Poraga va’da, taklif va yoki uni qabul qilish. Korrupsiyaga oid navbatdagi muhim elementporaga va’da qilish, taklif qilish yoki uni qabul qilish predmeti Yevropa iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Konvensiyasi, Korrupsiya uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi Yevropa Kengashi Konvensiyasi va BMTning korrupsiyaga qarshi Konvensiyasida tugallangan jinoyat sifatida keltirilgan. O‘zbekiston Jinoyat kodeksida mazkur jinoyat kriminalizatsiyasi masalasi haligacha hal etilmagan.
Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning navbatdagi elementlaridan yana biri mansab vakolatini suiste’mol qilish uchun javobgarlik masalasi Jinoyat kodeksining 205-moddasida ko‘rib chiqilgan. Bu moddaning tahlili unda korrupsiya omilining mavjudligini ko‘rsatsa ham ushbu modda kompozitsiyasining majburiy elementlaridan biri bo‘lgan “jiddiy ziyon“ (“существенный вред”) tushunchasining ta’rifi yo‘qligidadir.
Istambul harakatlar rejasi doirasidagi monitoring davomida ushbu atama ostida nima nazarda tutilayotganligi, huquq-tartibot idoralari uning mavjudligini qanday aniqlayotganligi xususidagi savolga hech qanday javob ola olmadilar.
Poraxo‘rlik jinoyatining keyingi elementi bu ta’sirni suiste’mol qilish bo‘lib, BMTning korrupsiyaga qarshi Konvensiyasiga ko‘ra, ushbu qilmish uchun jinoiy javobgarlikni o‘rnatish ixtiyoriydir. Yevropa Kengashining Korrupsiya uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi Konvensiyasining 12-moddasiga ko‘ra bu qilmish uchunjavobgarlikni o‘rnatish bu a’zo davlatlar uchun majburiydir. Istambul harakatlar rejasida ishtirok etuvchi davlat uchun (O‘zbekiston uchun ham) kriminalizatsiya qilinishi kerakligi ta’kidlangan bo‘lsada, bu borada ham milliy qonunchiligimizda aniq qoidalar belgilanmagan.
Korrupsiya jinoyatlarini ochishda e’tiborga loyiq bo‘lgan yana bir muhim element bu chet el amaldorlarining poraxo‘rligidir. Jinoyat kodeksining VIII bo‘limida belgilangan ta’rifga ko‘ra, chet el mansabdor shaxsining ta’rifi mansabdor shaxsning umumiy ta’rifiga kiritilgan. Bu ta’rif xalqaro standartlarga to‘la mos kelmaydi. Bu ta’rif Konvensiyalarda nazarda tutilganidan ancha tor bo‘lib, hatto ba’zi o‘rinlarda korrupsiyaning bu turiga xos xususiyatlar keng yoritilmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |