Koinotning qurilish ashyolari
Download 39.22 Kb. Pdf ko'rish
|
Koinotning qurilish ashyosi
rentgeniy deb atalamoqda. Shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, bu safargi kashfiyotda olmon
olimlaridan tashqari uch nafar Dubna YTBI xodimlari, hamda bir nafar Bolgariyalik va bir nafar Finlyandiyalik olim ham qatnashgan. Yuqoridagi hikoyalardan so‘ng, navbatdagi, 112-raqamli elementi ham Darmshtadt OIL xodimlari kashf etishganini eshitib hayron bo‘lmay qo‘yaverarsiz? To‘g‘ri qilasiz. Zero, 112-element ham aynan ushbu ilmiy dargohda ilk bora sintez qilingan. Kashfiyot 1996- yil 9-fevralda amalga oshgan bo‘lib, unga olimlar tarixda mashhur astronom olim – Nikolay Kopernikning nomini biriktirishgan. Hozirda 112-element kopernitsiy deb ataladi. Darmshtadt laboratoriyasining ushbu ulkan ilmiy yutuqlarida, bu yerda shakllantirilgan ajoyib ilmiy maktabning o‘rni beqiyosdir. Darmshtadtliklarning dastlabki ikki kashfiyoti – xassiy va meytneriyni olimlar Ambruster va Myuntsenberg amalga oshirishgan bo‘lsa, keyingi uchta kashfiyot Xoffman va Ninovlar boshchiligida bajarilgan. 196 Hozirda 112-elementdan keyin keladigan yana 6 ta kimyoviy elementning atomlarini sintez qilishga muvaffaq bo‘lingan. Ulardan birinchisi – 114-elementni 1998-yil dekabrida akademik Flyorovning shogirdi Yu. Oganesyan tomonidan sintez qilingan. Dubnadagi YTBI da o‘tkazilgan tajribalarda AQSHning Livermor Milliy Laboratoriyasi xodimlari ham ishtirok etishgan. Ta’bir joiz bo‘lsa, 114-element Dubna-Livermor hamkorligi mahsuli deyish mumkin. Tajribalarga boshchilik qilgan olim Oganesyanning taklifiga ko‘ra, ushbu elementga uning ustozi Flyorovning nomi berilgan. IUPAC ham rasmiy tasdiqlagan atamaga ko‘ra, hozirda 114- element fleroviy deb nomlanadi. Fleroviydan keyingi sintez qilingan element bu – 116-raqamli transuran element bo‘lib, uni ham Dubna-Livermor ilmiy hamkorligi natijasida, 2000-yilda YTBI da ilk bora olingan edi. 116-element kashf qilingani haqidagi xabar 1999-yilda Berklidan ham tarqatilgan bo‘lib, lekin tekshiruv Berkli xodimlarining qayd etgan natijasi aslida yanglish ko‘rsatkich ekanini tasdiqlagan. Dubna-Livermor hamkorligining navbatdagi mahsuli, ya'ni, 116-elementga uning kashfiyotchilari livermoriy deb nom berishga qaror qilishgan. Bu bilan ularning Livermor laboratoriyasini sharaflamoqchi bo‘lishganini payqash qiyin emas. Livermoriy XX-asrda kashf etilgan so‘nggi kimyoviy element sifatida tarixga kirgan. Davriy jadvaldagi keyingi elementlarni esa XXI-asr olimlari ochishlari kerak edi. Biroq, Azimov ham o‘z asari so‘ngida ta’kidlaganidek, yangi elementlarni kashf etish masalasi tobora murakkablashib, amaliy jihatdan mushkullashib boraveradi. Albatta, yangi element kashf etilgani ko‘p jihatdan yaxshi narsa. Bu hech bo‘lmaganda kashfiyotchi ilmiy guruh uchun olamshumul shuhrat keltiradi. Biroq, masalning boshqa taraflari ham borki, o‘ylab qaralsa, bunday sun’iy kimyoviy elementlarning kashf etilishi va unga sarflanadigan katta-katta mablag‘larning qanchalik o‘zini oqlashi borasida haqli savol kelib chiqadi. Gap shundaki, Dubna, Darmshtadt, Berkli, Livermor laboratoriyalarida kashf etilgan va kashf etilishi kutilayotgan ushbu transuran elementlar odatda juda-juda kam miqdorlarda, aniqroq aytsak bir necha dona atomlar ko‘rinishida sintez qilinadi. Bundan esa biror amaliy yoki ilmiy naf chiqishi katta so‘roq ostidadir. Qolaversa, bu atomlarning yashash davri shunchalik qisqaki, ular soniyaning yuzdan, hatto mingdan bir ulushlaridayoq parchalanib ketib bo‘ladi. Bunday sharoitda esa, navbatdagi elementni sintez qilishning o‘zi benihoyat mushkul ishga aylanadi. Chunonchi, aytaylik, 116-chi elementdan naridagi biror yangi elementning atomi sintez qilingan taqdirda ham, uning atomini hosil bo‘lib, parchalanib ketishi oralig‘ida uni haqiqatda ilg‘ab, payqab, idrok qilib qolishning o‘zi – inson imkoniyatlari chegarasidagi narsadir. Lekin shunday bo‘lsa-da kimyogar olimlar bizni yangi-yangi kashfiyotlar bilan hayron qoldirishda davom etib kelishmoqda. Livermoriydan keyingi, ya'ni, 118-raqamli element kashf qilingani haqidagi xabar ilk bora 2002-yili Dubnadan e’lon qilingan edi. Bir yil o‘tib, ya'ni, 2003-yili endi aslida livermoriydan, hatto fleroviydan ham avval kelishi zarur bo‘lgan, lekin hech kim sintez qilib uddalay olmayotgan 113-raqamli elementni olishga muvaffaq bo‘lingani haqidagi xabar bir yo‘la ikki mamlakatdan – Dubna orqali Rossiyadan hamda, Tokio yaqinida joylashgan Riken universiteti orqali Yaponiyadan tarqala boshladi. O‘sha yilning o‘zida 115- element Dubnada sintez qilindi. Hozircha so‘nggi kashf qilingan element ham 2010-yilda aynan Dubnada sintez qilingan bo‘lib, u tartib bo‘yicha 117-element bo‘lishi kerak. Mazkur yangi elementlarning barchasining kashf qilinishida Dubna-Livermor hamkorligi asosiy o‘rin 197 tutadi. IUPACning 2015-yil 30-dekabrdagi qaroriga ko‘ra, 115, 117 va 118-elementga Dubna- Livermor hamkorligi ishtirokchilari nom berishlari kerak edi. Bu elementlar uchun rasmiy nom taklif qilinib tasdiqlanmagunicha, ular uchun shartli muvaqqat nomlar – «Ununtriy», «Ununpentiy», «Ununseptiy», hamda «Ununoktiy» atamalari bog‘lab turildi. Ushbu shartli muvaqqat nomlar mazkur elementlarning atom raqamining lotin tilida aytilishini ifodalaydi. Ya'ni, ununtriy – 113, ununpentiy – 115, ununseptiy – 117, hamda ununoktiy – 118 degan ma’nolarni anglatadi. Ushbu to‘rt elementdan faqat 113-raqamlisi uchun nom berish huquqi Dubna-Livermor hamkorligiga berilmadi. Sababi yaponlarning ilmiy natijasi bundan-da ishonchliroq bo‘lib, 113-element Riken laboratoriyasida nisbatan ko‘proq sondagi atomlar bilan sintez qilingan. Ta’kidlash joizki, davriy jadvaldagi barcha elementlar faqat Yevropa va Amerika qit’alaridagi mamlakatlarda kashf etilgan edi. 113-element Osiyo davlatida kashf etilgan ilk kimyoviy element sifatida tarixga kirdi. Shunga ko‘ra, yapon olimlari o‘zlari kashf qilgan mazkur yangi kimyoviy elementga o‘z vatanlarining qadimiy nomini berishdi. Ya’ni, endilikda davriy jadvaldagi 113-raqamli element «Nihoniy» deb nomlanadigan bo‘ldi va uning formulasi Nh tarzida tasdiqlandi. . Dubna-Livermor hamkorligi elementlari haqida ham aynan shu fikrlarni aytish mumkin. Takliflarga ko‘ra, 115-elementni Dubna laboratoriyasi joylashgan Moskva viloyati sharafiga moskoviy deb nomlandi va unga Mc formulasi berildi. Vaqtincha nomi ununseptiy bo‘lgan 117-element esa, Livermor laboratoriyasi joylashgan Tennesi shtati sharafiga tennesin nomini oldi va u Ts kimyoviy formulasi bilan belgilanadigan bo‘ldi. 118-raqamli element borasida esa Dubna va Livermor laboratoriyasi olimlari o‘zaro kelishishdi. Natijada, ushbu raqamli element uzoq yillar Dubna laboratoriyasida faoliyat ko‘rsatgan olim, ko‘plab yangi kimyoviy elementlarni sintez qilishga muvaffaq bo‘lgan kimyogar Yuriy Oganesyan sharafiga, uning familiyasi bilan, ya’ni, oganesson deb nomlandi. Bu elementning formulasi Og sifatida xalqaro tasdiqdan o‘tdi. Mana, kimyoviy elementlar davriy jadvali bo‘ylab sayohatimiz poyoniga yetib keldi. Biz 118 xil kimyoviy elementni ko‘rib chiqdik va ulardan 81 tasi barqaror elementlar ekanini bilib oldik. Men, siz, ushbu qo‘lingizdagi kitob, olis koinotdagi yulduzlar va umuman olganda butun borliq, ushbu elementlar asosida barpo etilgan! Mazkur bayon qilinganlarni mulohaza qilib, kitobimiz mutolaachisida haqli savol uyg‘onishi tabiiy: xo‘sh, shuncha element kashf etilibdi, endichi? Yana boshqa elementlar kashf etilishi mumkinmi? Yana yangi elementlarning kashf etilishi haqida gap ochilgan ekan, shuni aytib o‘tish joizki, jahonning yetakchi ilmiy laboratoriyalarida 119- va 120-raqamli elementlarni sintez qilish bo‘yicha allaqachon ish boshlab yuborilgan. Liverpul universiteti xodimi bo‘lmish fizik- yadroshunos Rolf-Ditmar Gersbergning ta’kidlashicha, zamonaviy texnologiyalarning imkoniyatidan to‘g‘ri foydalanilsa, ushbu elementlarni ham yaqin o‘rtada kashf qilish mumkin. Aytish joizki, 2012-yilda Darmshtadtdagi German Gelmgolts nomidagi Og‘ir Ionlar Laboratoriyasida 120-element sintez qilingani haqida xabar tarqatilgan edi. Biroq, bu ma’lumot hanuzgacha rasman tasdiqlanmadi. Olimlarning e’tirof etishicha, 120-elementni sintez qilish 198 uchun nazariy jihatdan hamma imkoniyat bo‘lsa-da, lekin amalda uni olish ehtimoli nihoyatda pastdir… Lekin baribir tinib-tinchimas kimyogarlar, yangi elementlarni olish ustida izlanishlarni izchil davom ettirishdan to‘xtayotganlaricha yo‘q. Bunday sharoitda ushbu savolni biroz o‘zgartirish ma’qulmikan degan fikrga kelib qoldim. Ya'ni, endi, «yangi elementlar yana kashf qilinadimi?» - deb emas, balki, «biz yana qancha elementlar kashf eta olamiz?» - degan masalani ko‘tarishimiz durustroqdir nazarimda. Zero, aslida kimyoviy elementlarning son- sanog‘i bo‘lmasligi ham mumkin. Hozirgi ilmiy nazariyalarga ko‘ra, «borliqda mavjud va mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan kimyoviy elementlarning sonining chegarasi» - qabilidagi tushunchalar keskin inkor etiladi. Ya'ni, ilm-fanda kimyoviy element atomining o‘lchamlarini cheklaydigan yoki, uning zaryadi ko‘rsatkichiga biror talab qo‘yadigan aniq kvant-mexanik qonuniyat mavjud emas. Shu sababli ham kimyoviy elementlar davriy jadvalining chek- chegarasi yoki, o‘lchamlariga nisbatan qandaydir chegara mavjudligini tasavvur qilish noto‘g‘ri. Nazariy jihatdan kimyoviy elementlar qatorini cheksiz davom ettirish mumkin. Lekin ushbu gapda «nazariy» so‘zi kalit so‘z sanaladi: ilmiy tadqiqotlarni olib borishda shunchaki atrof-olamga bo‘lgan joʻshqin qiziqish emas, balki, sog‘lom fikr ham eng asosiy o‘rin tutmog‘i lozim deb o‘ylayman. O‘zimiz qo‘ygan savolga kelsak, «biz yana qancha yangi kimyoviy element kashf eta olamiz?». Kimyo fanida yuzaga kelgan joriy vaziyatga real ko‘z bilan qaraydigan bo‘lsak, endilikda yana yangi kimyoviy elementlarni kashf qilish borasidagi imkoniyatlarimiz juda-juda cheklangandir. Aslida, biz ilm-faning hozirgi rivojlanish darajasi bilan qanchalik maqtanmaylik, lekin, borliqda nazariy jihatdan mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan kimyoviy elementlarning barchasini ham «kashf qilish»ga, yoki, ularni sun’iy sintez qilishga bo‘lgan hozirgi imkoniyatimiz nihoyatda past. Xossatan, muayyan turdagi o‘ta og‘ir elementlarni ochish (sintez qilish) uchun favqulodda ulkan energiya sarflash kerak bo‘ladi. Bunday energiyani ta’minlab bera oladigan tezlatkichlar esa, hatto jahondagi eng qudratli rivojlangan mamlakatlarning bir necha o‘n yillik davlat byudjetidan ham qimmatga tushadi. Basharti o‘sha favqulodda qimmat energiya manbai ta’minlanib, yangi element sintezi uchun sharoit hosil qilingan taqdirda ham, sal yuqoriroqda eslab o‘tilgan boshqa bir muammo yuzaga chiqadi. Ya’ni, bunday elementlarni sintez qilinganidan so‘ng, aniq detektorlash (payqash desak to‘g‘riroq bo‘ladi) juda katta muammodir. Yangi sintez qilingan elementlarning atomlari odatda soniyaning mingdan bir ulushlariga teng bo‘lgan nihoyatda qisqa muddatlardagina yashaydi xolos. Qolaversa, bunday elementlarning atomlari atiga bir necha dona miqdorda sintez qilinadi va bunday o‘lchamli obyektni ilg‘ash, payqashning o‘zi juda katta aniqlik talab qiladigan ishdir. Shu va shu kabi omillar, kimyoviy elementlarning biz kashf qilishimiz mumkin bo‘lgan muayyan soniga nisbatan qandaydir chegara qo‘yishi mumkin… Nima bo‘lganda ham, insoniyat tamaddunining uzviy bir qismi sifatida, kimyo fani, xossatan, kimyoviy elementlarning yangi-yangi turlarini kashf qilish jarayoni hali yana davom etadi. Biz esa siz aziz ilm-fan shinavandalarini ilmiy yangiliklar bilan baholi-qudrat tanishtirib borishga harakat qilamiz. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling