Koinotning qurilish ashyolari
Download 39.22 Kb. Pdf ko'rish
|
Koinotning qurilish ashyosi
portlovchi modda sanaladi. Vodorod va ammiakli selitraning portlashga sabab bo‘luvchi
sharoitlariga e’tibor qarating: vodorod faqat kislorod bilan muayyan nisbatga yetganda portlaydi; agar vodorodni kisloroddan uzoqroq tutilsa, vodorod xavfsiz bo‘lib, o‘z-o‘zidan portlamaydi. Ammiakli selitraga esa bunday nisbatni kutishning ham keragi yo‘q. U o‘z- o‘zidan ham portlashi mumkin. Masalan, 1947-yilda Texasdagi Texas-siti bandargohida ammiakli selitra ortilgan kema portlagan. Portlash shu darajada kuchli bo‘lganki, Texas-siti shaharchasi xuddi bombardimonchi samolyotlar tomonidan bombardimon qilingandek vayron bo‘lgan edi o‘shanda. Portlovchi moddalarning yana boshqa turlaridan misol tariqasida nitrosellyuloza, nitroglitserin, hamda, trinitrotoluol moddalarini keltirish mumkin. Diqqat qilgan bo‘lsangiz, ushbu moddalarning hammasining nomida «nitro-» qismi mavjud. Bu shundan dalolat beradiki, ushbu moddalarning molekulasi tarkibida albatta azot atomi mavjud bo‘ladi. Siz trinitrotoluolning boshqa nomini ko‘proq va tez-tez eshitgan bo‘lsangiz ajab emas. OAVda «trotil» nomi bilan tilga olinadigan portlovchi modda aslida aynan shu trinitrotoluol bo‘ladi. 34 Tinchlik paytida portlovchi moddalar tog‘-kon ishlarida, hamda, qor ko‘chkilari yoki sel xavfini oldini olishga mo‘ljallangan qutqaruv ishlari paytida qo‘llaniladi. Portlovchi moddalar ishlab chiqarishda azot manbai vazifasini o‘tovchi nitratlar muhim hom-ashyo sifatida katta o‘rin tutadi. Birinchi jahon urushigacha bo‘lgan yillarda nitratlarning asosiy manbai Chili davlati shimolidagi dasht hududi bo‘lgan. U yerdan butun dunyoga Chili selitrasi nomi bilan mashhur bo‘lgan tabiiy selitra tashib ketilar edi. Bu cho‘llarda nitratlar ko‘rinishidagi katta miqdorda tabiiy selitra to‘planib qolishiga sabab, millionlab yillar avval tarkibida azot kislotasiga boy ko‘llarning asta-sekin qurib bitishi natijasidan yuzaga kelgan ulkan selitra g‘arami mahsulidir. Keyingi yuz minglab yillar davomida esa ushbu cho‘llarda selitrani yuvib ketishga qodir darajadagi yomg‘ir yog‘magan. Natijada, bu joylarda tabiiy selitra ko‘p va mo‘l miqdorda saqlanib kelgan. Birinchi jahon urushi boshlanishi bilan, Britaniya imperiyasi Germaniyaga olib boradigan barcha dengiz yo‘llarini to‘sib tashlaydi. Natijada, nemislar Chilidan kelayotgan selitra ortilgan kemalardan mahrum bo‘lishadi. Urush harakatlari kengayishi bilan, Germaniya portlovchi moddalar va mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan ehtiyojni qondira olmay qiyin holatga tushib borar edi. Bu esa nemis harbiy qo‘mondonligi va umuman Germaniya hukumatini murakkab vazifa oldida qoldirdi: havoda yetarlicha azot mavjud bo‘lib, lekin uni bog‘lash va undan sintetik selitra hosil qilish imkoniyatini o‘ylab topish kerak bo‘lgan. Bu esa, o‘sha paytda hali hech kim uddalay olmagan mushkul vazifa edi. Vazifaning yechimini yarim yahudiy va yarim nemis bo‘lgan kimyogar olim Frits Gaber topdi. U azot va vodorodni o‘zaro biriktirish va bur orqali sintetik ammiak olish usulini ixtiro qildi. Buning uchun azot va vodorodni muayyan metallar ishtirokida, yuqori bosim ostida katta haroratlargacha qizdirish kerak bo‘lar ekan. Agar kerakli sharoit barqaror ushlab turilsa, azot va vodorod atomlari birikib, tarkibida bitta azot atomiga bog‘langan uchta vodorod atomlaridan iborat sintetik ammiak hosil bo‘ladi. Ammiak olish bilan esa muammo osongina hal bo‘lgan. Chunki, ammiakdan nitratlarni hosil qilish unchalik ham qiyin texnologiya talab etmaydi. Nitratlardan esa, portlovchi moddalar ham, mineral o‘g‘itlar ham tayyorlash qiyin emas. Shu orqali, birinchi jahon urushida Germaniya mushkul vaziyatdan chiqib ketgan edi. Natijada, nemislar yana ikki yil urushni davom ettirishdi va ittifoqchi mamlakatlarning keskin sayi-harakatlari evazigagina urushda mag‘lubiyatga uchradi. Agar Gaberning ixtirosi bo‘lmaganda, nemislar 1916-yildayoq, ya’ni, ikki yil ertaroq kapitulyatsiya qilishlari mumkin edi. Gaber ixtiro qilgan ushbu sun’iy sintetik ammiak olish usulini Gaber jarayoni deyiladi. Gaber jarayonini faqat urush uchun portlovchi moddalar ishlab chiqarish maqsadida emas, balki, tinch maqsadlarda, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish uchun qo‘llash kerak. Sintetik ammiak asosida ishlab chiqariladigan ammiakli selitra va karbamid mineral o‘g‘itlari dunyodagi oziq-ovqat xavfsizligi uchun ham g‘oyat muhimdir. Bugungi kundagi 7 milliarddan ziyod insoniyatning oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini mazkur usul asosida ishlab chiqariladigan mineral o‘g‘itlarsiz qondirishning iloji yo‘q. Tabiiy bioo‘g‘itlar bilan bu ishni uddalay olmagan bo‘lar edi. 35 Aytgancha, Germaniyani deyarli sharmandali kapitulyatsiyadan qutqargan va uning oziq-ovqat xavfsizligiga ham beqiyos xizmat ko‘rsatgan kimyogar olim Frits Gaberga Germaniya unchalik ham munosib rahmat aytmagan. Aksincha, 1933-yilda hukumat tepasiga millatchi fashistlar to‘dasi kelgach, Gaberning yarmi yahudiy ekanini ro‘kach qilib, uni qattiq ta’qib va tazyiqqa olishgan edi. Natijada, Gaber mamlakatni tashlab qochishga majbur bo‘lgan. Ammiakning ko‘pchilik yaxshi tanisa kerak. Dorixonalarda sotiladigan va ko‘pchilikning uyidagi dori qutisida albatta topiladigan nashatir spirti – ammiakning suvdagi eritmasidir. Odatiy, me’yoriy sharoitlarda ammiak havodan yengil bo‘lgan gaz ko‘rinishida bo‘ladi. Azot, vodorod va kisloroddan faqrli ravishda, ammiakning keskin o‘tkir hidi bo‘ladi. Uning hidi shu darajada keskin bo‘ladiki, arzimagan miqdorda gazsimon ammiak mavjud havo muhitida odamning burni achishib, ko‘zlari yoshlanadi va nafas yo‘llarida bo‘g‘ilish alomatlari yuzaga keladi. Biz bilgan nashatir spirti va dehqonlar qo‘llaydigan ammiakli suvdagi ammiak miqdori juda past (10% dan ham oz) miqdorda bo‘ladi va shu sababli u nisbatan xavfsiz sanaladi. Lekin, ammiakning sof holatdagisi bilan va hatto suv bilan aralashmalari bilan ham o‘ta ehtiyotkor munosabatda bo‘lish, maxsus himoya vositalarisiz u bilan ishlamaslik kerak. Ammiak mavjud xonada ishlashda albatta havo muhitini muttasil yangilab turuvchi soz holatdagi ventilyatsiya ishlab turishi shart. Aks holda, ammiakli havodan nafas olgan odam nafas siqishi va ko‘z va og‘izdagi shilliq pardalarga ammiak o‘tirish natijasida keskin zaharlanadi. Tanaga, ya’ni, teriga yoki ko‘zga suyuq ammiak tushishi esa o‘ta kuchli kimyoviy kuyishga olib keladi. Ammiakning suvda oson erishining bir g‘alati jihati mavjud. Tabiatda boshqa hech qaysi gaz ammiak gazi singari suvda oson erimaydi. Yodingizda bo‘lsa, kislorod haqidagi bobda, kislorodning suvda oz miqdorda erishi haqida gapirib o‘tgan edik. O‘sha erigan kislorod tufayli baliqlar jabrasi orqali nafas ola oladi. Bir litr suvda 49 sm 3 kislorod erishi mumkin. Azot va vodorod gazlari esa 1 litr suvda 24 sm 3 miqdorda eriydi xolos. Biroq, 1 litr suvda naq 0,9 m 3 gazsimon ammiak erishi mumkin. Bu gazlarning suvda erishiga oid eng katta ko‘rsatkichdir. Boshqa hech bir gaz bunchalik ko‘p miqdorda suvda erimaydi. Azot, vodorod va kisloroddan farqli o‘laroq, gazsimon ammiakni suyuq ammiakka aylantirish, ya’ni, suyultirish juda oson. Buning uchun uni ‒33 ℃ gacha sovitish kifoya qiladi. Bosim ostida esa gazsimon ammiakni hatto xona haroratida ham suyultirsa bo‘ladi. Bu darajada oson suyuqlanadigan gaz juda foydalidir. Suyuqlik bug‘lanayotganida, u o‘z atrof-muhitidagi issiqlikni olib chiqib ketadi. Bunga sabab, suyuqlik molekulalarining gazsimon holatga tezroq o‘tishi uchun shu tariqa qo‘shimcha energiyaga ega bo‘ladi. Siz teriga suv yoki spirt bilan ho‘llagandan keyin, o‘sha joy qurish jarayonida terining mazkur qismi sovuqlikni sezishini his qilgan bo‘lsangiz kerak. Agar ammiakning bosim ostida suyuqlantirilsa va keyin uni ushbu bosimdan halos qilinsa, ammiak tezkor gaz holatiga qaytish jarayonida o‘zini o‘rab turgan barcha 36 buyumlardagi issiqlik haroratini o‘zi bilan olib chiqib ketadi. Agar shu jarayonni, ya’ni, ammiakni bosim ostida suyultirib, keyin uni gaz holatiga qaytarib, u orqali issiqlikni olib chiqib ketilishini ta’minlab, keyin yana o‘sha gazsimon ammiakni suyultirib, uni yana gazga aylantirish orqali sikl yo‘lga qo‘yilsa, har bir sikl davomida ammiak gazi yana va yana ko‘proq issiqlik miqdorini o‘zi bilan olib chiqib ketaveradi. Natijada, bu sikl ishlan turgan muhitdagi havo harorati soviydi. Biz maishiy turmushda foydalanadigan muzlatgich va sovutgichlar, konditsionerlarning ishlash mohiyati aynan shu jarayonga asoslangandir. Ya’ni, ammiak juda yaxshi xladagent sanaladi. Biroq, ammiak eng xavfsiz xladagent emas. Bunday xladagent qo‘llangan uskunalarni ehtiyot qilish va ularni teshilib qolishiga olib keladigan keskin zarbalardan ihota qilish darkor. Chunki, undagi ammiak moddasi tashqariga chiqsa va bug‘lanib, gaz holatida havo muhitini egallasa, yuqorida aytilganidek, nafas yo‘llariga bo‘g‘uvchi ta’sir ko‘rsatib, og‘iz va ko‘z shilliq pardalarini zararlaydi. Bu esa salomatlikka jiddiy xatar solishi tayin. Biroq, shunga qaramay, ammiakli xladagent eng arzon xladagent bo‘lib, shu sababli, maishiy texnikada keng qo‘llanishda davom etmoqda. Suyuq ammiak ko‘p jihatda suvga o‘xshash. Olimlarning fikricha, markaziy yulduzdan olisroqda joylashgan, ya’ni, sharoiti Yer sharoitidan ko‘ra sovuqroq bo‘lgan sayyoralarda suyuq ammiakdan iborat ummonlar mavjud bo‘lishi ehtimoli katta ekan. Bu esa, xuddi Yerdagi butun hayot sistemasi suv asosida shakllangani singari, o‘sha sayyoralarda ham ammiak asosida shakllangan hayot turini vujudga keltirishi mumkin degan taxminlarga sabab bo‘lmoqda. Azot kislorod bilan bir necha usulda bog‘lanishi mumkin. Azotning kislorod bilan birikmalari ichida eng taniqlisi – azotning chala oksidi sanaladi. Uning molekulasida ikkita azot va bitta kislorod atomi mavjud bo‘ladi. Azot chala oksidi kislorod va azot atomlariga osongina parchalandi. Aralashmaning o‘zi esa 1/3 qismi kisloroddan iborat bo‘ladi. Bu atrof muhitdagi havodagidan ko‘ra kattaroq konsentratsiyadir. Shu sababli ham, chog‘lanib turgan har qanday narsa azot chala oksidi muhitida darhol yorqin olov chiqarib yonib ketadi. Avvalgi zamonlarda azot chala oksidini og‘riq qoldiruvchi modda (anestetik) sifatida qo‘llashgan. Ya’ni, u bilan nafas qolgan bemor tanasidagi og‘riqlarni sezmay qolgan. Buni birinchi marta 1840-yilda bir tish doktori o‘zida sinab ko‘rib aniqlagan edi. Hozirda ham tish shifokorlari bu moddadan foydalanib turishadi. Lekin, azot chala oksidining boshqa bir nojo‘ya ta’siri ham mavjud. Ya’ni, undan nafas olgan odamlar o‘z xatti-harakatlarini nazorat qila olmay qolishi mumkin. Bunday odamlar xuddi mast-alast singari, o‘zini g‘alati tuta boshlaydi va sababsiz kulib, irjayib, tirjayib hiringlay boshlaydi. Ba’zilar esa, o‘zini tuta olmay, besabab janjal ko‘tarishi, baqir-chaqir qilib, yoki, xandon otib kulib hammani g‘ashiga tegishi kuzatiladi. Shunday nojo‘ya ta’sirlari tufayli, azotning chala oksidini quvontiruvchi gaz ham deyishadi. Lekin, bu juda omadsiz va noo‘rin tanlangan nomdir. Chunki, bunda quvontiradigan narsaning o‘zi yo‘q. Chunki, azotning chala oksidi me’yordan ortib ketsa, hayot uchun xavfli bo‘lib, o‘limgacha olib kelishi mumkin. 37 Anestetiklarni odamlarda qo‘llash juda murakkab va o‘ta mas’uliyatli yumushdir. Jarrohlik amaliyoti paytida bemorga anestetik yuborish vazifasini maxsus o‘qitilgan va katta tayyorgarlikdan o‘tgan, tajriba orttirgan alohida mutaxassislar bajarishadi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling