Malala Yusufzoy Men Malalaman Tik turib taʼlim olgan va tolibonlar
Download 0.59 Mb.
|
1Malala Yusufzoy. Men Malalaman uz-assistant.uz
Xurmatli janob, agar ilojingiz bo‘lsa, unga kitoblar mo‘jiza ekanligini tushunishni o‘rgating. Shuningdek, unga bo‘sh vaqt taqdim etib, osmon, qushlar, asalarilar, quyosh va gullarning go‘zalligidan bahramand bo‘lib, go‘zallikdan zavqlanishga undang. Eng muhimi, o‘zini aldab yurgandan ko‘ra, sinab ko‘rib muvaffaqqiyasizlikka uchragan yaxshiroq ekanligini uqtiring.”
Menimcha, umrida hech qachon xato qilmagan inson bo‘lmasa kerak. Eng muhimi, o‘z xatolaringizdan to‘g‘ri xulosa chiqarishdir. Shuning uchun ham men pushtunlarning sharaf qonunlariga rioya qilishim juda qiyin. Unda keltirilgan qoidalarga ko‘ra, hech bir ish javobsiz qolmasligi va albatta qasos olinishi zarur va shart. Ammo, hamma qasos olaversa, yomonlikka kim chek qo‘yadi? Agar bir oilaning aʼzolari boshqa oilaga tegishli bo‘lgan odamni o‘ldirsa yoki yarador qilsa, bu oilalar o‘rtasida haqiqiy urush boshlanadi. Bu urush ikki tomonning ham deyarli barcha erkaklarining o‘limi bilan yakunlanadi. Maqollarimiz ham bunaqa vaxshiyliklarni qo‘llab-quvvatlaydi: "Kimdir oilangni haqorat qilsa, darhol qasos olishga shoshil!". Umuman olganda, biz maqolsevar xalqmiz. Maqollardan yana biri: "Pushtunning temiri suvda ham zanglamaydi". Ushbu maqol xalqimizning hech narsani unutmasligi va hech narsani kechirmasligini anglatadi. Pushtunlar juda kamdan-kam hollarda "rahmat" so‘zini ishlatadi, chunki yaxshilikka yaxshilik bilan, yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarilishini hamma juda yaxshi biladi, shunday ekan, rahmatga ne hojat? Bizning falsafamizga ko‘ra, xayrli ish uchun doimo xayrli ish bilan minnatdorchilik bildirish kerak, quruq "rahmat"ning o‘zi kifoya qilmaydi. Aksariyat pushtunlar atrofni kuzatib turishga imkoniyat beradigan “qo‘riqchi” boloxonalari bo‘lgan baland devorli uylarda yashaydilar. Qanchadan-qancha odamlar arzimas kelishmovchiliklarni deb o‘lib ketishadi. Ulardan biri - bir paytlar otam bilan bir sinfda o‘qigan va doimo otamdan yaxshiroq baholar olgan Sher Zamon. Bobom va amakim otamning g‘ashiga tegib, uni Sher Zamondan past ekanligini doim yuziga solishgan. "Sher Zamondek bo‘la olmaysan", "Sher Zamondek aqlli emasligingga afsuslan" – otam bu so‘zlarni eshitaverib zada bo‘lgan. Sher Zamon kollejda o‘qishga qurbi yetmaganidan, qishloq dorixonasida farmatsevt bo‘lib ishlashga majbur bo‘lgan. Bir kuni otasi va amakilari o‘rtasida kichik kelishmovchilik sodir bo‘lgan va ikki akasi bilan dalaga ishlashga ketayotganida amakisi va o‘g‘illari orani ochib olish uchun yo‘lda kutib turishayotgan bo‘lgan. Natijada uch aka-uka ham qotillik qurboniga aylangan. Otam jamiyatning obro‘li aʼzosi sifatida oilaviy nizolarni hal qilish va urushayotgan tomonlarni yarashtirish uchun tez-tez taklif qilinardi. U qasos olishga zarurat yo‘qligini odamlarga uqtirishga harakat qilar, o‘zaro adovat qo‘zg‘ash har ikki tomon uchun ham halokatli ekanligiga boshqalarni ishontirishga urinardi. Qishlog‘imizda otamning gaplariga quloq solmaydigan ikkita oila bor edi. Ular ko‘p yillar davomida adovatda bo‘lib, oxir-oqibat o‘rtadagi adovat nimadan kelib chiqqanini unutish darajasiga yetishdi. Lekin hech kim oradagi adovatni bas qilish haqida ўйламасди… Natijada, g‘azab uchquni alanga olib, bir necha odamning hayotiga zomin bo‘lishgacha bordi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, aynan qasos olish pushtunlar uchun sharaf ekanligi tufayli mamlakatimizda jinoyatchilik darajasi boshqa, pushtun bo‘lmagan hududlarga qaraganda ancha yuqori. Menimcha, kimdir sizning birodaringizni o‘ldirgan bo‘lsa, siz uning qotilini yoki uning aka-ukasini o‘ldirib, adolatni tiklay olmaysiz. Masalani qonun yo‘li bilan hal qilish va qotilga qilgan ishi noto‘g‘ri ekanligini, shuningdek bir umr vijdon azobida qiynalib yashashga mahkumligini aytish maqsadga muvofiqdir. Xon Abdul G‘affor (Mahatma Gandining shogirdi) ismli faylasufning kitobini o‘qib, fikrimda qaysidir maʼnoda jon borligiga amin bo‘lganman. U zo‘ravonlikni laʼnatlagan va qoralagan, shuningdek pushtunlar madaniyatiga xos bo‘lgan shafqatsizlikni yengishga harakat qilgan. O‘g‘irlikni eng yomon jinoyat deb bemalol ayta olaman. Baʼzi odamlar menga o‘xshab siri ochilib qolganidan so‘ng, hech qachon boshqa o‘g‘irlik qilmaslikka ont ichishadi. Ayrimlar esa "Nima qilibdi, arzimagan narsani o‘g‘irladimku, davlat qashshoqlanib qolmaydi”degancha qilgan ishidan zarracha afsuslanmaydi. Buning ortidan ketma-ket o‘g‘irliklar sodir bo‘laveradi, ne-ne begunoh odamlar o‘g‘irlik, talonchilik qurboniga aylanaveradi. Mayda o‘g‘rilarni qo‘ya turaylik, mamlakatimizni har tomonlama kemirib yotgan katta o‘g‘rilar biz uchun asosiy xavf hisoblanadi. Chunki xalqning pullarining o‘marilishi aynan o‘sha xalqning xonavayron bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Muttaham amaldorlar davlat g‘aznasidan bemalol pul ishlatishadi, o‘rtaga tushib yaqin qarindoshlariga kredit olib beradi va bu kreditni imi-jimida yopib yuboradi, do‘stlari va qarindoshlarining firmalariga davlat tenderlarida yutishga amaliy yordam beradi va buning ortidan o‘zining ham cho‘ntagini qappaytiradi. Aksariyatining mol-mulki chet elda bo‘lib, farzandlari chet elning nufuzli universitetlari talabasi hisoblanishadi. To‘g‘risi, elektr uzatilishidagi uzilishlar sabab tunning aksariyat qismini sham yorug‘ida o‘tkazayotgan oilalarni ko‘rib ularning vijdonlarini qanday chiday olishi haqida o‘ylasam, dunyo ko‘zimga qorong‘u ko‘rinib ketadi. Oddiy odamning bolasi ota-onasiga qarashish uchun maktabga bormay ishlashga majbur bo‘layotgan bir vaqtda amaldorlarning bolasi qaysi yuz bilan chet eldagi nufuzli universitetlarda aynan xalqning puli evaziga o‘qishini hech qachon tushuna olmayman. Otam insofsiz siyosatchilar Pokiston boshiga kelgan balo ekanligini bot-bot takrorlardi. Agar butun mamlakatni samolyot bilan taqqoslasak, siyosatchilarning vazifasi kabinada o‘tirib, samolyotni boshqarish bo‘lsada, amalda ular bu ishni qilishdan qochib, yumshoq biznes-klass o‘rindiqlariga o‘tirishni, yaxshi ovqat va ichimliklarni isteʼmol qilishni afzal ko‘rishmoqda va ekonom-klassda uchayotganlar haqida zarracha qayg‘urishmayapti. Ammo, men tug‘ilgan paytda mamlakatda demokratiya shabadalari esib turgandi. O‘n yil davomida Benazir Bhutto va Navoz Sharif hukumatlari o‘zaro o‘rin almashdi, bir-birining go‘shtini yedi, bir- birini korrupsiyaga botgan tizim yaratganlikda ayblashdi. Men tug‘ilganimdan ikki yil o‘tgach, harbiylar yana hokimiyat tepasiga o‘rnashib olgan. Buning ortidan yuzaga kelgan voqealar haqida butun boshli serial olsa arziydi. O‘shanda bosh vazir bo‘lgan Navoz Sharif armiya qo‘mondoni, general Parvez Musharraf bilan janjallashib qolgan va uni lavozimidan ozod etgan. Aynan o‘sha paytda general Musharraf milliy aviakompaniyamizning Shri-Lankadan uchib ketayotgan samolyotida bamaylixotir parvoz qilib kelayotgan edi. Generalning o‘z isteʼfosiga bo‘lgan munosabatidan cho‘chigan Namoz Sharif samolyotning Pokiston hududiga tushishga yo‘l qo‘ymaslikka buyruq berdi. Uning buyrug‘iga binoan Karachi ayeroportida signal beruvchi chiroqlar o‘chirildi, o‘t o‘chirish mashinalari uchish-qo‘nish yo‘lagiga olib chiqildi. Natijada, bortida generaldan tashqari 200 yo‘lovchi bo‘lgan samolyot qo‘nish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Ekipajning boshqa mamlakatga uchib ketishga imkoni ham yo‘q edi - samolyotda buning uchun zarur yonilg‘i taʼminoti mavjud emasdi. Televizorda general Musharrafning isteʼfosi haqida eʼlon qilinganidan bir soat o‘tgach, ko‘chalarni tanklar bosib ketdi va qurolli qo‘shinlar gazeta idoralari va ayeroportlarni egallab olishdi. General Iftixor boshchiligidagi otryad Karachi ayeroportini bir necha daqiqa ichida tozalab tashladi, natijada Musharraf uchib ketayotgan samolyot qo‘nishga muvaffaq bo‘ldi. Musharraf hokimiyatni qo‘lga kiritishi bilanoq darhol Sharifni qamoqqa tashladi. Xalq orasida obro‘-etibori yaxshi bo‘lmagani sababli, xalq uning ketganidan do‘ppisini osmonga otdi. Ammo bu xabar otamning ko‘z yoshlariga sababchi bo‘ldi. U endi mamlakatda harbiy diktatura o‘rnatilishiga zarracha shubxa qilmasdi. Sharif davlatga xiyonat qilishda ayblandi, biroq Saudiya Arabistoni qirollik oilasi vakillarining aralashuvi tufayli o‘lim jazosidan olib qolindi. Harbiylar sobiq bosh vazirga mamlakatni tark etishga ruxsat berishdi. General Musharraf Pokistonning to‘rtinchi harbiy-diktatoriga aylandi. O‘zidan oldingi hukmronlar singari u ham avvalo televideniye orqali xalqqa murojaat qildi. U sobiq bosh vazirni Pokistondagi hukmronligi davrida "shaʼni, qadr- qimmati va hurmatini yo‘qotganlikda" aybladi. Katta miqyosdagi korrupsiyaga chek qo‘yib, "milliy boylikni talon-toroj qilganlarni" munosib ravishda jazolashiga qasamyod qildi. Shuningdek, o‘zi ham har yili o‘z mol-mulki va soliq deklaratsiyalarini eʼlon qilishini vaʼda qildi. Mamlakatni juda qisa muddat davomida boshqarish haqida vaʼda bergan bo‘lsa ham, bunga hech kim ishonmadi. Bu xuddi General Ziyoning to‘qqiz kunga hukmronlik qilaman deb ommani ishontirib, 11 yil davomida mamlakatni boshqarganiga o‘xshardi. Musharrafning nutqlarini eshitgan otam “tarix takrorlanadi” degan gapni takrorlashdan charchamasdi. Keyinchalik bu gaplar o‘z tasdig‘ini topdi. Musharraf bir xovuch amaldorlar qo‘lida to‘plangan hokimiyatga barham berishga va hukumatga yangi qon quyishga, shu jumladan ikki yil ichida o‘zi bilan yelkama-elka ishlaydigan yosh, hech nimadan qaytmaydigan va beg‘ubor kadrlar kelishiga vaʼda berdi. Barcha vaʼdalar quruq gap bo‘lgani keyinchalik ayon bo‘ldi - Musharrafning atrofida ishlaydigan eski hamtovoqlari oradan yillar o‘tsa ham o‘zgarmadi. Pokistonning xalqaro maydondagi obro‘si ham kuchsizlanmasdan qolmadi - mamlakat Millatlar Hamdo‘stligi ittifoqidan chiqarib yuborildi, xalqaro tashkilotlar tomonidan zulm mamlakati deya eʼlon qilindi. Amerika mamlakatimizga beradigan yordamini to‘xtatdi, dunyodagi aksariyat mamlakatlar Pokistonga boykot eʼlon qilishdi. Xurmatli o‘quvchim, mana nega Svat vodiysi axolisi o‘z yerlari Pokiston tarkibiga kirib qolganidan norozi ekanligini tushunib yetgandirsiz? Islomoboddan Svat vodiysini boshqarish uchun keladigan rahbarlar tez-tez o‘zgarib turadi. Inglizlar mustamlakasi davrida ham xuddi shunday bo‘lgan. Vodiyga keladigan amaldorlarning xalq bilan hech qanaqa ishi qolmagan – ular faqat soqqa qilish uchun rahbarlikka kelishadi va bo‘kib qolganidan so‘ng o‘rniga boshqasi keladi. Svatdan ketayotgan rahbar ortga quruq qo‘l bilan qaytmaydi. Ularning Svat vodiysi manfaatlarini himoya qilish va uning rivojlanishiga ko‘maklashish niyati borligi haqida kimdir gapirsa, kulgidan o‘zimni to‘xtata olmayman. Vali rejimida tanqid qilgan odamning yostig‘i quritilgani sababli xalqimiz juda itoatkor bo‘lib qolgan va oz-moz hukumatni tanqid qilib qo‘ysak, “siyosatga aralashma” deb og‘zimizga urishadi. Hukumatga yoki mamlakat rahbariga nisbatan hurmatsizlik bilan gapirishga yo‘l qo‘ygan har qanday odam butun oilasi bilan birga Svat vodiysidan (baʼzida mamlakatdan ham) chiqib ketishga majbur bo‘ladi. Poytaxtdan jo‘natilgan amaldorlar vodiyda o‘zlarini hokimi mutlaq hisoblashadi va ko‘ngillariga kelgan ishni qilishadi. Safina bilan bo‘lgan voqeadan keyin do‘stlarimni boshqa hech qachon xafa qilmaslikka qasam ichdim. Otam bolaligimdan odamlar bilan do‘stlashish va ularga yordam berish juda muhimligini uqtirib kelgan. U kollejda o‘qib yurganida, baʼzan-baʼzan, yeyishga hech vaqosi qolmay, qiynalib yurganida do‘stlari joniga oro kirganini faxr bilan hikoya qilib berardi. Do‘stlarim uncha ko‘p emasdi, pichoqqa ilinadiganlarining soni atigi 3 ta edi - qo‘shni uyda yashovchi Safina, qishloqqa borganimda ko‘rishadigan Sumbul va sinfdoshim Moniba. Moniba bilan bir ko‘chada yashaganimiz tufayli maktabga birga qatnardik. Bolaligidan aql- zakovati va ehtiyotkorligi bilan boshqalardan ajralib turgan bu qiz bilan negadir juda ko‘p janjallashardik. Janjallarning aksariyat qismi ayniqsa maktabga borish yoki qaytish chog‘ida yuz berardi. Monibaning oilasi juda katta bo‘lib, uchta opa-singlisi va to‘rtta akasi bor edi. Garchi Monibadan olti oy oldin tug‘ilgan bo‘lsam ham, men uni katta opam deb bilardim. Buning sababi oddiy – qoidalarni u o‘rnatar, men esa bu qoidalarga so‘zsiz itoat qilishim zarur va shart edi. Hech kimga ayta olmaydigan sirlarimni Moniba bilan o‘rtoqlashardim. Men boshqa qiz bilan yaxshi munosabatda bo‘la boshlasam Monibaning jahli chiqar, meni qizg‘anar va tanimagan-bilmagan odamlar bilan yaxshi munosabat o‘rnatmaslikka undardi. U har doim bir gapni takrorlardi: «Malala, bilasan, bir emas, ikki emas, to‘rtta akam bor. Agar biron bir xatoga yo‘l qo‘ysam, ular maktabga borishimni taʼqiqlab qo‘yishadi.» O‘sha o‘g‘irlik voqeasidan so‘ng ota-onam faxrlanadigan insonga aylanish uchun ichimdan g‘ayratim toshib ketganidan odamlarning xojatini chiqarish uchun kim nima desa xo‘p deb ketaveradigan bo‘ldim. Bir kuni bir qo‘shnimiz mendan bozordan makkajo‘xori olib kelishimni iltimos qildi. Bozorga ketar ekanman katta tezlikda velosiped haydab kelayotgan bir bola qarshimdan chiqdi va meni turtib ketdi. Chap yelkamning zirqirashiga chiday olmaganimdan uvvos solib yig‘lagim keldi. Ammo, ko‘chada o‘zimni ko‘rsatmasligim kerak edi. Vaʼdamning ustidan chiqishim ham kerak edi. Shu sababli ham, bozorga borib, makkajo‘xori sotib olib, qo‘shnimnikiga eltib berishga o‘zimda kuch topa oldim. Uyga yetib kelishim bilan ko‘nglim bo‘shashib, o‘zimni to‘xtata olmasdan, uvvos solib yig‘lab yubordim. Tez orada otamning hurmatini qaytadan qozonish yo‘lini topgandek bo‘ldim. Maktabimizda otam yoshligida qatnashib, g‘olib bo‘lgan notiqlik tanlovi bu yil ham o‘tkazishi haqida eʼlon joylashtirildi. Bu tanlovda Moniba bilan birgalikda qatnashishga qaror qildik. Otam aynan shu tanlov orqali bobomning xurmatini qozongani haqida yuqorida keltirib o‘tgandim. Tarix takrorlanadi deganlaridek, aynan shu tanlov orqali otamning menga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlanishiga shubha qilmasdim. Mening chekimga tushgan nutq mavzusini o‘qib turib bir oz o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. “Halollik — odob-axloqning asosiy yo‘nalishi.“ Ayni shu kunlarda men uchun bundan boshqa dolzarb mavzu yo‘q bo‘lgani sababli aynan shu mavzu tushganidan lotoreyadan million dollar pul yutgandek quvondim. To‘g‘risini aytsam, o‘sha paytlarda menda ko‘pchilik oldida nutq so‘zlash tajribasi umuman yo‘q edi. Maktabdagi ertalabki uchrashuvlarda o‘qigan sheʼrlarimni bu hisobga qo‘shmay qo‘ysa ham bo‘laveradi. Ammo bizdan yuqoriroq sinfda ko‘pchilik mukammal maʼruzachi sifatida eʼtirof etadigan Fotima ismli qiz o‘qidi. Uning nutqi jozibali, ishonchli va eng muhimi jo‘shqin edi. Fotima katta auditoriya oldida ham o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmas, har bir so‘zi tinglovchilarga yetib borishi uchun nimalarga eʼtibor berish kerakligini yaxshi bilardi. Men va Moniba uchun unga o‘xshab gapirish orzu edi. Maktab o‘quvchilari tomonidan so‘zlanadigan nutqlarni o‘quvchilarning otalari, amakilari va bobolari yozib berishadi. Ushbu nutqlar, odatda, pushtun tilida emas, balki urdu yoki ingliz tillarida yozilgan bo‘ladi. Yozilmagan qoidalarga ko‘ra, ingliz tilida nutq so‘zlaganlar yuqori ball oladi. Men buni 100 foiz noto‘g‘ri yondashuv deb ayta olaman. Hakamlar hayʼati o‘quvchi qaysi tilda gapirsa ham, o‘z fikrini aniq va tushunarli ifoda etganiga qarab baholashi kerak. Monibaning nutqini akasi yozib beradigan bo‘ldi. Ushbu nutqda milliy shoirimiz Allamo Iqbolning sheʼrlariga juda ko‘p murojaat qilingan edi. Mening nutqimni esa otam yozib berdi. Uning nutqida yovuz yo‘llar bilan yaxshilikka borishning iloji yo‘q degan g‘oya mustahkamlangandi. «Yaxshilik yo‘lida qilingan yomonlik – o‘z nomi bilan yomonlik. Yomonlik yo‘lida qilingan yaxshilik ham aslida yomonlik”. Avraam Linkolnning ushbu jimjimador so‘zlari bilan nutqimizga yakun yasalgandi: « Qadringni yo‘qotishdan qo‘rqib o‘zingni aldaganingdan ko‘ra, muvaffaqqiyatga uchraganing ming bora afzal”. Musobaqada 8-9 nafar o‘g‘il-qiz ishtirok etdi. Moniba juda yaxshi gapirdi – uning nutqidagi hissiy bo‘yoqdorlik va badiiylik menikiga qaraganda ancha yuqori bo‘ldi. Ammo, umumiy mazmun va nutqning taʼsir darajasi bo‘yicha mening nutqim eng yaxshi ekanligini Monibaning o‘zi ham keyinchalik eʼtirof etdi. Dugonamdan farqli o‘laroq, nutqqa chiqishdan oldin qo‘llarim titrab ketdi, tizzalarim qaltiradi. Zalda aynan mening nutq so‘zlashim uchun qishloqdan ataylab kelgan bobomning borligi hayajonimga hayajon qo‘shdi. U mening g‘olib bo‘lishimni chin dildan istayotganini sezdim va mag‘lub bo‘lishga haqqim yo‘q ekanligini ich-ichimdan his qildim. Otam gapirishdan oldin chuqur nafas olish kerakligini uqtirgandi. Ammo odamlar oldiga chiqib, yuzlab ko‘zlar menga tikilganini ko‘rganimda, barcha ko‘rsatmalar yodimdan ko‘tarildi. Qog‘ozda yozilgan gaplar ko‘zimga ko‘rinmas, satrlar dengizdagi baliqdek ko‘z oldimda suzib yurardi. Nihoyat Linkolnning so‘zlarini aytib, otamga qaradim. Uning men tomonga tabassum qilib turganini ko‘rgach biroz dadillashdim... Nihoyat, hakamlar hayʼati natijalarni eʼlon qildi. Bunga ko‘ra, Moniba birinchi, men esa ikkinchi o‘rinni egallagan edim. Bundan zarracha ham tashvishlanmadim. Esingizda bo‘lsa, Linkoln yozgan xat haqida aytib bergandim. Unda quyidagi hikmatli gap ham o‘rin olgandi: «Unga munosib tarzda yutqazishni o‘rgating”. Men har doim birinchi bo‘lishga odatlanib qolganim uchun mag‘lubiyatni tasavvurimga ham sig‘dira olmasdim. Ammo ketma-ket g‘alabalarni qo‘lga kiritadiganlar uchun ham mag‘lubiyatga uchramaslik kafolatlanmagan. Bu gaplarni osmondan olganim yo‘q – o‘z tajribamdan kelib chiqib aytmoqdaman. O‘shandan beri omma oldiga chiqib nutq so‘zlashdan oldin, bo‘lajak nutqimni bir necha marotaba qayta yozsam ham, minbarga chiqqandan so‘ng qog‘ozni yig‘ishtirib qo‘yib, chin yurakdan so‘zlashga odatlandim. Hayotimizdagi har bir mag‘lubiyat bizning yuksalishimiz uchun xizmat qiladi. Download 0.59 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling