Malala Yusufzoy Men Malalaman Tik turib taʼlim olgan va tolibonlar
Download 0.59 Mb.
|
1Malala Yusufzoy. Men Malalaman uz-assistant.uz
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tarjimon -– Ahror Sharif
- Muqaddima: Hayotim o‘zgargan kun
1
Malala Yusufzoy Men Malalaman Tik turib taʼlim olgan va tolibonlar tomonidan xo‘rlangan qizaloq Toshkent - 2021Ushbu asar “23,5 burchak ostida” (https://t.me/burchakostida) loyihasi doirasida ilk bora o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Asar nobel mukofoti laureati, 24 yashar pokistonlik Malala Yusufzoy tomonidan yozilgan bo‘lib, muallif bu asarda o‘z mamlakatidagi qizlar taʼlimiga nisbatan to‘sqinliklar, ayollar huquqining poymol bo‘lishi haqida yozadi. Bir qancha qiyinchiliklar tug‘ilishiga qaramay, ilm olish hamda o‘zining va boshalarning huquqlarini himoya qilishdan chekinmagan Malala ko‘plab yoshlarga o‘rnak bo‘ladi degan umiddamiz. Tarjimon -– Ahror Sharif23,5 burchak ostida (https://t.me/burchakostida) loyihasi doirasida tarjima qilindi. Tijoriy maqsadlarda foydalanish qatʼiyan taʼqiqlanadi. Muqaddima: Hayotim o‘zgargan kunMen yarim tunda yaratilgan mamlakatda tug‘ilib qolgandekman. O‘lim yoqasiga kelib qolganim taxminan peshin vaqtiga to‘g‘ri keladi. Bundan bir yil oldin maktabga borish uchun uydan chiqib ketdim va ortga qaytmadim. Tolibonlarning o‘qi ko‘ksimni teshib o‘tdi va Pokistondan xushsiz holda olib chiqib ketildim. Baʼzi odamlar endi hech qachon uyingga qaytmaysan, deb aytishadi, ammo men ich-ichimdan qachondir qaytishimni his qilaman. Albatta, kindik qoni to‘kilgan vatan bilan abadiy xayrlashishni hech kim xohlamasa kerak. Har tong ko‘zimni ochganimda mayda-chuyda buyumlarimga to‘la eski xonamni, xonaning har yerida sochilib yotgan kiyimlarimni va tokchadan o‘rin olgan maktabda qo‘lga kiritgan yutuqlarimni ko‘rishni juda xohlayman. Ammo Svat vodiysida joylashgan uyim bu yerdan ancha uzoqda ekanligi, boshqa mamlakatda yashayotganim va bu yerdagi vaqt Pokistondan besh soat orqada ekanligi meni xafa qiladi. Sevimli vatanim hozir men yashayotgan o‘lkadan ancha ortda qolgan. Bu yerda inson yashashi uchun zarur bo‘lgan barcha qulayliklar mavjud. Kranni burashingiz bilan xohlasangiz issiq, xohlasangiz sovuq suv keladi. Bu yerdagi odamlar yog‘ lampalari nima ekanligini allaqachon unutib yuborishgan – tungi chiroqlar ko‘chalarni xuddi kunduzdagidek yoritadi. AYoQShga borib gaz ballon to‘ldirib kelishga hojat yo‘q – oshxonalarda gaz plitalar mavjud va tabiiy gaz hech qachon uzilib qolmaydi. Zamon shu qadar rivojlanib ketganidan odamlar ovqat pishirishga erinishadi va tayyor ovqatlarni sotib olishni afzal ko‘rishadi. Derazani ochishim bilan osmono‘par binolar, har tomonga shoshilayotgan mashinalar bilan to‘lib toshgan yo‘llar, tekis maysazorlar va odamlar bilan gavjum piyodalar yo‘lakchalariga ko‘zim tushadi. Ko‘zimni yumaman va sevimli vodiyimga qaytgandek bo‘laman: qorli tog‘ cho‘qqilari, zilol suvli buloqlar, yam-yashil далалар… Men bilan birga yashagan insonlarni eslaganimda yuragim hapqirib ketadi. Sevimli maktabimni, sinfdoshlarimni bir-bir ko‘z oldimga keltiraman. Do‘stlarim va o‘qituvchilarim bilan xayolda diydor ko‘rishaman. Eng yaqin dugonam Moniba men tomonga quchoq ochib keladi, bir chekkada o‘tirib, dildan suhbat quramiz, yoshligimizdagi qiziqarli voqealarni eslab кулишамиз… Afsuski, birdan Birmingemdaligim xayolimga келади… 2012 yil 9 oktabr, seshanba kuni, hayotimdagi eng katta o‘zgarish sanasi sifatida tarixga kirdi. Maktab imtihonlari avjiga chiqqan davrlar. Sinfdagi eng aʼlochi o‘quvchi bo‘lganligim tufayli imtihonlar meni aslo qo‘rqita olmasdi. O‘sha kuni ertalab Hoji Bobo ko‘chasi yaqinidagi kichik, har doim to‘zg‘ib yotadigan xiyobonga borishimizga to‘g‘ri keldi. Odatdagidek, u yerga bizni atrofga o‘zidan dizel tutuni taratadigan, yorqin rangga bo‘yalgan aravalarda olib borishdi. Har bir aravaga besh- olti qiz tiqilishib minib olgandik. Tolibonlar hokimiyat tepasiga kelganidan beri maktabimizning maktab ekanligini bildirib turadigan birorta belgi yoki eʼlondan asar ham qolmagan edi. Maktab hovlisi qarshisidagi oq devor va naqshli eshik bu yerda maktab borligini taxmin qilish uchun yetarli emasdi. Bizga o‘xshagan qizlar uchun bu eshikdan xatlab o‘tish boshqa dunyoga tushib qolishdek gap edi. U yerga kirishimiz bilan xuddi shamol quyoshning yo‘lini to‘sib qo‘ygan bulutlarni tarqatib yuborganidek ro‘mollarimizni yechib tashlar va zinapoyadan yuqoriga ko‘tarilardik. Yuqoriga ko‘tarilgach istalgan sinfga kirsa bo‘ladigan ochiq hovliga duch kelardik. Sumkalarimizni stolimizga uloqtirgancha ochiq osmon ostidagi yig‘ilishga shoshilardik. Atrof tog‘lar bilan o‘ralgan. Bitta qiz baqiradi: “Assaaan bash!” Bu “xotirjam o‘tiringlar” degani. Poshnalarimizni bir biriga uramiz va jo‘r bo‘lib javob beramiz: “Alloh!” Qiz yana baland ovozda tovush chiqaradi: “Hoo she yar” (Bu “diqqat qiling” degani) va yana poshnalarimizni bir-biriga uramiz: “Alloh!” Bu maktabga men tug‘ilishimdan sal oldin otam asos solgan ekan. Keyinroq uni o‘rab turgan devorga qizil va oq harflar bilan "Xushal maktabi" yozuvi tushirilgan. Biz qizlar maktabga haftada olti marta borardik. Mashg‘ulotlarimiz qiziqarli edi, 9 sinfda o‘qib yurganimizda quyidagi ishlar bilan mashg‘ul edik: kimyoviy reaksiyalarni tenglashtirish, urdu tili grammatikasini o‘rganish, ingliz tilida “Haste makes waste” kabi qiziqarli jumlalar tuzish, qon aylanishining diagrammalarini чизиш… Ko‘pchilik sinfdoshlarim shifokor bo‘lishni orzu qilishardi. Maktabimizga biror-kimning tahdid qilishi mumkinligi tasavvurimizga ham sig‘masdi. Ammo maktabimiz eshigidan chiqib, ozroq yursangiz, nafaqat vodiyning asosiy shahri bo‘lgan Mingoraning shovqin-suronini, balki tolibonlarga o‘xshagan insonlarning “qizlarning o‘qishi mumkin emas” degan gaplarini eshitishingiz hech gap emasdi. O‘sha kuni hammasi odatdagidek boshlandi. Imtihonlar davom etayotgani uchun maktabga har doimgidek soat sakkizda emas, balki to‘qqizda borishimiz kerak edi. Uyquni jon dilidan sevadigan, azon tovushiyu xo‘rozning qichqirig‘i ham kor qilmaydigan menga bu juda yoqib tushdi. Nihoyat, otam meni uyg‘otadigan vaqt yetib keldi deb hisobladi, shekilli, qulog‘im tagida uning ovozi jarangladi: Jani mun, o‘rningdan turadigan vaqting bo‘ldi. “Jani mun” fors tilida “jondan azizim” degan maʼnoni bildiradi – otam meni doim shunday chaqirardi. Aba, yana ozroq yotay, iltimos, - dedimu ko‘rpaning tagiga sho‘ng‘idim. Qaniydi shu bilan hammasi tinchisa. Qayoqda! Onam tepamga kelib “Pisho” degancha boshimni siladi. Bu “mushukcham” degani edi. Onam meni doim shunaqa erkalardi. Shu onda kechikkanimni payqab qoldim va baqirdim: “Bibi, kechikibman-ku!” Bizning urf-odatlarga ko‘ra barcha bir-biriga aka-uka, opa-singil. Hamma bir-biriga birodar. Hamma bir-biriga qadrdon. Bir-birimizga xuddi shunday munosabatda bo‘lamiz. Otam ilk bora onamni maktabga olib borganlarida barcha o‘qituvchilar onamga “akamning xotini” maʼnosini anglatuvchi “bibi” deb murojaat qilishgan. O‘shandan beri bu odat tusiga aylanib qoldi. Hozir hammamiz uni “bibi” deb chaqiramiz. Uyning old qismidagi katta xonada uxlardim. Xonam faqat divan va shkafdan iborat edi. Bularni vodiyda tinchlik o‘rnatish va qizlarning maktabga borish huquqini himoya qilish kampaniyasiga boshchilik qilganim uchun mukofot tariqasida berilgan pulning bir qismiga sotib olgandim. Tokchalarda maktabda o‘tkazilgan musobaqalarda birinchi o‘rinni olganim uchun hadya qilingan oltin rangli kuboklar va esdalik sovg‘alari o‘rin olgandi. Umrimda bor yo‘g‘i ikki marotaba ikkinchi o‘rinni olgandim va har ikkala gal ham Malka-i-Nur ismli qiz birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Endi bunaqa hodisa takrorlanmasligiga ahd qilgandim. Maktab uyimizdan uncha uzoq emasdi, boshida hammamiz u yerga piyoda qatnashga o‘rgangandik, ammo oxirgi yili maktabga avtobuslarda qatnay boshladik. Safarimiz 5 daqiqaga cho‘zilardi. Avtobus shahar aholisi axlat tashlaydigan daryo bo‘ylab yurib borib, doktor Humoyunning soch ekish klinikasining reklama banneri oldidan o‘tardi. Har safar bu yerdan o‘tganimizda birorta kal o‘qituvchimizning doktorning mijozi bo‘lishi mumkinligini tasavvur qilib, kulishar edik. Avtobusda yurish menga juda yoqardi – jaziramada terga botib, piyoda yurishni kim ham xohlaydi deysiz? Shuningdek, avtobusda dugonalarim bilan, biz “Bhay Jan” (Aka) deb chaqiradigan Usmon Ali bilan chaqchaqlashib ketish ham menga juda manzur bo‘lar, u doim qiziqarli voqealarni aytib berib, bizni kuldirib ketardi. Onam ko‘chada yolg‘iz yurishimdan xavotir olgani uchun ham avtobusga chiqardim. Doimo qo‘rquvda yashardik. Baʼzan gazetalarda ochiqchasiga tahdid qilishar, baʼzida uyimizga xat tashlab ketishardi. Onam mendan qattiq xavotir olardilar. Men esa tolibonlar hech qachon qiz bolani olib ketgani kelishmaydi deb hisoblardim, shu sabab ham ko‘proq otamdan xavotirda edim. U ko‘p joylarda tolibonlarga qarshi gapirib qo‘ygandi. Otamning yaqin do‘sti va sherigi Zohidxonni shu yilning avgust oyida otib o‘ldirib ketishganida otamga qarab “Tayyorlan, endigi navbat seniki” deyishgan ekan. Ko‘chamizga mashina kirmas edi, shu sababdan avtobusdan tushganimdan so‘ng uyga borgunimgacha soy yoqalab yurib, temir darvozadan boshqa ko‘chaga o‘tib, toshli zinapoyalardan tepaga ko‘tarilishimga to‘g‘ri kelardi. Bu zinapoyalardan yurayotib qachondir menga o‘q uzishlari mumkinligini o‘ylab, yuragim orqaga tortib ketardi. Men ham otamga o‘xshab xayolparast edim. Baʼzi paytlarda darsda xayolim qochib, o‘zimning jangari kinolardagi hayotga tushib qolganimni tasavvur qilardim, hayolimdagi terroristlar meni aynan o‘sha zinapoya ustida otib o‘ldirishardi. O‘sha holatga tushib qolsam, qanday yo‘l tutishim meni doimo tashvishga solardi. Balki, tuflimni yechib, jangarining yuziga zarba berarman? Lekin shunaqa qilsam, mening ham jangaridan farqim qolmaydi-ku! Yaxshisi, bunaqa deb qo‘ya qolaman: “Xo‘p, meni otib tashla, ammo avval so‘zlarimga diqqat qil. Sen qilayotgan ish xato. Men senga shaxsan qarshi emasman, shunchaki, har bir qizning maktabga borishini xohlayman, xolos.” Bu meni qo‘rqita olmasdi, ammo kechqurun darvozani qulflaganimga ishonch hosil qilganimdan so‘ng xudodan bu dunyoni tark etganlarni qanday taqdir kutayotganini so‘rardim. Eng yaqin dugonam Moniba mening eng yaqin sirdoshim ham edi. Biz yoshligimizdan bir ko‘chada o‘ynab katta bo‘lganmiz, maktabga borib, sinfdosh bo‘lganimizdan so‘ng esa bir-birimizdan hech narsani qizg‘anmaydigan bo‘lib ketgan edik. Jastin Biberning qo‘shiqlari, “Sumerki” kinosi, yuz terisini yumshatadigan кремлар… Moniba modeler bo‘lishni chin dildan orzu qilardi, ammo oilasi buni bilsa, qarshi chiqishini anglagani holda hammaga “doktor bo‘lishni xohlayman” deb yolg‘on gapirardi. Bizning jamiyatda ayol kishi ishlashni xohlasa ham, u faqat ikkita kasbni egallashi mumkin: shifokor yoki o‘qituvchi. Ammo menga farqi yo‘q edi. Men shifokor emas, ixtirochi yoki siyosatchi bo‘lishga qatʼiy qaror qilganimni ota-onamdan yashirib o‘tirmasdim. Moniba ham mening orzularimdan xabardor va doimo mendan xavotirda edi. Qo‘y, xavotir olma, tolibonlar kichik qizcha uchun bu yerga kelib o‘tirishmaydi, - o‘zimcha Monibaga taskin bergandek bo‘lardim. Avtobusni ko‘rishimiz bilan hammamiz u tomon shoshildik. Baʼzi qizlar eshikdan chiqishi bilan boshlarini ro‘mol bilan o‘rab olishdi va avtobusga o‘tirishdi. Avtobus aslida biz “dayna” deb ataydigan, oq “Toyota town” yuk mashinasi edi. Unda uchta o‘rindiq mavjud bo‘lib, ikkitasi devor bo‘ylab, bittasi o‘rtada joylashgan edi. Avtobusda jami 12 nafar qiz va 3 nafar o‘qituvchi ketar edik. Chap tarafimda Moniba, o‘ng tarafimda Shazia Ramzan ismli qiz, o‘rtada men imtihon fayllarini ko‘kragimga tirab, maktab sumkasini oyoqlarim orasiga joylagancha ketaverardim. Xayollarim biroz to‘zg‘ib кетди… Ammo avtobus issiq va tiqilinch bo‘lgani kechagidek yodimda. Izg‘irinli kunlar yaqinlashib kelayotgan, Hindukush tog‘larining cho‘qqilari allaqachon muzlagan paytlar. Biz o‘tirgan orqa o‘rindiq tarafda hech qanaqa oyna yo‘q, shunchaki yon tomonlari sarg‘aygan va chang bosgan qalin plastik qoplama bilan qoplangan. U orqali biz moviy osmon parchasini, quyoshning g‘ira-shira nurlarini va chang bosgandek ko‘rinadigan bulutlarni ko‘ra olardik, xolos. Avtobus odatdagidek asosiy magistraldagi nazorat punktidan chiqib, o‘ng tarafga burilib, tashlandiq kriket maydonini aylanib o‘tgani esimda. Qolgani yodimdan ko‘tarilibdi. Tushlarimda otam ham avtobus ichida bo‘ladi va men bilan birga o‘q yeb, halok bo‘ladi, birdan hamma yerni erkaklar bosib ketadi va men ular orasidan otamni izlay boshlayman. Hayotga qaytamiz. Bizni to‘satdan to‘xtatishdi. Chap tomonimizda Svatning birinchi moliya vaziri Shermuhammad Xonning qabri, o‘ng tomonimizda esa qandolat fabrikasi joylashgan edi. Nazorat punktidan taxminan 200 metrlar uzoqda edik. Egniga yorqin rang kiyib olgan, ko‘zlarining atrofini ham soqol bosib ketgan bir yigit avtobusga yaqinlashdi va haydovchidan so‘radi. Bu Xushal maktabining avtobusimi? Avtobusimizning yon tarafiga maktabimiz nomi ko‘rga hassadek yozib qo‘yilgani uchun bu savol hammamizga kulgili tuyildi. Ha, - erinib javob berdi Usmon aka. Men bir qancha qizlar to‘g‘risida maʼlumot olishim kerak. Maktab idorasiga murojaat qiling. Haydovchi va boyagi yigit gaplashib turishganida oq tanli boshqa bir yigit avtobusga yaqinlashdi. U bizdan intervyu olishni istagan jurnalist bo‘lsa kerak, - taxmin qildi Moniba. Otam bilan men qizlarning taʼlim olish huquqi uchun kurashishni boshlaganimizdan beri jurnalistlar, hattoki chet ellik jurnalistlar ham tez-tez mendan intervyu olishgan, biroq ular hech qachon yo‘lning o‘rtasida intervyu olishmasdi. Beysbol kepkasini boshiga qistirib olgan, xuddi gripp yuqtirib olishdan qo‘rqqandek og‘zi va burnini ro‘molcha bilan berkitgan bir yigit biz tarafga yaqinlashdi. Ko‘rinishidan u kollej talabasiga o‘xshardi. Yigitcha biz tarafga yanada yaqinlashdi va qo‘pol ravishda so‘z qotdi: Qaysi biring Malalasan? Hamma jimib qoldi, ammo qizlar birvarakayiga menga qarashdi. Faqat mening yuzim ro‘mol bilan to‘silmagan edi. Boyagi yigit dabdurustdan qora to‘pponchasini bizga qarata o‘qtaldi. Keyinchalik men uning markasi “Solt-45” ekanligini bilib oldim. Qizlar qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrashardi. Monibaning qo‘lidan qattiq siqdim. Do‘stlarimning aytishicha, u ketma-ket uch marta o‘q uzgan ekan. Birinchi o‘q chap ko‘zimning chanog‘ini yalab o‘tib, chap yelkamning pastki qismiga tegdi. Monibaning tizzasiga yiqildim. Chap qulog‘imdan tinmay qon oqardi. Qolgan ikkita o‘q boshqa qizlarga “nasib etdi”. Bir o‘q Shazianing chap qo‘liga tegdi. Yana biri uning chap yelkasini yalab o‘tib, Koinot Riazning o‘ng qo‘lining tepa qismiga qadaldi. Keyinroq do‘stlarim o‘q uzayotgan jangarining qo‘llari qaltiraganini aytib berishgandi. Shifoxonaga yetib kelganimizda mening uzun sochlarim va Monibaning tizzalari qonga belangandi. Malala aslida kim? Malala – bu men va bu kitob – mening hikoyam. Endi sizlarga o‘z hayotimda bo‘lgan voqealarni batafsil bayon etaman. Yaxshilab o‘tirib oling. Download 0.59 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling