Library ziyonet uz/ A lvido, ey
Alvido, ey Gulsari (qissa)
Download 0.88 Mb. Pdf ko'rish
|
alvido ey gulsari
Alvido, ey Gulsari (qissa)
Chingiz Aytmatov 2 library.ziyonet.uz/ Eski yoʻlda gʻildiraklar gʻijirlab borardi. Yoʻl uzoq, oldinda choʻl yastanib yotardi, kanal ortida esa togʻ etagi boʻylab yana anchagina yurish kerak. U otning boʻshashib, majolsizlanib borayotganligini allaqachon seza boshlagandi. Lekin oʻzining ogʻir xayollari bilan band boʻlganligi uchun bunga unchalik e’tibor bermasdi. Ot yoʻlda charchab qoladi, deb gʻam yeydimi kishi? Undan battarlari boʻlgan. Manzilgacha yetkaza oladi, amallab sudrab olib boradi... Oʻzining sap-sariq rangi uchun Gulsari deb nom olgan qari yoʻrgʻa oti umrida soʻnggi marta Aleksandrovka balandligiga koʻtarilganligini va hozir ot oxirgi chaqirimlarni bosib oʻtayotganligini qayoqdan bilsin u. Otning boshi bangidevona yeganday aylanayotganligini, yer uning xira koʻzi oʻngida rangli halqalar singari suzib oʻtayotganligini, yer qiyshayib goh u, goh bu tomoni bilan ufqqa tegayotganini, nazarida yoʻl birdan qop-qorongʻi boʻshliqqa tushib ketib, oldindagi togʻlar oʻrnida qizgʻish tuman yoki tutun suzayotganday tuyulayotganligini qayoqdan bilsin u. Otning allaqachon zoʻriqib, kuchsizlanib qolgan yuragi zirqirab ogʻrirdi, boʻyincha- xomutda nafas olish tobora ogʻirlashib borardi. Bir yonboshga sirgʻalib ketgan egar- jabduq beliga qattiq botar, chap tomonda xomut ostida allaqanday uchli narsa yelkasiga muttasil qadalib, sanchilayotganday edi. Ehtimol, bu tikanak yoki xomutning kigiz astaridan chiqib qolgan mixning uchidir. Yelkasidagi qadoq boʻlib ketgan eski yagʻir oʻrnida ochilgan yara chidab boʻlmas darajada zirqirab ogʻrir, achishar edi. U xuddi shudgordan ketayotganday edi, oyoqlari ham borgan sari ogʻirlashardi. Ammo shunday boʻlsa ham qari ot soʻnggi kuchlarini toʻplab, yurib borardi, keksa Tanaboy esa ahyon-ahyonda unga «chuh-chuh»lab, jilovini tortib-tortib qoʻyar va xayol surishda davom etardi. Oʻylaydigan oʻylari koʻp edi uning. Gʻildiraklar eski yoʻldan gʻijirlab borardi. Gulsari ilk bor oyoqqa turib, onasi – yoldor ulkan biya ortidan oʻtloq boʻylab qoʻrqa-pisa, yoʻrtib ketganidan buyon biron marta ham adashmagan oʻsha yoʻrgʻa qadam bilan hamon bir maromda qadam tashlab borardi. Gulsari tugʻma yoʻrgʻa ot edi va dongʻi chiqqani uchun umrida boshiga koʻp yaxshi va yomon kunlar kelgandi. Ilgari aravaga qoʻshish hech kimning xayoliga ham kelmasdi, uni aravaga qoʻshish uvol edi. Lekin ot boshiga ish tushsa, suvliq bilan suv ichar, er boshiga ish tushsa, etik bilan suv kechar, deganlaricha bor. Bularning hammasi oʻtmishdagi gaplar. Hozir yoʻrgʻa bor kuchini sarflab, oʻzining soʻnggi marrasiga ketayotgandi. U hech qachon manzilga bunchalik sekin bormagan, hech qachon unga bunchalik tez yaqinlashmagandi ham. Gʻildiraklar eski yoʻldan gʻijirlab borardi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling