboblar yordamida betonning zichligi, defektlari, namligi va boshqa xususiyatlarini o‘ta tezkorlik bilan aniqlash mumkin. Download 1.95 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling