Maktabgacha ta'lim metodikasi kafеdrasi bolalar psixologiyasi va psixodiagnostikasi


Download 1.25 Mb.
bet27/74
Sana24.01.2023
Hajmi1.25 Mb.
#1116151
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   74
Bog'liq
Bolalar psix. majmua 2021

Oylar

0-1

1-2

2-3

3-4

4-5

5-6

6-7

7-8

8-9

9-10

10­
11

11­
12

Bo‘yi (sm)

3

3

2,5

2,5

2

2

2

2

1,5

1,5

1,5

1,5

Og‘irligi
(gr)

600

800

800

750

700

650

600

550

550

450

400

400






Bolalarda paydo bo‘ladigan skolioz, umurtqa suyagining qiyshayib qolishi kasalligi ko‘pchilik hollarda bolalar gavdasining normal o‘sishiga ota-onalar va tarbiyachilarning befarq munosabatda bo‘lishlari tufayli yuzaga keladi. Skolioz (bukri) kasalligi juda og‘ir majruhlikka olib keladi. Skolioz asosan ikki yo‘l bilan paydo bo‘ladi. Ulardan birinchisi tug‘ma skolioz bo‘lsa, ikkinchisi individual hayot davomida orttirilgan skoliozdir. Biz asosan ana shu individual hayot davomida bo‘ladigan skoliozning oldini olishimiz, ya’ni uning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Skolioz kasalligi dastavval mutlaqo bilinmaydi va juda sekinlik bilan rivojlanadi. Vaqt o‘tishi bilan u ko‘zga tashlana boshlaydi. Skolioz kasalligi juda qiyin davolanadi. Uni davo lashda ortopedshifokorlar juda ko‘p qiyinchiliklarga duch keladilar.
Qiz bolalarning muskul va skeletlari o‘g‘il bolalarga nis­batan zaifroq bo‘lganligi tufayli ular skolioz kasalligiga moyilroq bo‘ladilar. Skolioz kasalligi bola o‘sib borgan sari uning psixikasiga ham salbiy ta’sirini ko‘rsata boshlaydi.



28-rasm. Skolioz kasaliga uchragan bolaning qiyshayib qolgan umurtqa suyagi.

Skolioz kasalligiga uchramaslik uchun bola yotadigan to‘shak tekis, boshiga qo‘yiladigan yostiq ham ortiqcha baland bo‘lmasligi kerak. Bola yurishga o‘rganayotganida goh o‘ng, goh chap qo‘lidan ushlab unga yordam berish lozim. Ana shu kabilarga rioya qilgandagina bolani skolioz kasalligidan saqlab qolish mumkin.
Yangi tug‘ilgan bolaning bosh suyagi hali yaxshi qotmagan bo‘lib, uning oldingi qismida peshana liqildog‘i va orqa qis­mida esa ensa liqildog‘i bo‘ladi. Bola bir yoshga to‘lguncha uning kalla suyagi qotib, bu bo‘shliqlar (liqildoqlar) tutashib ketadi. Liqildoqlarning biri 2—3 oy mobaynida, ikkinchisi bo­la 12—14 oylik bo‘lgandagina tutashib, bitib ketadi. Chaqaloq bolalar kalla suyagining hali yaxshi qotmaganligi va ayrim joylarining tutashmaganligini nazarda tutib, ularni doimo ehtiyot qilish lozim. Bola yoshiga to‘lib, yurib ketgach u jismoniy ji­hatdan ancha mustahkamlanib boradi.
Chaqaloqlik va go‘daklik davrida bola nerv sistemasining rivojlanishi. Bola psixik taraqqiyotining anatomik va fiziologik asosini tashkil etuvchi nerv sistemasining rivojlanishi bolaning bir yoshgacha bo‘lgan davrida juda jadal sur’at bilan boradi. Bola anchagina takomillashgan nerv sistemasi bilan tug‘iladi. Biroq chaqaloq bolalarning nerv sistemasi o‘zining tuzilishi va vazi fasi (funksiyasi) jihatidan katta odamlar nerv sistemasidan keskin farq qiladi.
Go‘dak bolalar nerv sistemasining hamma qismlari barobar rivojlanmaydi. Ularda eng oldin nerv sistemasining quyi qism­lari, ya’ni orqa miya, uzunchoq miya takomillashadi. Chun­ki nerv sistemasining bu qismlari tug‘ma yo‘l bilan o‘tadigan shartsiz reflekslarning markazlari hisoblanadi. Eng keyin nerv sistemasining yuksak qismlari, ya’ni oliy nerv faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan katta miya yarimsharlari va uning po‘stloq qismi takomillashadi.
Yangi tug‘ilgan chaqaloq bolalarning katta miya yarim­sharlari o‘zining tuzilishi va tashqi ko‘rinishi jihatidan katta odamlar miyasidan deyarli farq qilmasada, vazni jihatidan keskin farq qiladi. Masalan, yuqorida ko‘rsatib o‘tganimizdek, katta odamlar miyasining o‘rtacha vazni 1400 g bo‘lsa, yan­gi tug‘ilgan chaqaloq miyasining vazni 350—400 g bo‘ladi. Bundan tashqari, chaqaloq bolalar bosh miya yarimsharlari po‘stining burmalari katta odamlarnikiga qaraganda juda kam bo‘ladi. Yangi tug‘ilgan chaqaloq bolalar bosh miya katta ya­rimsharlari po‘stidagi nerv hujayralarining soni katta odamlarnikidan kam bo‘lmaydi, ya’ni 14—15 mlrd bo‘ladi. Bosh miya katta yarimsharlari po‘stidagi nerv hujayralari (neyronlar) odamga tug‘ilishdanoq ma’lum miqdorda berilgan bo‘ladi.
Keyinchalik odamning individual hayoti davomida bunday nerv hujayralari birorta ham qo‘shilmaydi. Farq faqat shundaki, chaqaloq bolalar bosh miyasi katta yarimsharlari po‘stidagi nerv hujayralari hali tuzilishi jihatidan juda sodda, hajm jihati­dan kichik, o‘simtalari (dendrit va neyrit) yaxshi rivojlanmagan bo‘ladi. Bolalar nerv sistemasining rivojlanishi davomida har bir hujayradan ko‘proq miqdorda dendritlar o‘sib chiqadi. Shu tariqa bolalar bosh miyasi katta yarimsharlari po‘stining sathi orta boradi.


Bosh miya katta yarimsharlari po‘stidagi nerv hujayralarini birlashtiruvchi nerv tolalarining usti miyelin deb nom olgan maxsus parda bilan qoplana boradi. Bu jarayon bosh miyaning normal faoliyati uchun tayyor ekanini ko‘rsatuvchi belgidir. Nerv tolalarining miyelin qobig‘i bilan sekin-asta qoplanib borishi tabiiy jarayon bo‘lib, bu jarayonni tezlashtirsa bo‘ladi. Chaqaloq bolalarni har gal yo‘rgaklash oldidan biroz harakatga solish, ya’ni qo‘l-oyoqlarini harakat qildirish miyelinizatsiya jarayonini tezlashtiradi. Mielinizatsiya jarayonining tezlashuvi bosh miya po‘stining jadal rivojlanishiga yordam beradi.
Bola yoshiga to‘lguncha jismoniy jihatdan tez o‘sar ekan, uning nerv sistemasi ham rivojlanadi. Chunonchi, yangi tug‘ilgan bola miyasining umumiy vazni 1 yoshga to‘lguncha 600 grammga ortadi.
Chaqaloq bolalarning hamma analizatorlari (sezgi a’zolari) tug‘ilishidanoq me’yorida rivojlangan bo‘lib faoliyatga tayyor bo‘ladi. Bola teri analizatorlari orqali haroratni (issiq va sovuqni), biron narsa tekkanini va og‘riqni sezadi. Chaqaloq bola­ning badani haroratga nisbatan juda sezgir bo‘ladi. Shuning uchun tez sovqotadi. Bola tarbiyalanadigan xonaning harorati 20°C dan kam bo‘lmasligi kerak. Agar bolaning yuzi yoki labiga qo‘lingizni tekkizsangiz, u darhol emish harakatlarini qila boshlaydi. Bolaning kiyimi yoki yo‘rgaklari buklanib qolib bo‘yniga yoki boshqa bir yeriga botsa, u bezovtalanib yig‘lay boshlaydi. Ana shulardan ko‘rinib turibdiki, chaqaloq bolaning teri analizatorlari dastlabki kunlardanoq yaxshi ishlaydi.
Bolada tug‘ilgan kunidan boshlab, hid va ta’m bilish analizatorlari ham normal ishlay boshlaydi. Chaqaloq bolaning og‘ziga biron taxir yoki achchiq narsa solinsa, u aftini burishtirib, bezovtalanib, so‘laklari bilan uni chiqarib tashlaydi. Bola qo‘lansa hiddan ham bezovtalanadi. Demak, chaqaloq bolalar­da hid va ta’m bilish analizatorlari ham normal holatda bo‘ladi. Ko‘rish va eshitish analizatorlari murakkab analizatorlar hisob­lanadi. Yangi tug‘ilgan chaqaloq bolalarda bunday murakkab analizatorlar ham faoliyatga tayyor bo‘ladi. Chaqaloq bola­larda ko‘rish refleksini bemalol kuzatish mumkin. Agar biroz qorong‘iroq uyda bola ko‘zlarini ochib yotgan paytida to‘satdan chiroq yoqib yuborilsa, u darhol yorug‘likdan ko‘zlarini yumib oladi. Lekin chaqaloq bolalarning ko‘rish analizatorlari (ko‘zlari) hali yaxshi takomillashmagan va ishlashga muvofiqlashmagan bo‘ladi. Yangi tug‘ilgan bola dastlab faqat ko‘zining to‘g‘risidagi narsalarni ko‘ra oladi. Buning sababi shundaki, chaqaloq bola­larda ko‘z to‘r pardasidagi markaziy qismlargina sezish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Ko‘rish retseptorlari joylashgan ko‘z to‘r pardasining chekka qismlari keyinroq ishga tushadi. Shuning uchun chaqaloq bolalar yon tomonlaridagi narsalarni yaxshi ko‘ra olmaydilar. Bundan tashqari, ularda ko‘zni qimirlatadigan muskullar ham yaxshi rivojlanmagan bo‘ladi. Ana shu sababli chaqaloq har ikkala ko‘zini ayni bir vaqtda barobar qimirlata olmaydi. Natijada bir ko‘zi g‘ilayroqqa o‘xshab turadi. Bola bir oyga to‘lgandan keyin har ikkala ko‘zi moslashgan holda harakat qiladigan bo‘ladi. Ana shu davrdan boshlab bola biron narsaga tikilib qaray olish qobiliyatiga ega bo‘ladi.
Yangi tug‘ilgan bola dastlabki bir hafta davomida yaxshi eshitmaydi. U faqat qattiq tovushlarnigina eshitishi mumkin. Bunga sabab shuki, bola ona qornidaligida uning o‘rta quloqlari suyuqlik bilan to‘lib qolgan bo‘ladi. Keyinchalik bu suyuqlik shimilib, singib ketgandan so‘ng o‘rta quloqning havo to‘lqinlari kiradigan yo‘li ochilib, bola eshitadigan bo‘ladi.
Ko‘rish va eshitish kabi murakkab analizatorlarning chaqaloq bolalarda hali yaxshi takomillashmaganligining sabablaridan yana biri yangi tug‘ilgan bolalarda bosh miyaning po‘sti yetarli darajada rivojlanmaganligidir. Barcha analizatorlarning markaziy qismlari esa bosh miya po‘stida joylashgan bo‘ladi. Bola tug‘ilgandan keyin birinchi oylarda uning bosh miyasi va, ayniqsa, bosh miya po‘sti tez rivojlanadi. Miya po‘stida analizatorlar markaziy qismlarining rivojlanishi natijasida dastlabki shartli reflekslarning vujudga kelishi uchun sharoit tug‘iladi. Ana shu tariqa bola bir oylik bo‘lgandan so‘ng uning teri, harakat, hid va ta’m bilish, ko‘rish va eshitish analizatorlarida shartli refleks­lar paydo bo‘la boshlaydi. Bir oylik bolani qo‘lga olishingiz bi­lan yig‘isi to‘xtab, tinchib qoladi. Bu bolaning qo‘lga o‘rganib qolganini ko‘rsatadi. Bolaning qo‘lga o‘rganishi unda teri, hid, harakat (kinestezik) va ko‘rish analizatorlari bilan bog‘liq bo‘lgan murakkab shartli reflekslar vujudga kelganligini ko‘rsatadi. Shu­ni unutmaslik kerakki, noto‘g‘ri tarbiyalangan bolada bu refleks nihoyat darajada mustahkam o‘rnashib qolib, natijada bola o‘z o‘rnida yotmaydigan va faqat qo‘lda uxlashni talab qiladigan bo‘ladi. Bu esa bolaning normal o‘sishiga zarar yetkazadi.
Bola ulg‘aygan sari ko‘rish va eshitish analizatorlari bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘pgina shartli reflekslar yuzaga kela boshlaydi. Keyinchalik bu analizatorlar bolaning tevarak-atrofdagi muhitni bilib olishida tobora katta rol o‘ynaydi. Bola ikki oylik bo‘lganida, uning deyarli hamma analizatorlarida shartli reflekslar paydo bo‘ladi. Bu shartli reflekslar tobora ko‘payib va murakkablashib, bola psixikasining o‘sishida fiziologik negiz bo‘lib qoladi.
Go‘daklik davrida psixik taraqqiyot. Go‘dak bolalar psixikasining rivojlanishi, birinchidan, ana­lizatorlarning takomillashuvi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, mustaqil harakatlarining o‘sishi bilan bog‘liqdir. Analizatorlar­ning tez takomillashuvi natijasida bola uch oylik bo‘lganidan so‘ng unda dastlabki shartli reflekslar yuzaga kela boshlaydi. Demak, ana shu davrdan boshlab bola psixikasi tez rivojlanish yo‘liga kiradi. Dastavval bolada harakat analizatorlari bilan bog‘liq bo‘lgan, undan so‘ng eshitish va ko‘rish analizatorlari bilan bog‘liq bo‘lgan shartli reflekslar yuzaga keladi. Ana shu tarzda barcha analizatorlarga nisbatan har xil murakkablikda shartli reflekslar tobora ko‘plab yuzaga kela boshlaydi. Shart­li reflekslarning yuzaga kelishi bola psixikasining rivojlanishi uchun moddiy zamin bo‘ladi.
Keyinchalik, ya’ni ikkiuch oylik bolalarda analizatorlar faoliyatining takomillashuvi natijasida ta’sir qilayotgan qo‘zg‘atuvchilarni farqlash qobiliyati yuzaga kela boshlay­di. Dastavval turli ovozlarni, so‘ngra ayrim yorqin ranglarni, ta’mlarni, farqlay boshlaydi.
Bola yoshiga to‘lguncha juda ko‘p harakatlarni o‘zlashtirib oladi. Bolaning qiladigan turli-tuman harakatlari orasida qo‘l haiakatlari psixik taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan harakatlardir. To‘rt oylik bola narsalarga qo‘l cho‘zadigan bo‘ladi, am­mo u hali o‘zining qo‘l harakatlarini idora qila olmaydi. Bola besh oylik bo‘lgach, narsalarni ushlab, uni paypaslab, timirskilab ko‘radigan bo‘ladi. Bolaning qo‘l harakatlari atrofidagi narsalarni bilish quroliga aylanadi, chunki u narsalarni paypaslab, timirskilab ko‘rish orqali ularning ayrim xususiyatlari­ni bilib oladi.
Bolaning psixik taraqqiyotida murakkab harakatlarni egallab borishi juda katta rol o‘ynaydi. Bola olti oylik bo‘lgach, mustaqil o‘tira oladigan bo‘ladi. Bola o‘tira boshlagandan so‘ng uning nazar doirasi kengayib, unda yangidan yangi taassurotlar paydo bo‘ladi. Bola ko‘z o‘ngida yangi taassurotlarning paydo bo‘lishi idrok, diqqat, xotira kabi psixik jarayonlarning rivojlanishiga katta yordam beradi. Bola sakkiz oylik bo‘lgach, ya­na bir murakkab harakatni, ya’ni emaklashni boshlaydi. Bola psixikasining rivojlanishida bu yangi harakatning ahamiyati juda kattadir. Emaklay boshlagach bolaning atrofdagi narsa­lar bilan munosabatda bo‘lish imkoniyati kengayadi. Natijada mustaqil harakat qilib, yangidan yangi narsalarni taniy boshlaydi. Bolani hamma narsa qiziqtiradi. U bir narsani olib ikkinchi narsaga urib taqillatadi va chiqayotgan ovozga quloq soladi. Odatda, bu yoshdagi bolalar biron narsaning qopqog‘ini ochib yopishni yoqtiradilar. Bunday harakatlar bolaning qo‘l muskullarini mustahkamlaydi va narsalarning turli xossalarini bilib olishlariga yordam beradi. Og‘ir kasallikka uchramay, jis­moniy jihatdan sog‘lom o‘sgan bola 9—10 oylik bo‘lganida yu­ra boshlaydi. Bolaning mustaqil tarzda yura boshlashi uning hayotida g‘oyat katta hodisadir. Bola yura boshlagandan so‘ng uning psixik taraqqiyoti uchun juda katta imkoniyatlar yuzaga keladi. Yura boshlagan bolaning aktivligi kun sayin ortib, erkin harakat qilish doirasi kengayadi. Bemalol yura oladigan bola tor uy doirasidan tashqariga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa idrok doirasini kengaytirib, mazmundor bo‘lishiga yor­dam beradi.
Olti-yetti oylik bolalarda taqlid qilish harakatlari paydo bo‘la boshlaydi. Bola psixikasining taraqqiyotida taqlidning ro­li juda kattadir. Bola juda ko‘p harakatlarni va nutqni asosan taqlid qilish orqali egallaydi. Bolani besh-olti oyligidan bosh­lab nutqni tushunishga o‘rgata boshlash lozim. Buning uchun bolaga o‘yinchoq yoki biron narsani bir necha marta nomini aytib ko‘rsatish kerak. Keyinchalik bolaga ba’zi narsalarning nomi aytilganda u ko‘zlari bilan shu narsani qidirib topadigan bo‘ladi. Bu narsa bolaning kattalar nutqiga tushuna boshlaganidan daiak beradi. Bola nutqni ozmiko‘pmi tushuna boshlagandan so‘ng unga faqat narsalarning nomini emas, balki ayrim sodda harakatlarning ham nomlarini o‘rgata boshlash lozim. Harakatning nomini og‘zaki takrorlab, ayni vaqtda shu harakatning bajarilishini ham bir necha marta ko‘rsatilsa, bo la harakatning nomini eshitish bilan uni bajarishga o‘rganadi. Masalan, «chapak-chapak» deb takrorlab turib chapak chalinsa, bola shu so‘z aytilishi bilan chapak chaladigan yoki bolaga «assalomu alaykum» deb ta’zim qilib ko‘rsatilsa, bo la shu so‘zni eshitishi bilan ta’zim qiladigan bo‘ladi.
Bolalarda ranglarni sezish juda erta ko‘rina boshlaydi. Masa­lan, professor N.I. Krasnogorskiyning o‘tkazgan tajribalariga ko‘ra, ranglarni farqlash bolalarda 3—4 oylik davrdan boshlab ko‘rina boshlaydi. Bola har xil rangli butilkachalardan ovqatlantirilgan (sut emizilgan), lekin faqat sut qizil butilkadagina berilgan. Oradan biroz vaqt o‘tgach, bola faqat qizil rangli butilkagagina reaksiya qiladigan, ya’ni faqat qizil butilkadagi emizikni og‘ziga oladigan, boshqa butilkalarga esa befarq qaraydigan bo‘lgan. Bu tajriba bolalarda ranglarni sezish va farqlash juda erta hosil bo‘lishini ko‘rsatadi.
Ilk yoshdagi bolalarda eshitish sezgisi ham juda erta ko‘rina boshlaydi. Lekin bola tug‘ilgandan so‘ng nechanchi kundan boshlab eshita boshlashini aniqlash qiyin. Yangi tug‘ilgan bola 4—5 kun davomida hech narsani eshitmaydi.
Buning sababi shundaki, yangi tug‘ilgan bolaning o‘rta quloqlari qorindalik paytda suyuqlik modda bilan to‘lib qol­gan bo‘ladi. Ana shu suyuqlik modda tugamaguncha havo to‘lqinlari bola quloqlarining nog‘ora pardasiga borib yetmaydi. 10—15 kunlik bola qattiq tovushlarga reaksiya qila boshlay­di. Buni biz qattiq tovush chiqqan paytida (masalan, bolaning quloqlariga yaqin joyda qattiq chapak chalinsa yoki eshik qat­tiq yopib yuborilsa) bolaning cho‘chib tushishidan bilamiz.
2—3 oylik bolalar taqir-tuqurga quloq soladigan bo‘lib qoladilar. Masalan, yig‘layotgan bolaning oldida shaqildoq shaqillatilsa, bola yig‘idan to‘xtab quloq sola boshlaydi. 3—4 oylik bolalar faqat eshitishgina emas, balki tovush chiqayotgan tomonga boshlarini buradigan bo‘ladilar. Ana shu davrdan boshlab bolalarda turli tovushlarni farqlash ham yuzaga kela boshlaydi. 4—5 oylik bola onaning tovushini boshqa odamlar­ning tovushlaridan bemalol farqlay oladigan bo‘ladi. Tovush­larni farqlash qobiliyati nutq tovushlarini va undan so‘ng ayrim so‘zlarni o‘zgartirish uchun asos bo‘ladi. Eshitish sezgisining normal rivojlanishi ilk yoshdagi bolalarning nutqni egallashlari (til chiqishi) uchun g‘oyat katta ahamiyatga ega. Eshitish sezgi­si bola bilan xususan kattalar munosabatda bo‘lganlarida jadal rivojlanadi. Shuning uchun ilk tarbiyachilari kichik bolalar bi­lan nutq orqali ko‘proq munosabatda bo‘lishlari kerak.
Bolalarda hid, ta’m va teri sezgilari ham go‘daklik davridan boshlab tez rivojlana boshlaydi. Agar 2—3 oylik bola­ning emizigiga qo‘lansa (yoqimsiz) hid tarqatuvchi biron narsa surtib qo‘yilsa, bola bunda betoqatlanib, lablunjlarini bujmaytira boshlaydi. Ta’m sezgisi ham deyarli shu davrdan boshlab yaqqol ko‘rinadi. Chunonchi, ona sutiga o‘rganib qolgan bolaga biroz shakar solib shirin qilinadigan sigir suti berilsa, emgisi kelmaydi. Ana shulardan xulosa qilib aytish mumkinki, ilk yoshdagi kichik bolalarda hid va ta’m sezgi­lari yaxshi ishlaydi.
Teri sezgisi bolalarda tug‘ilgan paytlaridan boshlab mavjuddir. O‘tkazilgan tajribalarning ko‘rsatishicha, biron narsaning tekkanini sezish (ya’ni tuyish organi) go‘dak bolalarda katta odamlarga qaraganda ham o‘tkirroqdir. Bundan tashqari, ilk yosh­dagi kichik bolalar haroratga nisbatan ham juda sezgir bo‘ladilar. Ular cho‘miltirilayotgan suvning salgina isib yoki salgina sovib qolganini darhol sezadilar. Ilk yoshdagi bolalarning hid, ta’m va teri sezgilarini takomillashtirish yuzasidan maxsus ishlar (mashqlar) olib borilmaganligi tufayli bu sezgilar nisbatan sekin rivojlanadi. Ilk yoshdagi bolalarning psixik jihatdan rivojlanishlari uchun harakat sezgisining ahamiyati juda kattadir. Go‘dak bolaning juda ko‘p xilma-xil harakatlari ichida uning qo‘l harakatlari juda katta rol o‘ynaydi. Bola biron narsani qo‘li bilan ushlashga o‘rganganidan so‘ng uni rosa timirskilab ko‘radigan bo‘ladi. Lekin bola biron narsani ushlashi uchun dastavval u narsani atrof-muhitdagi boshqa narsalardan yaqqol ajratishi ke­rak. Buning uchun bola qo‘l va ko‘z harakatlarini moslashtirib idora qila olishi lozim. Bunday murakkab harakatlarni bola dar­hol egallay olmaydi. O‘tkazilgan tajribalarning ko‘rsatishicha, bola murakkab qo‘l harakatlarini ilk yoshida egallaydi.
Yangi tug‘ilgan chaqaloq bolalarda harakat sezgilari boshqa sezgilarga nisbatan yaxshi rivojlanmaganligi tufayli o‘z harakat­larini boshqara olmaydi. Bolani yo‘rgakdan yechib qo‘ygan paytda u juda ko‘p tartibsiz harakatlarni qiladi. Uning hamma yog‘i (qo‘llari, barmoqlari, oyog‘i, oyoq barmoqlari, ko‘zlari, boshi) harakatlanadi. Lekin bolaning bu harakatlarida mutlaqo moslik, tartib bo‘lmaydi. Bolaning o‘z harakatlarini idora qilishi, ya’ni harakat sezgilarining rivojlanishi bosh miya harakat sohasidagi nerv tolalarining miyelinizatsiya qilinishi bilan bog‘liqdir. Bu narsa bolaning 2—3 oylik davridan boshlanadi. Shuning uchun bola 2—3 oylik davridan boshlab o‘z harakat­larini idora qila boshlaydi. Masalan, ana shu davrdan boshlab bola unga uzatilgan narsalarga qo‘lini cho‘zadigan, ushlashga intiladigan bo‘ladi. 2—3 oylik bolani qorni bilan yotqizilsa, u boshini ko‘taradi, 3—4 oylik bola boshini bemalol ushlab ola­di, 4—5 oylik bola esa o‘z gavdasini tik holda ushlab tura oladi. 6—7 oylik bola mustaqil o‘tira oladi. Ana shu tariqa ilk yosh­dagi bolaning harakat sezgilari rivojlanib boradi.
Bolalarda idrokning rivojlanishi sezgi a’zolarining, ya’ni analizatorlarning tobora takomillashishi bilan bog‘liqdir. Le­kin, idrok faqat sezgi a’zolarigagina bog‘liq jarayon emas. Idrok jarayonida sezgilardan tashqari odamning butun turmush tajribasi ham ishtirok etadi. Shuning uchun idrokning rivojlanishi turmush tajribasining tobora orta borishi, odamning turli bilimlarga ega bo‘lishi bilan ham uzviy bog‘liqdir. Go‘dak bolalarning uncha-muncha idrok qilishlari asosan uch-to‘rt oylik davrdan boshlansada, biroq, idrok qi­ladigan narsalarining doirasi hali juda tor bo‘ladi. Bu davr­da bola ko‘z o‘ngidagi yaltiroq yoki tebranib, harakatlanib turuvchi narsalarni idrok qila oladi. Bola to‘rt-besh oy­lik bo‘lib, narsalarni qo‘llari bilan ushlaydigan bo‘lgach, uning idroki mazmun jihatidan boyib, ancha takomillashadi. Buning asosiy sababi shundaki, ko‘rish hamda eshitish sezgilariga endi barcha teri sezgilari ham qo‘shiladi. Natijada bola narsalarni har tomonlama to‘la idrok qila boshlaydi.
Bola yarim yoshga to‘lib, o‘zi mustaqil o‘tira boshlagach, uning idroki yana ham tezroq rivojlanadi. Bunda birinchidan, uning ko‘rish doirasi ancha kengayadi, ikkinchidan esa, narsalarni sinchiklab timirskilab ko‘rish imkoniyati ortadi. Bu davrda bola atrofidagi narsalarni (xususan o‘ziga tegish­li narsalarni) qayta-qayta idrok qilish tufayli ularni bir-biridan farqlaydigan, o‘ziga tegishli narsalarni taniydigan bo‘lib qola­di. Bola emaklab, undan so‘ng yura boshlagach, uning tevarak- atrofidagi narsalarni idrok qilish imkoniyati yanada kengayib ketadi. Bola xohlagan narsasining oldiga borib, uni qo‘liga olib ushlab ko‘radi, atrofidan aylanib qaraydi, iloji bo‘lsa, albatta yalab ham ko‘radi.

Download 1.25 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   74




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling