Malala Yusufzoy Men Malalaman Tik turib taʼlim olgan va tolibonlar


Download 0.59 Mb.
bet11/33
Sana02.05.2023
Hajmi0.59 Mb.
#1421165
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   33
Bog'liq
1Malala Yusufzoy. Men Malalaman uz-assistant.uz

bob. Axlat uyumidagi bolalar


Xushal maktabidagi ishlar asta-sekin o‘z o‘rniga tushib, yaxshilana boshladi. Nihoyat biz ham yangi kvartiraga ko‘chib o‘tib, televizor sotib olib, odamlarga o‘xshab yashay boshladik. Meni televizor qarshisidan ketmaslikka majburlaydigan yagona dastur «Shaka-laka bum-bum” bolalar-televizion seriali hisoblanib, bu serial sehrli qalamga ega bo‘lgan Sanju ismli bolakayning sarguzashtlari haqida edi. Qiziqarli jihati, uning qalam bilan chizgan har bir rasmiga birdan jon kirib, ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lardi. Masalan, unga olma kerak bo‘lsa, bozorga borib o‘tirmay, shartta qog‘ozga rasmini tushirar va tayyor olmani karsillatib tishlab, bizning havasimizni keltirardi. Bir marta adashib ilonning rasmini chizib qo‘ygan Sanjuning boshiga kulfat yog‘ildi. Bir amallab rasmni o‘chirib tashlaganidan so‘nggina ilon g‘oyib bo‘ldi. Bolakay bu hunaridan faqatgina odamlarga yordam berish uchun foydalanardi.
Mening eng katta orzuim – mana shunday qalamga ega bo‘lish edi. Bir kuni uxlashimdan oldin quyidagicha duo qildim:

  • Ey yaratgan egam, sendan iltimos, menga Sanjuniki kabi qalam ato etgin. So‘z beraman, menda bunaqa qalam borligini hech kimga aytmayman. Ushbu qalamdan faqatgina odamlarga yordam berish uchun foydalanaman. Ertalab turganimda stol tortmasida paydo bo‘lsin.

Ertalab turishim bilan o‘pklamni quchoqlab stol tomon yugurdim va tortmani ochdim. Sehrli qalamdan asar ham yo‘q edi. Shunga qaramay, kimgadir yordam berish fikridan qaytmagandim.
Biz yashagan ko‘chaning oxirida hamma axlat to‘kadigan maxsus joy bor edi — chiqindini qayta ishlash zavodlari hali bizgacha yetib kelmagandi. Tez orada bu yerdagi axlatlar yig‘ilib, kichik tog‘ga aylandi. Bu yerdan taralayotgan hidning shu darajada badbo‘yligidan 15-20 metr naridan yurishga harakat qilardim. Ushbu axlat tog‘ining tepasida doimo qarg‘alar izg‘ib yurar, baʼzan esa to‘da-to‘da kalamushlarning bazm qilayotganining guvohiga aylanish mumkin edi.
Bir kuni ukalarim uyda yo‘qligi sababli onam kartoshka po‘sti va tuxum po‘chog‘ini axlatxonaga tashlab kelishimni buyurdi. Axlatxonaga yaqinlashishim bilan burnimni qo‘lim bilan berkitmasam ahvolim og‘irlashishini his qildim. Pashshalar boshim atrofida aylanib yurar, men qo‘limni silkitib ularni haydashga harchand urinsam ham, ular kamayish o‘rniga ko‘payib borardi. Yangi olgan bejirim tuflimni iflos qilishdan qo‘rqqanimdan oyoq uchida yurishga majbur bo‘ldim.
Axlatni tashlab ortga qaytayotganimda kimdir axlat tog‘ining etagida bamaylihotir yurganini ko‘rib dikka uchib tushdim. Unga yaxshilab razm solib, tahminan men tengi qizaloq ekanini angladim. Sochlari kirligidan ranglari o‘chib ketgan, terisi timdalab tashlangan va butun tanasi yaralar bilan bezalgan bu qizga zimdan boqib, qo‘rqib ketdim. Uning afti-angori, yoshligimizda xola-ammalarimiz aytib bergan ertaklar qahramoni – Shashakani eslatardi.
Qiz axlatlarni titkilab, qutilarni, plastik butilkalarni, stakan va qog‘ozlarni alohida-alohida qilib saralardi. Atrofga nazar tashlab, yana ikki nafar bolaning temir-tersak izlab axlat titayotganiga guvoh bo‘ldim. Achinarli ahvoldagi tengdoshlarim bilan gaplashishni istasam ham, qo‘rquv va achinish hissi gapni nimadan boshlash borasida bir qarorga kelishimga ancha vaqt to‘sqinlik qildi. Xuddi shu kuni otam ishdan kelganida, axlatxonani titkilab yurgan bolalar haqida gapirib berdim va men bilan u yerga borishini iltimos qildim. Taklifimga rozi bo‘lgan otam bolalar bilan gaplashmoqchi bo‘lgan bo‘lsada, bolalar nimadandir qo‘rqib qochib ketishdi. Otam axlatxonada izg‘ib yurgan bolalar o‘zlari to‘plagan narsalarni eski-tuski sotuvchi savdogarga arzimagan pulga sotishini aytib berdi. Uyga qaytayotganimizda otamning ko‘zlarida yosh miltillab turganini payqadim va sekin so‘z qotdim:

  • Aba, iltimos, ularga maktabimizda hech qanaqa to‘lovsiz taʼlim olishlari uchun imkoniyat yaratib bering.

Ota miyig‘ida kulib qo‘ydi. Bundan oldin ham onam bilan qilgan tinimsiz iltimoslarimiz tufayli otam bir nechta qizning maktabimizda bepul o‘qitishga rozi bo‘lgandi .
Onam savodsiz bo‘lsada, otamdan zarur maslahatlarini ayamas, yakuniy qarorni otam chiqarsa ham, onamning yo‘rig‘idan chiqmasdi. Onam qo‘lidan kelgancha odamlarga yordam berar, bu baʼzida otamning toqatini toq qilardi. Baʼzan otam ishdan horib kelib, «Tor Pekay, men келдим» degan chaqirig‘iga javob ololmay xunob bo‘lardi. Oz fursatdan so‘ng rafiqasi uyda yo‘qligi va kechki ovqat tayyor emasligi maʼlum bo‘lardi.
Qayerda yashagan bo‘lsak ham uyimiz doimo mehmonlarga to‘la bo‘lgan. Mening xonam eng mexmondo‘st xonalardan biri bo‘lib, u yerda mendan tashqari yana ikkita qiz yashardi. Birinchisi qishloqdan kelib, maktabga borish uchun biznikida yashayotgan amakivachcham Anisa bo‘lsa, ikkinchisi bir vaqtlar otamning qo‘lida ishlagan Sultona ismli ayolning qizi Shehnaz edi. Shehnazning otasi vafotidan so‘ng oilasi ancha qiynalib qolgan va singlisi bilan axlat titib, shu orqali tirikchilik qilishga majbur bo‘lgan. Uning bir akasi ruhiy kasal bo‘lib, har doim kurakda turmas ishlarni qilib yurardi. Ruhiy kasalligi yetmagandek, gohida onasi va opa-singillarining kiyimlarini yoqib yuborar, gohida esa ayozli kunlarda oilasining joniga oro kirgan elektr pechkani sindirib tashlardi. Sultonaning jahldor va qo‘polligi onamga umuman yoqmas, shu sabab ham u bilan bitta uyda yashashni istamasligini aytib doimo otamga shikoyat qilib yurardi. Hamma ishni qilishda onamning yo‘rig‘ida yuradigan otam bu safar negadir o‘z bilganidan qolmay, Sultonaga uyda qolishga, bolalariga esa maktabga borishga ruhsat berdi. Bungacha hech qayerda o‘qimagan Shehnaz mendan ikki yosh katta bo‘lsa ham, endigina birinchi sinfga borishi kerak edi. Bitta xonada yashaganimiz uchun otamning qistovi bilan uning o‘qishlarida yordam bera boshladim.
Biroz vaqt o‘tib xonamizga Nuriya ismli qiz ham kelib o‘rnashdi. Uning onasi Xolida onamga ovqat tayyorlash, kir yuvish kabi yumushlarda yordam berish vaji bilan Alishpa va Nuriya ismli qizlari bilan birgalikda bizning uyda yashash boshlashdi. Xolidaning aytib berishicha, uni yoshligida zo‘rlagan bir keksa odamga turmushga berib yuborishgan, undan uchta qiz orttirgan. Erining zulmiga chiday olmagan ayol oxir-oqibat uch nafar qizini olib erining dargohini tark etgan. Ota-onasining uyiga borganida uni qabul qilishmagan, sababi odatlarimizga ko‘ra, erining uyidan qochib kelgan ayol oilasiga isnod keltirgan hisoblanadi. Xolida qizlari bilan bir muddat axlatxonalarni titib, tirikchilik qilishga majbur bo‘lgan. Agar kelajakda roman janriga qo‘l uradigan bo‘lsam, hech ikkilanmay Xolidaning hayotini qog‘ozga tushirgan bo‘lardim.
Maktabimiz ham kundan-kunga rivojlanib, uchta binoda faoliyat ko‘rsatadigan vodiydagi nufuzli maktabga aylandi Birinchi bino — Landikasdagi har ikki jinsdagi bolalar uchun boshlang‘ich maktab, ikkinchisi — Yahyo ko‘chasidagi qizlar uchun o‘rta maktab, uchinchisi — buddistlar ibodatxonasi xarobalari yonidagi o‘g‘il bolalar uchun o‘rta maktab. O‘quvchilarning umumiy soni 800 nafardan oshib, maktabdan olingan daromad unchalik katta bo‘lmasa ham, otam yuzga yaqin o‘quvchilarni bepul o‘qitardi. Ulardan biri Sharafat Alining o‘g‘li bo‘lib, bu odam otam talabalik chog‘ida qiynalganlarida har taraflama yordam berib turgan. Otam va bu inson bir qishloqda tug‘ilib-o‘sib, Sharafat Ali o‘rta maktabni tugatgandan so‘ng elektr kompaniyasiga ishga joylashgan va orttirgan pullarini otamning taʼlim olishi uchun
beg‘araz jo‘natib turgan. Otam endi uning farzandini bepul o‘qitib, yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarayotganidan benihoya xursand edi. Yana bir tekin o‘qiyigan o‘quvchining ismi Kavsar bo‘lib, uning otasi mintaqamizda ancha rivoj topgan soha – kashtachilik bilan shug‘ullanardi. Biroq buning ortidan kelgan daromad ro‘zg‘or tebratishga zo‘rg‘a yetib, maktabda ekskursiyalar yoki tog‘ga sayohatlar bo‘lganida, Kavsar o‘zini chetga olar, otam mening qo‘limga oshiqcha pul berib, Kavsar uchun to‘lab yuborishimni qulog‘imga shipshitardi. Kambag‘al bolalarni maktabga qabul qilishi ortidan otam bir nechta muammo orttirib oldi. Birinchidan, maktab ortidan keladigan daromad keskin pasayib ketdi. Bundan tashqari, badavlat ota-onalar bolalarining farrosh va axlat tituvchilarning farzandlari bilan bir partada o‘tirishlarini istamaganliklari sababli ularni maktabdan olib ketishdi. Boylar uchun kambag‘allar bilan muloqot qilish, ular bilan bir stol atrofida o‘tirib suxbatlashish or hisoblanadi. Onam nonini zo‘rg‘a topib yeydigan oila farzandlarini uyga olib kelib, ovqatlantirib yuborardi. Otam esa uyimizni mehribonlik uyi yoki mehmonxonaga aylantirishimiz kerak deb doimo hazillashardi.
Uyda odam ko‘p bo‘lgani bois o‘qish uchun sharoit deyarli yo‘q edi. Bir paytlar alohida xonam bo‘lganidan va shaxsiy yozuv stolimga ega bo‘lganimdan boshim ko‘kka yetgan edi. Ammo tez orada chuchvarani xom sanaganim maʼlum bo‘lib qoldi. Tez orada xonamga boshqa qizlar ham kelib o‘rnashdi.

  • Bu uymi yoki tovuq katagi!!

Otamga qarab juda ko‘p baqirganman.
Ammo keyinchalik qanchadan-qancha odamlarning boshpanasi yo‘qligidan xabar topganimdan so‘ng, odam ko‘p bo‘lsa ham, shaxsiy uyimiz borligidan shukr qilishni o‘rgandim. Umuman olib qaraganda, bir xonada uch kishining yashashi unchalik yomon emas. Har holda ko‘chalarda yotib yurganimiz yo‘q. Axlat titib, ko‘chalarda yotib yuradigan bolalar haqida ўйласам…
Men otamni ularning maktabga bepul qatnashiga rozi bo‘lishiga umid qilgandim. Bunga javoban otam bu bolalar o‘z oilalarini oziq-ovqat bilan taʼminlayotganligini tushuntirishga urindi. Ularga maktabda tekin o‘qitishni taklif qilinsa ham, rad etishar ekan. Chunki ular ishlamasa, oilasi och qolib ketishi hech gap emasdi. Shunga qaramay, otamning ko‘ngli yumshab, xayr-ehson ishlari bilan shug‘ullanib yuruvchi boy Azaday Xondan “Kia hasul va elum in bachun ka hak nakhe?“ deb yozilgan varaqalarni chiqartirishga amaliy yordam berishni so‘rashga vaʼda berdi. ( maʼnosi “Nega ming-minglab bolalar taʼlim olish huquqidan bebahra qolishi kerak?“) Boy ham bu ishni bajonidil
bajarib, bir necha ming varaqani otamga keltirib berdi va otam ularni shahar bo‘ylab tarqatib chiqdi.
O‘sha paytlarda otam allaqachon Svat vodiysining taniqli shaxslaridan biriga aylangan edi. U hokimiyat vakili yoki elita oilasidan bo‘lmasa ham, odamlar uni doim tinglardi. Seminar va simpoziumlarda nutq so‘zlaganda minglab odamlarni o‘ziga qarata olardi. U mamlakatimizni boshqargan rasmiylarni, hatto harbiylarni ham tanqid qilishdan hech qachon cho‘chimagan. Do‘stlari otamga armiya qo‘mondonlaridan biri uni jamoat oldida «xudkush-terrorchi” deb ataganini aytib berganda, otam o‘sha qo‘mondon nega bunday deganini tushunmay, handon otib kulib yuborgandi. Biz tomonimizdan yengil qabul qilingan bu bayonot harbiylar cheksiz hokimiyatga ega bo‘lgan mamlakatda yaxshi natija bermadi.
Otam faqatgina qog‘ozda mavjud bo‘lgan o‘lik maktablarga qarshi doimo kurashib kelgan. Ko‘pchilik boylar uzoq tumanlarda maktablar qurish uchun hukumatdan subsidiya olib, olingan mablag‘ni o‘zlari uchun koshona qurish yoki chorva mollari sonini ko‘paytirish uchun sarflab yuborardi. Baʼzi nopok kimsalar umri davomida biror soat dars o‘tmasdan, o‘qituvchi oyligini olib yurgan. Otamni chuqur tashvishga solgan yana bir masala atrof-muhitni muhofaza qilish edi.
175 mingga yaqin aholi Mingorani o‘z kindik qoni to‘kilgan maskani deb biladi. Bir paytlar havosi toza bo‘lgan bu hudud endi ko‘plab avtomobillar va zavodlar tutuni natijasida ancha «kirlanib” qolgandi. Shavqatsiz insoniyatning qo‘li tog‘ yonbag‘irlaridagi daraxtzor-o‘rmonlarni ham kesib tashlagan. Shahar aholisining yarmidan ham kamrog‘i toza ichimlik suvini isteʼmol qiladi, qolgan qismi shu jumladan bizning oilamiz ham sanitariya talablariga umuman javob bermaydigan suvdan foydalanadi. Atrofdagi vaziyatdan tashvishlangan otam do‘stlari bilan birgalikda “Global Tinchlik Kengashi” deb nomlangan tashkilotga asos soldi. Balandparvoz nomga ega bo‘lsa ham, bu tashkilot faqat mahalliy muammolar bilan shug‘ullangan. Tashkilot nomini eshitgan odam o‘zini kulgidan to‘xtata olmasdi. Shunga qaramay, tashkilotning maqsad va vazifalari ancha jiddiy edi:

  • Svat vodiysi tabiatini saqlab qolish;

  • Uning aholisini tinch hayot va o‘qish imkoniyatini yaratib berish.

  • Va boshqalar.

Otam sheʼr yozishni juda xush ko‘rardi. Baʼzi-baʼzida muhabbat yoki oila haqida yozmasa, aksariyat sheʼrlarida ayol huquqlari yoki millatimizdagi agressiv qonun-qoidalarni yo‘q qilish kabi nozik mavzularga murojaat qilardi. Bir paytlar otam Kobuldagi “Interkontinental”
mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan sheʼriyat festivaliga tashrif buyurgan. Ushbu festivalda tinchlik uchun kurash haqida sheʼr o‘qib, yig‘ilganlarning olqishlariga sazovor bo‘lgan. Festival natijalarini sarhisob qilgan hakamllar hayʼati otamning sheʼrini «eng jo‘shqin шеър» deya eʼtirof etgan. Festival tugaganidan so‘ng ham, tomoshabinlar hech qayerga ketmasdan otamdan sheʼrini qayta o‘qishni iltimos qilgan, sheʼr yakunlanganidan so‘ng esa atrofni olqishlar ovozi qamrab olgan. Bobom ham quvonchi ichiga sig‘masdan, otamga qarab
«O‘g‘lim, sen taʼlim osmonidagi haqiqiy yulduzga aylanding”, deb yelkasiga qoqib qo‘ygan.
Oilamizning har bir aʼzosi otam bilan faxrlanadi. Ammo uning taʼsiri oshgani sayin oilasi bilan kamroq vaqt o‘tkaza boshladi. Biz uchun kiyim-kechak sotib olib, kasal bo‘lib qolsak shifoxonaga olib borish kabi yumushlar onamning zimmasida edi. Ammo bizning jamiyatimizda ayol kishining bunday ishlarni yolg‘iz o‘zi bajarishi odat tusiga kirmagan, albatta birorta erkak qarindoshi u bilan hamroh bo‘lmog‘i zarur edi. Bu vazifani asosan otamning jiyanlaridan biri ado etardi. Otam uyda bo‘lganida do‘stlari bilan uyda o‘tirib, jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz berayotgan voqea-hodisalarni soatlab muhokama qilishardi. Suhbatning asosiy mavzusi – 11-sentabr voqealari bo‘lib, aynan shu kuni yuz bergan voqea butun dunyoni ostin- ustun qildi. Bu fojiadan eng katta zararni bizning millat ko‘rdi deb bemalol ayta olamiz. Jahon savdo markaziga qilingan hujumning asosiy tashkilotchisi Qandahordagi “Al-Qoida” terrorchilik tashkiloti rahbari Usama bin Laden bo‘lgan. Aynan 11-sentabrdan so‘ng amerikaliklar bin Ladenni qo‘lga kiritish va Tolibonlar rejimini ag‘darish uchun Afg‘onistonga minglab qo‘shinlarini kiritishdi.
Bu vaqtga kelib Pokistonda hali ham harbiy diktatura hukm surar, 80 yillarda ruslar Avg‘onistonga bostirib kirgan paytdagi kabi Amerika bizning yordamimizga ehtiyoj sezardi. Sovet bosqini boshqa mamlakatlarning general Ziyo-ul-Haqqa bo‘lgan munosabatini o‘zgartirgani singari general Musharraf ham 11 sentabrdan boshlab jahon miqyosidagi «farishta”ga aylandi. Jorj Bush uni Oq uyga taklif qildi. Ammo Tolibon aslida Pokistonning idoralararo razvedkasi tomonidan yaratilganligi bir qancha muammolarni keltirib chiqardi. Ko‘pgina TIR zobitlari Tolibon yetakchilari bilan yaxshi munosabatda bo‘lib, ularning orzu-intilishlari allaqachon maʼlum bo‘lib ulgurgandi. TIR polkovnigi Imom 90 ming jangarini tayyorlaganligi bilan maqtanib, toliblar hokimiyat tepasiga kelgach, Pokistonning Hirotdagi bosh konsuliga aylandi.
Biz azaldan tolibonlarning hokimiyat tepasiga kelishiga qarshi bo‘lganmiz. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, ayollar maktablarini yopadigan, buddaviylar haykallarini sindirayotgan odamlarga qanday ishonch
bildirishimiz mumkin? Pokistonda bunday haykallar juda ko‘p bo‘lib, ularning mavjudligi biz uchun sharaf edi.
Pushtun xalqining aksariyati Afg‘onistonni bombardimon qilishga norozilik bildirdi. Pokiston hukumati tolibonlarga qurol yetkazib berishni to‘xtatganligi va Amerika samolyotlariga mamlakat havo hududidan o‘tish huquqini berganligini Amerikaga yordam deb hisoblagan xalq bundan norozi bo‘ldi. General Musharraf amerikaliklarga harbiy aerodromlarimizdan foydalanishga ruxsat bergani bizning vodiygacha yetib kelishi uchun ancha vaqt talab etildi.
Dinga to‘la itoat qilib kelgan baʼzi odamlar Usama bin Ladenni qahramon deb hisoblashar, bozorlarda uning rasmi tushirilgan kalendarlar, oppoq otga mingani tasviri tushirilgan rasmlar, otkritkalar va posterlar ancha mashxur bo‘lgandi. Uning tarafdorlari 11 sentabr kuni Amerika qilgan barcha yomonliklari uchun jazolandi deya taʼkidlab yurishdi. Vayron qilingan osmono‘par binolarda vafot etgan odamlarning begunoh ekanligi va Amerika siyosati bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagani mutaassiblarni umuman qiziqtirmasdi. Muqaddas Qurʼon kitobida odam o‘ldirish taʼqiqlangani haqidagi vaʼjlar keltirilganida, mutaassib-dindorlar «bu g‘ayridinlarga taalluqli эмас» deya o‘z fikrlarida sobit turishardi.
Eshagini o‘g‘irlatib qo‘ysa ham yaxudiylarni ayblaydigan toifa vakillari bu ko‘ngilsizlikni ham yahudiylarga to‘nkab qo‘yishdi. Bu ish Amerikaning islom olami bilan munosabatlariga sovuqchilik tushirish uchun yaxudiylar tomonidan atayin tashkillashtirilgani baralla taʼkidlandi. Bir nechta gazetalar “Jahon savdo markazi”da ishlaydigan yahudiylarning hech biri o‘sha kuni ish joyida bo‘lmaganini daʼvo qilishdi. Otam bu tahminlarni to‘la bemaʼnilik deya taʼriflagandi.
General Musharraf jamoat oldida qilgan chiqishlarida Pokistonning Amerika bilan hamkorlikdan boshqa yo‘li yo‘q va bo‘lishi mumkin emasligini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amerikaliklar unga «yoki biz tarafda bo‘l yoki terrorchilar билан» deya shart qo‘yishgan. General shuningdek Pokiston Qo‘shma Shtatlarning irodasiga qarshi turishga harakat qilsa, Amerika bitta bomba bilan mamlakatni tosh asriga qaytarib qo‘yish” bilan tahdid qilganini taʼkidlagan. Ammo tuzilgan ittifoq shartlari faqat qog‘ozda qolib ketdi — TIR Tolibon jangarilarini qurollantirishda va yetakchilarini Kvettada boshpana bilan taʼminlashda davom etdi. TIR rahbari amerikaliklardan Qandahorga borishga ruhsat so‘radi va Tolibon rahbari Mulla Umarni terrorchi bin Ladenni amerikaliklarga topshirishga ko‘ndiraman deb vaʼda berib, Afg‘onistonga hujumni keyinroqqa qoldirishga muvaffaq bo‘ldi. Birozdan so‘ng vaʼdasini unutib, tolibonlarga yordam taklif qildi.
Afg‘onistonda ruslarga qarshi jang qilgan hamyurtimiz So‘fi Muhammad AQShga qarshi fatvo chiqardi va ota-bobolarimiz inglizlarga qarshi kurashgan Malakandda katta miting o‘tkazdi. Pokiston hukumati uni to‘xtata olmadi. Viloyat gubernatori Afg‘onistonda harakat qilayotgan NATO kuchlariga qarshi jang qilishni istagan har bir fuqaroni hech kim to‘xtatmasligi to‘g‘risida qaror qabul qildi. Svat vodiysidan 12 ming nafar yoshlar tolibonlarga madad berish uchun ko‘ngilli ravishda yo‘l oldi. Afsuski, ularning aksariyatiga o‘z uylariga qaytib kelish nasib etmadi. Ularning vafot etganligi to‘g‘risida hech qanaqa dalil bo‘lmaganligi tufayli jufti- halollarini beva deb hisoblash mumkin emasdi. Natijada, bu ayollar nihoyatda og‘ir vaziyatga tushib qolishdi. Afg‘onistonga yordam berishga shoshilgan ko‘plab jangchilar qatorida otamning yaqin do‘sti Vohid Zamonning akasi va qaynisi ham bor edi. Hozir ham ularning ayollari va bolalari oila boshlig‘i kelishini umid bilan kutishmoqda. Ularning uyiga borib, sog‘inch hissidan ichikib qolganligini ko‘zlaridan uqib, yuragim bo‘shashib uyga qaytganim haligacha yodimdan ko‘tarilgani yo‘q. Shunga qaramay, tashqarida yuz berayotgan qonli voqealar bizning tinch, gullab-yashnayotgan vodiysimizdan juda yiroqdek tuyulardi. Afg‘oniston bilan bizning vodiymizni atigi bir yuz oltmish kilometr ajratib tursa ham, u yerga yetib borish uchun Pokiston va Afg‘oniston chegarasida joylashgan, ko‘chmanchi qabilalar yashaydigan mojaroli Bajaurni kesib o‘tish talab etiladi.
Bin Laden va uning odamlari Sharqiy Afg‘onistonga, ruslar bilan urush paytida tunnellar qurilgan Tora Bora tog‘lariga qochib ketishdi va ushbu tunnellar orqali ko‘chmanchilar yashaydigan yana bir hudud — Kurramga yetib olishdi. O‘shanda hech birimiz Bin Laden yashirincha Svatga kelib o‘rnashganini, uzoq yillardan buyon qishloqda yashaganligini, Pushtunvali o‘rnatib ketgan mehmondo‘stlik qonunlaridan, sharaf kodeksidan foydalanganini mutlaqo bilmaganmiz.
General Musharraf ikki tomonlama o‘yin o‘ynashda davom etdi — bir taraflama Amerika pullarini olib, ikkinchi taraflama jangarilarga yordam berardi. TIR rahbarlari buni «strategik иккиюзламачилик» deb atadi. Amerikaliklar Pokistonga «Al-Qoida” ga qarshi kampaniyada yordam berish uchun millionlab dollar berganliklarini bot-bot takrorlashsa ham, oddiy fuqarolarning qo‘liga bir sent ham tushmadi. Xorij mamlakatlari va xalqaro tashkilotlardan kelayotgan mablag‘lar davlat rahbari, uning oila aʼzolari va hamtovoqlaridan ortmaydi. General Musharrafning kuyovi Islomoboddagi Raval ko‘li bo‘yida hashamatli qasr qurgani va Londondan kvartira sotib olgani bunga yaqqol misol bo‘lishi mumkin.
AQShning yuqori martabali amaldorlari Pokiston AQShga yetarlicha yordam bermayotganidan norozi ekanliklarini bildirib o‘tdi. Ammo to‘satdan Amerika katta baliqni ushlashga muvaffaq bo‘ldi — 11 sentabr voqealarining tashkilotchilaridan biri bo‘lgan Xolid Shayx Muhammad armiya qo‘mondonining rasmiy qarorgohidan bir chaqirim narida joylashgan Ravalpindi shahrida qo‘lga olindi. Shunga qaramay, Prezident Jorj Bush Musharraf bilan do‘stlashishni, uni eʼtirof etishni va Vashingtonga taklif qilishni davom ettirdi. Otam va uning do‘stlari bu siyosiy o‘yinlarga nafratini yashirib o‘tirmasdi. Ular Pokistondagi diktatura rejimi amerikaliklarni to‘la qanoatlantirishini afsus bilan tilga olishardi.
Bolaligimdan siyosatga juda qiziqar, otamning tizzasida o‘tirgancha, do‘stlari bilan bo‘ladigan qizg‘in bahs-munozaralarni tinglashni xush ko‘rardim. Ko‘chamizning kundalik hayoti bilan bog‘liq muammolar meni mamlakat siyosatidan ham ko‘ra ko‘proq tashvishga solardi. Nihoyat, do‘stlarimga axlat uyumlarini titkilaydigan bolalar haqida gapirib berdim va biz ulardan qarzdor ekanimizni bildirdim. Tabiiyki, hamma ham mening fikrimga qo‘shilmadi. Baʼzi sinfdoshlarimning iddao qilishicha, agar ular biron bir yuqumli kasallik bilan kasallangan bolalar bilan bitta maktabga boradigan bo‘lishsa, ota- onalari ularga maktabga borishni taʼqiqlashlari mumkin ekan. Ular bu muammoni hal qila olmasligimizga to‘la ishonishdi. Ammo men o‘z pozitsiyamda qatʼiy turdim. «Siz va men bemalol yonboshlab, hukumat bu muammoni qachon hal qilar ekan deb kutishimiz mumkin, ammo ular bunday qila olmaydi. Agar hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib ularga yordam berishga harakat qilsak, ulardan hech biri axlatxonada izg‘ib yurmaydi.»
Albatta, bu masala bo‘yicha general Musharrafga murojaat qilishdan ko‘ra xo‘rozdan tuxum kutish ancha mantiqiyroq edi. Agar otam ham yordam bera olmasa, oldimda bittagina yo‘l qoladi. Nihoyat men o‘sha yo‘lni tanladim va Xudoga xat yozdim:

Download 0.59 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   33




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling