Malala Yusufzoy Men Malalaman Tik turib taʼlim olgan va tolibonlar
Download 0.59 Mb.
|
1Malala Yusufzoy. Men Malalaman uz-assistant.uz
bob. Yangi tug‘ilgan qizaloqMen dunyoga kelganimda qishloqdoshlarim onamga achinish hissi bilan qarashgan, otamni esa hatto tabriklashmagan ham. Onamning aytishicha, men sahar payti, eng so‘nggi yulduzlar osmonda miltillab turgan paytda tug‘ilgan ekanman. Biz pushtunlarda bu paytda chaqaloq dunyoga kelishi xosiyatli hisoblanadi. Otamning onamni shifoxonaga olib borish, doyaga to‘lash uchun yetarli mablag‘i bo‘lmaganligi tufayli tug‘ilishimga qo‘shni ayol ko‘maklashgan. Ota-onamning birinchi farzandi o‘lik tug‘ilgani uchunmi, o‘shanda mening yig‘imni eshitishlari bilan quvonchdan baqirib yuborishgan ekan. O‘g‘il tug‘ilsa, quvonchdan osmonga o‘qlar yog‘diriladigan, qiz tug‘ilsa, esini tanishi bilan paranji ortiga yashiriladigan mamlakatda tug‘ildim. Bu yerda ayollarning vazifasi faqat ovqat tayyorlash va farzand dunyoga keltirishdan iborat. Pushtunlar oilasida qiz farzand dunyoga kelsa, qayg‘uli voqea sifatida kutib olinadi. Men tug‘ilganimda ota-onamni qutlash uchun deyarli hech kim uyimizga tashrif buyurmagan, faqatgina Jahon Sherxon Yusufzoy ismli otamning jiyani chil dildan suyunib, alohida tabriklashga uyimizga kelgan va ko‘rmana sifatida bir oz pul ham tashlab ketgan. U, shuningdek, bizga oilamiz shajara daraxtining rasmi chizilgan katta vatman qog‘ozini ham hadya qilgan. Bobomning bobosi Daloxel Yusufzoydan boshlangan shajara daraxtining “barg”larida faqat erkaklarning nomlari qayd etilgan bo‘lib, ayollarning nomi bu yerda qayd etilishi urf-odatlarimizga zid edi. Ko‘pchilik pushtun erkaklaridan farq qiladigan otam Ziyovuddin bir nechta barglar orasidan o‘z ismini izlab topgan va uning pastidan chiziq tortib, bargga o‘xshagan shakl chizib, ichiga “Malala” ismini yozib qo‘ygan ekan. Buni ko‘rgan dadamning jiyani hayratdan yoqa ushlagan, ammo dadam bunga zarracha parvo qilmagan. Keyinchalik otamning aytib berishicha, men tug‘ilishim bilanoq ko‘zlarimga boqib, qalbiga iliqlik urug‘lari ekilgan ekan. Yoshim kattargani sari bu iliqlik urug‘i unib chiqa boshladi va otamning menga bo‘lgan mehri tobora kuchayib bordi. Otam “Aniq bilaman, bu qizim kelajakda katta odam bo‘ladi” deb aytib yurganida qishloqdoshlarim bu gapga istehzo bilan kulib qo‘ygan bo‘lishsa, ajab emas. Tug‘ilganimda u do‘stlaridan faqat o‘g‘il bolalar uchungina bajariladigan urf-odatlar – beshigim ichiga quritilgan mevalar, shirinliklar va tangalar tashlashni iltimos qilgan ekan. Ismim Afg‘onistonning buyuk ayol qahramoni mayvandlik Malalay sharafiga qo‘yilgan. Pushtunlar – Afg‘oniston va Pokiston mamlakatlarida turli qabilalar ko‘rinishida yashaydigan mag‘rur millat. Biz bir necha asrlardan beri “Pushtunvali” deb nomlangan qonun-qoidalar to‘plamiga qatʼiy rioya qilgan holda yashab kelmoqdamiz. Urf-odatlarimizga ko‘ra, har qanday mehmonni mulozamat bilan kutib olish va mehmondorchilikni o‘rniga qo‘yish biz uchun ham majburiyat, ham sharaf. Nomussiz degan nom orttirish biz pushtunlar uchun o‘lim bilan teng. Sharmandalik – pushtun erkaklari eshitishni ham xohlamaydigan so‘z. “Gar nomus bo‘lmasa, bu dunyo hech qanday qiymatga ega emas” maqoli bir necha asrlardan beri hayot tarzimizda o‘z ifodasini topgan. O‘zaro kurashlar bizda shu darajada avj olganki, “tarbur”, yaʼni “amakivachcha” so‘zi aslida “dushman” degan maʼnoni anglatadi. Ammo biz yurtimizni bosib olishga intilgan tashqi dushmanlarga qarshi doimo birlasha olganimiz bilan maqtana olamiz. Barcha pushtun bolalari millatimiz qahramoni Malalayning 1880 yilda bo‘lib o‘tgan ikkinchi ingliz-afg‘on urushida afg‘on armiyasini britaniyaliklarni mag‘lub etishga ruhlantirgani haqidagi hikoyalarni eshitib katta bo‘lishadi. Malalay Qandahor viloyatining g‘arbiy qismidagi qumli pasttekisliklarda joylashgan kichik shaharcha – Mayvanddagi oddiy cho‘ponning qizi edi. O‘spirinlik paytida uning otasi va beshikkerti qilingan bo‘lajak turmush o‘rtog‘i boshqa erkaklar singari britaniyaliklarga qarshi kurashish uchun jang maydonlarida javlon urishgan. Malalay bir nechta qishloqdosh ayollar bilan birgalikda yarador vatandoshlarining jarohatlarini bog‘lab qo‘yish va vatan himoyachilariga suv yetkazib berish uchun jang maydoniga qo‘rqmasdan kirib borgan. Afg‘on erkaklarining ustunlikni boy berayotganligini ko‘rib chidab tura olmagan jasur qiz yerda yarador holda yotgan bayroq ko‘taruvchining qo‘llaridan bayroqni yulib olib, qo‘shin ichiga mardonavor qadamlar bilan kirib borgan va bor ovozida vatandoshlariga murojaat qilgan: “Aziz birodarlar, agar bugungi jangni boy bersangiz, xudo haqqi, avlodlarimiz bizning bu sharmandagarchiligimiz uchun boshlarini ko‘tara olmay qolishadi. Shuni xohlaysizmi?” Malalay jangda o‘q yeb halok bo‘lgan bo‘lsa ham, uning bu so‘zlari va jasurligi barcha erkaklarni ruhlantirib yubordi va jang kartinasi butkul o‘zgarib ketdi. Britaniya armiyasi o‘z tarixidagi eng katta mag‘lubiyatlardan birini qabul qilib oldi. Afg‘onlar bu g‘alabadan shunchalik ruhlanib ketdilarki, so‘nggi afg‘on podshosi Mayvand g‘alabasi sharafiga Kobul markazida yodgorlik ham o‘rnattirdi. Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda “Sherlok Xolms”ni o‘qib, Doktor Uotson buyuk detektivga hamroh bo‘lishidan oldin ushbu jangda qatnashib, yarador bo‘lganligi haqida bilib oldim. Umuman olganda, fransuzlar Janna Darkni qanday ulug‘lasa, biz ham Malalayni undan kam ko‘rmaymiz. Afg‘onistondagi ko‘pchilik qizlar maktablariga uning nomi berilgan. Ammo diniy olim va qishloq imomi bo‘lgan otamning otasi, yaʼni bobom menga bu ismning berilishini unchalik ham xushlamagan, u bu qarorini "Malala - g‘amgin ism” deya izohlagan ekan. Bolaligimda otam menga taniqli peshovarlik shoir Rahmat Shoh Sayel tomonidan yozilgan sheʼrlarni o‘qib berardi. Ularning ayrimlari yodimda qolgan: Download 0.59 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling