II BOB. TAZKIRADAGI MAJLISLARNING BADIIY TALQINI
2.1. Majlislarda keltirilgan adabiy tur va janrlar, she’riy parchalardagi badiiy tasviriy vositalar
Adabiyot taraqqiyotini ko’rsatuvchi eng asosiy belgilardan biri uning tarkibida ko’plab adabiy tur va janrlarning rivojlanib kengayishi va har bir adabiy turning muayyan mualliflar tomonidan atroflicha ishlanilishi, takomillashtirilishidir. “Majolisun nafois”da Navoiy har bir adabiy tur va unda ijod etib, ma’lum muvaffaqiyatga erishgan shoirlar haqida anchagina qiziqarli ma’lumotlar beradi. Navoiy o’z ijodida epik janrga katta e’tibor bergan. “Majolis un-nafois”da ham, shu janrda qalam tebratgan shoirlarni ko’rsatib o’tadi. Bular, avvalo, Abdurahmon Jomiy, Shayhim Suhayliy, Abdullo Xotifiy, Xoja Hasan Hizrshoh, Fasih Rumiy, Xoja Imod, Zova qozisi va boshqa masnaviygo’y shoirlardir.Tazkirada yuqorida nomlari keltirilgan shoirlarning masnaviylaridan bir-ikki bayt namuna keltirib o’tilgan17. Quyida biz ham ushbu an’anaga sodiq qolgan holda tazkiradan misollar keltiramiz:
“Mavlono Kotibiy - Va masnaviysida kecha borib kunduz kelur ta’rifida ham bu bir bayt aningdurkim:
Shabpara az gunbazi feruzagun
Raft ba feruzai gunbaz darun.
(Tarj.: Ko‘rshapalak feruza rang gunbazdan gunbaz feruzasiga qarab ketdi.)
Mavlono Ashraf - Bu g‘azal matlai dag‘i aningdurkim:
Xohamki, cho‘bi tiyr shavam, to tu goh-goh
Bar holi man zi go‘shai chashme kuni nigoh.
(Tarj.: O‘qning cho‘pi bo‘lishni istayman, toki sen ba’zi-ba’zida holimga ko‘z uchi bilan qaragaysan. Bu yerda shoir o‘q tortganda, ko‘z qiri bilan nishonga boqishi kabi holatni nazarda tutmoqda.)
Mavlono Ali Ohiy – “Xayol va visol” otlig‘ kitobida bir bayti bor, magarkim, mulhimi g‘ayb aning tiliga o‘z she’ri bobida solg‘ondurkim:
She’reki buvad zi nukta soda,
Monad hama umr yak savoda.
(Tarj.: Nozik ma’nodan xoli she’r butun umr bo‘yi bir qoralik bo‘lib qoladi (yoki bir qoralama bo‘lib qoladi).
Do'stlaringiz bilan baham: |