Obyektiv tomondan jinoyat shaxslarning pochta-telegraf xabarlari yoki telefonda so`zlashuvning mazmuni bilan g`ayriqonuniy tanishuvida yoxud fuqarolarning xatlari, telegrammalari, telefaks orqali, elektron pochta va h.k. orqali xabar qilinayotgan ma'lumotlarni shu axborotlar egasining roziligisiz oshkor etilishida ifodalanadi. O`zR JK 166-moddasi (Pochta -telegraf jo`natmalarini xatlab qo`yish) va JK 167-moddasi (Pochta-telegraf jo`natmalarini ko`zdan kechirish va olib qo`yish)ga asosan pochta-telegraf jo`natmalarining xatlab qo`yilishi, pochta-telegraf jo`natmalarining ko`zdan kechirilishi va olib qo`yilishi faqat prokurorning sanksiyasi yoxud sudning ajrimi bilan amalga oshirilishi mumkin. Telefon yoki boshqa so`zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so`zlashuvlarni eshitish uchun ham prokurorning sanksiyasi yoki sudning ajrimi lozim.
Belgilangan tartibning huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlari yoxud boshqa shaxslar tomonidan buzilishi mazkur modda bo`yicha javobgarlikni vujudga keltiradi.
Xat-yozishmalar, telefonda so`zlashuv, telegraf xabarlari yoki boshqa xabarlarning sir saqlanish tartibi huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlari tomonidan jinoyatni fosh etish, jinoyatchini topish va ushlash maqsadida, qonun bilan belgilangan tartibda buzilgan hollarda shu shaxslarning hatti-harakati jinoyat, deb baholanmaydi.
Mansabdor shaxslarning g`ayriqonuniy xatti-harakati tegishli jinoyatning belgilari mavjud bo`lsa, JK 205-moddasi yoki 206-moddasida nazarda tutilgan, mansab vakolati bilan bog`liq jinoyat tarkibini tashkil etishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |