Malala Yusufzoy Men Malalaman Tik turib taʼlim olgan va tolibonlar
Download 0.59 Mb.
|
1Malala Yusufzoy. Men Malalaman uz-assistant.uz
bob. QishloqPushtunlarning odatiga ko‘ra bola tug‘ilganidan 7 kun o‘tib "voma" nomli marosim o‘tkaziladi (bu so‘z pushtun tilida "yetti" maʼnosini anglatadi). Marosimda qarindoshlar, do‘st-yoronlar, qo‘shnilar to‘planishib, yangi tug‘ilgan chaqaloqqa eng yaxshi tilaklarni bildirishadi. Men tug‘ilganimda bu marosim o‘tkazilmay qolib ketgan, chunki ota-onamning marosimni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan echki va guruchni sotib olishga mablag‘lari bo‘lmagan. qiz bola bo‘lganligim sababli bobom ham otamga yordam berishdan bosh tortgan. Ukalarim tug‘ilgach bobom pul jo‘natganida otamning nabiralarini jinsiga qarab ajratgan bobomdan jahli chiqib, bu pulni qaytarib yuborgan. Otamning otasi tug‘ilishimdan unchalik xursand bo‘lmagan bo‘lsa-da, u men tirik holda ko‘rgan yagona bobom edi — onamning otasi men tug‘ilganimdan ancha oldin narigi dunyoga ravona bo‘lgandi. Bobom bilan esa asta-sekin do‘stlashib olganmiz. Ota-onam mening har ikkala bobomdan ham baʼzi fazilatlarni meros qilib olganimni aytishardi. Onamning otasidan menga donishmandlik va yumor hissi o‘tgan bo‘lsa, otamning otasi shu yerda ham ziqnalik qilib, faqatgina baland ovozni ravo ko‘rgandi. Yillar o‘tgani sari bobomning soch-soqoli oqarib bordi va ancha muloyim insonga aylanib qoldi. Bolaligimda qishloqqa borishni juda xush ko‘rardim. Bobom meni ko‘rishi bilan quvonchdan qo‘shiq kuylashga tushib ketar, «qayg‘uga ботган» degan maʼnoga ega ismimning maʼyusligidan tashvishlanib, ismimga biroz quvonch «qarz” berishga urinardi: “Malala Mayvand vala da Pa tol jehan ked a xushala da”. (Mayvandlik Malala Dunyodagi eng baxtli inson.) Biz har hayit bayramida egnimizga eng yaxshi liboslarimizni kiyib, kuzovlari zanglab ketgan, motorining tovushi olamni buzadigan mikroavtobusga o‘tirib, shimolga — otamning kindik qoni to‘kilgan qishloqqa yo‘l olardik. Hayit sanasi radioda eʼlon qilingandan so‘ng darhol sayohatga tayyorlanar, ketishimizdan bir kun oldin tunda hayajonlanganimizdan ko‘zimizga uyqu kelmasdi. Yo‘lni yomg‘ir va ko‘chkilar ayanchli holatga olib kelgani uchun sayohat odatda besh soat davom etar, mikroavtobus tong saharda yo‘lga otlanardi. Qarindoshlarimiz uchun sovg‘alar — kashtadan tikilgan ro‘mollar, shirinliklar, pista, qishloqda topib bo‘lmaydigan dori- darmonlarga to‘la sumkalarni sudrab erta tongda avtovokzal tomon yo‘l olardik. Baʼzi yo‘lovchilar o‘zlari bilan qopda un va shakar orqalab olishardi. Odatda yuklar avtobus tomiga arqon bilan mahkamlanardi. Yuk ortilganidan so‘ng deraza tomondagi joyni egallash uchun apil- tapil avtobusga o‘zimizni urardik. To‘g‘ri, derazalar juda iflosligidan atrofni kuzatib ketishga imkon bo‘lmasdi, lekin bu hech nima ko‘rinmaydi degani emasdi. Svat avtobuslarining yon tomonlariga yorqin pushti va sariq rangli gullar, to‘q-sariq yo‘lbarslar va qorli tog‘lar manzaralari chizilgan bo‘lardi. Garchi otam siyosatchilar atom bombasini yaratishga sarflaydigan mablag‘ni maktab qurishga sarflaganlarida ko‘proq narsaga erishishimiz mumkinligini bot-bot takrorlasalar ham, biz F-16 qiruvchi samolyotlari va atom raketalari tasviri tushirilgan mikro-avtobuslarga chiqishga ishqiboz edik. Odamlar bilan gavjum bozorni, oppoq tishlarini ko‘rsatib, jilmayib turgan ayolning tasviri tushirilgan tish doktorining reklama bannerini, oynasidan tillalarning jilolanishi yaqqol ko‘rinib turgan zargarlik do‘konini, yo‘l chetida sotiladigan jo‘jalar solingan katta- katta qafaslarni ortda qoldirib, yo‘limizda davom etaverdik. Gavjum va keng ko‘chalardan o‘tganimizdan so‘ng, Mingoraning shimoliy qismidagi to‘kilay-to‘kilay deb turgan paxsali uylar bizni kutib oldi. Va nihoyat, qishloqqa eltadigan so‘nggi manzil – vali tomonidan qurib, xalqqa ancha yengillik tuxfa etgan trassaga yetib keldik. Trassaning chap tarafida Svat daryosining zilol suvlari shildirab oqsa, o‘ng tarafida mamlakat iqtisodiyotida o‘ziga xos ulushga ega bo‘lgan zumrad konlari joylashgan edi. Daryo bo‘yida chet ellik sayyohlar uchun mo‘ljallangan oynali restoranlar joylashgan bo‘lib, bizga o‘xshagan oddiy xalq vakillari u yerda ovqatlanishni xatto tushimizda ham ko‘rmasdik. Baʼzan orqasiga og‘ir qop orqalab olganidan beli bukchayib, yurishga qiynalayotgan bolalarga, baʼzan esa cho‘ponning gapiga quloq solmay, har tomonga tarqalib ketgan echkilar podasiga ko‘zimiz tushardi. Avtobus shahardan uzoqlashishi bilan manzara tubdan o‘zgardi. Endi ko‘z o‘ngimizda o‘rik, xurmo, behi daraxtlari, shuningdek suv bilan bo‘ktirilgan sholi dalalari namoyon bo‘lardi. Daryoning yonida joylashgan tosh yo‘llardan o‘tayotganimizda, suv kimyoviy moddalar taʼsirida oqarib ketganini ko‘rgan otamning qoshlari chimirildi, “Jinoyatchilar, vodiymizning go‘zal tabiatini o‘z qo‘llari bilan o‘ldirishmoqda!” deb baqirib yubordi. Yo‘l daryo bo‘yidan chapga burilib, o‘rmonli tepaliklar tomon ko‘tarilgan sayin quloqlarimiz bita boshladi. Yo‘l davomida birinchi vali tomonidan qurilgan qalʼa xarobalari saqlanib qolganligiga guvoh bo‘ldik. Avtobus quloqni qomatga keltiradigan tovushi bilan sekin oldinga ildamlar, tik jarlikka ko‘tarilganimiz sari haydovchining og‘zidan shu paytgacha eshitmagan so‘kinishlarni o‘zimiz uchun kashf qilib borardik. Aka- ukalarim bu holatdan juda zavqlanib, meni masxara qilar, jarlikdan qulab tushgan mashinalar va avtobuslarning qoldiqlarini menga ko‘rsatib, qiqir-qiqir kulishardi. Nihoyat, bizga yerning tugashi-yu, osmonning boshlanishidek bo‘lib tuyulgan Shangla dovoniga yetib keldik. Biz maktabdaligimizda biz uchun yetib bo‘lmasdek tuyulgan dovon endi ko‘z oldimizda viqor bilan gavdalanardi. Avobus bu yerda bir oz tin oldi va yo‘lovchilar choy ichish va nafas rostlab olish maqsadida avtobusdan tushishdi. Tog‘ning tepasida, qarag‘ay va sadr hidiga to‘yingan toza havodan nafas olish naqadar maroqli! Shundoqqina yonginangda qaynab chiqayotgan buloq va biroz pastroqdan ko‘rinib turgan sharsharani ko‘rib ko‘zing quvnaydi. Shangla, o‘z nomi bilan tog‘larning tog‘i, yerning tugab, osmonning boshlanishi. Dovonni oshib o‘tgandan keyin yo‘l pastga tushib borib, G‘urban daryosi bo‘ylab cho‘zilib, asta-sekin torayib, toshli yo‘lga aylanadi. Daryodan o‘tish uchun birgina yo‘l mavjud edi, bu ham bo‘lsa, bir necha yillardan beri foydalanib kelinayotgan osma ko‘prik. Chet elliklar buni ajal ko‘prigi deb atasa ham, biz uchun bu ko‘prik juda qadrli edi. Agar xaritadan Svat vodiysiga ko‘z tashlasangiz, chetida bir nechta daraxtlar bir tekisda ekilgan magistral kichik vodiyga tutashganini ko‘rasiz. Biz bu vodiylarni dara deb ataymiz. . Bizning qishloq sharqda, Kana darasida joylashgan bo‘lib, har tomondan tog‘lar bilan o‘ralgan. Qishlog‘imizda uylar kichkina va zich joylashganidan, kriket o‘ynash uchun ham joy topa olmay qolamiz. Biz qishlog‘imizni Shopur deb ataymiz. Umuman, vodiyda 3 ta katta qishloq bor: eng kattasi Shopur, otam tug‘ilib o‘sgan Barkana, onam yashagan Karshat. Qishlog‘imizni to‘rt tarafidagi purviqor tog‘larning nomlari quyidagicha: Tortog‘, Qoratog‘, Burmatog‘, Oqtog‘. Biz odatda otam tug‘ilib o‘sgan, bobomning uyi joylashgan Barkanada yashaganmiz. Bobomning uyi atrofdagi ko‘pgina uylardan farq qilmasdi tekis tom, loy bilan suvalgan tosh деворлар… . Shunday bo‘lsa-da, betondan qurilgan, hammomli uylari bo‘lgan onamning qarindoshlari yashaydigan Qarshatda yashash menga afzalroq edi. Bundan tashqari, bu yerda men bilan o‘ynaydigan bolalar har doim topilardi. Onam va men birinchi qavatda joylashgan ayollar xonasida joylashgan edik. Ayollar kun bo‘yi erlari va bolalari uchun ovqatlar tayyorlab, ikkinchi qavatdagi hujrada yalpayib yotadigan erkaklarga xizmat ko‘rsatishardi. Anisa va Sumbul ismli bo‘lalarim bilan birgalikda bir xonada uxlardim. Devorda masjid shaklidagi soat, shuningdek, bobomdan qolgan miltiq osig‘liq turardi. Qishloqda ayollar tong sahardan, xo‘roz qichqirig‘iga qarab uyg‘onishadi va darhol nonushta tayyorlashga kirishib ketishadi. Uyquni jon- dilidan suyadigan menga o‘xshagan qizlar ham idishlarning taqir- tuquridan uyg‘onib ketishga majbur bo‘lishadi. Quyosh Tortog‘ning cho‘qqilaridan mo‘ralay boshlaganda, bomdod namozi o‘qilayotgan bo‘ladi. Namoz vaqti tugab, atrofga nazar solsangiz, chap tomonda ko‘tarilayotgan quyosh nurlari natijasida Burmatog‘ yonbag‘irlari go‘zallikka burkanadi, tog‘lar orasidan qoq peshonasiga Jumar Tika - oltin toj taqib olgan quyosh mo‘ralab turadi. Bu o‘lkaga yomg‘ir tez-tez mehmonga kelib turadi, mehmondorchilik o‘z nihoyasiga yetganidan so‘ng, atrof yanada ko‘rkamlashib, ajib bir go‘zallik hosil qiladi. Bulutlar tepaliklarning yuqorisida yastanib yotgan maysalarda bir oz hordiq chiqarib, navbatdagi mehmondorchilik sari yo‘l oladi. Bu yerda kashtan o‘stiriladigan tomorqalarni uchratish odatiy holga aylangan. Asalari uyasi ham ancha serob. Men asalni juda yaxshi ko‘rganim sabab, uni kashtanga qo‘shib yeganlarimni eslasam hozir ham entikib ketaman. Pastda, Karshat daryosining bo‘yida odamlar mol-xolini sug‘oradi. U yerda shuningdek suv tegirmoni joylashgan bo‘lib, uning toshlari tinimsiz bug‘doy va makkajo‘xorini maydalab, un tayyorlab beradi, bu yerda ishlaydigan yosh yigitlar esa tayyor unni qoplarga joylaydi. Tegirmondan sal oldinga yurilsa, shiypon tagida bir-biriga chirmashib ketgan simlardan iborat transformator joylashgan. Hukumat qishlog‘imizni elektr energiyasi bilan taʼminlamagani tufayli, axolimiz nolib o‘tirmay, o‘zi uchun sharoit yaratgan va o‘ziga yarasha gidro elektro-stansiya bunyod etgan. Kun yorishib, quyosh balandga ko‘tarilgach, Oqtog‘ning kattagina qismi saxiy quyoshning nurlaridan bahramand bo‘la boshlaydi. Nomozshom vaqtida Oq tog‘ga soya tushadi va quyosh eng so‘nggi nurlari Qoratog‘ning cho‘qqilari tomon yo‘l oladi. Quyoshning joylashuviga qarab, odamlar ibodat vaqtini belgilab olishadi. Oqtog‘ bizga har tomondan ko‘rinib turadi, buni yurtimiz tinchligi va farovonligining ramzi, vodiymiz ustida hilpirab turgan oq bayroq deb taʼriflaymiz. Yoshligida butun dunyoni vodiydan iborat deb hisoblagan otam tog‘ning narigi tarafida ham hayot borligini tasavvuriga ham sig‘dira olmagan. Men shaharda tug‘ilgan bo‘lsam-da, tabiatga bo‘lgan muhabbat hech qachon meni tark etmagan. Ona tuproqni, yerdagi har bir maysani, o‘tloqlarni, dalada o‘tlab yurgan sigirlarni va atrofdan go‘zallik izlab yurgan kapalaklarni o‘z yaqinimdek ko‘raman. Qishloq ahli juda kambag‘al bo‘lsa ham, bizning tashrifimiz hammaga xush yoqib, katta tantanalarga sabab bo‘ladi. Ayollar tovuq, mol go‘shti, guruch va sabzavotlarni katta qozonga tashlab, tansiq taomlar bilan siylashadi. Albatta, bayram olmali pirogsiz va vodiyning tashrif qog‘ozi – sutli choysiz o‘tmaydi. Hech qaysi bolada o‘yinchoq yoki kitob mavjud emas. Bolalar odatda yopishqoq lenta bilan mahkamlangan polietilen paketlardan yasalgan to‘p bilan kriket o‘ynashadi. Qishlog‘imizni unutilgan go‘sha desak ham bo‘laveradi. Bunga sabablar ham bisyor: suv tashib keltiriladi, faqatgina erkaklari konlarda ishlash uchun janubga ketgan yoki Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan birida ishlayotgan oilalarning uyigina betondan quriladi. Yer yuzidagi 40 million pushtundan 10 million nafari chet ellarda istiqomat qiladi. Albatta, ularning o‘zlari buni xohlashmasa ham, oilalarini boqish uchun chet ellarda sarson-sargardon yashashga majbur bo‘lishadi. Aksariyat farzandlar uchun otalarini bir yilda bir marotaba ko‘rish katta baxt. Lekin, otalar bir yilda bir kelib ketsa ham, ancha-muncha ishga ulgurib qolishadi - oradan to‘qqiz oy o‘tganidan so‘ng oilaga yangi mehmon tashrif buyuradi. Tepaliklarning qiya joylarida bobomning uyiga o‘xshagan paxsa uylar qurilgan bo‘lib, bu uylarni ko‘pincha sel oqizib ketadi, ularda yashaydigan bolalarning sovuq yeb, o‘lib qolishi tez-tez kuzatiladi. Butun boshli tumandagi yagona shifoxona Shopurda joylashgan bo‘lib, agar boshqa qishloqlardan biror kim kasal bo‘lib qolsa, qarindoshlari bemorni yog‘och zambilga solib, kasalxonaga eltishadi. Biz bu zambilni hazillashib «Shangla tez yordam машинаси» deb ataymiz. Mabodo, bemorning peshonasi sho‘r bo‘lib, jiddiyroq kasallikka yo‘liqqan bo‘lsa, shalog‘i chiqib ketgan avtobusda Mingoraga qarab yo‘l oladi. Bemor yo‘l- yo‘lakay bel og‘riq orttirib olishi hech gap emas. Siyosatchilar bu yerda faqatgina saylovoldi tashviqot paytida qorasini ko‘rsatishadi, tez orada yo‘llar, kasalxonalar va maktablar qurishlarini, elektr energiyasi va suv taʼminotini tashkillashtirishlarini aytib, qop-qop vaʼdalar berib, mahalliy aholining quloqlariga lag‘mon osib ketishadi. Ular bu bilan cheklanmay, qishloqning savodli odamlariga pul tutqizib, qolgan odamlarni ham o‘ziga ovoz berishga daʼvat qilishlarini so‘raydilar. Albatta, saylash huquqi faqat erkaklarga taalluqli, ayollarning saylovda qatnashishi mumkin emas. Saylovlardan so‘ng siyosatchilar Oliy kengash yoki viloyat kengashiga saylanganlariga qarab Islomobodda yoki Peshovarda o‘rnashib olib, keyingi saylovgacha dumlarini tutqazishmaydi. Shu bilan ularning vaʼdalari ham o‘z- o‘zidan unutilib ketadi. Shaharda tug‘ilib o‘sganim uchun mening odatlarim bo‘lalarimga g‘alati tuyuladi. Yalang oyoqda yurishni yoqtirmayman, ammo kitob o‘qish jonu dilim. Men ularning shevasida emas, shahar shevasida gaplashaman, nutqimga ular tushunmaydigan, Mingorada ishlatiladigan shevaga xos so‘zlarni ko‘p qo‘llayman. Mening kiyimlarimning hammasi do‘kondan sotib olingan bo‘lsa, ularniki qo‘lda tikilgan. Qarindoshlarim mendan tovuq go‘shtiga tobim qalayligini so‘rashganida, «Tovuqda nima ayb? Tovuqlarni o‘ldirmasligimiz kerak!» deb javob beraman. Ular shaharda tug‘ilib o‘sganim uchun meni zamonaviy deb o‘ylashadi. Islomobod yoki Peshovarda yashaydiganlar bilan o‘rtamizda yer bilan osmoncha farq borligini tasavvurlariga ham sig‘dira olishmaydi. Baʼzan bolalar bilan birgalikda toqqa chiqsak, baʼzan tanish so‘qmoqlar bo‘ylab daryo labiga boramiz. Kunlar isishi natijasida qorlar eriganda daryo suvga to‘lib-toshadi va yigitlar o‘z qo‘llari bilan yasagan qarmoqlarining ignasiga chuvalchangni xo‘rak sifatida joylashtirib, ko‘z-o‘ngimizda baliq ovlashadi. Baʼzi yigitlar tinimsiz hushtak chalib, baliqning diqqatini tortishga harakat qiladi. Bu baliqlar mazasiz, qiltig‘i ko‘p bo‘lsa ham, baliq ovi jarayonida olinadigan zavq yigitlarni baliq ovlashga chog‘lantiradi. Qizlar esa uylaridan guruch, sharbat va boshqa noz-neʼmatlar olib kelib, tabiat qo‘ynida o‘tirishni xush ko‘rishadi. Bizning sevimli o‘yinimiz – to‘y. Bu o‘yinning shartlari quyidagilardan iborat: ikki guruhga bo‘linamiz, har bir guruh alohida oila hisoblanadi. So‘ngra, kuyov tomon kelin tomonnikiga «sovchilikka boradi”. Qiz taraf rozilik berganidan so‘ng, to‘y-tomosha boshlanib ketadi. Men qishloq qizlariga qaraganda zamonaviy ekanligim, shuningdek, shaharda yashaganim uchun hamma meni o‘z guruhiga qo‘shilishimni istaydi. Oramizdagi eng chiroyli qizning ismi Tanzila bo‘lib, biz uni boshqa oilaga berib turardik va uni o‘zimizning oilaga kelin qilib olib kelardik. «Soxta” to‘yimizning eng quvonchli voqealaridan biri – zargarlik buyumlarimizni ko‘z-ko‘z qilish hisoblanadi. Kelinni bezatish uchun hamma uyidan yashirincha bilaguzuklar, zanjirlar, uzuk va sirg‘alar olib chiqadi, bollivud kinolaridagi qo‘shiqlarni bilganimizcha aytib, dunyo tashvishlarini unutib, raqsga tushamiz. Navbat kelinning yuzini makiyaj qilishga kelganida, onalarimiz ishlatadigan upani kelinning yuziga suramiz. Issiq ohaktosh va soda bilan ishqalab, oqartirilgan qo‘llarga turli xil rangdagi xinalar qo‘yib chiqamiz. Hammasi tayyor bo‘lganidan so‘ng, kelinimiz yolg‘ondan yig‘lay boshlaydi va kayvonimiz kelinning yelkasiga qoqib, unga tasalli beradi: «Qizim, nikoh hayotimizning bir qismi. Qaynona-qaynotangdan yaxshi muomala olish uchun hormay-tolmay ularning xizmatida bo‘l. Eringning aytganidan chiqma. Shunda baxtli bo‘lasan”. Qishlog‘imizda bo‘lib o‘tadigan haqiqiy to‘ylar haqida-ku, gapirmasak ham bo‘ladi. Eng kami 4-5 kun davom etadigan to‘y bazmlari sababli to‘y egalari bo‘ynigacha qarzga botib ketishadi. «Qishloqdagi hamma kambag‘al bo‘lsa, urf-odatlarni bajaraman deb, xonavayron bo‘lishing shartmi?» deydigan odam yo‘q. Kelin jimjimador kiyimlarda, tilla marjon va bilakuzuklarga ko‘milib sahnaga chiqmasa, hisob emas. Albatta, bu tillalar o‘z-o‘zidan kelmaydi, to‘y egalari butun umr yemay- ichmay yig‘ib kelgan pullari bir kunlik hashamat uchun sarflab yuboriladi. 1980-90 va 1993-96 yillarda Pokiston bosh vaziri bo‘lgan Benazir Buxutto isrofgarchilikka hojat yo‘qligini odamlarga ko‘rsatib berish uchun shisha bilaguzuk taqib, o‘z to‘yini o‘tkazgan. Ammo xalqimiz kelinni tillaga ko‘mish anʼanasini hali-beri yo‘qotmasa kerak. Baʼzida ko‘ngilsiz voqealar ham bo‘lib turadi. Konda ishlash chog‘ida baxtsiz hodisaga duchor bo‘lib, bevaqt dunyodan ko‘z yumgan qishloqdoshlarimizning jasadlari temir tobutda olib kelinadi. Bir nechta ayollar marhumning xotini yoki onasining uyida yig‘ilib, uvvos solib yig‘lashi natijasida yig‘i ovozi butun vodiy bo‘ylab aks-sado beradi. Bunday ovozlarni eshitganimda etim junjikib кетади… Qishloqqa tun bostirib kirganidan so‘ng, atrofni zulmat qoplaydi, faqatgina uylarning derazalaridan moychiroqlarning xira shuʼlasi ko‘rinib turadi. Voyaga yetgan qarindoshlarimdan birontasi ham o‘qish va yozish ilmidan bexabar bo‘lishsa ham, ko‘plab qiziqarli hikoyalarni bilar, biz «tapa” deb ataydigan sheʼriy dostonlarni yoddan aytib bera olardi. Buvim ham bir qancha dostonlarni yoddan bilishi bilan ajralib turardi. Dostonlarning aksariyati o‘tli muhabbat va vatanga sadoqatni o‘ziga mavzu qilib olgandi. Buvim «Hech bir pushtun o‘z xohish-irodasi sabab yurtini tark etmaydi. Faqat sevgi yoki qashshoqlik uni harakatga keltirishi мумкин» deb taʼkidlardi doim. Amma-xolalarim aytib bergan arvohu, ins-jinslar haqidagi hikoyalar gohida bir necha tunni uxlamasdan o‘tkazishimga sabab bo‘lardi. Ko‘plab dahshatli hikoyalarning qahramoni bo‘lgan yigirmata barmoqli Shalgvatayning yarim kechasi uylarga yashirincha kirib, uxlab yotgan bolalarni yeb ketishi haqidagi qo‘rqinchli hikoyalar tunda hech ko‘z oldimizdan ketmasdi. O‘sha paytda dahshatdan dag‘-dag‘ titragan bo‘lsak, keyinchalik har bir odamda 20 ta barmoq bo‘lishini bilib, hech qanaqa Shalgvatay yo‘q ekanligiga amin bo‘ldik. Kattalar bizni yuvintirish uchun Shashaka ismli maxluq ayol to‘g‘risidagi hikoyani aytib berishgan, biz bolalar cho‘milgimiz kelmaganida ham, Shashakani ko‘z oldimizga keltirib, darrov hammomga chopardik. Shashaka haqidagi rivoyatga ko‘ra, u irkit bolalarning yoniga kelib, qo‘llarini bog‘lab, tanasiga har xil hasharotlarni qo‘yib yuboradi, sochlarini esa kalamushning dumiga aylantiradi. Uning qo‘lidan odam o‘ldirish ham keladi. Qish oylarida bolalar ota- onasining xohish istagiga qarshi borib, qorda o‘ynash uchun ko‘chaga chiqmoqchi bo‘lganlarida, qor paytida och qolib ko‘chada o‘ynab yurgan bolalarni yeb ketishi mumkinligi to‘g‘risidagi hikoyalar ishlatiladi. Ulg‘ayganim sari qishloq hayotidan zerika boshladim. Butun boshli qishloqda umuman kompyuter yo‘q, qishloqning aksariyat odamlari kompyuter nima ekanligini ham билмайди… Qishloqdagi barcha ayollar paranji yopinib olishadi, yaqin qarindoshi bo‘lmagan erkakka yuzini ko‘rsatish nari tursin, gapirish ham katta gunoh sanaladi. Men ularga nisbatan ancha zamonaviy kiyinaman. Mana o‘smir yoshiga yetibmanki, hali ham yuzimni paranji bilan to‘smaganman. Erkak qarindoshlarimning bundan jahli chiqib, otamga «nega bu qizingiz o‘ranmaydi?» deb so‘raganida, otam juda ajoyib tarzda javob bergan: – Bu mening qizim. Ishlaring bo‘lmasin. O‘z ishingiz bilan shug‘ullaning. Oilaviy masalalarimga burningizni suqmang! Ammo qishloqning aksariyat aholisi otam va meni g‘iybat qilib, pushtunlarning sharaf qonuniga amal qilmayotganlikda ayblashadi. Pushtun bo‘lganimdan faxrlansamda, millatimizning odob-axloq qoidalarida juda ko‘p keraksiz qoidalar mavjud deb hisoblayman. Ayollar amal qilishi kerak bo‘lgan qonun-qoidalar esa shunchaki daxshatning o‘zginasi. Qo‘shnimiz Shohida opaning aytib berishicha, otasi uni o‘n yoshligida qarib quyulmagan, xotini bo‘lsa ham, yoshrog‘ini ko‘ngli tusab qolgan cholga sotib yuboradi. Qizlar har doim ham to‘y- tomosha bilan ota uylarini tark etishmaydi. Qishlog‘imizda 15 yoshli juda go‘zal Sima ismli qiz yashardi. Butun qishloq uning bir yigit bilan sevishganini yaxshi bilardi. Nigohlar to‘qnash kelganida mehr bilan bir-biriga tikilishganini ko‘rgan boshqa qizlar hasad o‘tida yonardi. Bizning odatlarga ko‘ra, qiz bola birovni sevib qolsa, oilasini isnodga qo‘ygan bo‘ladi. Erkaklaga esa hamma narsa mumkin. Oradan biroz vaqt o‘tib Sima o‘zini osgani haqidagi xabar butun qishloqqa tarqaldi, ammo keyinchalik qiz oila aʼzolari tomonidan zaharlab o‘ldirilgani oydinlashdi. Pushtunlardagi “Svara” deb nomlangan odatga ko‘ra, o‘zaro kelisha olmay qolgan qabilalar quda-anda bo‘lish orqali bir ittifoqqa kelishadi. Hozirda bu odat qonunan taʼqiqlangan bo‘lsa ham, amalda davom etmoqda. Masalan, qishloqda Soraya ismli beva ayol yashab, o‘z oilasiga zid bo‘lgan qabilaga mansub erkakka turmushga chiqqan. Odatlarimizga ko‘ra, hech kim oilasi bilan maslahatlashmasdan turib, beva bilan turmush qura olmaydi. Uning turmush qurganini eshitgan qarindoshlari g‘azab otiga mindi va ushbu muammoli vaziyatni hal qilishda ko‘maklashish uchun “jirg‘a” oqsoqollar kengashi ni chaqirdi. Qiz taraf o‘z qizlarini kuyovning ota-onasi bilan maslahatlashmasdan berib yuborgani uchun, aybdor deb topildi va jarimaga tortildi. Kuyov va kelin ajralishdi. Solingan jarimani qizning otasi bir amalllab to‘ladi. Nega shu yerda ham ayollar huquqi poymol qilindi ekan-a? Bu voqealardan taʼsirlanib, otamga dardi-hol qilganimda, otam menga Avg‘onistondagi ayollarning ahvoli yanada ayanchli ekanligini aytib berdi. Men tug‘ilishimdan bir yil oldin bu mamlakatda bir ko‘zli mulla boshchiligidagi Tolibon nomli harakat hokimiyatni qo‘lga kiritgan va barcha ayollar maktablarini yoqib yuborgan. Tolibonlar erkaklarni soqol o‘stirishni, ayolllarni esa paranji yopinib yurishni majburiy qilib qo‘ydi. Paranjidagi ko‘rish uchun mo‘ljallangan tor tirqish bilan yurish haqiqiy azobdir, ayniqsa jazirama kunlarda paranjida yurgan ayol o‘zini qizib turgan hammom ichidagidek his qiladi. Shaxsan men, hech qachon paranji kiymaslikkka qaror qilganman. Shuningdek toliblar ayollarning baland ovozda kulishini va oq rang "faqat erkaklarga tegishli rang ekanligi uchun” tufli kiyishini taʼqiqladi. Tirnog‘iga lak qo‘ygan ayollar kaltaklana boshlandi. “Anna Karenina” ga o‘xshagan kitoblar, shuningdek Jeyn Ostin romanlarini o‘qib, otamning: "Malala qushday erkin bo‘l!" degan so‘zlarini eslab taskin topardim. Avg‘onistondagi vaziyat bilan tanishgach o‘zimni “jannat”da yashayotgandek his qila boshladim. Har holda, bizda qizlarning maktabga borishi maʼqul ko‘rilmasa ham, taʼqib ham qilinmasdi. Men uchun tug‘ilib-o‘sgan jannatmakon Svat vodiysi dunyodagi eng quyoshli joy bo‘lib qoldi va tog‘lar ortida to‘planib turgan qora bulutlarni esa, afsuski, ilg‘amasdim. Meni otamning quyidagi so‘zlari tinchlantirardi: “Hayolingni bo‘lmasdan, orzularing ummonida sayr qilaver. Men seni doimo himoya qilaman.” Download 0.59 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling