Malala Yusufzoy Men Malalaman Tik turib taʼlim olgan va tolibonlar


Download 0.59 Mb.
bet12/33
Sana02.05.2023
Hajmi0.59 Mb.
#1421165
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   33
Bog'liq
1Malala Yusufzoy. Men Malalaman uz-assistant.uz

«Ey mehribon va rahmli xudoyim. Bilaman sen hammasini ko‘rib turibsan. Ammo yer nihoyatda katta bo‘lgani uchun hamma masalani tartibga solishga imkoning yo‘qligini ham yaxshi tushunaman. Ayniqsa, Afg‘onistondagi ushbu urush seni ham ranjitganini ich-ichimdan his qilib turibman. Maktabda o‘qishi kerak bo‘lgan bolalar axlatxonada tentirab yurgani seni ham tashvishlantipshia ishonchim komil. Ey xudo, sendan o‘tinib so‘rayman, menga kuch-quvvat va jasurlik ato et. Meni mukammal insonga aylantir. Shunda men ham dunyoni mukammal manzilga aylantiraman. Senga chin qalbdan ishonuvchi va eʼtiqod qiluvchi Malala.»
Xatni yozishga yozib qo‘yib, uni qanday qilib kerakli manzilga yuborish yo‘lini bilmasdim. Nihoyat uni yerga ko‘mishga qaror qildim va bog‘imizga olib chiqib ko‘mib tashladim. Keyin xat yer tagida yotaverib, chirib ketishidan qo‘rqdim va uni qazib olib, plastik idishga solib, tag‘in ko‘mib tashladim. Bu ham meni tinchlantirmadi. Muqaddas matnlar odatda daryoga oqizilishi yodimga tushib ketdi va yozgan xatimdan naycha yasab, yog‘och bo‘lagiga yaxshilab bog‘lab, ustiga momaqaymoq gulini mustahkamlab, Svat daryosiga oqizib yubordim. Xat ko‘zlangan manzilga yetib borishiga chin dildan umid qilardim....
  1. bob. Maktabimizni yopishga uringan muftiy


Xushal maktabining qarshisidagi baland imoratda mahallamiz mullasi G‘ulomulloh o‘z oilasi bilan istiqomat qiladi. Hech kim tayinlamagan bo‘lsa ham, G‘ulomulloh o‘zini muftiy, diniy olim va islom fiqhi mutaxassisi deb atashni xush ko‘radi. Otam davralarda «bizda boshiga salla o‘rab, qurʼonning ikki-uch surʼasini chala-chulpa yodlab olgan har qanday inson o‘zini mulla yoki muftiy deb ҳисоблайди» deb hazillashib yuradi.
Bu vaqtga kelib maktabimiz gullab-yashnashda davom etar, otam yangi o‘g‘il bolalar maktabi binosini qurish haqida o‘ylay boshlagan paytlar edi. Onam ham butun umrlik orzusi bo‘lgan chiroyli kiyimlar xarid qilish va tayyor ovqatga buyurtma berish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Muftiy G‘ulomulloh boshqa qiladigan ishi yo‘qdek maktab hayotini, ayniqsa maktab darvozalaridan har kuni kirib-chiqadigan qizlarni diqqat bilan kuzatib borishni kanda qilmasdi. Ko‘cha-ko‘yda «voyaga yetib qolgan qizlarning maktabga borishi joiz эмас» kabi bo‘lar-bo‘lmas gaplar ham aynan shu mullamizdan chiqishi odamning dilini xira qilardi. Otam ham muftiyning maktab hayotini kuzatishi va ko‘cha-ko‘yda gap sasitib yurishidan havotirlanib, «uning ko‘zi o‘ng emas, oxiri baxayr бўлсин» deb doimo bizga aytib kelardi. Oxir-oqibat, otam ich-ichidan hadiksiragan voqea amalda yuz berdi.
Muftiy maktab uchun ijaraga olingan bino egasi bo‘lgan ayolning oldiga kelib, quyidagi gaplarni aytib ketdi:

  • Ziyovuddin sizning binoingizda tashkil etgan maktab haromdir. U butun mahalla ahlini sharmanda qilmoqda. Bu qizlar paranji o‘rashlari kerak. Uni binoingizdan haydab chiqaring, men binoda madrasa ochadigan mijoz topib beraman. Shu orqali bir o‘q bilan ikki quyonni urasiz —ham ijara haqidan mahrum bo‘lmaysiz, ham shaytonning yo‘rig‘ida yurganlarni binoingizdan quvib chiqarib, narigi dunyo uchun savob olasiz.

Ayol mullaning taklifini to‘la rad etdi va zudlik bilan o‘g‘lini otamning yoniga yubordi va o‘g‘liga quyidagi gaplarni otamga oqizmay- tomizmay yetkazishini tayinladi:

  • Bu mulla sizga qarshi urush ochdi. Tashvishlanmang, biz binoni sizdan olib qo‘ymaymiz, ammo har ehtimolga qarshi, ehtiyot bo‘ling.

Bu gaplarni eshitgan otamning tepa sochi tikka bo‘ldi va jahl aralash quyidagi maqolni aytib yubordi:

  • Nim hakim hatrai jon Nim mulla hatrai imon.

(Chala tabib jonga xatar, Chala mulla iymonga xatar.)


Mamlakatimiz islom arkonlariga asoslanib yashayotganidan to‘la faxr hissini tuysam ham, nazarimda dinimizning asl mazmunini unutib qo‘ygandekmiz. Qurʼoni karimda har bir musulmonni sabr – toqatga chorlasa ham, hech birimiz sabr nima ekanligini anglamaymiz. Qishloqdoshlarimning fikricha, islom – ayollar uchun paranji o‘ranib uyda o‘tirib uy yumushlarini bajarish, erkaklar uchun bo‘lsa haq yo‘lida jihod qilish. Mamlakatimiz asoschisi Muhammad Ali Jinnah butun hayoti davomida aholining aksariyati hinduiylikni qabul qilgan Hindistonda musulmonlarning huquqlari uchun kurashgan. Aslida, musulmonlar va hinduiylar bir uyda yashovchi, ammo doimiy adovat natijasida hovli o‘rtasidan devor tortishga majbur bo‘lgan og‘a- inilarga o‘xshaydi. 1947 yilgacha Britaniyaning mustamlakasi bo‘lgan Hindiston aynan shu yili ikki qismga bo‘linib ketdi va natijada mustaqil musulmon davlatiga asos solindi. Afsuski, bu katta qon to‘kilishiga sabab bo‘ldi. Hindistondan Pokistonga musulmonlar, Pokistondan Hindistonga hinduiylar seldek oqib kela boshlashdi. Natijada, ikki millionga yaqin inson chegarani kesib o‘tmoqchi bo‘lgan paytda o‘ldirildi. Lahor va Dehliga yetib kelgan poyezdlar qonli jasadlarga to‘lib ketdi, chunki ko‘pchilik yo‘lda yuz bergan mayda kelishmovchiliklar sabab vafot etdi. O‘sha paytda Dehlida o‘qiyotgan bobom Pokistonga qaytayotganida poyezd hindular hujumiga uchradi va u o‘limdan zo‘rg‘a qutulib qoldi. Hozir mamlakatimizda 180 million kishi istiqomat qilsa, aholining 96 foizdan ortiqrog‘i musulmonlar hisoblanadi. Shuningdek, mamlakatda ikki millionga yaqin nasroniylar, taxminan shuncha miqdordagi Ahmadiylar mavjud. Ahmadiy deganda o‘zlarini musulmon deb biladigan, ammo hukumat buni tan olmaydigan fuqarolar tushuniladi. Ushbu diniy ozchiliklar tez-tez taʼqib qilinishi otamni doimo tashvishlantirib kelgan.
Yoshligida Londonda yashagan Muhammad Ali Jinnah yurist mutaxasisligi bo‘yicha taʼlim olgan. Uning asosiy maqsadi Pokistonda dinlararo bag‘rikenglikni o‘rnatish edi. Hozirgi kunda ham maktab darsliklarida u mustaqillikdan biroz o‘tib so‘zlagan nutqidan ushbu parcha keltiriladi.
«Pokiston mamlakatida har kim o‘z xohishiga ko‘ra ibodatxonalar, masjidlar va boshqa ibodat joylariga bemalol tashrif buyurishi mumkin. Davlat tomonidan bunga hech qanaqa to‘siq qo‘yilmaydi.»
Otam uni juda erta vafot etganidan afsuslanib, «u faqat biz uchun hudud qoldirib ketdi, davlat tuzishga uning umri етмади» deb tez-tez taʼkidlardi. Mustaqillik eʼlon qilinganidan bir yil o‘tgach, u sil kasalligidan vafot etdi va shu vaqtdan beri mamlakatimiz dunyodan uzilgan qoloq mamlakatlardan biriligicha qolib ketdi. Uning vafotidan so‘ng uch marotaba Hindiston davlati bilan turli to‘qnashuvlar yuzaga keldi va hammasi mislsiz qon to‘kilishi bilan yakun topdi.
Islom dinida ikkita oqim mavjud – sunniy va shia. Har ikkisi ham bir xil qonun-qoidalar va bir xil muqaddas kitobni tan olsa ham, ular orasidagi kelishmovchiliklar Muhammad payg‘ambar vafotidan keyin kim diniy yo‘lboshchi bo‘ladi degan savol ustida kelib chiqqan. Abu Bakr ismli payg‘ambarning yaqin do‘sti va maslahatchisi bo‘lajak yetakchi, yaʼni xalifa sifatida tanlangan. Payg‘ambar o‘lim to‘shagida yotganida ummatlarini Abu Bakr ortidan ergashishga chorlagan. «Sunniy” so‘zi arabchada «Payg‘ambar ortidan ergashgan киши» degan maʼnoni anglatadi. Ammo ummatlarning maʼlum bir guruhi, bo‘lajak rahbar Payg‘ambar naslidan chiqishi kerak, shu sabab uning amakivachchasi va kuyovi Ali musulmonlarning yetakchisi sifatida eʼlon qilinishi kerak deya daʼvo qilgan. Bu odamlar shia deb nomlangan harakatga asos solishgan (Shia-t-Ali — Alining izdoshlari).
Shialar har yili Payg‘ambarning nevarasi, 680 yilda Karbalo jangida halok bo‘lgan Husayn Ibn Alining vafot etgan kunida Muharram deb nomlangan marosim o‘tkazishadi. Ushbu bayram davomida terilarini ustara bilan kesishadi, natijada ko‘chalar qonga to‘lib-toshadi. Otamning do‘stlaridan biri shia bo‘lib, Karbalodagi Muharram marosimi haqida doim ko‘zida yosh bilan gapirib berardi. Unga boqib turib bu fojiali voqea 1300 yil oldin emas, balki kecha sodir bo‘lganmikan deb o‘ylab qolardim. Muhammad Ali Jinnah ham, Benazir Bhutto ham shia hisoblanishardi.
Aksariyat pokistonliklar singari (taxminan 80%) bizning oilamiz ham sunniylarga tegishli. Ammo bu oqim ham bir nechta guruhlarga bo‘linadi. Ushbu guruhlarning eng kattasi Barelvi deb nomlangan bo‘lib, Hindistonning Uttar-Pradesh shtatidagi Barelli shahrida
joylashgan mashhur 19-asrga tegishli madrasa nomi bilan atalgan. Boshqa bir guruh ham boshqa bir mashhur madrasa nomi bilan — Uttar Pradesh shtatidagi Deoband qishlog‘idagi Deoband madrasasi nomi bilan atalgan. Ushbu guruh vakillari juda konservativ bo‘lib, zamonaviy madrasalarning aksariyati aynan shu guruh vakillariga tegishli. Shuningdek, Ahl-i Hadis (Hadis ahli) deb nomlangan guruh mavjud bo‘lib, bu guruh vakillari salafiylar deb ataladi. Ularning hayoti boshqalarga nisbatan ancha arablashgan bo‘lib, konservativ hayot kechirishadi. G‘arb mamlakatlari bu guruh aʼzolarini fundamentalistlar deb atashadi. Ular bizning avliyolarimiz va muborak maskanlarimizni tan olishmaydi, ko‘proq mutaassib hisoblanib, bizning yashash tarzimiz ularning g‘azabini qo‘zg‘atadi.
Maktabimiz yaqinida yashovchi muftiy Lahor yaqinidagi Rayvind shahrida katta anjuman o‘tkazadigan va har yili millionlab odamlarni o‘ziga jalb etadigan «Tablighi Jamoat Деобанди» guruhining aʼzosi hisoblanadi. Bizning sobiq diktatorimiz general Ziyo Ul-Haq ham ushbu anjumanlarda qatnashganligini otamdan eshitganman. Uning rejimi sharofati bilan Tablighi 1980 yillarda katta taʼsir kuchiga ega bo‘lgan. Kazarmada voizlik qilayotgan armiya imomlarining deyarli barchasi shu guruhga mansub bo‘lib, ko‘plab armiya zobitlari ham aynan shu guruh taʼsirida bo‘lishgan.
Bino egasini ko‘ndira olmagan muftiyning ichini it tirnay boshladi. Tinib-tinchimagan bu odam mahallada yashovchi bir nechta nufuzli odamlarni va oqsoqollarni to‘plab uyimizgacha olib bordi. Ushbu
«delegatsiya” tarkibida yetti nafar shaxs o‘rin olgandi – to‘rt nafar tabligiy, masjid qo‘riqchisi, sobiq jihodchi va do‘kon egasi.
Uyimizga shaxdam qadamlar bilan kirib kelgan ushbu chaqirilmagan mehmonlarni ko‘rgan otam biroz hadiksiradi va ukalarimni olib, boshqa xonaga o‘tishimizni buyurdi. Ammo, men va onam ayollarga tekkan kasallik – gap poylashdan bebahra qolmagandik va eshik yopilishi bilan qulog‘imizni ding qilib ichkaridagi suhbatni tinglay бошладик…
Mulla G‘ulomulloh otamga qarab «men ilm ahlidanman, Tolibonlarning vakiliman, tabligiylar ham meni faxriy aʼzosi sifatida билишади» dedi va so‘zini tasdiqlashlari uchun sheriklariga imo qildi. “Xullas, men qizlar uchun maktab ochishni harom va kufr deb hisoblaydigan barcha musulmonlarning vakili bo‘laman. Maktabni darhol yopishingizni talab qilaman. Qizlarning maktabga borishi islomda taʼqiqlangan. Ayol kishiga hech kimning ko‘zi tushmasligi uchun uni uydan chiqarmaslik kerak. Xattoki, Alloh ayollarning nomini pok saqlashni chin dildan xohlagani tufayli Qurʼoni Karimda biror marta ayol kishining ismi zikr etilmagan.
Otam dindan yaxshi xabardorligi uchun bu cho‘pchaklarga toqat qila olmadi:
-Qurʼonda «Maryam” ismi ko‘p bora zikr etilgan. U ayol emasmi?

  • Yo‘q. Uning Qurʼoni karimda uning nomi keltirilishdan maqsad Iso xudoning o‘g‘li emas, balki Maryamning o‘g‘li ekanligini eʼtirof etish bo‘lgan.

  • Xo‘p, boya meni dindan bexabar deb o‘ylab ayol kishining ismi Qurʼonda zikr etilmagan dedingiz, keyinchalik men keltirgan argumentni o‘zingizcha xashpo‘shladingiz. Mantiq qani?

Mulla endi gapirmoqchi edi, otam uning gapini ilib ketib, gapida davom etdi:
-Men bu odamni ko‘chada uchratganimda, doimo salom beraman, ammo u hech qachon men bilan salomlashmaydi.
Buni eshitgan mulla uyalganidan qizarib ketdi. Islom dinida ikki musulmon bir birini ko‘rganda albatta salomlashishi kerak. Mulla shunda ham bo‘shashmay, so‘zlari ishonarsiz chiqsada, bahsni davom ettirishga urindi:
-Maktabingizni harom deb hisoblaganim uchun ham siz bilan salomlashmayman.
Mulla bilan birga kelgan odamlardan biri gapga aralashdi:

  • Mulla sizning kofir ekaningizni aytgandi. Vo ajabki, uyingizda Qurʼoni karimni ko‘rmoqdaman.

Otam o‘ziga qo‘yilgan ayblovdan xayratlangancha, savol bergan kishiga qarab so‘z qotdi:
-YO alhazar. Alhamdilulloh, musulmonman.
Muftiy jangda mag‘lubiyatga uchrayotganini sezib tursa ham, bo‘sh kelgisi kelmadi va yig‘ilganlarga qarata:
— Kelinglar, chalg‘imasdan maktab haqidagi suhbatga qaytaylik, - dedi. — O‘g‘il va qiz bolalarning maktablari orasi bir-biriga juda yaqin. O‘g‘il bolalar doimo qizlarga ko‘zi tushadi va bu gunohi azim.
Otam ham bo‘sh keladiganlardan emasdi:

  • Allaqachon bungan chora topib qo‘yganman. Qizlar boshqa darvozadan maktabga kirishadi.

Bu gap ham muftiyga kifoya qilmadi. Uning maqsadi har qanaqa yo‘l bilan maktabni yoptirish edi. Ammo boshqalar muftiyning
qiliqlaridan toqati toq bo‘ldi va o‘g‘il bolalar va qizlar bir-birini ko‘rmasligiga ishonch hosil qilib, uyimizdan chiqib ketishdi.
Otam, ish shu bilan tugamasligini o‘zicha tahmin qildi. Bundan tashqari, muftiyning jiyani maktabda yashirincha o‘qiyotganini biz bilsak ham, amakisi va u bilan kelgan hamtovoqlari bu haqida bilishmasdi. Bir necha kundan keyin otam muftiyning o‘sha qizning otasini maktabga chaqirtirdi.

  • Akangiz toqatimni toq qildi! – shikoyat qila boshladi otam. — U qanaqa mulla o‘zi? U hammamizning asabimizga o‘ynamoqda. Uni tinchlantira olasizmi?

  • Men sizga yordam bera olmayman deb qo‘rqaman, Ziyovuddin, deb javob berdi qizning otasi. — Uyda ham yetarlichamuammolarim bor. Akam biz bilan bitta hovlida yashaydi va allaqachon hayotimizni jahannamga aylantirgan. U ayollarning paranji kiyib yurishlarini qatʼiy nazorat qiladi, xotinidan hech qachon mening ko‘zimga tushmasligini talab qiladi va xotinim ham uning yaqiniga bora olmaydi. Umuman olganda, bu g‘irt jinnilik. Chunki uning rafiqasi menga opa qatori, mening rafiqam unga singil. Shunday ekan, ularning miyasini egovlab uyda ham paranji yopinib yurishga majburlashga ne xojat? Ming bor uzr, men axmoq akamni fikridan qaytara олмайман…

Otamning raqibi osonlikcha taslim bo‘ladigan kishi emasdi. General Ziyo-ul-Haq rejimi davrida mamlakatda islomlashtirish kampaniyasi olib borildi va mullalar nufuzli shaxslarga aylanishdi.
Baʼzi jihatlar bo‘yicha general Musharraf general Ziyodan tubdan farq qilar edi. Asosan harbiy kiyimda yursa ham, baʼzi-baʼzida jamoat oldida Yevropacha kostyum-shimda paydo bo‘lib turardi. U o‘zini harbiy maʼmuriyat rahbari emas, prezident deb atadi. Bundan tashqari u musulmonlarning baʼzi oqimlarida harom hisoblangan it boqishni xush ko‘rardi. General Ziyo islomlashtirish kampaniyasini olib borgan bo‘lsa, general Musharraf mamlakatni modernizatsiya qilish kampaniyasini o‘tkazdi deb bemalol ayta olamiz. Uning davrida ommaviy axborot vositalari nisbatan erkinroq faoliyat yuritdi, nafaqat erkaklar, balki ayollar ham ishlaydigan xususiy telekanallarni ochishga ruxsat berdi. Shuningdek, Yangi yil va Sevishganlar kuni kabi Yevropadan kirib kelgan bayramlarini nishonlashga izn berildi. Uning davrida Mustaqillik kunida butun mamlakat bo‘ylab televideniye orqali namoyish etiladigan ulkan estrada konserti o‘tkazila boshlandi. U o‘zidan oldingi demokratik hukmdorlar jumladan Benazir Bhutto ham jurʼat eta olmagan ishlarni bajarishga muvaffaq bo‘ldi. Ayollar zo‘rlanganini isbotlashi uchun to‘rt nafar erkak guvoh topishi kerak deb yozilgan qonunni bekor qilishi dunyo hamjamiyati tomonidan olqishlandi. Musharraf, shuningdek,
mamlakat tarixida birinchi marotaba ayol kishini davlat bankining raisi etib tayinladi, ayollarga uchuvchi va qirg‘oq qo‘riqchisi sifatida ishlashga ruxsat berdi. Faxriy qorovul safida ayol kishining bo‘lishi ham ilk marotaba uning davrida kuzatildi.
Biroq, bu islohotlar shimoliy-g‘arbiy chegara viloyatidagi pushtunlar yashaydigan yerlargacha yetib kelmagandi. 2002 yilda Musharraf
«boshqariladigan” demokratik saylov o‘tkazdi. Bu saylovning g‘alatiligi shunda ediki, muxolif partiya rahbarlari Navoz Sharif va Benazir Bxutto mamlakatdan chiqarib yuborildi. Ushbu saylovlar natijasida viloyatimizda muftiylar hokimiyat tepasiga keldi. Muttahidada Majlisi-Amal (MMA) tashkiloti Jamoat ul-Ulamo-i- Islomni (JUI) ga o‘xshagan beshta diniy partiyani o‘zida birlashtirdi. Ushbu partiyalar tolibonlar tahsil olgan madrasalar ustidan nazorat o‘rnatgani bilan mashxur edi. Bu partiya oddiy xalq orasida mullalar harbiy ittifoqi deb atala boshlandi. Ushbu ittifoq Musharrafning qo‘llab-quvvatlashi natijasida g‘alaba qozonganiga hech kimda shubha qolmadi. Ammo mutaassib axoli qatlamiga Amerikaning Afg‘onistonga bostirib kirishi va bu mamlakatda Tolibon rejimining ag‘darilishi yoqmadi, shu sababli ham aynan MMAni qo‘llab, ovoz berishdi.
Bizning viloyatimiz har doim Pokistonning qolgan qismiga qaraganda konservativroq bo‘lib kelgan. Afg‘onistondagi jihod paytida viloyatimizda ko‘plab madrasalar qurildi, ularning aksariyati Saudiya Arabistoni tomonidan moliyalashtirildi. Madrasada taʼlim olish mutlaqo bepul edi, shuning uchun ko‘plab yoshlar zamonaviy bilimlarni egallagandan ko‘ra, madrasada tahsil olishni maʼqul ko‘rishdi. Bu Pokistonni arablashtirish siyosatining debochasi edi. 11-centyabr voqealari jangovar kayfiyatni yanada kuchaytirdi. Agar o‘sha paytlarda ko‘chada yurganingizda, devorlarga yozilgan ushbu so‘zlarga ko‘zingiz tushardi:
“AGAR DINIMIZ YO‘LIDA JIHOD QILISHNI ISTASANGIZ, BIZ BILAN
BOG‘LANING”. (telefon raqami).
Jihod uchun mablag‘ yig‘ish va ko‘ngilli jangarilarni yollash uchun to‘liq erkinlik berildi. Shangla shahridagi bir maktab direktori shahar xalq taʼlimi bo‘limidagi yig‘ilishda to‘qqizta o‘rta maktab o‘quvchilarini jangarilarni tayyorlash markaziga — Kashmirga yuborgani bilan hammani oldida kerilib turgani haqida otam menga afsus bilan aytib bergani yodimda.
MMA hukumati CD va DVD disklari sotadigan barcha do‘konlarni yopdi. Afg‘onistonda Tolibon davrida muvaffaqqiyatli tarzda ishlagan axloq politsiyasini yaratishga zo‘r berdi. Ushbu «politsiya” vakillariga
ko‘chada erkak bilan yurgan har qanday ayolni to‘xtatib, yonidagi erkak uning qarindoshi ekanligini isbotlashni talab qilish vakolati berildi. Baxtimizga, Oliy sud bu ishni qatʼiyan qoraladi va bekor qildi. MMA faollari bundan qattiq zarba yegan bo‘lsa ham, to‘xtab qolmadi. Endi navbat kinoteatrlarga keldi. Ayollarning tasviri tushirilgan plakatlar va reklama taxtalarini yirtib tashlashdi, yoki yuzlarini va ochiq joylarini bo‘yab qo‘yishdi. Barcha ayol manekenlar kiyim do‘konlaridan olib tashlandi. MMA faollari erkaklarga yevropacha ko‘ylak va shimlardan voz kechish va faqat uzun, keng yaktak va shalvardan iborat anʼanaviy kiyim-kechaklar kiyib yurish talabini qo‘ydi. Ayollar nafaqat xijob o‘rashga, paranji taqishga ham majbur edi. Ayollarning jamiyat hayotidagi har qanday ishtiroki harom hisoblana boshlandi.
Otam maktabini endi ochganida o‘g‘il bolalar va qiz bolalar birgalikda o‘qigan, ammo oradan bir yil o‘tib, ijtimoiy-siyosiy jarayon butkul o‘zgarib ketgani sababli, qarama-qarshi jins vakillariga yonma-yon taʼlim berish qiyinlashib qolgan. Shu sababli ham, otam voyaga yetgan qizlarni alohida o‘qitishni yo‘lga qo‘yishga majbur bo‘lgan.
Iqlimning o‘zgarishi mulla G‘ulomullohga o‘xshagan odamlarga juda qo‘l keldi . Bir kuni maktab mulozimlaridan biri otamga muftiy doimiy ravishda maktabga kelib turishi va voyaga yetgan yigit-qizlarning bir eshikdan kirib-chiqishi ham nojoizligini bir necha bora taʼkidlaganini yetkazganidan so‘ng otamning havotiri yanada ortdi.
Zamona zayli bilan o‘zini sherdek tuta boshlagan mulla bir kuni maktab eshigi yonida turgan qorovul bilan suxbatlashib, atrofga olazarak boqib turganida, maktab xovlisidan birga chiqib, suhbatlashib ketayotgan ayol va erkak o‘qituvchilarga ko‘zi tushdi va qorovuldan so‘radi:

  • Bu erkakning yonidagi ayolga hamrohlik qilishga haqqi bormi? Ular qarindoshmi?

Qorovul ikkilanib turib javob qaytardi:

  • Yo‘q, ular shunchaki hamkasblar.

  • Bu qanday beedodlik! Axir bu turgan bitgani gunohku!

Otam qorovuldan mulla yana maktab atrofida o‘ralashadigan bo‘lsa, darhol qo‘ng‘iroq qilishini tayinladi. Oradan bir-ikki kun o‘tib yana mulla maktab atrofida iskalanib yurganida otam islom fanlari o‘qituvchisi hamrohligida unga peshvoz chiqdi. Mullaning bo‘zrayib turgan basharasini ko‘rib chidab tura olmagan otam andishani ham yig‘ishtirib qo‘yib, unga bor zahrini sochdi:

  • Ey mulla, jonimdan to‘ydirib yubording. Kimsan o‘zi? Mening maktabimdan boshqa qiladigan ishing yo‘qmi? Sening jinniliging

aniq! Bu yerda o‘ralashib yurgandan ko‘ra, shifokorga murojaat qil! Maktabim va undagi o‘quvchilarimni tinch qo‘y. Yaxshisi doktor Haydar Alining oldiga bor!
Doktor Haydar Ali mamlakatimizdagi eng taniqli psixiatrlardan bo‘lib, uni «ziyorat qilish”ni maslahat berish suhbatdoshni aqldan ozganlikda ayblash bilan teng edi.
Bunaqa gaplarni kutmagan muftiy bir so‘z deya olmasdan, sallasini boshidan yechib, otamning tizzasiga qo‘ydi. Salla biz uchun zodagonlik va pushtunlikning ramzi hisoblanadi. Erkak sallani faqat kamtarlik belgisi sifatida yechishi mumkin. Hamma muftiyni indamay ketadi deb o‘ylagandi, ammo u gapirishga kuch topdi:

  • Men maktabingizni yopish haqida hech narsa demadim. Xodimlaringiz yolg‘on maʼlumot yetkazishibdi.

Otamning jazavasi hali bosilmagan edi. Shunday bo‘lsa ham, qarshisidagi ojizlanib qolgan muftiyni ko‘rib, u ham bir oz yumshadi:

  • Bu yerda qiladigan ishingiz qolmadi. Yaxshisi, uyga boring.

Muftiyning maktabimizni yopishga bo‘lgan urinishi zoye ketdi. Ammo uning bunga yana harakat qilib ko‘rgani Pokistondagi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lib, bu otamni tashvishga solmasdan qo‘ymasdi. Shunga qaramay, u va uning do‘stlari atrof-muhitni muhofaza qilish, demokratiyani yanda mustahkamlash, jamiyatdagi ayollar nufuzini oshirish kabi mavzularga bag‘ishlangan mitinglar o‘tkazishni to‘xtatishmadi.
2004 yilda Vashington tomonidan ikki yarim yildan ortiq davom etgan tazyiqlarga chidab kelgan general Musharraf o‘z qo‘shinlarini Federal boshqariladigan qabila hududlariga yuborishga farmon berdi. Afg‘oniston bilan chegara hududlarida joylashgan ushbu yerlar amalda hukumat tomonidan nazorat qilinmas edi. Amerikaliklarning daʼvo qilishlaricha, 11-sentyabr voqealarini sodir qilgan va Afg‘onistonga qochib kelgan Al-Qoida jangarilari pushtunlarning mehmondo‘stligidan foydalanib, bu hududlardan boshpana sifatida foydalangan. Bu yer jangarilarga yoqib qoldi va bu yerda bir qancha lagerlar qurildi, yangidan-yangi jangarilar tayyorlandi va chegara zonasida joylashgan NATO qo‘shinlariga hujumlar uyushtirildi. Ushbu hudud Svat vodiysiga yaqin joylashgan bo‘lib, uning tumanlaridan biri Bajaur bizga bevosita qo‘shni hisoblanadi. Ushbu hududlarda yashovchi axoli asrlar davomida Pokiston va Afg‘onistonda yashab kelgan Yusufzoy va boshqa qabilalarga mansub.
Ushbu qabilaviy hududlar Buyuk Britaniyaning mustamlakachilik davrida Afg‘oniston va Hindiston o‘rtasida bufer zona sifatida
yaratilgan bo‘lib, keyinchalik Pokiston ham oraga suqilgan. Bugungi kunda ham bu hududlar qabila rahbarlari va oqsoqollari yoki maliklar tomonidan boshqariladi. Biroq, maliklarning hech qanaqa taʼsiri mavjud emas.
Darhaqiqat, ushbu qabilalar hukumat chiqargan qarorlarga umuman bo‘ysunmaydi. Axoli ham asosan kontrabanda bilan shug‘ullanib, davlat bu hududlarga eʼtibor qaratmasligidan xursand holda yashaydi (bu hududlardagi o‘rtacha yillik daromad atigi 250 dollar — Pokistonda esa tahminan 500$ dan ko‘proq). Kasalxonalar va maktablar juda ham kam, qizlar esa maktab to‘g‘risida umuman o‘ylamasa ham bo‘laveradi. U yerlarda birorta ham savodli qiz-ayol yo‘q. Siyosiy partiya nima degan savol bilan u yerdagi axoliga murojaat qilsangiz, 99,9 foiz
«bilmadim” degan javobni olishingiz tayin. Bu yerdagi axoli erksevarligi va shafqatsizligi bilan tanilgan bo‘lib, buning isbotini inglizlarning eski hisobotlaridan ham topishingiz mumkin.
Ilgari hech qachon bu hududlarga armiyaning qadami yetmagandi. Hukumat bu yerlarga doimiy qo‘shinlarni ushlab turmagan va bu hududlar pushtunlardan tuzilgan chegara bo‘linmalari tomonidan nazorat qilinayotganidan mamnun bo‘lgan. Bu yerlarga qo‘shin kiritish to‘g‘risidagi qaror, askarlarimiz pushtun birodarlariga qarshi kurashishlari kerakligini anglatardi. Bundan tashqari, ko‘plab armiya boshliqlari va harbiy razvedka zobitlari al-Qoida jangarilari bilan bevosita aloqaga ega edi. 2004 yil mart oyida armiya bo‘linmalari birinchi chegara hududi — Janubiy Vaziristonga bostirib kirdi. Mahalliy aholi bu hodisani o‘zlarining anʼanaviy turmush tarziga tajovuz sifatida qabul qilishdi. Qo‘liga qurol olishga imkoniyati yetgan har bir erkak hukumat armiyasiga qarshi kurash boshladi. Qurolli to‘qnashuvlar yuzlab askarlarning bevaqt o‘lim topishiga sabab bo‘ldi.
Armiya tushkun ahvolda qoldi. Bundan tashqari, baʼzi askarlar o‘z birodarlariga qarshi kurashishdan bosh tortdi. Boshqa chorasi qolmagani sababli qo‘shinlar roppa-rosa o‘n ikki kundan so‘ng ortga chekindi va mahalliy yetakchilardan biri bo‘lgan Nek Muhammad bilan tinchlik muzokarasi o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Hukumat raqiblar jangovar harakatlarni to‘xtatishi evaziga katta miqdordagi mablag‘ taklif qildi.
Bir necha oydan so‘ng, AQSH havo kuchlari Pokistonga birinchi hujumini boshladi. 2004 yil 17 iyulda sunʼiy yo‘ldosh orqali kim bilandir suhbatlashayotgan Nek Muhammadga suiqasd uyushtirildi. Suiqasd uchuvchisiz samolyotlar orqali amalga oshirildi. Natijada jangarilar rahnamosi va uning odamlari narigi dunyoga ravona bo‘lishdi. Mahalliy aholi nima bo‘lganini hali tushunib yetmagandi. Hech kim amerikaliklar nega bunday g‘azab otiga minganini anglay olmadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari Nek Muhammadga uyushtirgan suiqasdi unchalik jiddiy voqea
bo‘lmasa ham, urush bo‘lishi taʼqiqlangan buffer zonada havo xujumini amalga oshirishga hech kim haqli emasdi. Amerikaliklarning hujumi, shuningdek yetakchilarining o‘ldirilishi mahalliy axolining g‘azablanishiga sabab bo‘ldi. Ko‘ngillilardan tashkil topgan qurolli otryadlar tuzildi. Amerika ham tinch turmasdan yana bir necha marotaba xujum uyushtirdi. Amerikaliklar Bin Ladenning eng yaqin yordamchisi Ayman az-Javohiriy Bajaurda yashirinib olganini va shu yerlik ayolga uylanganini daʼvo qilishdi. 2006 yil yanvar oyida AQShning uchuvchisiz samolyoti al-Javoxiriyni tinchitish uchun Damadola qishlog‘iga bomba tashladi. Natijada, uchta uy vayron bo‘ldi va o‘n sakkiz kishi boqiy dunyoga yo‘l oldi. Javohiriyning o‘ziga kelsak, amerikaliklarning fikriga ko‘ra, u bombardimon haqida oldindan ogohlantirilib, qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan.
O‘sha yili 30 oktabrda, boshqa bir amerikalik «tulpor” Xar shahri yaqinidagi tepalikdagi madrasaga bomba tashladi. Natijada, sakson ikki kishi halok bo‘ldi. Marhumlarning aksariyati o‘smir yoshidagi madrasa o‘quvchilari hisoblanishardi. Amerikaliklar bu qilmishini bu yer umuman madrasa emas, balki al-Qoida jangarilarining o‘quv lageri ekanligini va ularning ixtiyorida video yozuvlar mavjudligini taʼkidlash orqali oqlashga urinishdi. Portlashdan bir necha soat o‘tgach, vayron qilingan madrasa rahbari Fakir Muhammad omma oldida ko‘rinish berib, Pokiston askarlarini birodarlarining o‘limi uchun qasos olishga daʼvat qildi.
Bo‘lib o‘tayotgan bu hodisalar otam va uning do‘stlarini tashvishga soldi. Ular darhol mahalliy rahbarlar va oqsoqollarni tinchlik konferensiyasiga chaqirishga qaror qilishdi. Yanvar oyining o‘rtalarida qattiq sovuq bo‘lishiga qaramay 150 nafar kishi harbiy tahdidni qanday oldini olish kerakligini hal qilish uchun bir joyda to‘planishdi.

  • O‘rtoqlar, urush yaqin, — xo‘rsinib gap boshladi otam. — Vodiyni qamrab olishidan oldin olovni o‘chirishimiz kerak.

Ammo uning ogohlantirishlariga hech kim quloq solishni istamadi. Baʼzi odamlarga uning so‘zlari kulgili tuyulib, qahqahasini yashirib o‘tirmadi. Jumladan, otam miyig‘ida kulib o‘tirgan birinchi qatordagi mahalliy siyosiy rahbarga quyidagi gaplarni aytdi:

  • Janob Xon, Afg‘oniston xalqining boshiga tushgan kulfatdan xabaringiz bor. Ushbu mamlakatning ko‘plab axolisi mamlakatni tark etdi va ularning aksariyatiga mamlakatimiz boshpana berdi. Xuddi shu narsa hozir Bajaurda ham sodir bo‘lmoqda. So‘zlarimni diqqat bilan tinglang va yozib qo‘ying, tez orada biz ham o‘z uylarimizni tark etishga majbur bo‘lamiz. Ammo biz qochadigan bo‘lsak, bizga hech kim boshpana bermaydi.

Xon otamdan latifa eshitgandek, xandon otib kulib yubordi va kulgisini to‘xtatmay turib dedi:

  • Qanaqa beʼmani narsa haqida gapiryapsiz? Men o‘zimga xon, o‘zimga bekman. Kim ham meni o‘z uyimdan badarg‘a qilishga jurʼat qilardi?

Otam bundan qattiq ranjidi. Shuncha odamni to‘plab majlis qilganidan afsuslandi. Ortga qaytar ekanmiz, menga bor dardini to‘kib soldi:

  • Afsuski, men hokim, yetakchi yoki siyosiy rahbar emasman. Oddiy maktab rahbariman. Juda kichik odamman. Eh attang-a. Otam boy bo‘lganida, men ham mashxur siyosatchi bo‘lar эдим…

  1. Download 0.59 Mb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   33




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling